Валюта курси: Ўз.Р.Марказий банки
USD
АҚШ доллари
EUR
Eвро
RUB
Россия рубли
Sayt test rejimida ishlayapti!!!

Сўнгги янгиликлар






Rasul Kusherbayev UzAuto Motors Cobalt’ni o‘rindiq isitish modulisiz taklif qilganini tanqid qildi. Kompaniya bunga javob qaytardi
17.10.2021 21:08,  
1128

UzAuto Motors yarimo‘tkazgichlar tanqisligi sabab Cobalt’ni xaridorlarga o‘rindiq isitish modulisiz, 1 million so‘mga arzonroq yetkazib berishni taklif qilgandi. Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherbayev buni iste’molchilar huquqlarini buzish deb baholadi.

Rasul Kusherbayev o‘z tanqidida quyidagi bir qator savollarni o‘rtaga tashlagan:

Kompaniya nega boshqa mamlakatlar avtomobil sanoatiga o‘xshab avval avtomobilni ishlab chiqarib keyin sotuvga chiqarmayapti? Nega yo‘q narsaga oldindan pul oladi?
Kompaniyaning iste’molchiga ko‘rsatmagan xizmat yoki bermagan tovari uchun oldindan haq to‘lab ishlashi halol va qonuniymi?
Kompaniya nuqsonli tovar bergani yoki iste’molchiga vaqtida tovarni bermagani uchun neustoyka(penya) ham to‘lashi kerak. Buning hisob-kitobi bormi?
Deputat, shuningdek, «Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida»gi qonunning 19-moddasida «Nuqsonlar belgilangan muddatda bartaraf etilmagan, shuningdek, ish bajarishni (xizmat ko‘rsatishni) boshlash va tugallash kechiktirilgan taqdirda ijrochi iste’molchi har bir kechiktirilgan kun, soat (agar muddat soatlarda belgilangan bo‘lsa) uchun ish (xizmat) qiymatining yoki buyurtma qiymatini (agar uning qiymati alohida belgilanmagan bo‘lsa) bir foizi miqdorida neustoyka (penya) to‘laydi», degan norma borligini bildirib o‘tgan.

UzAuto Motors deputatning tanqidiga javob qaytarib, kompaniyaning pozitsiyasi xaridorlarga tanlov huquqini berish — avtomobilni o‘rindiq isitgichi opsiyasiz 1 million so‘m kompensatsiya bilan qabul qilib olish yoki yetishmayotgan detalning yetkazilishini kutish ekanligini ma’lum qildi.

Munosabatida to‘liq komplektatsiyali avtomobilni yetkazib berish muddati o‘z kuchida qolishi ta’kidlangan.

«Yarimo‘tkazgichlarning tanqisligi, ishlab chiqarishning qisqarishi, navbatlar — butun dunyo avtomobilsozlik sanoati krizis davrni boshdan kechirmoqda. UzAuto Motors ham bundan mustasno emas. Yarimo‘tkazgich komponentining yetishmovchiligiga to‘xtaladigan bo‘lsak, bu yuzaga kelgan vaziyat fors-major bandiga to‘g‘ri keladi. Fors-major holatlar yuzaga kelganda jarimalar ko‘zda tutilmagan», — deyiladi UzAuto Motors xabarida.

Shuningdek, avtomobilni xarid qilish shartnomasida iste’molchi to‘lovni to‘liq qaytarish sharti bilan mahsulot xarididan voz kechishi, almashtirishi yoki komplektatsiya o‘zgargani uchun qayta hisob-kitob qilishi ko‘rsatilgan 2.4 band borligi qayd etilgan. «So‘nggi tanlov xaridorda qoladi. Iste’molchi huquqi hurmat qilinadi», — deb ta’kidlangan xabarda.

Bundan tashqari, kompaniya o‘rindiq isitgichi modulisiz beriladigan avtomobil nuqsonli («brak») deb atalmasligini bildirdi.

«Qo‘shimcha opsiyaning yo‘qligi yaroqsiz hisoblanmaydi. Ushbu qonunda ‘brak’ (yaroqsiz) so‘zining o‘zi umuman yo‘q. Xalq saylagan deputat ‘brak’ (yaroqsiz) so‘zi bilan mahsulotdagi yetishmovchilikni nazarda tutgan ko‘rinadi. ‘Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida’gi qonunning 19-moddasiga binoan, mahsulotdagi yetishmovchilik — bu mahsulotni to‘liq maqsadli ishlatilishidagi kamchilikdir. Ya’ni hurmatli deputat, o‘rindiq isitgichisiz avtomobildan foydalanib bo‘lmaydimi? Bundan ko‘rinib turibdiki, deputat ko‘rsatgan qonunini o‘zi o‘qimagan.

Noto‘g‘ri talqin, o‘zboshimchalik bilan xulosa chiqarish, fuqarolarni chalg‘itish UzAuto Motors ekspertlarida xalq deputati o‘z mamlakatining qonunchiligini bilishiga jiddiy shubha uyg‘otdi. Shunday qilib, biror-bir deputat normativ hujjatlarni o‘zicha talqin qilib, ixtiyoriy ravishda yoki beixtiyoriy o‘z aholisini norozilikka chaqirishga qanchalik haqli?», — deya yakunlangan UzAuto Motors munosabati.

Kompaniya yarimo‘tkazgichlar tanqisligi sabab ishlab chiqarish keskin tushib ketgani va oqibatda yetkazib berish muddati ham uzayganini may oylarida ma’lum qilgandi.

UzAuto Motors’ning har bir avtomobilida 100—300 ta yarimo‘tkazgichlardan foydalanilgan ehtiyot qismlar mavjud. Ular spidometr, elektr kuchaytirgich, magnitola, shuningdek, navigatsiya va boshqa joylarda ishlatiladi.

Tavsiya etamiz






Tavsiya etamiz

Ҳар доим хабардор бўлинг!

carzone.uz мобил иловаларини кўчириб олинг ва барча янгиликлар сиз билан