Валюта курси: Ўз.Р.Марказий банки
USD
АҚШ доллари
EUR
Eвро
RUB
Россия рубли
Sayt test rejimida ishlayapti!!!

Сўнгги янгиликлар






Raddiya: Paxta kampaniyasi, majburiy mehnat va ta’limdagi yo‘qotishlar
20.09.2017 16:38,  
182

Hammasi Sherzod Qudratxo‘jayevning press-klubidan boshlandi. Agar moderator hokimlarni burchakka tirab, o‘qituvchilarni paxtaga majburan olib chiqmaslik va’dasi olmaganda edi, xalq bu qadar domangir bo‘lmas edi. Keyin Xalq ta’limi vaziri va’da berdi, Vazirlar Mahkamasi AQSh delegatsiyasiga O‘zbekistonda paxta terimida majburiy mehnatga yo‘l qo‘yilmaydi, deb ma’lum qildi. Ammo hali sentyabr kelmasdan har xil yoqimsiz xabarlar tarqala boshladi: tayyor turinglar, paxtaga chiqarilasizlar. Chiqishni istamaganlar o‘rniga odam topsin vahokazo.

Jo‘ja sanaladigan kuz ham keldi. Har yilgidek paxta kampaniyasi avj oldi. O‘qituvchilar, shifokorlar, talabalar yoppasiga olib ketila boshlandi. Tadbirkorlar, hatto masjiddagi boboylardan ham paxta yig‘imi uchun pul yig‘ish boshlangani to‘g‘risida xabarlar tarqaldi. Ijtimoiy tarmoqlarning asosiy mavzusi ham paxta, majburiy mehnat bo‘lib qoldi. Fuqarolar ham toifalarga ajraldi: kimdir majburiy mehnatni qoraladi, kimdir paxta mamlakat iqtisodiyotiga katta zarar ekanini raqamlar, dalillar bilan isbotlamoqchi bo‘lsa, kimlardir uni “milliy boylik” deb atab, o‘z vaqtida yig‘ib-terib olishga da’vat qildi.

Men shaxsan O‘zbekistonda paxta ekilishiga qarshi emasman. U muhim strategik mahsulot. O‘zbekiston faqatgina paxta eksportidan tushuvchi 750 mln-1 mlrd dollarga qarab qolmagan. Undan juda ko‘p, ayrim ma’lumotlarga ko‘ra 70 xil mahsulot olinadi, shu jumladan porox ishlab chiqarishda ham u xom ashyo sifatida zarur. Shuningdek, paxta siyosiy qurol sifatida ayrim davlatlarga o‘z so‘zimizni o‘tkazish uchun kerak bo‘lishi haqidagi gap-so‘zlar ham yo‘q emas. Biroq paxtani milliy boylik, deb butun xalqni majburiy ravishda uning terimiga jalb qilish – adolatsizlik, mantiqsizlik va zo‘ravonlikdan boshqa narsa emas.

Isbotlash qiyin, ammo ochiq-oydin haqiqatlar bor. Jumladan, paxta kampaniyasi davrida juda ko‘p katta-kichik rahbarlar mo‘may daromad ko‘radi. Paxtaga chiqarmaslik uchun to‘lov bir necha million so‘m yoki bir necha yuz dollarni tashkil etadi. Kuni kecha Samarqand chet tillar instituti prorektorining paxtadan olib qolish uchun 200 dollar pora olayotganda qo‘lga tushgani haqidagi xabarlar ham so‘zimizni isbotlab turibdi. Shuningdek, paxta bahona ayrim rahbarlar qaysar, gapga kirmas xodimlarini yaxshigina jazolash imkoniyatiga ega bo‘ladi. Hech qanday uzr qabul qilinmaydi, so‘zsiz paxtaga chiqarilishi lozim. Shu bilan birga, paxta kampaniyasi davrida terimchilar uchun deb ajratilgan mablag‘larning hammasi ham maqsadli sarflanmaydi. Ular ham bir necha amaldorning o‘rtasida “arra” bo‘ladi.

Paxta kampaniyasi davrida fuqarolarning ko‘plab konstitutsiyaviy huquqlari ochiqchasiga poymol qilinishini ham bor gap. Zero O‘zbekiston Konstitutsiyasining 37-moddasida “Sud hukmi bilan tayinlangan jazoni o‘tash tartibidan yoki qonunda ko‘rsatilgan boshqa hollardan tashqari majburiy mehnat taqiqlanadi”, — deb yozib qo‘yilgan. Mehnat kodeksining 7-moddasida esa: “Majburiy mehnat, ya’ni biron-bir jazoni qo‘llash bilan tahdid qilish orqali (shu jumladan mehnat intizomini saqlash vositasi tariqasida) ish bajarishga majburlash taqiqlanadi”, deb yozib qo‘yilgan.

Qolaversa, ko‘plab xalqaro konvensiyalar, deklaratsiyalar ham davlatlar oldiga majburiy mehnatning har qanday shakliga yo‘l qo‘ymaslik shartini qo‘yadi. Majburiy mehnat to‘g‘risidagi 29-konvensiya, Majburiy mehnatni tugatish to‘g‘risidagi 105-konvensiya, Mehnat va mashg‘ulotlar sohasida kamsitishlar to‘g‘risidagi 111-konvensiya, Bolalar mehnatining eng yomon shakllari to‘g‘risidagi 182-konvensiya singari xalqaro hujjatlar O‘zbekiston hukumati tomonidan ratifikatsiya qilingan bo‘lishiga qaramasdan, hamon majburiy mehnatga yo‘l qo‘yilmoqda, hukumatning bu boradagi xatti-harakatlariga panja ortidan qaralmoqda.

Ajablanarli tomoni shundaki, ayrim fuqarolar paxta kampaniyasiga majburiy jalb qilishni turli sabablar vositasida oqlashmoqda ham. Ana shu oqlovlarga qarata ayrim raddiyalarni keltirib o‘tsam.

“Paxta milliy boylik”. Milliy boylik, millat boyligi haqida juda tor fikrlovchi, asosan 50-60 yillar muqaddam yangragan bu so‘zlarni mutlaq haqiqat deb qabul qiluvchi odamlarga quyidagi ma’lumotlarni keltirib o‘tsam:

Nasdaq birjasida tozalangan, oliy sifatli paxtaning bir funti 75 sent atrofida bo‘lib turibdi [http://www.nasdaq.com/markets/cotton.aspx]. 2 funt paxta 907 gramm bo‘ladi. Bu taxminan 1,45 dollar degani. O‘zbek paxtasi bunga nisbatan arzon yurishini hisobga olib qo‘yaylik. O‘zbekistonning 2015 yilgi eksportida to‘qimachilik sohasi 28 foiz ulushga ega bo‘ldi. Bu salkam 1 mlrd dollar degani[http://atlas.cid.harvard.edu/…/tr…/export/uzb/all/show/2015/].

Yaxshi hosil olinsa, bir gektardan 40 sentner, o‘rtacha holatda 26,1 sentner paxta yig‘ib olinadi [https://www.gazeta.uz/ru/2016/01/16/cotton/]. Chigiti tozalangan paxta esa 10 sentner atrofida tosh bosadi, desak, hisob-kitob qilib ko‘ramiz: 10*100 * 1.45=1450$ (kilosiga 1.45$). Chigit va g‘o‘zapoyadan ham boringki 500 dollar daromad oldi ham deylik. Jami 1950 dollar atrofidagi daromad. Rentabellik 60 foizdan oshmaydi. Sof foyda esa xomcho‘t qilinganda 780 dollar atrofida bo‘ladi. Bu kabi hisob-kitoblarni ko‘plab keltirib o‘tish orqali paxta milliy boylik emas, balki milliy bosh og‘rig‘iga aylanib ulgurganini aytib o‘tish joiz. Chunki olinayotgan daromadlar davlat g‘aznasiga tushsa, xarajatlar, qiyinchiliklarning katta qismi xalqning bo‘yniga tushayapti. Birgina misol: bir necha yil avval “O‘zbekiston” nashriyoti xodimlarini paxta terimiga jalb qilishdi. Nashriyot xodimlaridan biri aytgandi: kuniga yuz ming so‘mlik paxta terayapmiz, lekin tushligimizning o‘ziga 500 ming so‘m sarflanayapti…

Hasharchilar ham bir ishni qoyillatishmaydi. Hech bir fermer kuniga 30-40 kiloni zo‘rg‘a teradigan, ammo dalani payxon qilib, hosilning barakasini uchiradigan terimchilarni oppoq ochilgan dalasiga kiritishni istamaydi. Shaharliklar, qo‘yingki mardikor bozoridan yollanganlarning ham aksariyati no‘noq terimchilar hisoblanadi. Ular son uchun, yuqoriga bugun shuncha terimchi chiqdi, deya ko‘rsatma berish uchun kerak xolos. Aslida paxtani har doim qishloq ahli, dehqonlar terib kelgan shu paytgacha. Haqiqat shundaki, shahardan borganlar chinakam terimchilarni yollashadi yoki ulardan pulga sotib olishadi paxtani. Shaharlik hasharchilar esa kuni bo‘yi soyada yotishadi, ko‘pchiligi maishat bilan mashg‘ul bo‘lishadi. Bir oy toza havoda kayf-safo qilib, yil davomida yiqqan-terganini sarflab qaytishadi.

Vaziyatga ochiq ko‘zlar bilan qarashning nahotki imkoni bo‘lmasa? Yuz minglab hasharchilarni tumanlar, viloyatlarga, yotoq joylardan paxta dalalariga tashish, ularni joylashtirish, boqish va boshqa xarajatlarini tasavvur ham qilolmaysiz. Tashvish ustiga noroziliklar, xalqaro tashkilotlarning bosimi, 200 dan ziyod yirik kompaniyalarning paxta sababli O‘zbekistonga baykot e’lon qilgani, paxta yakkahokimligi sababli mintaqaviy ekologik muammolar, xususan Orol dengizining qurigani, sug‘orish mavsumida taqchillik sababli qo‘shni davlatlar bilan yuzaga kelgan mojarolar, yer unumdorligining pasayib, bonitetining tushib ketgani, paxtani ekishdan boshlab yagana, chekanka qilish, sug‘orish va yig‘ib olishgacha barcha jarayonga o‘qituvchi va shifokorlar, boshqa tashkilotlar xodimlari, rahbarlarning mas’ul qilib qo‘yilishi, natijada qishloq xo‘jaligi bilan bir qatorda boshqa sohalarning ham orqada qolishi kabi o‘nlab, yuzlab muammolarni sanab o‘tsak, allaqachon paxta ekishni yig‘ishtirib qo‘ysak bo‘lardi. Butun boshli mamlakatning shuncha daxmaza bilan topgan puliga uchta Neymarni sotib olish mumkinligini bilgan odam, bu qadar kuch va e’tiborni hech bo‘lmasa futbolni rivojlantirishga qaratsangiz bo‘lmaydimi, degan kinoyali savolni bersa ajablanmang!

Ayrim toifa insonlar o‘qituvchi va talabalar paxtaga chiqarilsa nima bo‘libdi, bir oy o‘tadi-ketadi, paxtani yog‘ingarchiliklarga qoldirmay terib olish kerak, degan fikrlarni ilgari surmoqda. Men uchun bu gaplar juda mantiqsiz va kulguli tuyuladi. Ikki-uch oy yozgi ta’tilda dam olgan ta’lim yana bir oy paxta sababli o‘lda-jo‘lda qolsa, bu davrni o‘n, yuz yilga ko‘paytirib ko‘ringchi, qancha muddat vujudga kelar ekan. Bir oy deb hisoblasak ham, o‘n ikki yilda to‘liq bir yil paxtaga ajratilgan, ta’limni 11 yillik deb oladigan bo‘lsak, bir yil, oliy ta’limda esa qariyb bir semestr havoga uchgan bo‘ladi. Bu paytda o‘quvchi-talabalar qancha bilim va malakaga ega bo‘lar edi, tasavvur qila olasizmi? Mana nima uchun dunyo ilm-fan va texnologiyalar sohasida yuksak natijalarga erishayotgan bir paytda O‘zbekiston haliyam paxta ekib, uni qo‘lda terib olayapti! Yoki O‘zbekistonda Turkiston general-gubernatori Fon Kaufmanning quyidagi gaplaridan hamon manfaatdor shaxslar va guruhlar bormi:

«Bu xalqqa (o‘rta osiyoliklar — turkistonliklarga) iloji boricha, mumkin qadar ko‘proq paxta ektirish, ularni tinimsiz ishlashga majbur etish kerak, toki bu xalqning boshqa narsalarni o‘ylashga, siyosiy voqealarni anglab yetishga bir zum ham vaqti, xohishi qolmasin… ”

Yana bir bor ta’kidlayman: men paxta ekilishiga qarshi emasman, aslo! Aksincha, qishloq xo‘jaligining yetakchi ekini, muhim strategik xom ashyo sifatida xohlagancha ekilsin, istagancha hosil olinsin. Ammo bu ishlar hozirgi kabi majburlash, qo‘rqitish, aldash, zo‘ravonlik qilish bilan bo‘lmasin. Xuddi valyuta siyosatida bo‘lgani kabi, qishloq xo‘jaligi sohasi ham liberallashtirilib, barcha jarayonlar bozor mexanizmlari asosida shakllanishiga yo‘l qo‘yib berish vaqti keldi. Aks holda jamiyat va davlat o‘rtasida tushunmovchilik, norozilik davom etaveradi, O‘zbekistonning xalqaro maydondagi nufuzi ham beqaror bo‘lib qolaveradi…

Sanjar Said

manba: fayzbog.uz

Foto: toshkentpaxta.uz

Tavsiya etamiz






Tavsiya etamiz

Ҳар доим хабардор бўлинг!

carzone.uz мобил иловаларини кўчириб олинг ва барча янгиликлар сиз билан