Валюта курси: Ўз.Р.Марказий банки
USD
АҚШ доллари
EUR
Eвро
RUB
Россия рубли
Sayt test rejimida ishlayapti!!!

Сўнгги янгиликлар






"Qora yanvar": Sovet Ittifoqining qulashi qanday boshlangan edi?
22.01.2020 00:31,  
3322

Boku ko‘rfazi ko‘rinib turadigan tepalikdagi boqqa ko‘tarilsangiz, ko‘zingiz tushadigan ilk narsa bir tekis chiziq bo‘ylab joylashgan, rangli marmarlar qoplangan, turli millatga mansub erkak, ayol va bolalar suratlari o‘rnatilgan qabrlarga ko‘zingiz tushadi. Barcha qabrtoshlar ustiga yozilgan o‘lim kuni bir xil: 20.01.1990.

1990 yil 20 yanvar kuni Boku shahriga harbiylar kiritilgan. SSSR tarixida birinchi marta sovet armiyasi tinchlik vaqtida sovet shahrini hujum bilan olgan

Rasmiy talqinga ko‘ra armanlarga qarshi zo‘ravonlikning oldini olish uchun Bokuga qo‘shin kiritilgan. Amalda esa bu vaqtga kelib zo‘ravonliklar to‘xtagan, qo‘shin esa, Moskva keyinroq tan olganidek, Ozarbayjon Xalq Fronti (OXF) sovet hokimiyatini bosib olishiga to‘sqinlik qilishi lozim edi.

Bokudagi Shahidlar Xiyoboni. Bu yerga 1990 yil 20 yanvar qurbonlari dafn etilgan

 

Harbiy amaliyot paytida turli hisob-kitoblarga ko‘ra 131 dan 170 nafargacha inson halok bo‘lgan. Ozarbayjonda bu fojeiy voqeani “Qora yanvar” deb atashadi va har yili bu kun motam kuni sifatida o‘tkaziladi. 

Tahlilchilar Boku fojeasi SSSRning parchalanish jarayonini boshlab bergan, deb hisoblaydi. 

Tbilisi shohko‘chasi. Kechqurun. 

“Bu xuddi kinoda bo‘layotgandek edi. Tbilisi shohko‘chasida bo‘layotgan barcha voqealar uyning peshayvonidan ko‘rinib turardi”, deydi o‘sha paytda yosh yigit bo‘lgan Ahmed Rahmonov. 

U o‘shanda 16 yosh bo‘lib, ota-onasi va ukasi bilan to‘rt qavatli uyning birinchi qavatida yashardi. Uyning peshayvoni Tbilisi shohko‘chasiga qaragan bo‘lib, butun ko‘cha kaftdek ko‘rinib turar, Bokuga shimol tomondan ayna shu ko‘cha orqali kirilardi.

Shaharga harbiylar kiritilishi natijasida vayron bo‘lgan mashina

 

Peshayvondan Qorabog‘ viloyatini Armanistonga berishga qarshi bo‘lgan namoyishchilar Bokuga kirmoqchi bo‘layotgan harbiylarning oldini qanday to‘sib chiqqani, shohko‘chaning ayni shu qismiga ikki qator qilib mashinalarni terib tashlagani ko‘rinib turgan. Birinchi qatorda katta yuk mashinalari, ikkinchi qatorda yengil mashinalar turgan. 

Bir qator joylarda gulxanlar yoqilgan: “Biz gulxan yonida o‘tirib, o‘zimizni katta bo‘lib qolgandek his qilardik. Yonimizdan xorijlik jurnalistlar o‘tar, ukam bilan meni qandaydir fransuz ayoli rasmga tushirardi”, deydi Ahmed.

1990 yil 19 yanvar kuni kechqurun to‘siqlar yoniga to‘q yashil rangli “UAZ” mashinasida kelgan odamlar namoyishchilarga tarqalishni buyurgan. Agar ular tarqalmasa, harbiylar kelib o‘q uzishini aytishgan. 

Kechqurun 11 lar atrofida shohko‘chaga yana yangi odamlar kelgan, ular shohko‘chaning shaharga kiraverishdagi tomonidan, Bilajari mintaqasiga askarlar yaqinlashayotganini aytgan.   

“Biz askarlar tomonga yurib ketdik. Ular biz tomonga projektorlarni yoqib kelardi. Askarlar ko‘rinmasdi, biz faqat ularning qo‘lidagi qalqonni ko‘rib turardik. Har beshta qalqonning orasidan bitta avtomatchi ko‘rinib turardi”, deb eslaydi Ahmed. 

20 yanvardan bir necha kun oldin yuk mashinalari, avtobuslar va yengil mashinalar bilan to‘siqlar barpo etilgan

 

Namoyishchilar askarlar ortga qaytishi uchun ovozkuchaytirgichlar orqali “Sizning harakatlaringiz qonunga zid”, deya baqira boshlashdi. Odamlar orasidan kimdir boshqalarni qo‘llaridagi barcha narsani tashlashga undadi: “Ular sizlar qurollanmaganingizni ko‘rishi kerak. Shunda hech kim sizga tegmaydi”.    

Yig‘ilganlarning barchasi yerga cho‘kkalab o‘tirdi, ular odatda namoyishlarda shunday qilishardi. Ahmed o‘zi ham, boshqalar ham hokimiyatdagilarga tinch namoyish qilayotganlarini ko‘rsatish uchun avval ham shunday usulni qo‘llashganini eslaydi.

Askarlar yaqinroq keldi, qalqonlar ochildi, ularning ortidan qo‘lida militsiya tayog‘ini (dubinka) ko‘targan odamlar chiqib keldi va birinchi qatordagi namoyishchilarni kaltaklashni boshladi. “Taloto‘p boshlandi, biz ortga, to‘siqlar tomonga qaytdik. Ortimizdan ota boshladi, boshimning ustidan o‘q uchib o‘tdi. Yuk mashinalarining bortiga qarab o‘q uzishdi. Mashinalardan birining ustida turgan yigit qanday qichqirgani va to‘satdan yerga qulaganini yaxshi eslayman. Keyin unga nima bo‘lganini bilmayman”, deydi Ahmed. 

Qorabog‘ inqirozi va Boku namoyishlari

1990 yilning yanvari Qorabog‘ mojarosi o‘zining cho‘qqisiga chiqqan vaqt edi. Bu vaqtga kelib Bokuda to‘xtovsiz namoyishlar bo‘lar, bu namoyishlarda Ozarbayjonning mustaqil bo‘lishi, Qorabog‘ning muxtoriyatini bekor qilish va o‘n minglab ozarbayjonliklarning Armanistondan quvg‘in qilinishiga javoban armanlarni ham quvib chiqarish talablari yangrardi.

Tog‘li Qorabog‘ muxtor viloyati 1923 yildan Ozarbayjon tarkibida bo‘lsa ham aholining asosiy qismi, qariyb 77%i armanlar edi. 1988 yil 20 fevral kuni muxtor viloyat xalq deputatlari Armaniston SSR, Ozarbayjon SSR va SSSR Oliy Kengashlariga murojaat qilib, viloyatni Armaniston tarkibiga o‘tkazishni so‘radi. Aynan shu voqea sababli avval Tog‘li Qorabog‘ ziddiyati, keyinroq Ozarbayjon-Armaniston urushi boshlandi va hozirgacha bu ikki qo‘shni davlat o‘zaro kelishmay keladi. 

Asqarlar nafaqat qalqon va militsiya tayog‘i, balki avtomatlar bilan ham qurollangan edi

 

1990 yil boshiga kelib armanlarning katta qismi Bokuni tark etib bo‘lgandi. 

Xuddi Armanistonda bo‘lgani kabi Ozarbayjonda ham kuchli milliy ko‘tarilish jarayonlari kuzatilar, qayta qurish davri sababli g‘arbparast liberaldan tortib o‘ta mutaassib millatchigacha bo‘lgan turli qarashdagi yetakchilar paydo bo‘lgan edi.

Respublikaning o‘sha vaqtdagi rahbari, Ozarbayjon Kompartiyasi Markaziy Qo‘mitasining birinchi kotibi Abdurahmon Vezirov vaziyatni nazorat qila olmay qoldi, ko‘chalarda uning tulupini osib qo‘yishgan, odamlar sovet hokimiyatiga nisbatan nafratini yashirmasdi.

Shu sababli Ozarbayjonda hokimiyat amalda MQning ikkinchi kotibi Viktor Polyanichkoga o‘tdi. U esa ozarbayjon milliy harakatidan Moskvaning manfaatlari yo‘lida foydalanishga urinib, bir qator faollar bilan maxfiy uchrashuvlar o‘tkazdi. 

Polyanichko Ozarbayjon Xalq Frontining mo‘’tadil vakillarini Islom omilidan foydalanish kerakligiga ishontirdi. Keyin esa ayni “front”ning keskinlik tarafdori bo‘lgan vakillari bilan muzokara o‘tkazib, 1989 yil oxirida ularga televideniyadan efir ajratdi. 

Tez orada Moskva gazetalarida “ozarbayjonliklar islom aqidaparastligini tiklamoqchi bo‘layotgani” haqida maqolalar paydo bo‘ldi. 

Armanlarga qarshi zo‘ravonliklar

Polyanichko 1990 yil 12 yanvar kuni Xalq faronti bilan muzokara olib bordi. Muzokara natijasida “Milliy mudofaa kengashi” tuzildi. 13 yanvarda Bokuda armanlarga qarshi zo‘ravonliklar boshlandi. Shahar markazidagi Lenin maydonida bo‘lgan yirik namoyishdan keyin unda qatnashganlar armanlarga hujum boshladi. Odamlarni ko‘p qavatli uylarning oynalari va peshayvonlaridan pastga uloqtirishar, ularni o‘lguncha do‘pposlashar edi. 

Avvalroq barcha armanlarni Bokudan chiqarib yuborishga da’vat qilgan sobiq tokar Neymat Panaxovning aytishicha, bu zo‘ravonliklarni SSSR Davlat Xavfsizlik Qo‘mitasi (KGB) uyushtirgan. 

Panaxov bu zo‘ravonliklarni to‘xtatishga uringanini aytadi: “Biz armanlarning xavfsizligini imkon qadar ta’minlashga harakat qildik. Ularni vokzal orqali shahardan olib chiqib ketishdi. Shu tariqa bir necha soat ichida vaziyatni nazoratga oldik. Agar bizning harakatlarimiz bo‘lmaganida qurbonlar soni minglab bo‘lishi mumkin edi”. 

1990 yil 13 yanvardagi zo‘ravonliklardan so‘ng arman qochoqlarining yana bir to‘lqini Bokuni tark etdi. Ammo bu so‘nggi arman qochoqlari edi

 

Armanlar militsiya bo‘limlari va harbiylar himoyasi ostida bo‘lgan “Shafaq” kinotetri binosida jon saqlardi. Ularni poyezdlarda Shimoliy Kavkazga, paromda esa Astraxanga olib chiqib ketishdi. Ko‘plab ozarbayjonlar arman do‘stlari va hamkasblariga Boku aeroporti orqali respublikadan chiqib ketishi uchun yordam bergan. 

Orif Yunus – mashhar tarixchi va siyosiy muhojir. U o‘sha kunlari yosh fan naomzodi bo‘lgan, voqea guvohlari bilan gaplashib, axborot yig‘gan va bu ma’lumotlarni xorijlik jurnalistlarga uzatgan. U arman millatiga mansub o‘z onasini shahardan chiqarib yuborgan. 

Orif bir to‘da odamlar bir nechta uylarni o‘rab olganini, bu uylarning biridan esa tutun chiqib turganini eslaydi: “Men o‘sha yerga taksida bordim va to‘qqizinchi qavatdan bir ayol qanday qulab tushganini ko‘rdim. O‘sha yerda yosh kursantlar turgan bo‘lib, ular talonchilar armanlarning uylaridan mebellarni ko‘tarib chiqayotganiga indamay qarab turardi. Ulardan nega vaziyatga aralashishmayotganini so‘raganimda shunday buyruq berilganini aytishdi”.      

 O‘sha kunlari Moskvadan Bokuga SSSR Ichki Ishlar vazirligining ichki qo‘shinlari safarbar qilingan, ammo ular negadir voqealarga aralashmagan. 

Zo‘ravonliklar avjiga chiqqan 14 yanvar kuni Bokuga KPSS Siyosiy Byurosidan vakillar keldi. Ularga Yevgeniy Primakov boshchilik qilgan, uning yonida Mudofaa vaziri Dmitriy Yazov ham bo‘lgan. Ular kelishi bilan Tog‘li Qorabog‘da, Ozarbayjon va Armanistonning chegaradosh tumanlarida va Ganjada favqulodda holat tartibi e’lon qilindi. Ammo negadir Bokuda bunday qilinmadi. 

Bokudan qochgan armanlar 1990 yil yanvar voqealarini eslarkan, zo‘ravonliklarda Xalq frontini ayblaydi, “front”chilar esa, aksincha, armanlarning qutulib qolishiga yordam berganini aytadi. Ehtimol har ikki tomon ham haqdir: o‘sha paytda Xalq fronti turli xil fikrdagi faollardan iborat bo‘lgan. 

20 yanvar qurbonlarini xotirlash marosimi

 

Keyinroq Xalq frontini tark etgan siyosatchi Zardusht Alizodaning eslashicha, zo‘ravonliklardan bir necha kun oldin Xalq frontining shtabi oldiga arman oilalarining manzillari yozilgan ro‘yxatlarni ilib qo‘yishgan. Ular o‘sha ro‘yxatlarni olib tashlashgan, ammo boshqa “front”chilar yana qaytadan ilib qo‘ygan.

“Hokimiyat armanlarga qarshi zo‘ravonliklarni to‘xtatish uchun favqulodda holat e’lon qilmagani, ammo ular shaharni butunlay tark etib bo‘lgach bunga qo‘l urgani – ularning axloqsizligi, yoki boshqaruvga layoqatsizli, yoki har ikkalasi birga bo‘lganiga dalil”, deydi tadqiqotchi Tomas de Vaal “Qora bog‘” kitobida. 

20 yanvar qurbonlari xotirlanmoqda

 

Fojeadan keyingi tong

20 yanvarga o‘tar kechasi soat tungi 2 ga borib Tbilisi shohko‘chasi tinchib, bo‘shab qoldi, faqat qayerlardandir otishma ovozi kelardi. Askarlar bir qator bo‘lib shahar tomonga yurib o‘tgach, ularning ortidan og‘ir texnika ham yurdi. 

Shaharda favqulodda holat e’lon qilindi, ammo ko‘pchilik bundan bexabar qoldi: telemarkazga hujum qilgan armiya guruhi respublika televideniyasini efirga uzatadigan transformatorni portlatib yubordi. Shaharliklarning aksariyati bu haqda ertalab, radio orqali eshitdi. 

Keyingi kun tongida esa shaharning milliondan ortiq aholisi tungi voqealarda halok bo‘lganlarni ko‘mish uchun ko‘chalarga chiqdi. Ularni Tog‘li bog‘ ichida dafn qilishdi, bog‘ning o‘sha qismi bugungacha Shahidlar Xiyoboni deb nomlanadi. 

1990 yil 20 yanvar kuni rasmiy Moskva Ozarbayjonni amalda qo‘ldan boy berdi.

Halok bo‘lganlarning dafn marosimida Bokuning milliondan ortiq aholisi qatnashdi

 

Askarlarga kim o‘q uzgan?

20 yanvarga o‘tar kechasi kamida 21 harbiy xizmatchi halok bo‘ldi. O‘sha kunlari bu holat qanday ro‘y bergani tushunarsiz edi: namoyishchilar tomonidan qurolli qarshilik bo‘ldimi, yoki tungi hujum vaqtida harbiy bo‘linmalar tasodifan o‘zaro otishmaga kirganmi?    

Svetlana 1990 yilda o‘sha harbiylar chiqib kelgan Salyanskiy kazarmasining darvozasi oldidagi besh qavatli uyda yashagan. Uning aytishicha, yanvarning o‘rtalaridan boshlab kazarma oldida kunduzi ham, kechasi ham namoyishlar bo‘lgan, u yerda gulxanlar yoqishgan, yuk mashinalarida yeguliklar olib kelib tarqatishgan. “Men ularning (namoyishchilarning) qo‘lida qurol ko‘rmaganman. Ammo 19 yanvar kuni bir zobit kazarmadan chiqib, ularga qarata navbatdagi marta ozarbayjon tilida “Birodarlar, tarqalinglar”, deb shaharga harbiylar kelayotganini tushuntira boshlaganida kimdir unga o‘q uzganini va zobit yiqilganini oynadan ko‘rib qoldim”, deydi u. 

Uning eslashiga qaraganda otishma boshlanishi bilan u uch yoshli o‘g‘lini olib, hammomga yashirinib olgan, uning uyi tarafga qarab ham bir necha marta o‘q uzilgan, qo‘shnisining uyiga qarab otilgan o‘q esa uydagi kitob javoniga tegib o‘tgan. Svetlana o‘q kazarma emas, Tbilisi shohko‘chasi tomondan, ya’ni, namoyishchilar tarafidan otilganiga aniq ishonadi.

Keyingi kuni ularning uyiga harbiylar kelib, butun uy egalarini ko‘chirishayotgani, ularning peshayvonlaridan esa o‘q otish nuqtasi sifatida foydalanishlarini aytishgan. “Bizni Rossiyaning allaqayerigadir ko‘chirishayotganini aytishdi. Men pullarimni, ikona, va bolamning tuvagini yig‘ishtirdim. Keyin bizni ZILga chiqarishdi”, deb eslaydi Svetlana. 

Bir qator guvohlarning aytishicha, askarlarga qarshi ham o‘q otilgan

 

O‘sha paytda Bokuda xizmat qilgan zobit Aleksey Vasilev ham o‘z xotiralarida ularga qarshi o‘q otilganini yozadi. U o‘sha vaqtda kazarma ichida bo‘lgan. Shuningdek, Vasilev o‘z xotiralarida piyoda asakarlar va tanklar namoyishchilarni qanday tarqatgani haqida ham yozgan: “Piyoda askarlar o‘qni ayamay uzar, o‘q Xudo istagan joyga qarab uchar, shaharliklar to‘rt tomonga tiraqaylab qochardi”. 

Ammo qarshilik harakatining tashkilotchilaridan bo‘lgan Neymat Panaxov namoyishchilar qurolsiz bo‘lganini aytadi: “Qurol bo‘lmagan. Bularning hammasi yolg‘on. Biz juda yaxshi tushunardik: sovet imperiyasini qurol bilan yengib bo‘lmaydi. Biz armiya qurolsiz kishilarga qarshi o‘q otishini kutmagandik. Biz hatto ularni to‘siqlar bilan to‘xtatamiz, deb o‘ylaganmiz”.   

Panaxov sovet askarlari orasida ham o‘lganlar bo‘lganini tan oladi, ammo unga ko‘ra ular o‘tochar quroldan halok bo‘lmagan: “Men bu voqealarga guvoh bo‘lmaganman. Lekin men ishonadigan odamlarning aytishicha harbiylarning vahshiyligini to‘xtatish uchun, masalan, bir yigit mashinasini ularning ustiga qarab haydagan”. 

Xalq fronti rahbariyati orasida ko‘pchilik bir-birini xoinlikda, DXQ (KGB) bilan aloqada ayblaydi. Boltiqbo‘yi respublikalaridan farqli ravishda Ozarbayjonda haligacha DXQ arxivlari ochilmagan. Ba’zi siyosiy faollar esa ularni maxsus xizmatdagilar yollashga harakat qilganini aytadi.

Tarixchi Orif Yunus Panaxovni Gaydar Aliyevning odami, deb hisoblaydi. (Panaxov va Aliyev – qarindosh). Aliyev sovet yillarida Ozarbayjonni boshqargan, 1993 yilda endi mustaqil Ozarbayjonning prezidenti bo‘ldi. 

Panaxov esa o‘z navbatida Gaydar Aliyev bilan birinchi marta bu qonli voqealardan bir yil o‘tib uchrashganini aytadi. Ko‘pchilikni Panaxovning odamni esankiratib qo‘yadigan darajadagi tez yuksalishi ajablantiradi: atigi besh yil ichida oddiy ishchidan prezident ma’muriyatining xodimiga aylanish! 

1990 yil 20 yanvar voqealaridan keyin Aliyev Moskvadagi Ozarbayjon vakolatxonasida matbuot anjumani o‘tkazdi va Bokuga qo‘shin kiritilishini qoraladi. 

***

Bu voqea odamlarning Sovet Itifoqi va armiyasiga bo‘lgan so‘nggi ishonchini ham so‘ndirdi

 

20 yanvar fojeasi Ozarbayjon tarixida tub burilish yasab, oddiy odamlarning sovet hokimiyatiga nisbatan munosabatini keskin o‘zgartirdi. Shuningdek, bu voqea Moskva milliy respublikalardagi jarayonlar ustidan nazoratni yo‘qotayotganini bildirib qo‘ydi – bu oxir-oqibat 1991 yili SSSRning parchalanib ketishiga olib keldi. 

Tez orada Ozarbayjon va Armaniston o‘rtasida Qorabog‘ uchun keng ko‘lamli urush boshlandi va 1992 yil 1 yanvardan 1994 yil 12 maygacha davom etgan harbiy harakatlar Qorabog‘ning amalda mustaqil davlatga aylanishi bilan tugadi. Ozarbayjon huquqiy jihatdan o‘z hududi bo‘lgan yerlarning 13,6%idan ajraldi. 

Ahmed Rahmonov roppa-rosa 18 yoshga to‘lganida (1992 yil) ikki davlat o‘rtasidagi urush frontiga tushdi va yarador bo‘ldi. 

Bugun u o‘sha 1990 yilning 20 yanvari haqida gapirganda shunday deydi: “Biz shunchaki ozodlikni xohlagandik. Hozir oradan 30 yil o‘tgan bo‘lsa ham men haligacha ozodlik nimaligini bilmayman”.

Tavsiya etamiz






Tavsiya etamiz

Ҳар доим хабардор бўлинг!

carzone.uz мобил иловаларини кўчириб олинг ва барча янгиликлар сиз билан