Qoraqalpog‘istonda mast haydovchi YPX inspektorini urib yubordi
23.03.2021 08:43,
247
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi Yo‘l patrul xizmati xodimi Daniyar Qairboyev o‘z xizmat vazifasini bajarish paytida halok bo‘ldi. Bu haqda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi matbuot xizmati xabar qildi.
Ma’lum bo‘lishicha, 2021 yil 21 mart kuni Mo‘ynoq tumani hududidagi 4R-173 avtomobil yo‘lining 91-93 kilometri oraligida uchinchi safarbar guruhi inspektori, safdor Daniyar Qairboyev o‘z xizmat vazifasini bajarish vaqtida «UAZ-3303» rusumli avtotransport vositasini to‘xtatgan. Biroq mashinani mast holda boshqarib kelayotgan haydovchi inspektorni urib yuborgan.
Yo‘l transport hodisasi oqibatida tan jarohatini olgan inspektor shifoxonada o‘ziga kelmasdan vafot etgan. Mazkur holat yuzasidan hozirda surishtiruv ishlari olib borilmoqda.