“Qashqadaryo hokimi buyrug‘i” bilan qo‘ylarni so‘yganlar jazolandi

“Qashqadaryo hokimi buyrug‘i” bilan qo‘ylarni so‘yganlar jazolandi

2 yanvar kuni Qashqadaryoda ekinni payhon qilgan qo‘ylar so‘yilgani haqida video tarqalgan edi. Aytilishicha, viloyat qishloq xo‘jaligi inspeksiyasi boshlig‘i Akrom Aripov va Nishon tuman IIB boshlig‘i tumanning Ibn Sino hududidagi “Otamurod ota” fermer xo‘jaligida bo‘lib, dalani payhon qilgan 21 bosh qo‘y egasini topgan.

Videoda Akrom Aripov qo‘ylar Zoyir Mirzayev topshirig‘iga ko‘ra so‘yilayotganini aytib, go‘shti kam ta’minlangan oilalar va qishloq xo‘jalik texnikalarini ta’mirlayotgan ustalarga berilishini aytgandi.

Viloyat matbuot xizmati boshlig‘i Ahror Sodiqovga ko‘ra, Zoyir Mirzayev hech kimga bunday topshiriqni bermaganini, hozirda tushuntirish olish maqsadida videoda gapirgan Akrom Aripov ismli shaxs qidirilayotganini ma’lum qilgandi.

Mazkur holat yuzasidan Nishon tumani prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv o‘tkazildi.

Aniqlanishicha, videolavhada Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasining viloyat boshqarmasi boshlig‘i A.Aripov, Nishon tumani bo‘lim boshlig‘i A.Raxmatov, tuman IIB boshlig‘i D.Umarov, “Otamurod ota” fermer xo‘jaligi ish yurituvchisi Sh.Bobonazarov, g‘alla maydonini payhon qilgan 21 bosh chorva mollari egasi A.Azamatovlar ishtirokida viloyat hokimi topshirig‘iga ko‘ra, g‘alla maydonini payxon qilingani uchun fermer xo‘jaligi rahbari va payxon qilgan qo‘y egasiga tegishli 1 tadan (jami 2 bosh) qo‘yni so‘yib, kam ta’minlangan oilalarga tarqatilishi holati aks ettirilgan.

O‘tkazilgan tekshiruv natijasiga ko‘ra, g‘alla ekinlarini payhon qilinganligi holati yuzasidan Nishon tumani ma’muriy sudining qaroriga asosan, A.Azamatov MJtKning 104-moddasi 1-qismida ko‘rsatilgan huquqbuzarlikni sodir etgan deb topilib, unga ogohlantirish e’lon qilinib, payxon natijasida yetkazilgan zarar qoplanishi ta’minlangan.

Shuningdek, A.Aripov va A.Rahmatovlar MJtKning 200-moddasida nazarda tutilgan huquqbuzarlikni sodir etganlikda aybdor deb topilib, to‘plangan hujjatlar ko‘rib chiqish uchun Nishon tumani ma’muriy sudiga yuborilgan.

Sudning 09.01.2020 yildagi qaroriga ko‘ra, A.Aripov va A.Rahmatovlarga nisbatan jarima jazosi tayinlangan va ma’muriy huquqbuzarlik oqibatida yetkazilgan zarar to‘liq bartaraf qilinishi ta’minlangan.

Bundan tashqari, Nishon tumani IIB boshlig‘i D.Umarovning harakatlari yuzasidan xizmat tekshiruvi o‘tkazilib, uning harakatlari intizomiy kengashda ko‘rib chiqilishi belgilangan.