Qashqadaryoda 50 ming so‘m ustida tortishgan sotuvchi bir kishini urib o‘ldirdi

Qashqadaryoda 50 ming so‘m ustida tortishgan sotuvchi bir kishini urib o‘ldirdi

Foto: IIV huzuridagi Tergov departamenti

Qashqadaryo viloyati Qamashi tumani «Iftixor» ko‘chasida joylashgan «Hunarmand» savdo majmuasidagi do‘kon xodimi fuqaro A.L. 2020 yil 27 aprel kuni “REDMI 8A” rusumli uyali telefon apparatini fuqaro E.S.ga 1 mln. 600 ming so‘mga sotadi.

A.L. 2020 yil 16 iyun kuni to‘lanmay qolgan 250.000 so‘m qarzini berish maqsadida do‘konga kelgan E.S. dan 300.000 so‘m berishini talab qilib, u bilan o‘zaro janjallashadi. IIV huzuridagi Tergov departamentining ma’lum qilishicha, fuqarolar do‘kon tashqarisiga chiqadi va A.L. E.S.ni yuzi va bosh qismiga mushti bilan bir necha marotaba urishi natijasida u yerga bosh qismi bilan yiqilib, tan jarohati olib tuman tibbiyot birlashmasiga yotqizilgan. E.S. ko‘rsatilgan tibbiy muolajalarga qaramasdan olgan tan jarohatlari natijasida vafot etgan.

Foto: IIV huzuridagi Tergov departamenti

Sud tibbiy ekspertiza xulosasiga ko‘ra, E.S., bosh miyaning yopiq jarohati, ensa suyagining chiziqli sinishi va boshqa ko‘rinishdagi hayot uchun xavfli bo‘lgan «og‘ir» tan jarohati olganligi aniqlangan.

Mazkur holat yuzasidan Qamashi tuman IIB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan A.L.,ga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 104-moddasi 3-qismi «d» bandi (jabrlanuvchining o‘lishiga sabab bo‘lgan qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, gumonlanuvchi protsessual tartibda ushlangan.

Eslatma: Mazkur jinoyatni sodir etgan shaxs 8-10 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanishi ko‘zda tutilgan.