Qirg‘iziston: Sobiq prezident Jeenbekov kim edi?

Qirg‘iziston: Sobiq prezident Jeenbekov kim edi?

Mustaqil Qirg‘izistonning 30 yillik tarixida barcha prezidentlar 61 yoshida iste’foga chiqqan. Sooronbay Jeenbekov ham istisno bo‘lmadi, xuddi shu yoshda ketdi. U Qirg‘izistonning 2005 yildan beri xalq qo‘zg‘oloni bilan chetlatilgan uchinchi prezidentiga ham aylandi. U Qirg‘izistonni bor-yo‘g‘i uch yil boshqarishga ulgurdi.

Bi-Bi-Sida chop etilgan mustaqil jurnalist Shohruh Soipovning maqolasida sobiq prezident Sooronbay Jeenbekov haqida hikoya qilinadi.

Tanqidchilariga ko‘ra, hozirda sobiq prezident bu vaqt oralig‘ida Qirg‘iziston uchun ko‘zga ko‘rinarli ish qilmagan.

Mamlakatda 2010 yildan buyon amal qilib kelayotgan konstitutsiyaga muvofiq, prezidentlarning vakolati 6 yillik muhlat bilan cheklangan.

Sooronbay Jeenbekov mustaqil Qirg‘izistonning beshinchi prezidenti bo‘ladi.

U 1991 yilda Sovet Ittifoqidan mustaqillikni qo‘lga kiritgan Markaziy Osiyo davlatining 2005 yildan beri xalq qo‘zg‘oloni bilan chetlatilgan uchinchi prezidentiga ham aylandi.

Prezident Jeenbekovning iste’fosiga 4 oktyabr kungi ziddiyatli parlament saylovi ortidan kelib chiqqan va so‘nggida zo‘ravonliklarga aylanib ketgan ommaviy namoyishlar sabab bo‘lgan.

Namoyishchilar Oq uyni ishg‘ol qilishgan, hukumat iste’fo bergan, prezident iste’fosi va impichmenti esa, ular tomonidan ilgari surilgan asosiy talablardan biri bo‘lgan.

Muxolifat va namoyishchilarning bu talabi manzarasida prezident davlatda qonuniy hukumat ish boshlagandan so‘nggina ist’yefo berishga va’da qilgan edi.

O‘n kun ichida uch marta qayta saylangan Bosh vazir Sadir Japarov ham xuddi shu talabni ilgari surib kelgan, Jeenbekovning iste’fosini istagandi.

Bu orada parlament deputatlari ham prezidentga nisbatan impichment masalasini muhokama qilgan. Biroq bu uzoqqa cho‘zilmagan va bu masala qayta ko‘tarilmagan.

Kecha, chorshanba kuni prezident Bosh vazir va hukumat tarkibini tasdiqlagandan so‘ng, Sadir Japarov bilan uchrashgan, biroq iste’fo to‘g‘risidagi so‘zlashuvlar muvoffaqiyatsiz yakunlagan.

Sadir Japarov tarafdorlari avvaliga hukumat uyi, keyin esa shahar chetidagi "Issiq -Qo‘l" mexmonxonasi yonida prezident ist’yefosini talab qilgan.

Kechga yaqin esa, ayni shu mehmonxona oldida prezident tarafdorlari ham miting o‘tkazishgan, amaldagi davlat rahbarini qo‘llab-quvvatlashlarini bildirishgandi.

Siyosiy o‘yinlar

Prezident Jeenbekovning butun siyosiy karerasi Almazbek Atambayev nomi bilan chambarchas bog‘liq ekani aytilgan.

Sooronbay Jeenbekov iqtidorga kelgandan so‘ng, oradan ko‘p o‘tmay, uning prezident bo‘lishiga sababchi ekanlikda ko‘rilgan sobiq davlat rahbari Almazbek Atambayev bilan munosabatlari keskin sovuqlashadi.

Ikkovlon o‘rtasidagi "poraxo‘rlik" va "nodonlik"ka oid o‘zaro ayblovlar keyinchalik tahdid tusini oladi.

Dahanaki jang alal-oqibat sobiq prezident Almazbek Atambayev va sobiq Bosh vazir Sapar Isakov doxil uning safdoshlariga nisbatan poraxo‘rlik moddasi bilan jinoiy ochilishi bilan yakun topadi.

So‘nggi namoyishchilar chog‘ida bir muddat ozodlikka chiqarilgan va o‘tgan yilning avgustida o‘z uyida qo‘lga olingan Almazbek Atambayev hozirda yana hibs ostida.

5 oktyabrda Oq uy ishg‘ol qilinishi ortidan, namoyishchilar qamoqdagi siyosatchilar, jumladan, Almazbek Atambayevni ham ozod qilgan.

Biroq, oradan ko‘p o‘tmay, 10 oktyabr kuni qayta qo‘lga olingan, qamoqqa qaytarilgan.

Tahlilchilar ikkovlon o‘rtasidagi munosabatlarning sovuqlashuviga "davlat xizmatlaridagi kadrlar masalasi, noqonuniy tovar aylanmasidan tushadigan daromad taqsimoti" sabab bo‘lganini aytib kelishadi.

O‘qituvchilikdan prezidentlikkacha

2017 yilning 15 oktyabrida Qirg‘izistonda bo‘lib o‘tgan prezident saylovlarida Sooronbay Jeenbekov 54,81 foiz ovoz to‘plagan va prezident etib saylangan.

Uning raqibi Omurbek Babanov esa 33,74 foiz olgan.

Mahalliy va xorijiy kuzatuvchilar prezidentlik saylovi adolatsiz, qator qonunbuzarliklar bilan o‘tganini ma’lum qilgan.

O‘sha paytdagi prezident Almazbek Atambayev hokimiyati esa, saylovlar ochiq bo‘lganini urg‘ulagan.

Ammo bu - Qirg‘iziston uchun tarixiy saylov sifatida ham e’tirof etilgan.

Mamlakatda 1991 yildan buyon ilk bor qudrat almashinuvi saylov orqali, tinch yo‘l bilan amalga oshishiga zamin yaratgan.

Sooronbay Jeenbekov 20 yildan ortiq sobiq prezident Almazbek Atambayev asos solib, boshqargan "Qirg‘iziston Sotsial Demokratlar Partiyasi"ning faol a’zosi bo‘lgan.

So‘nggi o‘n yilda mansab pillapoyalarida tez ilgarilagan, ketma-ket hukumatning yuqori martabali lavozimlarini egallagan.

Jeenbekov prezident bo‘lishidan avval bir yil Qirg‘izistonga Bosh vazirlik qilgan. 2016 yilning 13 aprelida Bosh vazir etib saylangan.

Bungacha prezident devoni rahbarining birinchi o‘rinbosari, davlat kadrlar xizmati rahbari lavozimlarida ishlagan.

2010 yilning 6 aprelida sobiq prezident Qurmanbek Bakiyev siyosatiga qarshi "Ala-Too" maydoniga chiqqan namoyishchilar hukumat kuchlari tarafidan o‘qqa tutiladi.

Buning ortidan yuz bergan inqilobdan so‘ng Sooronbay Jeenbekov O‘sh viloyati gubernatori etib tayinlangan va qariyb besh yil davomida viloyatni boshqargan.

2007 yili sakkiz oy mobaynida Qishloq, suv xo‘jaligi va qayta ishlash sanoati vaziri bo‘lib ishlagan Sooronbay Jeenbekov 2008 yildan xususiy tadbirkor sifatida siyosat bilan shug‘ullangan.

2005-2007 yillar oralig‘ida esa, u Jo‘g‘o‘rqu Kengash deputati va Agrosanoat majmuasi va ekologiya qo‘mitasi raisi bo‘lgan.

1995 yildan 2005 yilgacha Jo‘g‘o‘rqu Kengash Xalq vakillari assambleyasida turli lavozimlarda faoliyat olib borgan.

Sooronbay Jeenbekov 1958 yil 16 noyabrida Qirg‘iziston SSRning O‘sh viloyati Sovet tumanining Qora-Qulja qishlog‘ida tug‘ilgan. Adigine qirg‘iz qabilasining Joru urug‘idan bo‘lib, kolxoz raisi va uy bekasining katta oilasidagi uchinchi o‘g‘li. Uning 5 akasi va 4 singlisi bor.

Katta akasi Kantoro Toktomamatov professor, akademik, iqtisod fanlari doktori bo‘lgan. Yana bir akasi Jusupbek Sharipov 2005 yilgi inqilobdan oldin Jalolobod viloyatining hokimi bo‘lgan, hozirda Qirg‘izistonning Quvayt, Marokash, Iordaniya va Bahrayndagi Favqulodda va muxtor elchisi. Kichik ukasi Asilbek Jeyenbekov esa, hozirda Jo‘g‘o‘rqu Kengashning deputati.

Siyosiy tanqidlar

Joriy yilning 28 sentyabrida parlament saylovi oldidan Sochida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda Vladimir Putin qirg‘iz prezidentini qarshi olarkan, u bilan: "Hurmatli Shariman Sharipovich, men sizni ko‘rganimdan juda xursandman!", deya salomlashgan.

Bu holat jamoatchilik orasida qizg‘in baxsu-munozaralarga zamin yaratgan.

6 oktyabr kungi ommaviy norozilik namoyishlari chog‘ida ham chiqish qilganlardan ayrimlari prezidentga, "Shariman Sharipovich", deya tanqidiy murojaat qilishgan.

Sooronbay Jeenbekov Bosh vazir sifatidagi faoliyatida ham tanqidlarga uchragan.

U o‘zi o‘tkazgan hukumat yig‘inida savollariga javob berolmay, majlisga tayyorgarlik ko‘rmagan Arxitektura va qurilish davlat agentligi direktori o‘rinbosari Almazbek Abdiqarovni "Chiq eshikka" deya, hukumat yig‘ilishidan chiqarib yuborgan.

Shundan so‘ng aholi orasida bu so‘z ommaboplashib, ancha vaqtgacha aytilib ham yurgan.

Qirg‘iziston qonunlariga muvofiq, davlat rahbarlari lavozimidan ketganidan so‘ng, "eks-prezident" maqomi beriladi va "Ala Archa" davlat qarorgohidan uy, qo‘riqchi va mashina ajratiladi. Shuningdek, qator sobiq prezidentlar davlat xizmatlaridan bepul foydalanish huquqiga ega.

Qirg‘izistonni boshqargan 5 ta prezidentdan faqat Roza Oto‘nbayevagina "eks-prezident" maqomiga ega.

Asqar Akayev va Qurmonbek Bakiyevlar "xalq inqilobidan" so‘ng davlatdan chiqib ketishgan.

2017 yili o‘z vakolatini topshirgan sobiq prezident Almazbek Atambayev esa, hozirda qamoqda saqlanmoqda.

Sooronbay Jeenbekov bir qiz va bir o‘g‘ilning otasi, rafiqasi hech yerda ishlamaydi, uy bekasi.