Валюта курси: Ўз.Р.Марказий банки
USD
АҚШ доллари
EUR
Eвро
RUB
Россия рубли
Sayt test rejimida ishlayapti!!!

Сўнгги янгиликлар






Rishtonlik yigitni Rossiyada urib o‘ldirgan qotillar jazosiz erkin yurishibdi
10.03.2018 15:51,  
54

Farg‘ona viloyati Rishton tumanining Oq Yer qishlog‘ida yashovchi Sultonova Yulduzxon Rahmonaliyevnaning (1988) turmush o‘rtog‘i Olimjon (1983) 2017 yilning aprelida 23 nafar hamyurtlari bilan birgalikda Rossiyaga ishlashga ketadi. Biroq 2,5 oydan keyin Olimjonning o‘ligi keltiriladi. Birga ishlab yurgan hamyurtlari “yiqilib tushdi”, deb ko‘rsatma bergan bo‘lsa-da, Rossiyadagi tergov xulosasida “o‘lim sababi noma’lum” deb yozilgan edi.

Keling, endi Yu. Sultonovaning xatiga ko‘z yugurtiramiz.

“...2017 yilning 7 iyul kuni turmush o‘rtog‘im Sultonov Olimjonning vafot etganligi to‘g‘risida xabar kelgan ekan. Men shu kunlari Rishton kasalxonasida jarrohlik operatsiyasini o‘tkazayotgandim. Operatsiya yaxshi bo‘lmay, ichidan yiringlab ketib, yana qayta ochilganligi uchun kasalxonada yotgandim. Turmush o‘rtog‘im Sultonov Olimjonning akasi Sultonov Shuhratjon 2017 yilning 8 iyul kuni Rishton tuman Ichki ishlar bo‘limiga ariza bergan. Rossiyadan turmush o‘rtog‘im O. Sultonovning murdasi 10 iyul kuni O‘zbekistonga yetib kelgan hamda ekspertiza qilingan. Meni ham turmush o‘rtog‘imning murdasi olib kelingan kuni kasalxonadan olib kelishdi. Men o‘sha paytgacha kasalxonada turmush o‘rtog‘im vafot etganini bilmagan edim. Turmush o‘rtog‘imning murdasini ko‘rganimda chap yuzlari ko‘karib ketgan, kaltaklangani bilinib turardi...”

Hodisaga oydinlik kiritish uchun Farg‘onada sud tibbiy ekspertizasi o‘tkaziladi. Natija marhumning qattiq kaltaklanganini tasdiqlaydi.

Shundan keyin Yulduzxon Rossiyada birga ishlagan Olimjonning tanishlaridan asl voqeani surishtirishni boshlaydi. Shaxsiy surishtiruvi natijasida marhumning Rossiyaga birga ketgan tog‘asi Yunusov Ali boshchiligida Yunusov Tohir (tog‘asi), Yunusov Rustam (pochchasi) va Boqijonov Shavkat (qudasi) o‘lasi qilib kaltaklaganini o‘rganadi. Sultonov Olimjon o‘z yaqinlari tomonidan shafqatsizlarcha kaltaklangani oydinlashadi.

Fojeaning dahshati shundaki, kaltaklangan Olimjonga hech qanday tibbiy yordam ham ko‘rsatilmaydi. Oqibatda, ikki kundan keyin Olimjon hayotdan ko‘z yumadi.

Baxtsiz voqeaga rossiyalik militsionerlar aralashadi. Ular 23 nafar hamshahardan surishtiruv ishlari olib boradi. Biroq zo‘ravonlar qo‘rqitib qo‘ygani bois ular “yiqilib tushgan bo‘lsa kerak”dan uyog‘iga o‘tolmaydi.

Yuqoridagilarni surishtirib o‘rgangach, endilikda norasida bolalari bilan beva qolgan Yulduzxon ichki ishlar xodimiga murojaat qiladi. Ichki ishlar xodimlari esa voqeaning Rossiyada sodir bo‘lganini, bu ishlar u yerdayoq yopilganini aytib qayta ish qo‘zg‘ashni istashmaydi. Hattoki, voqea guvohlari bo‘lmish besh-olti nafar hamqishlog‘i Olimjonni “kaltaklanish oqibatida vafot etgan”, deya ko‘rsatma berganda ham jinoiy ish ochilgani yo‘q.

Olimjon vafot etganiga sakkiz oy bo‘ldi. Hozir ham jisman, ham ruhan cho‘kkan Yulduzxonning dardini eshitadigan odam qolmagan. Aytishicha, turli idoralarga bosh urgan, biroq najot chiqmagan. Huquqni muhofaza qiluvchilar “ish qo‘zg‘ash” uchun Rossiyaga “zapros” jo‘natgan, ammo u tomondan, yarim yildirki, javob kelmagan emish.

Bir odamning oddiy buyumi chegaraning narigi yog‘ida shikastlansa ham tashvish chekadi, aybdorni jazolashga urinadi. Bu yerda 34 yashar zabardast yigit, ikki farzand otasi, bir oilaning ustuni kuppa-kunduzi urib o‘ldirilyapti. Ammo aybdorni topib jazolashga mas’ullar tomoshabin. Nahotki, shu darajaga yetib keldik?

“Men nima qilay, 2ta voyaga yetmagan bolalarim bilan katta hovlida o‘zim qoldim. jinoyatchilar ozodlikda yuribdi. Yana jinoyat qilsa-chi? Mening bolalarimning hayoti-chi? Menga yordam bering”, deydi Yulduzxon Sultonova.

 B. Eliboyev va Sh. Islomov

Tavsiya etamiz






Tavsiya etamiz

Ҳар доим хабардор бўлинг!

carzone.uz мобил иловаларини кўчириб олинг ва барча янгиликлар сиз билан