Валюта курси: Ўз.Р.Марказий банки
USD
АҚШ доллари
EUR
Eвро
RUB
Россия рубли
Sayt test rejimida ishlayapti!!!

Сўнгги янгиликлар






Prezident qayerda zarurat bo‘lsa, karantin choralarini yumshatish lozimligini aytdi
14.07.2020 19:15,  
511

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tayotgan videoselektor yig‘ilishi avvalida bugun mamlakatimizda epidemiologik vaziyatga yana bir bor alohida to‘xtalib o‘tildi.

COVID-19 pandemiyasini jilovlash yo‘lida amalga oshirilayotgan sa’y-harakatlar haqida gapirar ekan, davlat rahbari, jumladan, shunday dedi:

"Yana bir muhim masala – viloyat, shahar va tumanlarda mahalliy kengashlar, joylardagi hokimlik va boshqaruv idoralari o‘z hududidagi vaziyatni chuqur tahlil qilib, Respublika komissiyasi bilan kelishilgan holda karantin qoidalarini qayerda zarur bo‘lsa kuchaytirishi, qayerda zarur bo‘lsa yumshatishi lozim.

Barcha ehtiyot choralarini ko‘rgan holda, imkoniyat mavjud bo‘lgan hamma joyda ishlab chiqarish korxonalarini ishga solishimiz, mehnat unumdorligini oshirishimiz kerak.

Masalan, qishloq joylarda aholi shahardagidek tig‘iz emas. Kasallik tarqamagan hududlarimiz ham ko‘p.

Bu yerlarda hozirgi paytda hamma dalada ish bilan band, odamlarning qo‘li-qo‘liga tegmaydi.

Bunday tumanlarda qishloq mehnatkashlarining bemalol ishlashi, mahsulotini xaridorlarga yetkazib berishi uchun barcha sharoitni yaratishimiz kerak. Chunki yozning bir kuni qishning o‘n kunini boqadi.

Hech kimga sir emas, bu yildan boshlab oziq-ovqat masalasi dunyo miqyosida hal qiluvchi o‘ringa chiqadi.

Chunki koronavirusni yengish ham, xalq farovonligini ta’minlash, jamiyatda tinchlik va barqarorlikni mustahkamlash ham avvalo shunga bog‘liq.

Shuning uchun bizda doimo uch oylik oziq-ovqat zaxirasi shay turishi kerak.

Fursatdan foydalanib, bugun dalalarda fidokorona mehnat qilayotgan mirishkor fermer va dehqonlarimizga, sohibkor bog‘bonlarimizga, barcha yurtdoshlarimizga chuqur minnatdorchilik bildirib, ularga kuch-g‘ayrat, mo‘l hosil tilaymiz.

Shu bilan birga, vaziyatdan kelib chiqib, kerak joylarda karantin talablariga to‘la itoat etishimiz zarur.

Hammamiz oilamiz, farzandlarimiz, muhtaram nuroniylarimizning sog‘ligi uchun yana ozgina chidashimiz, karantin qoidalariga qat’iy amal qilishimiz shart.

Ozgina chidasak, bu kunlar hademay o‘tib ketadi.

«Sabr qilgan murodga yetar», deydi xalqimiz.

Ishonchim komil, har bir ishni yetti marta o‘ylab, chidam va matonat bilan amalga oshirib kelgan el-yurtimiz bugungi sinovlardan munosib o‘tib, o‘zining ezgu maqsadlariga albatta yetadi" - dedi Shavkat Mirziyoyev.

Tavsiya etamiz






Tavsiya etamiz

Ҳар доим хабардор бўлинг!

carzone.uz мобил иловаларини кўчириб олинг ва барча янгиликлар сиз билан