Валюта курси: Ўз.Р.Марказий банки
USD
АҚШ доллари
EUR
Eвро
RUB
Россия рубли
Sayt test rejimida ishlayapti!!!

Сўнгги янгиликлар






Qanday qilib Finlyandiya dunyodagi eng yaxshi ta’lim tizimiga ega bo‘ldi?
13.02.2020 19:36,  
6815

Tashqarida.Uz telegram kanalida dunyoning eng rivojlangan mamlakatlaridan biri Finlyandiyadagi ta’lim mo‘’jizasi haqida maqola e’lon qilindi. Ushbu maqolani to‘lig‘icha e’tiboringizga havola qilamiz:

Yevropaning ko‘plab davlatlarida bo‘lib, shu paytgacha Shimoliy Yevropani ko‘rish nasib qilmagandi. 2019 yil oxirida ushbu mintaqaning o‘z maqomiga eng katta qiyinchiliklar bilan erishgan mamlakati — Finlyandiyaga safar qilish imkoni tug‘ildi. Safar bo‘lganda ham Finlyandiyani hozirgi darajaga chiqarishda lokomotiv vazifasini o‘tagan ta’lim tizimi bilan yaqindan tanishish mumkin bo‘ldi.

Uzoq vaqt Shvetsiya mustamlakasi bo‘lgan, keyin Rossiya imperiyasi tarkibidagi avtonomiyaga aylangan va 1917 yilga kelibgina mustaqillikka erishgan Finlyandiya keyinchalik ushbu mustaqillikni saqlab qolish uchun SSSR bilan urushlarda hududining 10 foizini va 100 mingga yaqin askarni qurbon bergan, shuningdek tashqi siyosatini SSSR ruxsati bilan olib borgan.

Biroq Markaziy va Sharqiy Yevropa mamlakatlaridan farqli ravishda ichki mustaqilligini saqlab qolish evaziga hozirga kelib dunyoning eng ilg‘ori mamlakatlaridan biriga aylangan. Mamlakat uzoq vaqt mustamlaka bo‘lgani suratdan bilinib turadi: Xelsinkini bir qarashda Sankt-Peterburg yoki Polsha shaharlaridan ajratish qiyin. Siyrat esa boshqacha.

Qanday bunday bo‘ldi deysizmi? Yaqinda dunyo jamoatchiligini hayratga solib bosh vazirga aylangan Sanna Marin buni Finlyandiyaning hammaga teng imkoniyatlar taqdim etuvchi ta’lim tizimida deb izohlagan. O‘sha mashhur suratdagi Finlyandiya hukumati tepasidagi besh yosh ayol koalitsiyasi vakillaridan biri — ta’lim vaziri Li Andersson ham o‘zaro suhbatda fin ta’lim tizimisiz bunday bo‘lishi imkonsiz ekanini, zero uning o‘zi ham etnik kamchilik, sobiq mustamlakachi shvedlar vakili hamda o‘rtahol oiladan ekanligini aytgandi.

Uning aytishicha, aslida Finlyandiya ta’lim tizimi ham boshqa davlatlarnikidan farq qilmasdi, ta’lim yodlab o‘rganishga asoslangan va qattiq standartlashtirilgan edi. Aynan 1960 yillar oxiriga kelib ta’lim sohasida boshlangan tizimli islohotlar 2000 yillardan boshlab Finlyandiya ta’lim ko‘rsatkichlari dunyoda eng yuqorilardan biriga aylanishiga olib keldi.

Finlar birinchi navbatda maktablarni kichik jamiyatlarga aylantirishga harakat qildi va buni ta’milash uchun uning quruvchilari — o‘qituvchilarni tayyorlashga katta e’tibor qaratdi. O‘qituvchilarni tayyorlash uchun uch yillik bakalavr va ikki yillik magistratura darajasidan iborat jami 5 yillik dastur joriy qilindi, o‘qituvchi bo‘lish uchun magistratura darajasiga ega bo‘lish majburiy qilib qo‘yildi.

Pedagogika yo‘nalishiga eng qiyin qabul joriy qilingan bo‘lib, hujjat topshirganlarning 10 foizigina sinovdan o‘ta oladi. Ya’ni bu qayerga topshirishni bilmaganidan topshirib kirib ketadigan yo‘nalish emas, balki yuridik yoki iqtisodiy soha kabi eng nufuzli yo‘nalishlardan biri. 30-40 yil davomida uzluksiz o‘ta yuqori darajali o‘qituvchilar tayyorlanishi natijasida mamlakatning barcha maktablari elita darajasidagi o‘qituvchilar bilan to‘ldi.

Har tomonlama yuksak malakali o‘qituvchilar borligi maktablarga avtonomiya berish imkoniyatini hosil qildi. Endi ta’lim vazirligi qat’iy standartlar berib, ularga amal qilishni so‘ramaydi, o‘qituvchilar berilgan tavsiyalar bo‘yicha harakat qilib, o‘z o‘quvchilarining xususiyatlaridan kelib chiqib dars jarayonini tashkillashtirishga o‘tdi.

Minglab varaqlik o‘quv dasturlari o‘rnini ham 10 varaq atrofidagi umumiy tavsiyalar egalladi. O‘qituvchilar endi berilgan standartlarni qat’iy joriy qiladigan texnik xodimlar emas, balki vaziyatni tahlil qilib harakatlanadigan qaror chiqaruvchilarga aylandi. O‘qituvchilarning malakasiga ishonch shunchalik kattaki, darsliklar uchun ham umummilliy standartlar bekor qilingan — o‘qituvchilar o‘zlarining va o‘quvchilarining ehtiyojlaridan kelib chiqib darslik tanlaydi.

Finlyandiyaga o‘quvchilar maktabdagi butun davri davomida faqatgina bitta majburiy imtihon topshiradi — o‘rta maktab oxirida. Boshqa barcha imtihonlar o‘qituvchilarning ixtiyoriga havola. O‘quvchilar o‘rtasida ham, maktablar o‘rtasida ham reytinglar umuman yo‘q. O‘zlashtirishi sekin yoki imkoniyati cheklangan o‘quvchilarga individuallashtirilgan dastur taqdim etiladi va ularning boshqalarga yetib olishi ta’minlanadi.

Finlyandiya ta’lim tizimi o‘qitish va o‘rganish jarayonini doimiy tahlil qilish va uning natijalarini amalda joriy qilishga asoslanadi. Har bir maktabda o‘qituvchilar haftada kamida yarim kunni ta’lim jarayonini o‘zaro muhokama qilishga va o‘quv dasturini uning natijalarini moslashtirishga sarflaydi. Bir hududdagi maktablar ham o‘zaro maslahatlashib turishadi, eng muvaffaqiyatli tajribalar mamlakat bo‘ylab tarqaladi.

Ya’ni, Finlyandiya boshqa mamlakatlar singari turli innovatsiyalarni birdaniga mamlakat miqyosida joriy qilishga urinib, muvaffaqiyatsizlikka uchrasa bir necha yildan keyin buni takrorlash yo‘lidan ketmagan. U yerda bu doimiy tirik jarayon — nima yaxshi ekanligini maktablarning o‘zlari hal qiladi.

Bu tizim ishlashiga maktablarning o‘zaro tengligi katta hissa qo‘shadi — mamlakatda katta maktablar mavjud emas: barcha maktablarda o‘quvchilar soni o‘rtacha 300 nafar atrofida bo‘lishga harakat qilinadi. Bu hamma maktablarga bir xil munosabatda bo‘lish imkonini beradi. Bir sinfdagi o‘quvchilar soni ham 20 nafardan oshmaydi.

Finlyandiyadagi maktablarda o‘qituvchi doska oldida turib 45 daqiqa mavzuni tushuntirishiga deyarli guvoh bo‘lmaysiz. O‘quvchilar o‘zaro kelishilgan reja bo‘yicha mavzuni o‘zlari mustaqil o‘rganadi, dars paytida esa kimdir o‘qib o‘tirganini, kimlardir guruhga bo‘linib muhokama qilayotganini, boshqalar o‘qituvchiga savollar berayotganini ko‘rish mumkin.

Rivojlanayotgan davlatlar Finlyandiya tajribasiga qaraganda bir jihatga katta e’tibor qaratishlari lozim — ya’ni nimadir o‘rganmoqchi bo‘linsa, Finlyandiya ta’lim tizimining hozirgi holatdan emas, 50-60 yil oldingi holatiga va o‘sha davrlardagi muammolarni yechish uchun qaysi bosqichlarni bosib o‘tganiga qarashi lozim. Zero biz hozir aynan o‘sha holatdamiz.

Tavsiya etamiz






Tavsiya etamiz

Ҳар доим хабардор бўлинг!

carzone.uz мобил иловаларини кўчириб олинг ва барча янгиликлар сиз билан