Валюта курси: Ўз.Р.Марказий банки
USD
АҚШ доллари
EUR
Eвро
RUB
Россия рубли
Sayt test rejimida ishlayapti!!!

Сўнгги янгиликлар






Prezident Mirziyoyevning tarixiy missiyasi
17.01.2020 09:46,  
5449

Siyosatchilarning, ayniqsa, davlat rahbarlarining faoliyati tarixiy o‘lchovga, mezonga ega. Ularning faoliyatlari tarixiy meros nuqtai nazaridan o‘lchanishi, tabiiy bir holat hisoblanadi. O‘zbekistonning birinchi Prezidenti Islom Karimovning merosi – bu O‘zbekiston davlatchiligi tashkil topishi, shakllanishi, va bu davlatchilikning tabiati bilan o‘lchanishi ko‘pchilikda e’tiroz o‘yg‘otmasa kerak.

Sobiq ittifoq qulagach, O‘zbekistonda yangi davlat va yangi jamiyat shakllantirish tarixiy missiyasi aynan Islom Karimov zimmasiga tushdi va birinchi Prezident bu vazifani, o‘z imkoniyati doirasida amalga oshirdi. 2016 yilga kelib, Birinchi Prezident hayotni tark etar vaqtda, O‘zbekistonda kuchli davlat shakllangan edi. Kuchli davlat, O‘zbekiston sobiq hokimiyati tafakkuriga ko‘ra – kuchli markazlashgan hokimiyatni, jamiyatdagi vaziyatni to‘laligicha mexanik nazorat qila oladigan hokimiyat organlarini nazarda tutardi.

Aslida, yangi paydo bo‘lgan O‘zbekistonda etatizmdan, avtoritarizmdan boshqa tajriba ham, tasavvur ham mavjud emasdi. Endigina shakllanib kelayotgan jamiyatning demokratik tajribasi, sobiq ittifoq davrida ijtimoiylashgan siyosatchilar zehniyatida betartiblik, anarxiya, davlatchilikning yaralanishi va oqibatda, mustaqillikni boy berilishi degan tasavvurni berar edi.

Nima bo‘lganda ham, O‘zbekiston birinchi Prezidenti Islom Karimovning tarixiy merosi – bu kuchli markazlashgan, xavfsizlik va barqarorlik mustahkam ta’minlangan va ancha mutlaqlashtirilgan qudratli davlat, ya’ni, hokimiyat va hukumat bo‘ldi.

O‘zbekistonda yangi hokimiyati kun tartibiga anchadan beri kutilgan dolzarb vazifalarni qo‘ydi: bu davlat va jamiyat hayotining keng qamrovli islohot qilishki, O‘zbekiston xalqi o‘zini ta’minlashga yetarli milliy boylik yaratishga va uni adolatli taqsimlashga malakali bo‘lsin. Ushbu vazifani amalga oshirish esa, davlat va jamiyat o‘rtasida shakllangan munosabatlarni to‘liq qayta ko‘rib chiqishni nazarda tutadi. Bunda davlat bosh (ya’ni, yagona) islohotchi, jamiyat esa mute islohot qilinuvchi degan munosabatlar qayta ko‘rib chiqilishi lozim bo‘ladi.

Rivojlangan davlatlar – bu kuchli shakllangan fuqarolik jamiyatlaridir. Fuqarolik jamiyatida har bir odam o‘z o‘rnini biladi, o‘z muammolarini hal qilish borasida yuqori tasavvurga va malakaga ega bo‘ladi, davlat esa odamlarning muammolarini hal qilishda yuqori darajada hamkorlik qiladi. Bu degani, davlatda va jamiyatda ijtimoiy muammolarni chuqur anglaydigan va ularni samarali yecha oladigan yuqori salohiyatli professionallar qatlami shakllanganishini nazarda tutadi.

Dunyodagi eng farovon demokratik davlatlarda ham, tez sur’atlarda rivojlanib borayotgan avtoritar davlatlarda ham shu narsa ko‘rinadiki, bu davlatlarda malakali siyosiy, iqtisodiy, intellektual elitalar shakllangan bo‘lib, davlat tizimi mavjud muammolarni muhokama qilishni nazarda tutadi. Bugungi kunda ko‘pgina avtoritar davlatlarda ham ma’lum miqdorda “akademik erkinlik” mavjud bo‘lib, tadqiqotchi-olimlar fikr almashishlari, muammolar borasida fikr bildirishlari uchun muayyan muqobil maydonchalar tashkil qilingan. Jamiyatdagi barcha o‘zgarishlar eng avvalo, mutafakkirlar, intelligensiya tafakkurida boshlanadi va faqat undan keyingina keng jamiyatga ko‘chib o‘tishi mumkin bo‘ladi.

O‘zbekiston yangi hokimiyati islohotlar siyosatini boshlar va uni muvaffaqiyati borasida tinimsiz gapirib kelar ekan, o‘z-o‘zidan yangi Prezidentning tarixiy missiyasi borasida tabiiy va tarixiy buyurtma shakllanadi – bu O‘zbekiston davlatchiligi doirasida yuqori malakali va katta salohiyatli siyosiy elita shakllantirish masalasidir. Islom Karimovdan meros qolgan O‘zbekiston davlatchiligi, tashqaridan qaraganda qanchalik mustahkam ko‘rinmasin, u ichqaridan ancha mo‘rt va besamar ekanligi yangi hokimiyat nutqlarida ham nazarda tutildi. Endi, ushbu davlatchilikni yuqori malakali elita bilan to‘ldirish, boyitish va shu orqali davlat va jamiyat o‘rtasida mutanosiblikka erishish – yangi hokimiyatning butun faoliyatini belgilab beruvchi vazifa bo‘lib qolaveradi.

Shubha yo‘qki, mamlakatdagi siyosiy va intellektual elita qanchalik ko‘p sonli, malakali va salohiyatli bo‘lsa, davlat qudrati, ta’sir doirasi va xavfsizligi shunchalik mustahkam bo‘ladi. Siyosiy va intellektual elitaning vazifasi – davlat va jamiyat oldida turgan muammolarni kollektiv aql-idrok bilan, raqobat va hamkorlik doirasida anglash va hal qilishdan iboratdir. O‘zbekiston kabi katta jamiyatning muammolarini na markaziy hokimiyat, na mahalliy hokimiyatlar yechib berishi mumkin emas. Globallashgan dunyoda boshqa davlatlarning turmush darajasi borasidagi tasavvurlar o‘zbekistonliklarga yetib boraverar ekan, ijtimoiy barqarorlikni va islohotlar muvaffaqiyatini ta’minlash yo‘lida yangi hokimiyat O‘zbekistonda malakali va keng ko‘lamli elita shakllantirishni eng markaziy davlat siyosati darajasiga ko‘tarish ehtiyoji faqat oshib boradi.

Keng ko‘lamli va malakali siyosiy elita shakllantirish vazifasi O‘zbekistonda siyosiy partiyalar, mahalliy hokimiyat organlari, fuqarolik jamiyati institutlari faoliyatini va boshqa ko‘plab sohalarni qayta ko‘rib chiqishni taqozo qiladi. E’tibor berilsa, bugun butun boshli respublikada sanoqli fikr bildiruvchi siyosatchilar bor xolos. Siyosiy elitaning kengayishi – ushbu siyosatchilarning, davlat rahbarlarining salohiyatini ko‘taradi, davlat siyosatini boyitadi, davlat oldida turgan vazifalarni yechilishini yengillashtiradi.

Afsuski, bugun viloyatlar misolida mahalliy siyosatchilar sinfi, iqtisodchilar-sarmoyadorlar va mutafakkirlar sinfi haqida gapirish juda qiyin. Viloyatlarda faqat viloyat hokimi va boshqa davlat organlari mutasaddilaridan boshqa hech kim ko‘rinmaydi. Agar keyingi yillarda, ma’muriy islohotlar, jiddiy siyosiy urinishlar natijasida nafaqat poytaxtda, balki viloyatlarda ham yuzlab-minglab shaxslardan iborat malakali siyosatchilar, iqtisodchilar va mustafakkirlar sinfi shakllanmas ekan, O‘zbekistonni muammolarini hal qilish sur’ati bir necha barobar sekinlashadi.

Tavsiya etamiz






Tavsiya etamiz

Ҳар доим хабардор бўлинг!

carzone.uz мобил иловаларини кўчириб олинг ва барча янгиликлар сиз билан