Валюта курси: Ўз.Р.Марказий банки
USD
АҚШ доллари
EUR
Eвро
RUB
Россия рубли
Sayt test rejimida ishlayapti!!!

Сўнгги янгиликлар






Qurilgan ob’yektlar qulab tushmasa/portlamasa qonuniy qurilish hisoblanadiyu, lekin biror baxtsiz hodisa yuz bersa, noqonuniy bo‘lgan deb hisoblanadimi? — deputat
9.02.2021 17:19,  
803

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Doniyor G‘aniyev Jizzax va Buxoro shaharlarida qurilishi tugallangan binolar bilan bog‘liq oxirgi voqealar haqida o‘z fikrlarini bildirib o‘tdi.

"Qurilish vazirligiga ko‘ra, Jizzax va Buxoro shaharlarida qurilishi tugallanmasdan qulab tushgan/portlagan ko‘p qavatli turarjoy ob’yektlarini qurilishi aslida noqonuniy bo‘lgan ekan. Lekin hayratlanarli tomoni shundaki, bu ob’yektlar qurilishi noqonuniyligi aynan baxtsiz hodisadan so‘ng aniqlangan yoki jamoatchilikka oshkor qilingan. Bu holatda odamda beixtiyor bir nechta savollar paydo bo‘ladi

Qizig‘i mamlakat bo‘ylab qurilishi noqonuniy yoki shaharsozlik normalariga zid bo‘lgan shunday ob’yektlardan yana qancha bor ekan? Ob’yekt qurilishi noqonuniy ekanligini bilish yoki bunday noqonuniy qurilishlarni to‘xtatish uchun ularning har birida qandaydir baxtsiz hodisa bo‘lishini kutish kerakmi?

Yoki bilsa hazil, bilmasa chin degandek, agar qurilgan ob’yektlar qulab tushmasa/portlamasa qonuniy qurilish hisoblanadiyu, lekin bordiyu biror baxtsiz hodisa yuz bersa, quruvchi barchasiga javobgar topilib, qurilish esa noqonuniy bo‘lgan hisoblanadimi?

Agar qulab tushmaganda, bu ob’yekt taqdiri nima bo‘lar edi? Katta ehtimol bilan qurilish tugallangandan so‘ng mas’ul mutasaddilar yordamida hujjatlar qonuniylashtirilardimi?

Nahotki mana shu kabi noqonuniy qurilish ob’yektlari baland bo‘lib qad ko‘targunicha birorta ham mas’ul mutasaddilar ko‘rmay qolishsa? Aslida qurilish vazirligining hududlardagi bo‘limlari va boshqa ayrim mahalliy rahbarlar bu kabi ob’yektlar qurilishidan juda yaxshi xabardor, manfaatdor emasmi?

Davlatimiz rahbari ham ta’kidlaganlaridek, bugun qurilish sohasi korrupsiya eng ko‘p urchigan sohalaridan biridir. Lekin kimlarningdir nafsi, cho‘ntagi uchun iste’molchi moddiy, jismoniy, ruhiy zarar ko‘rishi to‘g‘rimi? Agar ana o‘sha ob’yektlar yana bir necha oy o‘tib qulaganida, bir necha o‘nlab insonlar hayotiga xavf solishi ham mumkin edi-ku. Mas’ul idoralarning bu kabi holatlarga bo‘lgan munosabati esa xuddi no‘noq sportchining o‘yin maydonidan chetlatilishiga o‘xshaydi. Yaxshi o‘yin umidida maydonga kiritiladi, eplolmasa, bizniki emas edi (noqonuniyligini biz bilgandik, biz kutgandik), deb jar solishadi.

Aslida qurilish vazirligi mas’ullarining noqonuniy qurilishlarni to‘xtatish, sohadagi korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha niyati jiddiy bo‘lsa, buning yechimi juda ham oson. Vazirlik o‘zining rasmiy veb-sahifasida yoki ijtimoiy tarmoqlarda har bir hudud bo‘yicha noqonuniy yoki shaharsozlik normalariga zid ravishda olib borilayotgan qurilish ob’yektlari to‘g‘risida ma’lumotlarni (manzili, suratlari, qurilish firmasini nomi kabi) e’lon qilib borsa, kifoya. Qolganini qalami o‘tkir blogerlarning o‘zi qoyillatishadi (davlat xaridlari mavzusi kabi).

Qolaversa, bo‘lib o‘tgan voqealar fonida noqonuniy qurilish bu sifatsiz, ishonchsiz, xavfli uy yoki bino-inshoot ekanligini anglab borayotgan fuqarolar ham bu kabi ma’lumotlardan xabar topgach, noqonuniy ob’yektlarni xarid qilishdan yoki ularga sarmoya kiritishdan tiyilishadi. O‘z-o‘zidan bozor iqtisodiyotining «ko‘rinmas qo‘li» barcha quruvchi va tadbirkorlarni qonuniy ishlashga majbur qilardi.

Bunga esa chinakam xohish va jinday iroda bo‘lsa bas.

P.S. Bu gaplarni yozishdan maqsad kimnidir ayblash yoki qaysidir vazirni obro‘sizlantirish emas, shunchaki atrofimizda bo‘layotgan voqealarga shu jamiyat a’zosi sifatida bildirilgan munosabat. Zero, bo‘layotgan voqealarga real yondashish, xatolarni tan olish, yanada samaraliroq faoliyat yuritishga intilish, xalq manfaatlarini eng yuqoriga qo‘yish har birimizning vazifamiz bo‘lishi lozim" deb yozadi deputat.

Tavsiya etamiz






Tavsiya etamiz

Ҳар доим хабардор бўлинг!

carzone.uz мобил иловаларини кўчириб олинг ва барча янгиликлар сиз билан