Qarshi «sariq», G‘uzor hamda viloyatdagi 17 ta mahalla «qizil» hududga aylandi

Qarshi «sariq», G‘uzor hamda viloyatdagi 17 ta mahalla «qizil» hududga aylandi

3 iyul, juma kundan boshlab Qashqadaryo viloyat maxsus komissiyasi qarori bilan koronavirus infeksiyasi qayd etilgan ayrim hududlar toifalarida o‘zgarish kiritildi. Bu haqda viloyat hokimligi matbuot xizmati xabar bermoqda.

Ta’kidlanishicha, G‘uzor tumani, Qarshi shahridagi 12 ta, Qarshi tumanidagi 4 ta hamda Koson tumanidagi 1 ta mahalla «qizil» toifadagi hududga aylantirildi. Tegishli qaror viloyat hokimi Zoir Mirzayev boshchilik qilayotgan viloyat maxsus komissiyasi tomonidan qabul qilingan.

  • Qarshi shahridagi «Mag‘zon», «Qilichbek-Qo‘rg‘oncha», «Otchopar», «Qarlig‘bog‘ot», «Naxshab», «Xudoyzod», «Komilon», «Tabassum», «Kunchiqar», «Mustaqillik», «Istiqlol», «Sho‘rtan»;
  • Qarshi tumanidagi Bog‘obod”, «Guliston», «Xonobod», «Chorgumbaz»;
  • Koson tumanidagi «Quyiobron» mahallalari «qizil» hudud maqomini oldi.

Shuningdek, Qarshi shahar, Qarshi va Koson tumanlari «sariq» hududga kiritildi.

Maxsus komissiya qaroriga ko‘ra, «qizil» va «sariq» hududlarda soat 07-00dan 23-00ga qadar jamoat joylarida uch kishidan ortiq to‘planish hamda 23-00dan 07-00ga qadar ko‘chalarda, ko‘p qavatli uylar va hovlilar oldida bo‘lish taqiqlanadi. Bunda faqatgina fuqarolarning salomatligi yomonlashganligi, xomiladorligi munosabati bilan shifokor ko‘rigidan o‘tish uchun davolash muassasasiga yoxud zarur dori-darmon xarid qilish maqsadida dorixonaga borib-kelishiga ruxsat beriladi.

«Qizil» hudud sifatida tasniflanayotgan G‘uzor tumanida ertadan, 4 iyundan boshlab tranzit harakatlanayotgan yuk mashinalaridan tashqari avtotransport vositalarining harakatlanishi qat’iyan to‘xtatiladi. Ayni kundan boshlab tumandagi UZGTL loyihasi doirasida faoliyat ko‘rsatayotgan zavodda ham karantin qoidalari kuchaytirilib, ishchi-xodimlardan tashqari mahalliy aholining kirish-chiqishi ta’qiqlanadi.

Joriy yilning 4 iyul kunidan suv havzalari (daryo, soy, kanallar)da cho‘milish va daryo bo‘ylarida (ayniqsa, Kitob, Shahrisabz va Yakkabog‘ tumanlari tog‘li hududlarida) hordiq chiqarish vaqtinchalik ta’qiqlanadi.

Qashqadaryoda shahar va tumanlar tasnifi:

  • «Qizil» hudud - Kitob, Mubopak, G‘uzor, Chiroqchi tumanlari hamda Qarshi shahar, Qarshi va Koson tumanlarining yuqorida keltirilgan mahallalari;
  • «Sariq» hudud - Qarshi shahar, Qarshi, Koson tumanlari;
  • «Yashil» hudud - Shahrisabz shahar, Dehqonobod, Kasbi, Mirishkor, Nishon, Qamashi, Yakkabog‘, Shahrisabz tumanlari.

Ta’kidlash joizki, Sog‘liqni saqlash vazirligi axborot xizmati hamda rasmiy @Koronavirusinfo Telegram-kanalida ushbu qaror to‘g‘risida xabar berilmagan.