Валюта курси: Ўз.Р.Марказий банки
USD
АҚШ доллари
EUR
Eвро
RUB
Россия рубли
Sayt test rejimida ishlayapti!!!

Сўнгги янгиликлар






Qo‘rquv asosiga qurilgan munosabatlar
11.11.2019 14:51,  
647

Hech e’tibor berganmisiz?! Bizda munosabatlarning asosi ko‘p holatlarda shunday bo‘ladi: farzand ota-onasidan juda qo‘rqadi, o‘quvchi o‘qituvchisidan, ishchi boshlig‘idan....

Farzand va ota-onalar o‘rtasida shu zaylda davom etadigan munosabatlar haqida nima deyish mumkin? Ota-ona va farzand o‘rtasidagi munosabat bu ojiz, parvarishga muhtoj farzand va ulg‘aygan, kuchli ota-ona munosabati sifatida shakllanadi. Ana shu munosabat bolaning butun dunyo haqidagi tasavvurini shakllantiradi: bola uchun avvaliga dunyo faqatgina ota-onadan iborat bo‘ladi, keyinchalik butun dunyo ular kabi ko‘rina boshlaydi.

Ota-onaning qo‘rquv va kuchga asoslangan munosabatlari quyidagi hollarda bola ruhiyatiga ta’sir qiladi:

  1. Sening xohishing muhim emas, mening aytganim bo‘ladi. (Bizning madaniyatda bolalarga tanlovlar tushuntirib ham o‘tirilmaydi, ularning savol berishi esa odobsizlik hisoblanadi)
  2. Aqllilik qilma! Sening fikringni hech kim so‘ragani yo‘q.
  3. Asabim buzilganda ko‘zimga ko‘rinma, kaltak yeb qolasan.
  4. Hammasi seni deb bo‘ldi, seni boqaman deb otang va onang qiynalmoqda, bechoralar kechgacha senlarni deb ishlaydi.
  5. Yig‘lama! Hech ham og‘rimayapti-ku!
  6. Charchaganing, qorning ochgani ahamiyatsiz, avval buyurilgan ishni qil.
  7. Biror xato qilsang kaltak yeysan, sababini eshitib ham o‘tirmayman!

Shunday tarbiya topgan bola ulg‘aygach u qanday inson bo‘ladi?! Uning miyasida kuchlilar kuchsizlar ustidan hukmron degan fikr qattiq o‘rnashib oladi. Agar u boshliq bo‘lsa, boshqalarni tushunmaydigan zolim bo‘ladi, agar boshqalarga bo‘ysunishi kerak bo‘lgan kasb egasi bo‘lsa, doimo boshlig‘idan qo‘rqib turadigan, uni ko‘rganda mute, orqasidan esa yomonlab, maza qiladigan ishchi bo‘lib yetishadi.

Bunday tarbiya oilaviy munosabatlarga qanday ta’sir ko‘rsatadi?! Ayol ojiz bo‘lgani uchun oldindan unga qaynonasi va turmush o‘rtog‘i zolimlik qilishiga tayyorlanadi va butun hayotini shu qo‘rquvda o‘tkazadi. Er esa ayolini do‘pposlashi, unga zulm qilishni oddiy hol deb qabul qiladi. Natijada ikkalasi ham oilada halovat topa olishmaydi, juft bo‘lib bir-birlariga mehr berish va tushunish rohatlarini his qilishmaydi.

Agar ota-ona farzandini fikrini hurmat qilib mehrini berib ulg‘aytirsa, bunday bolalar boshqalarga ham mehr berishni, tushunishni o‘rganadi. Do‘stlari, oila a’zolari, hamkasblari bilan munosabatlari sog‘lom va samimiy bo‘ladi. Hayotini qo‘rquvda yoki zulm qilib emas, rohat va xotirjamlikda o‘tkazadi.

Farzandlarimiz baxtli bo‘lishlari uchun hayot qoidalarini ularga majburlash, kaltaklash orqali emas, tushuntirish va mehr bilan o‘rgatganimiz ma’qul ekan. Ayniqsa, kichik yoshdagi bolalar bilan munosabatda yana ham ehtiyot bo‘lishingiz kerak. Chunki ular endi dunyoni o‘rganishyapti, bizning munosabatimiz, bergan sabog‘imiz orqali ularda dunyo haqida tasavvur paydo bo‘ladi.

Unutmang, bugun siz bolangizga zulm qilsangiz, uning xohishi, qiziqishlari bilan qiziqmasangiz, ertaga u ham sizga va farzandlariga bu muomalani qaytarishi hech gap emas.

Tavsiya etamiz






Tavsiya etamiz

Ҳар доим хабардор бўлинг!

carzone.uz мобил иловаларини кўчириб олинг ва барча янгиликлар сиз билан