Валюта курси: Ўз.Р.Марказий банки
USD
АҚШ доллари
EUR
Eвро
RUB
Россия рубли
Sayt test rejimida ishlayapti!!!

Сўнгги янгиликлар






Putin: “Rossiyaga yosh, ma’lumotli, sog‘lom migrantlar kerak”
12.08.2020 10:40,  
1511

Butun dunyoni larzaga keltirib, mana-man degan qudratli davlat iqtisodlarini izdan chiqarib tashlayotgan ko‘z ilg‘amas tojli vabo balosi Rossiyani ham chetlab o‘tmayotir. Ustiga-ustak hozirda Rossiya xalqaro sanksiyalar ostida rublning qadrsizlanishi, jahon bozorida neft narxlarining tushishi, tabiiy resurslarini sotib kun ko‘radigan Rossiya iqtisodida davlat byudjeti kamomadini keltirib chiqarishi tayin.

Soha mutaxassislarining Rossiya Moliya vazirligi ma’lumotlariga tayangan holda bildirgan fikrlariga ko‘ra, Rossiya byudjet tizimining uchdan biri neft va gaz bilan bog‘liq daromadlar asosida shakllanadi. O‘z-o‘zidan osmondan yog‘ilayotgan aqchalarning qisqarishi Rossiyaning COVID-19ni jilovlashga qarshi nechog‘lik olib borayotgan kurashi mamlakat sog‘liqni saqlash tizimining oqsoqlanishini ham yuzaga qalqitib chiqardi.

Rossiya Federatsiyasi Mehnat va ijtimoiy himoya vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, hozirda Rossiyada 4,5 milliondan ziyod ishsizlar bor. Mustaqil mutaxassislar esa o‘z ishini yo‘qotganlarning real sonini 10 mln. va bu ko‘rsatkich kuzga borib 20 milliondan oshadi, deb hisoblaydi.

Hali sodir bo‘lmagan saylovlarda o‘z nomzodini yana qo‘yish imkoniyatini qo‘lga kiritib, ko‘ngli ehtimol xotirjam bo‘lgan Putinning migrantlar haqida qilgan bayonotida tanazzul yoqasida turgan mamlakat iqtisodiga putur yetkazishda yuqorida keltirilgan omillardan tashqari o‘ta jiddiy hisoblangan ishchi kuchining tanqisligi ham sabab bo‘lish mumkinligini bildirdi.

Xususan, Putin “Rossiya muhojirlarning kelishidan manfaatdor, lekin ular mamlakatga kerak bo‘lishi lozim. Agar umuman istiqbol haqida gapiriladigan bo‘lsa, ular ta’lim olish, mehnat bozori yoki muayyan ishga bevosita kirishib ketishga tayyor bo‘lgan, bizga lozim bo‘lgan ixtisoslik va tegishli kasbning ma’lum darajasiga ega yosh, ma’lumotli, sog‘lom odamlar bo‘lishlari kerak. Ba’zi mamlakatlarda bunday ishlar juda yuqori, salmoqli, deyarli ilmiy darajada yo‘lga qo‘yilgan. Biz ham buni uddalashimiz zarur”, deb aytgan. Prezident Putin, shuningdek, hukumat idoralari mamlakat ichida tabiiy o‘sish – tug‘ilishga yo‘naltirilgan qator chora-tadbirlarni ko‘rishda davom etayotgani, biroq Rossiya xorijdan muqim yashash uchun kishilarni jalb etishga muhtojligini ta’kidlagan.

Ma’lumki, 1991 yildan boshlab hisoblaganda Rossiya aholisi 147 milliondan to hozirga qadar deyarli Vatikan kabi turg‘unlikni o‘z boshidan kechirib, 145 mln.ga tushib qolgan. Tag‘in ham bu ko‘rsatkich chetdan kelgan migrantlar hisobiga ushlab turilibdi. BMT jahon aholisi dinamikasini tadqiq etuvchi ixtisoslashgan muassasalarning bashoratiga ko‘ra, vaziyat mabodo keskin darajada o‘zgarmas ekan, Rossiya aholisining soni 2050 yilga kelib 124,6 millionni, XXI asr oxiriga borib esa 83,7 mln.ga tushib qolishi mumkin.  

Rossiya davlat rahbari “albatta, agar gap rus tili va rus madaniyatiga daxldor vatandoshlarimiz haqida ketayotgan bo‘lsa, keng ma’noda o‘zlarini rossiyalikman, deb hisoblovchi aynan shunday kishilarning kelishidan ikki hissa-uch karra manfaatdormiz”, deb aytgan.

Rossiya Federatsiyasi “vatandoshlar” (sootechestvenniki) atamasi ostida “yaqin xorij”, deb atalmish sobiq sho‘ro respublikalarida yashovchi rusiyzabon kishilarni nazarda tutadi. Masalan, Finlyandiya yo Xitoy unga qo‘shni chegaradosh davlat bo‘lsada “uzoq xorij” mamlakatlar toifasiga kiritilgan davlatlar hisoblanadi.

Ehtimol o‘rta ma’lumotga ega markaziy osiyolik mehnat muhojirlari bilan Rossiyaning turli hududlarida sodir bo‘lgan noxush to‘qnashuvlarga shama qilibmi, "to‘g‘ri, biz ayrim narsalarni bee’tibor qoldirishimiz mumkin emas va unga haqqimiz ham yo‘q. Bu, albatta, alohida mintaqa va muayyan joyning mehnat bozoriga ham qarashimiz kerak. Biz ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirishga shunday qarashimiz kerakki, migrantlarning mazkur oqimi o‘z uylarida istiqomat qiluvchi Rossiya fuqarolarining haq-huquqlarini buzmasin. Uning natijasida ta’lim xizmatlari yoki sog‘liqni saqlash muassasalari bilan bog‘liq muammolarga duch kelmaylik. Bularning barchasi murakkab masalalar, ammo biz ular bilan shug‘ullanishimiz kerak, albatta, biz buni bajaramiz”, deb fikrini yakunlagan Putin.

Avvalroq, 2020 yilning aprel oyida Putin COVID-19 tarqalishi xavfi munosabati bilan chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning huquqiy holatini tartibga solish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi farmonini imzolagandi. Ikki oy o‘tib ushbu farmonga o‘zgartish kiritildi. Chamasi, issiq iqlimda koronavirus chekinib, vaziyat barqarorlashadi, degan xayol bilan 15 iyun belgilangandi. Ammo voqealarning keyingi rivoji ushbu muddatni 15 sentyabrgacha uzaytirishni taqozo etdi.

Ushbu hujjatlar nelar haqida so‘ylaydi? Rossiyada qonuniy ishlash uchun mard ishchi (mardikor)lardan doimiy yo vaqtincha yashash huquqi va ishlash huquqi patentni qo‘lga kiritishlari lozim. Yuqorida zikr etilgan farmonlar bilan patentlar muddati avtomatik tarzda 15 sentyabrgacha uzaytirildi. Patent narxi Rossiyaning turli mintaqalarida 45 AQSh dollaridan 137 dollargacha hisoblanadi. Ammo prezident farmonlari hujjatlari joyida bo‘lgan ishchilargagina kor qildi xolos.

Afsuski karantin pallasida kunma-kun qozoni qaynovchi, nolegal, patenti yo‘q mavsumiy ishchilar holatini tamomila xonavayron qilib, ularni yanada abgorlashtirdi. Davlat chegaralariga nochor ahvolda hatto yayov yurib kelishga majbur bo‘layotganlar aynan shu – ham ishsiz, ham hujjatsiz, o‘z vaqtida yetarli ma’lumotga ega bo‘la olmagan kovid davri qurbonlaridir.

Hatto rasmiylar ham tasdiqlashga ikkilangan turli taxminlarga ko‘ra, Rossiyada kamida 4 million markaziy osiyolik mehnat muhojirlari bor va ularning koronavirus davridagi ahvoli nihoyatda og‘irlashgan. Mintaqadagi ba’zi respublikalarning iqtisodi va xorijiy valyuta xazinalari ko‘lami mehnat migrantlarining o‘z oila a’zolariga jo‘natadigan pul o‘tkazmalari bilan chambarchas bog‘liq.

Putin aqlli va salomat muhojirlarni tashrif qog‘ozi sifatida taklif etib, ularning hisobidan Rossiya iqtisodini jonlantirish tarafdori ekanini bildirar ekan, Jahon banki mamlakatning 10,6 milliondan ortiq o‘ta malakali rossiyalik o‘z oydinlari bepoyon Rossiya sarhadlarini allaqachon tark etganlarini qayd etgan.

Tavsiya etamiz






Tavsiya etamiz

Ҳар доим хабардор бўлинг!

carzone.uz мобил иловаларини кўчириб олинг ва барча янгиликлар сиз билан