Qoraqalpog‘istonning To‘rtko‘l tumanida 2020 yil 29 noyabr kuni soat 10:30 larda «Shoraxan» mahallasida yashovchi S.D.ning murdasi qotillik alomatlari bilan yashash xonadoni mehmonxonasidan hamda nabirasi H.A. tanasining turli joylariga 12 marotaba o‘tkir tig‘li jism bilan tan jarohati yetkazilgan holda topilgani haqida xabar berilgandi.

Ayolning nabirasi kasalxonaga yotqizilgan. Ammo ko‘rsatilgan tibbiy muolajalarga qaramasdan H.A. kasalxonada vafot etgan.

Holat yuzasidan 2020 yil 29 noyabrda To‘rtko‘l tumani prokuraturasi tomonidan Jinoyat kodeksining 97-moddasi 2-qismi «a» (ikki yoki undan ortiq shaxslarni qasddan o‘ldirish) bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

Bosh prokuratura axborot xizmatining «Daryo»ga xabar berishicha, tergov-tezkor guruhi amalga oshirgan keng qamrovli tadbirlar natijasida jinoyat fosh etilib, jinoyatni ushbu mahallada yashovchi 1991 yilda tug‘ilgan, ishsiz J.S. 2020 yilning 29 noyabr kuni soat 10:30 larda o‘g‘rilik qilish maqsadida B.A.ning uyiga kirib, oshxonadagi pichoqni olib, uydagi S.Y. va H.A.ni bir necha marotaba pichoqlagan.

U S.Y.ni qasddan o‘ldirib va H.A. o‘limiga sababchi bo‘lgan tan-jarohat yetkazib, xonadondan pullar va 2 dona uyali telefon apparatlarini qo‘lga kiritgan.

Shundan keyin jinoyat izlarini yashirish maqsadida ushbu mahalladagi ariq bo‘yiga 2 dona uyali telefon apparatlarini va jinoyat quroli bo‘lgan 1 dona oshxona pichog‘ini tashlab yuborgan.

Gumon qilinuvchi J.S.ning sodir etgan jinoyati, uning iqrorlik ko‘rsatuvi, gumon qilinuvchining ko‘rsatuvlarini hodisa joyida tekshirish tergov harakatlari, ashyoviy dalil tariqasida olingan jinoyat quroli bo‘lgan 1 dona oshxona pichog‘i, 2 dona uyali telefon apparati, H.A.ga tegishli bo‘lgan pul mablag‘larining bir qismi va ushbu pul mablag‘lari solingan oq rangli sumka hamda boshqa dalillar majmui bilan o‘z tasdig‘ini topgan.

Holat yuzasidan 2020 yil 5 dekabrda J.S. Jinoyat kodeksining 97-moddasi 2-qismi «a» bandi bilan gumon qilinuvchi tariqasida ishda ishtirok etishga jalb qilinib, Jinoyat-protsessual kodeksining 221-moddasi (ushlab turish asoslari) tartibida ushlangan.

Jinoyat ishlari bo‘yicha To‘rtko‘l tuman sudining 2020 yil 6 dekabrdagi ajrimiga asosan unga qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.