Валюта курси: Ўз.Р.Марказий банки
USD
АҚШ доллари
EUR
Eвро
RUB
Россия рубли
Sayt test rejimida ishlayapti!!!

Сўнгги янгиликлар






Rishton-So‘x yo‘lagining so‘xliklar uchun yopilishiga YeOIIni ro‘kach qilishi qay darajada to‘g‘ri?
15.06.2020 19:56,  
1473

O‘zbekiston qo‘shnilari bilan ‘zero-problem’ga asoslangan yaxshi qo‘shnichilik siyosatini faol yuritishga harakat qilmoqda. Shunday bo‘lsada, bir necha muammolar qatorida Qirg‘iziston Respublikasi hududida joylashgan O‘zbekistonga tegishli Shohimardon va So‘x hududlari bo‘yicha ikki tomonning asablarini o‘ynaydigan muammolar to‘xtaganicha yo‘q.

Soha mutahassislarining fikricha, masalaning yechimi o‘ta murakkab bo‘lib, uni yechishga oid O‘zbekiston hukumati taklif qilmagan yechim qolmagan, ammo, hali hamon masala to‘liq hal bo‘lmagan. Shu sababli ham, aytish mumkinki, bizning eng  bosh og‘riq chegara chiziqlarimiz bu - qirg‘iz-o‘zbek chegarasidan o‘tadi.

So‘x va Shohimardonga borib-kelishning qiyinligi tufayli ushbu eksklav rayonlarimiz ma’lum darajada iqtisidoy qamalni boshidan kechirmoqda. Chunki, nafaqat tovar va xizmatlar, balki, insonlarning ham borib-kelishlari qiyinlashgan bunday sharoitda katta turizm va qishloq xo‘jaligi salohiyatiga ega bo‘lgan bu ikki hudud qashshoqligicha qolmoqda.

Kun.uz‘ning 2018 dagi tekshiruvi ham muammoni aniq ko‘rsatgan.  

Biroq, 80 ming aholimizni qiynab kelayotgan katta muammo bor. Bu ham bo‘lsa O‘zbekistonga, viloyatimiz markaziga o‘tib-kelish muammosi. Farg‘onaga borish uchun So‘xdan ikkita yo‘l bor. Biri Rishton, ikkinchisi Vodil orqali. Biri yaqin, biri yiroq yo‘l. Xabaringiz bo‘lsa, besh-to‘rt yildan beri faqat bir tomondan qatnab kelyapmiz.  Boshlanishida yaxshi edi. Keyin o‘zgardi. Qo‘shni davlatning chegarasiga gapimiz o‘tmaydi. Chegaradan o‘tuvchilar sarson bo‘lib uzoq vaqt turadi. U yerdagilar na yoshni yosh, qarini qari deyishadi. 50-60 kilometr turli qiyinchilik va muammolar bilan Qirg‘iziston hududidan o‘tamiz.

Bizga yo‘ldosh bo‘lgan so‘xlik yigit qo‘shni davlat chegarachilarining o‘tish chog‘ida har bir kishidan 5 ming so‘m, avtomashina egalaridan 200 ming so‘m, yuki bilan o‘tadigan yuk mashinalaridan 2 million so‘mgacha pul olishlarini aytib keldi. “Iltimos, chegaradan o‘tish azobi, soatlab navbat turish haqida albatta yozinglar. Aka, maqolangiz chiqsa So‘x muammolari hal bo‘larmikan?”, deydi yigit.

Qadamjoy tumanidan So‘xgacha bo‘lgan 70 kilometr yo‘l tranzit. Yo‘lovchi zaruriyat bo‘lsa ham to‘xtamay harakatlanishga majbur. Mutasaddilar ikki viloyat xalqi o‘rtasida madaniy-ma’rifiy tadbirlarni ko‘paytirishsa maqsadga muvofiq bo‘lardi. Rishton tomonidan o‘tish uchun boshqa yo‘l bor. U yo‘lda qo‘shni davlat aholi punkti kam. Juda yaqin yo‘l. Nari borsa 6-7 kilometr Qirg‘iziston yeridan o‘tiladi xolos. Negadir ikki hukumat o‘rtasida mazkur masala ijobiy hal bo‘lmayapti. Rahbarlarimizdan shu muammoni tezroq hal qilib berishlarini kutyapmiz.

Yo‘lning ochilishi So‘xning rivojlanishiga juda katta ta’sir qiladi. Investitsiya kiradi. Yetishtirilgan meva, sabzavotlarni eksportiga katta imkoniyat tug‘iladi. Xalqimiz juda mehnatkash. Bizga Rishton tarafdagi yo‘lning ishga tushishi juda-juda zarur”,

«To‘rt chegara postidan o‘tib...». So‘x anklavining ikkita katta muammosi (2-qism)

2020 yil 31 may kuni Chashma buloq suvi yuzasidan vujudga kelgan muammo ham shuning bir ko‘rinishi.

Anklavlarimizdagi muammoning negizi – suv, o‘tloq va tranzit o‘tishga oid huquq masalalaridir. Chegara masalasida delimitatsiya va demarkatsiya ishlari to‘liq hal etilmaguniga qadar ikki davlatning shu hududda yashovchi fuqarolari o‘z hududlaridagi mavjud tabiiy boyliklarni himoya qilishlari juda ham tabiiy bir holatdir. Shunday ekan, shu paytgacha chegaralarning belgilanishi va chegara tortish ishlariga qo‘shimcha ravishda hali ham belgilanmagan 5% lik o‘zbek-qirg‘iz chegara masalasini hal etish menimcha Tashqi Ishlar Vazirligimiz (TIV) oldidagi eng katta masalalardan biri.

O‘rta Osiyodagi anklav hududlar

Anklav

Davlat

Joylashgan davlat

maydoni

Barak

Qirg‘iziston

O‘zbekiston

2.07 km2

Cho‘ng‘ara

O‘zbekiston

Qirg‘iziston

3 km2

Jangil

O‘zbekiston

Qirg‘iziston

0.8 km2

Sarvak

Tojikiston

O‘zbekiston

8.4 km2

Shohimardon

O‘zbekiston

Qirg‘iziston

38.2 km2

So‘x

O‘zbekiston

Qirg‘iziston

234 km2

Vorux

Tojikiston

Qirg‘iziston

96.7 km2

Qayrag‘och

Tojikiston

Qirg‘iziston

0.88 km2

Bu maqolada mavjud muammolar orasidagi tranzit huquqi masalasiga to‘xtalaman. Bizni Qirg‘iziston hududida So‘x, Shohimardon, Cho‘ng‘ara va Jangil nomli 4 ta anklav hududlarimiz bor. Ushbu hududlar Qirgiziston tomonidan to‘liq o‘ralgani uchun ularga bizni hududlarimiz anklav hisoblansa, o‘zga davlat hududi tomonidan o‘ralib, yurtimizning asosiy qismidan ajralib turgani uchun bizga bu hududlarimiz eksklav hisoblanadi. Bu masalaning geografik tomoni.

Kichik bir mulohaza: anklav so‘zi 2008 yilda nashr qilingan O‘zbek tilining izohli lug‘atida va 2007 yilda chop etigan O‘zbekiston milliy ensiklopediyasida ham uchramadi, unda biz So‘x va Shohimardonni qanday hudud deb ataymiz?

Muammoga qaytsak: So‘x va Shohimardon anklav hududlaridagi fuqarolarimizni qiynayotgan eng katta bosh og‘riqlaridan biri shubhasiz – o‘sha hududlarimizga qirg‘izlar yashaydigan joylardan kirib-chiqishdir.

- Go‘zallikda betakror ushbu rayonlarimizga kirib chiqilishida fuqarolarimizga Qirg‘iziston harbiylari tomonidan o‘ta qo‘pol munosabat qilinishi,

- Ochiqdan ochiq pora so‘ralishi – o‘tishning norasmiy bo‘lsada pullik ekanligi,

- Tranzit hududida ketayotgan paytda fuqarolarimizga nisbatan kuch ishlatish,

- Zarur ehtiyojlar uchun to‘xtashga ruxsat bermaslik,

- Botken viloyati ichida harakatlanayotgan fuqarolarimizga qaroqchilik-reket usuli bilan ʼo‘lponʼ solinishi,

- Aholiga oldindan ogohlantirish bermasdan yo‘llarni yopib qo‘yish,

- O‘zbekistondan So‘xga olib boradigan yo‘lning eng qiyinidan foydalantirish,

- Tranzit o‘tishi paytida chegara hududlarida uzoq muddat kuttirish,

- Va bularning hammasini bila turib, markaziy Qirg‘iz hukumatining uzoq muddat buni ko‘rmaganlikka olib kelishi – bularning hammasi ham mahalliy aholimiz tomonidan, ham rasmiylarimiz tomonidan juda yaxshi hujjatlashtirilgan. Bunday muammolarning borligini yurtimizda xizmat ko‘rsatgan jurnalist va hozirda Farg‘ona viloyati hokimligi matbuot xizmati spikeri Muhammadjon Obidovning kuni kecha Ozodlik radiosiga bergan intervyusi va aynan shu jurnalistimizning 2017 yil iyul oyida Shohimardonga qilgan mashaqqatli safari haqidagi maqolasi ham buni yaqqol isbotlaydi.

Aslida, 2019 yil avgust oyi oxirida Farg‘ona viloyatining qo‘shni Qirg‘iziston Respublikasi bilan chegaradosh barcha nazorat-tekshiruv postlari ochilgandi. Jumladan, 30 avgust kuni uzoq kutilgan Rishton-So‘x posti ham shu kuni ochilgandi. Ammo bir kun o‘tib yo‘l yana yopilgandi. Hozirda aholi Farg‘ona viloyati Farg‘ona tumani Vodil qishlog‘idan Qirg‘izistonning Botkent viloyati Qadamjoy tumani orqali So‘xga borib kelishadi. Va bu yo‘l Rishton-So‘x yo‘lidan kamida 5 barobar uzoq va noqulay hisoblanadi.

2020 yilning fevralida Tashqi ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari Ilhom Ne’matov Rishton-So‘x yo‘li yopiqligini Qirg‘iziston YeOII a’zosi bo‘lgani uchun ularda savdo rejimi boshqacharoqligi bilan izohlagandi. Bosh vazir bilan tarixiy uchrashuvda so‘xlik fuqarolar chegaradagi muammolardan shikoyat qilib, So‘x va Farg‘ona vodiysini bog‘lovchi yo‘lak (Yaypanga) qilib berishni so‘ragan. Bosh vazir bunga javoban birinchi navbatda Rishton-So‘x yo‘lini ochish masalasi ko‘rib chiqilishi, undan keyin Yaypanga yo‘lak ochish masalasi o‘ylab ko‘rilishini aytgan.

Xo‘sh, shunday ekan, qirg‘iz qo‘shnilarimizning Rishton-So‘x yo‘lini yopib qo‘yganligi va aholimizga zarar keltiruvchi xatti-harakatlari xalqaro huquqiy normalar tomonidan qanday izohlanadi? Avvalambor, Qirg‘izistonni biz suveren mustaqil davlat deya tan olganmiz. 1996 yil 24 dekabrda Abadiy do‘stlik to‘g‘risida shartnoma ham imzolangan. Bundan tashqari, 2017 yil 5 sentyabrda Chegara vakillari faoliyati to‘g‘risida, 2018 yil 6 fevralda esa chegara hududida ishonch choralari bo‘yicha Bitim kuchga kirgan (Kichik mulohaza: Ammo, bu bitim hech qayerda ochilmagan va uni topib o‘qish oddiy insonlar uchun hozircha imkonsiz. Eng kamida internet nashrlarida uni chop etmaganmiz.). Shunga qaramay, So‘x va Shohimardondagi fuqarolarimizning qirg‘iz qo‘shnilarimizdan chekkan jafolari tugamayapti.

Lekin, kamina to‘xtalmoqchi bo‘lgan muammo - bosh vazir Abdulla Oripov So‘xga borganida aytganidek, Yevrosiyo Iqtisodiy Ittifoqi (YeOII) talablari tufayli qirg‘izlar tomondan So‘x-Rishton yo‘lining ochilganidan 2 kun o‘tmasdanoq berkitilishini xalqaro huquqiy normalar oqlaydimi? Qirg‘iziston tomonining YeOII sababidan bizning eksklavlarimiz orasidagi yo‘lni vaqtinchalik yopib qo‘yishga haqi bormi?

Yuqorida aytganimdek, suveren davlat sifatida Qirg‘iz eli o‘z hududi ichida o‘zlari qaror qabul qila oladilar va boshqa davlatlarning ularning ichki ishlariga aralashishiga imkon berilmaydi. Buni davlatlarning suverenitetini hurmat qilish va ichki ishlariga aralashmaslikka oid xalqaro huquqiy mezonlar ham alohida ta’kidlaydi.

Biroq, anklav masalalari ham borligini inobatga olib, Anglo-sakson, Kontitental va Rim huquqi kabi dunyoning tarixiy va hozirdagi huquq tizimlari tan olgan servitud tizimi anklavlarga ham tadbiq etiladi. Ya’ni, umumiy ma’noda anklav holatiga tushib qolgan hududlar o‘zlari tegishli bo‘lgan davlatning asosiy hududi bilan bog‘lanish va aloqa qila olish huquqlariga egadirlar. Buni xalqaro huquqda xalqaro servitud huquqi deyiladi. Biroq bu yerda tortishuv ham yo‘q emas. Shunisi aniqki, anklavlar masalasi o‘sha ikki davlat o‘rtasida shakllanib kelgan regional odat va ikki tomonlama shartnomaga ko‘ra amalga oshiriladi (Linda Pike, ‘Enclaves,’ pp 143-145, Encyclopedia of Disputes Installment 10,  Publisher Elsevier, 1988).

Qirg‘iziston ichida joylashgan eksklav hududlarimiz bo‘yicha alohida regional odat shakllangan deb bemalol aytish mumkin, ammo, aynan  anklavlar masalasini to‘g‘ridan to‘g‘ri tartibga soluvchi Bitim hozircha mavjud emas.

Demak, So‘x va Shoximardon kabi bizning eksklav hududlarimiz aholisi respiblikamizning asosiy hududiga bemalol kirib kelish va qaytish huquqlariga ega bo‘lib, Qirg‘iziston davlati bunday faoliyatni to‘sishi, qiyinlashtirishi yoki to‘siqlar qo‘yishi mumkin emas (Farran, C. (1955). International Enclaves and the Question of State Servitudes. International and Comparative Law Quarterly, 4(2), 294-307, 304-305).

Albatta, korona virusi kabi Qirg‘izistondagi sog‘liqni saqlash yoki terrorchilarga qarshi kurashish kabi osoyishtalikni qo‘riqlashga oid masalalarda Qirg‘iziston bir tomonlama harakatlarni cheklovchi taqiqlar qo‘yishi mumkin bo‘lsada, bunday chora-tadbirlar O‘zbekiston bilan kelishilishi, mumkin qadar oldindan ogohlantirishga asoslanishi va albatta ob’yektiv sabablarga asoslantirilgan choralar bo‘lishi talab etiladi. Anklavlarga kirish va chiqish erkinligi masalasi deyarli barcha nomdor xalqaro huquq kitoblarida ham qayd etilgan (Robert, Jennings, and Watts Arthur. "Oppenheim’s International law." Parts 2-4, pp.673-674, (1992); Clapham, Andrew. Brierly's Law of Nations: An Introduction to the Role of International Law in International Relations. OUP Oxford, pp.184-188, 2012; Crawford, James. Brownlie's principles of public international law. Oxford University Press, USA, pp.328, 2019).

Va hatto Hindiston va Portugaliya o‘rtasida yuz bergan 1956 yildagi BMT Xalqaro Sudidagi nizoda ham Portugaliyaning Hind yarim oroli hududlaridagi anklav orollariga kirib-chiqishga ruxsat berilgan (Right of Passage over Indian Territory, Portugal v India, Merits, Judgment, [1960] ICJ Rep 6, ICGJ 174 (ICJ 1960), 12th April 1960, International Court of Justice [ICJ]. Date: 12 April 1960).

Boshqa tomondan esa, mahsulot va xizmatlarni olib kirish va olib chiqish bo‘yicha, shuningdek, qurolli kuchlarni joylashtirish bo‘yicha xalqaro huquqda noaniq joylar ham mavjud bo‘lib, buni ikki davlat o‘zaro kelishib hal etishlari lozim. Qirg‘iziston davlatining shu paytgacha tovar va xizmatlar kirdi-chiqdisiga qarshilik qilmaganini inobatga olgan holda, bu sohalarda ham regional odat huquqi shakllangan deya olamiz.   

Biroq, O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosarining 2020 yil fevral oyidagi va Bosh Vazir so‘zlariga ko‘ra, YeOIIga a’zoligi tufayli Qirg‘iziston va O‘zbekiston o‘rtasidagi turlicha savdo va bojxona rejimi tufayli So‘x-Rishton yo‘lagi So‘xdagi fuqarolarimiz uchun ochilmayapti. Faqat bunday iddao bir necha savollarni keltirib chiqaradi:

1) Qizig‘i shundaki, O‘zbekiston YeOII ga a’zo emas va YeOII hujjatlari yurtimiz uchun hech qanday majburiyatlarni bir tomonlama  yuklay olmaydi. Shunday ekan, qanday qilib Qirgiziston o‘zi a’zo bo‘lgan tashkilot talablarini ro‘kach qilib, So‘x anklavidagi fuqarolarimizning asosiy hududimiz bilan bog‘lanishlariga to‘sqinlik qilishlari mumkin? 

2) Agar eng yaqin yo‘l bo‘lgan So‘x-Yaypan koridorini ochishga qo‘shnilarimiz rozi bo‘lishmasa, So‘x-Rishton yo‘li ham YeOII sababidan berkitilgan bo‘lsa, unda bizni so‘xlik fuqarolarimiz iqtisodiy va siyosiy qamalda yashashayotgan ekanda?

Birinchi savolga javob o‘laroq, aytish mumkinki, YeOII davlatimiz roziligisiz bizga hech qanday majburiyatlarni yuklay olmaydi. 1969 yilda qabul qilingan Xalqaro shartnomalar huquqi to‘g‘risidagi Vena konvensiyasi ko‘ra, ikki yoki ko‘ptomonlama tuzilgan xalqaro bitimlar faqat bitimga qo‘shilgan taraflarnigina qamrab oladi va uchinchi davlatlarga ularni roziligisiz majburiyat yuklay olmaydi. Bunday huquqiy norma 1996 yildagi Abadiy do‘stlikka oid Bitimning 19-moddasida ham mustahkamlab qo‘yilgan. Shunday bo‘lsada, qirg‘izlar YeOIIning mavjud talablarini bajarishga majburdirlar, ammo ularni bajarishda O‘zbekiston fuqarolarining manfaatlarini buzmaslik shart qilinadi. Qirg‘iziston rasmiylariga ko‘ra, YeOIIning veterinariya va fitosanitariya xavfsizligi choralariga rioya etish muammolari hal etilmas ekan, So‘x-Rishton yo‘li ochilmaydi.

Bunda albatta, O‘zbekiston tomoni ham qo‘shnilarimizning xalqaro huquqiy majburiyatlarini inobatga olishi lozim. Ammo, qirgizlarning Bosh vazir o‘rinbosari xato ravishda da’vo qilganidek, bu masala YeOII reglamenti doirasida hal etilmaydi. Chunki, yurtimiz unga a’zo ham emas va boshqa joylarda ham yangraganidek, So‘x-Rishton yo‘li ochilishi sharti sifatida O‘zbekistonning YeOIIga kirish sharti qo‘yilishi ham umuman mumkin emas. Buni qirg‘iz qo‘shnilarimiz yaxshilab tushunib olishlari darkor.

1-savolga javobni yakunlaydigan bo‘lsam, garchi Qirg‘iziston YeOII shartlarini bajarishi kerak bo‘lsada, ularni bajarish so‘xlik fuqarolarimiz huquqlarini buzadigan tarzda bo‘lmasligi lozim. Ya’ni, YeOII shartlarining qirg‘izlar tomonidan bajarilishi So‘x-Rishton yo‘lagining ochilishini kechiktirmasligi kerak.

Boshqa tomondan esa, agar so‘xliklarning kirb-chiqishini YeOII savdo rejimiga moslashtirish lozim bo‘lsa va So‘x-Rishton yo‘lagini ochish katta muammolar tug‘dirsa, unda qirg‘iz tomoni bizga savdo rejimini moslashtirish bo‘yicha aniq talab va takliflarni aytishi kerak. Ammo, shaxsan men bunday aniq talab qo‘yilganligiga oid xabarni eshitmadim.  

2-savolga javobdan ham ko‘ra savollar ko‘proq. Agar Rishton-So‘x yo‘lagi YeOII shartlarini bajarish uchun yopilgan bo‘lsa, unda so‘xlik vatandoshlarimiz qanday qilib asosiy hududimiz bilan aloqa qilishyapti? Qaysi yo‘ldan qatnashyapti? Va bunda YeOII masalasi muammo bo‘lgani yo‘qmi?  Agar So‘x-Rishton yo‘lagi ochilishiga YeOII shartlari qarshilik qilayotgan bo‘lsa, unda nega Vodil-So‘x yo‘lagi hamon ishlamoqda? Demak, Vodil-So‘x yo‘nalishida YeOII talablari bajarilib, So‘x-Rishton yo‘lagida bajarilmagan ekanda? Buni menimcha, TIV xalqimizga to‘liq va tushunish oson shaklda tushuntirib berishi kerak.

Tahlil

Eng ko‘p zarar ko‘ruvchi — O‘zbekiston fuqarolari

Farg‘ona vodiysidagi anklavlar yuzasidan O‘zbekiston – Qirg‘iziston o‘rtasida tez-tez muammolar chiqib turadi. E’tiborimni tortgan narsa shu bo‘ldiki, ushbu nizolarning aksariyat qismida asosiy jabrlanivchilar bu – anklav hududida yashovchi O‘zbekiston fuqarolaridir. Xatto, 2020 yil 31 may kungi Chashma masalasida So‘xdagi chegaramizda yuz bergan holat bo‘yicha ham O‘zbekiston tomonidan 187 nafar inson yaralangan bo‘lsa, qirg‘izlardan esa atiga 25 nafar inson yaralangan. Hatto, bizning fuqarolarga nisbatan qurol ishlatilganligiga oid xabarlar ham mavjud. Yonib ketgan uchta uy ham O‘zbekiston fuqarolariniki. Shunday ekan, asosiy zararni O‘zbekiston fuqarolari ko‘rgan. Ularning ko‘rgan zararlarini esa bizning hukumat qoplamoqda.

Qiziq savol tugiladi, nega?? Nega qirg‘zlar kompensatsiya to‘lamayapti? Demak, kuch ishlatishning asosiy ob’yekti O‘zbekiston tomoni bo‘lgan: nega qirg‘izlar bu zararni to‘lab bermayapti? Axir biz oldin kelib chiqqan shunga o‘xshash nizolarda ularning zararlarini qoplab bergandikku? (T.Jack Rowe, Problematic Puzzle Pieces: Enclaves and Conflict in the. Ferghana Valley. 341-365, in Adams, Laura, et al. Central Asia in the Era of Sovereignty: The Return of Tamerlane?. Lexington Books, 2018).

Qirg‘izistonning markaziy va mahalliy boshqaruvini to‘g‘ri tushunish

Agar Qirg‘iziston bilan bir qancha ikki tomonlama bitimlarimiz bor ekan, unda nega hali-hamon muammo yechilganicha yo‘q? Buning turlicha izohi bo‘lishi mumkin, ammo, usbu muammoni o‘rganish jarayonida quyidagicha xulosaga kelishga majbur bo‘ldim: Qirg‘iz davlatchiligining zaifligi. Chunki, hukumat zaif bo‘lsa, uning ishlarini mahalliy xalq bajarishga o‘tadi. Qirg‘izlarda esa o‘z hududimni himoya qilishim kerak degan fikr mahalliy fuqarolarda qo‘shni Tojikiston va O‘zbekistonga qaraganda juda ham kuchli ko‘rinadi. Shu bilan birga, qirg‘iz qo‘shnilarimiz o‘z davlatlari tuzgan xalqaro bitimga boshida hurmat bilan qarasa ham u ko‘pga cho‘zilmaydi va amalda qo‘llanmaydi. Ya’ni, mahalliy halq markaziy hukumat buyruqlarini ochiqdan ochiq yoki eng kamida amaliyotda inkor qilaveradi. Bu esa o‘z navbatida yurtimiz yuritayotgan yaxshi qo‘shnichilik diplomatiyasining qo‘shni qirg‘iz millati bilan biz kutgan natijalarni to‘liq bermasligini ko‘rsatadi. Afsus bilan qayd etish kerakki, shu paytgacha amalga oshirilgan siyosiy-diplomatik yo‘llar orqali yechim berishning qirg‘izlar borasida ba’zi yetishmovchiligi yaqqol ko‘rinmoqda. Bu borada hamyurtimiz, taniqli siyosatshunos olim Kamoliddin Rabbimovning izohlari juda ham o‘rinli:

Qirg‘iziston - boshqa davlat. Biz ular bilan diplomatiya qilayapmiz, Mirziyoyev kelishi bilan ular bilan kuchli murosa siyosatini boshladi. Lekin, bu ham doim ishlamasligi mumkin… Qirg‘izistonga nisbatan diplomatiya ishlashi qiyin. Chunki bu davlat - zaif davlat, uni markaziy hukumati mintaqalarni, jamiyatdagi aholini nazorat qila olmaydi. Ular o‘zlarini demokratiya deyishadi, lekin, aslida anarxiyaga yaqinroq - zaif davlat. Shuning uchun, hukumat bilan kelishaverishadi, joylarda esa odamlar hamma yoqni buzib tashlayverishadi...

E’tibordan chetda qolgan So‘xliklar

Boshqa tomondan, So‘x va Shohimardon tumanlarimizning o‘ta uzoq muddat davomida ko‘zdan qochirilishi va markaziy hukumat tomonidan yetarli e’tibor berilmaganligi ham – "patinkasini yalayman" fenomenini keltirib chiqarmoqda. 2017 yilda boshlangan halq bilan muloqot doimo davom etishi kerak edi. Biz halqimiz muammolarini bu darajada ko‘zdan qochirmasligimiz lozim ekan. Endi esa undan hulosalar chiqargan holda, millatimiz qayerda bo‘lsa ham unga sohib chiqishni o‘rganishimiz lozim. Prezident aytganidek, "muammo qayta chiqmaydigan tarzda" masalaning yechimi – hozirda juda ham dolzarb. Shu manoda, davlat rahbarlarining Hukumatlararo qo‘shma komissiyasi hamda chegaradosh viloyatlar ma’muriyatlari rahbarlari kengashining navbatdagi majlislarini o‘tkazish taklifi qo‘llab-quvvatlashi ijobiy bir qadam. Faqat hammasi qo‘lga kiritiladigan natijaga qaraladi.

Natija o‘laroq Qirg‘iziston tomonidan xalqaro huquqning qo‘pol buzilishi

Ko‘rinib turibdiki, qirg‘izlar O‘zbekiston bilan tuzilgan bitimlarga amal qilishgani yo‘q. Ayniqsa, Abadiy do‘stlikka oid 1996 yil Bitimining 1-moddasida takidlangan, "o‘zaro foyda prinsiplarini hurmat qilish asosida munosabatlarni faol rivojlantirish" va  9-moddasida takidlangan "tovarlar va xizmatlar tranziti sohasidagi hamkorlikni qulay va o‘zaro foydali shartlarda amalga oshirish"ga oid xalqaro majburiyatlar qo‘shnilarimiz tomonidan qo‘pol shaklda buzilayotganligiga guvoh bo‘lyapmiz.  Muammo shundaki, garchi markaziy qirg‘iz hukumati yaxshi va’dalarni bersa ham, qo‘shnimizda mahalliy aholi tomonidan markaziy hukumatni mensimaslik va qoidalarni o‘z kuchlari bilan joriy etish kabi madaniy davlatga yarashmaydigan holat tez-tez uchrab turadi. Qirg‘iz tomonining maxsus xizmatlarining aholimizga norasmiy "o‘lpon" solishi,  qirg‘iz maxsus xizmatlarida ishlaydigan mas’ullarda yuksak madaniyat va yuksak ongning yetishmasligi,  yo‘llarda asossiz to‘xtatishlar, mahalliy aholiga O‘zbekiston fuqarolarini toshbo‘ron qildirish natijasida So‘x aholimizni zada qilishlari shuning bir misoli, xolos.

Yechimlar bormi?  

Anklav hududlarimizni Qirg‘iziston bilan almashtirish

Shubha yo‘qki, O‘rta Osiyo hali-hamon Sovet davrida qoldirib ketilgan muammolar azobini chekmoqda va bundan qutulish oson emasga o‘xshamoqda. Aslida masalaning eng qulay yechimi, xuddi Hindiston va Bangladesh hukumatlari 2015 yilda kelishganlaridek, oz hududlaridagi anklavlarni bir-birlari almashtirish yoki bir qism yerlaridan voz kechish (land swap) hisobiga chegaralarni optimallashtirish hisoblanadi. Biroq, mavjud 4 ta anklav hududlaridan ayniqsa ikkitasi,  Shohimardon va So‘xni ayirboshlash mumkin emas. Bu hududlar ham aholi jihatidan, ham madaniy meros jihatidan ayirboshlash uchun juda kattalik qiladi.

So‘x-Yaypan yo‘lagidan joy olish

Bosh vazir borgan paytida ajoyib taklif bo‘ldi: So‘x tumanini Yaypan (O‘zbekiston) tumani bilan tutashtirish masalasi. Chunki, u joy So‘x uchun eng yaqin hisoblanadi. Lekin, bu borada 2001 yilgacha ikki tomon o‘rtasida bo‘lgan muzokaralar samarali natija bermagan, qirg‘iz qo‘shinilarimiz biz tomonidan berilgan uzunligi 17 kilometr, eniga esa 1 kilometrlik yo‘lni berishni rad etishgan va undan keyin bu taklifga boshqa qaytilmagan.

Sababi oddiy: agar bunday yo‘l O‘zbekiston tomoniga taqdim etilsa, Botken viloyati Botken va Laylak tumanlari aholisi Qirg‘iziston uchun ham qisman eksklav hududiga aylanib qoladi. Shu sababli, qirg‘iz qo‘shnilarimizning bu yechimga qat’iy qarshilik ko‘rsatishlarini tushunish mumkin. Nima bo‘lganda ham, So‘xdan Yaypangacha bir tranzit yo‘lagini almashishga oid masalada qirg‘iz rahbar va siyosatchilar allaqachon bir qarorga kelgan ko‘rinadi. Biz boshqa yo‘llarni izlab ko‘rishimiz kerakka o‘xshaydi.

Rishton-So‘x koridorini yana qayta tiklash

2019 saylovoldi kampaniyasi paytida ko‘tarilgan bitim masalasi: garchi TIV vakilimiz juda yaxshi fikrni aytgan bo‘lsada, ammo, undan keyin Qirg‘iziston tomoni bunday masala – YeOII shartlariga amal qilish masalasi O‘zbekiston tomonidan kelmaganligini aytdi. Nega rahbarlarimiz hali ham ushbu bitimni qirg‘izlar bilan yechmayapti? Ularni bundan nima to‘syapti? Yoki bunga Qirg‘izlar ko‘nmayaptimi? O‘zbekiston fuqarolarini 40-50 kilometr sarson qilishdan qirgizlarga nima naf? Baribir Vodil-So‘x yo‘li ishlayaptiku, unda Rishton-So‘x yo‘li ham ochilsin? 80 mingdan ziyod so‘xlik aholimiz nega bunday kechiktirish azobini chekishi va iqtisodiy qamalda qolishi lozim? 

Xo‘sh, unda qirg‘izlarning YeOIIga moslashtirish uchun O‘zbekiston ushbu anklav hududlar uchun qanday savdo rejimini joriy etishi kerak? Gap shunda! Bunda O‘zbekiston tomoni nima taklif bilan chiqqanu, qirg‘izlar bunga nima deyishgan? Mana shu masala hali hamon yopiqligicha qolmoqda. Garchi, ba’zilar tomonidan Farg‘ona viloyati markaziga borish uchun Rishton-So‘x yo‘li va Vodil-So‘x yo‘lining masofasi deyarli teng deyilsa ham, Rishton-So‘x yo‘lida so‘xliklar tezda yurtimiz hududiga kirib olishadi va yaxshi ta’mirlangan yo‘llarda emin-erkin harakat qilishlari mumkin. Vodil-So‘x yo‘lida esa juda ham noqulay vaziyatlarda oson bo‘lmagan yo‘ldan uzoq muddat yurish talab etiladi. Qaysinisi osonligi hammaga birdek ayon.

Qirg‘iziston tomonidan xalqaro majburiyatlarga to‘liq amal qilinishini taminlaydigan tizim o‘rnatish: anklav hududlarimizga oid keng qamrovli Bitim tuzish

Qirg‘izistonning ichidagi o‘ziga hos boshqaruv holatini inobatga olgan holda parallel yondashuv talab etiladi. Ham markaziy hukumat bilan ishlash bilan bir qatorda, mahalliy qirg‘iz halqi va mas’ul shaxslari tomonidan eksklav hududimizdagi aholimiz haq-huquqlari poymol etilmaydigan himoya tizimini shakllantirish kerak. Gap bu yerda protseduralari aniq shakllantiriladigan va shaffof bo‘lgan chegaradan otish tizimi haqida ketyapti. Shunday tizim ishlab chiqish lozimki, toki qirg‘iz mas’ullar o‘z hizmat vakolatlarini suiiste’mol qila olishmasin, mahalliy qirg‘iz aholisi esa haddidan oshib, so‘xlik vatandoshlarimizga nisbatan qaroqchilik ham qila olishmasin.

(1) Chegaradagi tekshirishni optimallashtirish: ‘best practice’ bo‘lgan dunyodgi eng yaxshi chegara amaliyotini qo‘llash

Chegarada hozir fuqarolarimiz soatlab kutishadi, qirg‘iz bojxonachilar esa mashinadan yuklarni tushirtirib tekshiruv o‘tkazgach, so‘ng yana qayta yuklatishadi. Axir hozir texnologiyalar rivojlangan, uni texnik asboblar yordamida tekshirsa bo‘lmaydimi? Shu sababli ham yaxshi texnikalardan foydalanish va har bir chegara postida tekshirish ishlari uchun aniq vaqt va tartib-tamoyilni belgilash talab etiladi. Shuningdek, Rishton-So‘x yo‘li 8 kilometr atrofidagi yo‘l bo‘lib, bu yerda mahalliy bezorilik va reket yuz bermasligi uchun 8 kilometrning barchasiga O‘zbekiston hisobidan video-kameralar o‘rnatish va o‘rtada so‘xlik aholi to‘xtab dam oladigan yoki mashinasini ta’mirlata oladigan joylarni kelishib olish lozim. Texnologiya asri bo‘lgan bugungi kunimizda bunday ishlarni bajarish davlatimizga katta yuk bo‘lmasligiga ishonchim komil.

Ushbu yaxshi amaliyotni qo‘llash paytida mahalliy sharoit va shu paytgtacha to‘plangan tajribalarga asoslanish bilan birga, muhim bir hamkorni unutmaslik kerak: Yevropa Ittifoqi. Qirg‘izlar Yevropa Ittifoqidan ancha yordam olganliklari uchun ularni gapini yaxshigina eshitishadi va bosimini his qilishadi. Shunday ekan, yaqin katta qo‘shnilarimizni o‘rtaga suqqandan ko‘ra, uzoq, ammo ishonchli hamkor bo‘lgan Yevropa Ittifoqi institutlarini uchinchi shaxs sifatida ushbu muzokaralarda qatnashtirib, ishonarli tizimni bunyod etishga chorlash samarali bo‘lishi mumkin.

Tarixiy anklavlarga boy Yevropa Ittifoqi davlatlarining bu muammoni qanday yechganligini o‘rganib ko‘rish ham yangicha yondashuvlarni ijod qilishda qo‘l keladi. Misol uchun, So‘x misoliga o‘xshash suv, transit yo‘li va chegara harbiylari tomonidan o‘tuvchilarni tunash Ispaniyaning Fransiya ichidagi Llivia anklav qishloqchasida 20-asrda ko‘p maratoba yuz bergan. Shunga qaramay, ham suv masalasida, ham yo‘l masalasida ikki tomon kelisha olgan. Hatto, ochilgan neytral yo‘lni hozirda ikki davlat harbiylari 6 oydan almashib boshqarishadi. Bizga teskari ravishda, G‘arbiy Yevropadagi deyarli barcha anklav hududlar sayyohlik manzillari sifatida shuhrat topgan.

Yurtdoshimiz Xurshid Zafarining bu borada yaxshi tavsiyalari bor.

(1) So‘x chegaralarini imkon qadar tezroq belgilash

Ma’lumotlarga ko‘ra, Shohimardon chegaralari hal bo‘lgan, ammo So‘xda hali ham rasmiylashtirilmagan chegaralar bor. So‘xning yana bunday muammolar girdobida qolmasligi uchun ham chegara chiziqlari tortilishi tezroq hal etish lozim. Ammo, shu paytgacha aholi foydalanib kelgan o‘tloqlar ham borligini inobatga olsak, masala juda ham oson emasligi aniq. Shunday bo‘lsada, to‘xtovsiz soni o‘sib borayotgan So‘x aholisini ish bilan taminlash va hududni rivojlantirish uchun ushbu hududga avvala hududiy barqarorlikni taqdim etish lozim.

(2) Harbiylardan fuqaroviy xizmatchilarga vakolatni olib berish

Shu paytgacha chegara postlaridan o‘tishni ikki davlat chegarachilari nazorat qilgan va amalga oshirib kelishgan. Oldin ham aytib o‘tganimdek, qirg‘iz qo‘shnilarimiz zotan o‘zlarining tabiatan qo‘polliklari bilan tanilishgan. Ularning orasida ham harbiylarining qanday hulqdaligini esa tasavvur qilish qiyin emas. Shunday ekan, mumkin bo‘lsa, postlar sonini kamaytirib, norasmiy "o‘lpon" solishni oldini olish uchun chegara punktlarini birgalikda nazorat qiladigan qo‘shma postlarni tashkil etish zarur. Qolgan postlarni esa bekor qilish kerak. Shundagina biz qirg‘iz tomonining xalqaro shartnomalarga zid hatti-harakatini tiya olishimiz mumkin. Uni yanada kuchaytirish uchun esa chiqqan nizolar tufayli hokimlar yoki chegara hududi harbiylari emas, o‘sha zahotiyoq masalani hal etadigan doimiy ishlaydigan komissiya tayinlashi zarur.

Albatta, ushbu takliflar yuqori mulohazaga asoslangan va dunyo davlatlarining yuksak tajribalaridan kelib chiqib berilgan takliflar. Ammo, bunday mexanizm so‘xliklar uchun taqdim etilmas ekan, ularni haq-huquqlari poymoli tugamaydi, katta imkoniyatlarga ega So‘x tumani esa o‘ziga investitsiya ham jalb eta olmay diyorimizning eng qoloq hududlaridan biriga aylanib qolaveradi.

Xulosa o‘rnida

Yangi O‘zbekiston davrida mamlakatimizning har bir fuqarosi o‘zini orqasida davlati va millati turganligini chuqur his qilgan holda yashashi uchun ularga toliq zaruriy huquqiy himoyani yetkazish darkor. Ana o‘shandagina fuqarolarimiz davlatiga sodiq boladi. "Patinkasini yalatish" holatiga fuqarolarimizni olib tushibmizmi, demak, ularni xayf qilibmiz, qo‘shni davlatning gap tinglamas, zo‘ravon insonlariga aziz xalqimizni talatib qo‘yibmiz.

Afsuslanarlisi shundaki, qo‘shni Qirg‘ziston aholisining va ma’lum darajada davlat mas’ullarining bunday munosabati 1996 yildagi Abadiy do‘stlik Bitimi ruhiga mutlaqo mos bo‘lmay, xalqaro huquqning umumiy qoidalarini ham buzish hisoblanadi. Bu holat boshqa takrorlanmasligi uchun barcha choralar tezlik bilan ko‘rilishi va mahalliy aholining fikrlarini inobatga olgan holda, qirg‘iz rasmiylari bilan ochiq muloqotga kirishish zarur.

Albatta diplomatiyada turli masalalar inobatga olinadi, vazminlik va sovuqqonlik albatta talab etiladi - haqiqatan ham faqat bittagina muammoni o‘ylash qiyin. Qirg‘izlar bilan bizni boshqa chegaralarimiz, shuningdek, Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston temir yo‘li kabi tarixiy loyihalar ham bor. Shu bois masalalarga kompleks yondashuv talab etilishini tushunsam ham, qiynalib ketgan aholimizni yana kuttirmaslik, bundan boshqa bir qatra ham qon oqizmalik, xalqimiz va qo‘shnilarimiz aholisining ham turli kelishmovchiliklar tufayli burni ham qonamasligi uchun eng dolzarb masalalarga yo‘nalish juda ham muvofiq bo‘lardi. Umidim shuki, 2020 yil 4 iyun kungi selektorda aytilgan davlat rahbarining buyrug‘i faqat va faqat so‘xlik fuqarolarimiz manfaatini ko‘zlagan holda bajariladi va biz bu muammoga boshqa qaytmaymiz.

Tavsiya etamiz






Tavsiya etamiz

Ҳар доим хабардор бўлинг!

carzone.uz мобил иловаларини кўчириб олинг ва барча янгиликлар сиз билан