Валюта курси: Ўз.Р.Марказий банки
USD
АҚШ доллари
EUR
Eвро
RUB
Россия рубли
Sayt test rejimida ishlayapti!!!

Сўнгги янгиликлар






Ronaldu va Saloh YeChLsiz qolishi mumkin, «Atletiko» 7 yil o‘tib, shohsupaga qaytadimi? Kuchli beshlikning asosiy intrigalari
15.05.2021 17:26,  
96

Yevropada milliy chempionatlar poyoniga yetib bormoqda, ammo aytish mumkinki deyarli barcha ligalarda juda ahamiyatli o‘rinlar uchun kurash qizg‘in pallaga kirgan. Ispaniya va Fransiyada esa hali chempion ham aniqlangani yo‘q. Bu safargi anonsni sal boshqacha tayyorladik. Ya’ni e’tiborli jamoalarning o‘yiniga emas, mavjud eng katta intrigalar haqida so‘z yuritamiz.

ANGLIYa: Chempionlar Ligasi kimga nasib qiladi?

Premer-ligani tark etuvchi jamoalar ham, mamlakat chempioni ham rasman aniq bo‘lib ulgurgan. Asosiy masala, Chempionlar ligasiga yo‘llanma beruvchi qolgan ikki o‘rin uchun da’vogarlik qilayotgan 4 klubdir. «Liverpul» «Old Trafford»dagi g‘alabadan so‘ng, o‘z pozitsiyasini juda yaxshi ko‘rinishga keltirib oldi va bunga albatta, «Chelsi»ning London derbisidagi mag‘lubiyati ham yordam berib yubordi. Endi Klopp shogirdlari qolgan uch o‘yinni g‘alaba bilan yakunlashsa, boshqa o‘yinlar natijasidan qat’i nazar, deyarli kuchli to‘rtlikdan o‘rin olishadi.  

Hozirda «Lester»da 66, «Chelsi»da 64 ochko mavjud bo‘lib, bu ikki jamoada 2tadan o‘yin qolgan. «Liverpul» hisobida 60 ochko bor, lekin bir o‘yin zaxirasi ham bor. Demak, «Liverpul» o‘z o‘yinlarini  («Vest Bromvich», «Byornli», «Kristal Pelas») yutadigan bo‘lsa, yakunda 69 ochkoga ega bo‘ladi. Bu dovoni «Lester» va «Chelsi» oshib o‘tishi mumkin, lekin birgalikda emas, zero ushbu jamoalarning o‘zaro o‘yini ham bor.  

«Chelsi» «Lester»ga yutqazadigan bo‘lsa, so‘nggi turda yutsa ham, maksimal 67 ochkoda qolib ketadi va «Liverpul» bemalol quvib o‘tadi. «Chelsi» va «Lester» durang o‘ynaydigan bo‘lsa, londonliklar yakunda maksimal 68 ochkoga ega bo‘ladilar, bu ham «Liverpul» uchun ayni muddao. Birgina variant, «Chelsi»ning «Lester» ustidan g‘alaba qozonishi qolyapti. U holda «Chelsi» so‘nggi turda ham g‘alaba qozonib, ochkolari sonini 70 taga yetkazadi va «Liverpul» uchun yetib bo‘lmas chegarada chiqib oladi. 

U holda «Lester» so‘nggi tur oldidan «Liverpul» bilan bir xil – 66 ochkoga ega bo‘lib qoladi. APLda to‘plar nisbatiga e’tibor berilishini inobatga olsak, hozirda lesterliklarda +21, «Liverpul»da esa, +20. Bizning variantimizda, «Liverpul» ikki o‘yinni yutgan, «Lester» esa «Chelsi»ga yutqazgan holatda to‘plar nisbati u paytga kelib, «Liverpul»da ancha yaxshiroq bo‘lishi va to‘rtinchi o‘ringa ko‘tarilib olishi aniq. Bu holatda «Lester» to‘rtlikka qaytishi uchun so‘nggi turda «Tottenhem» ustidan o‘ta yirik hisobda g‘alaba qozonishiga to‘g‘ri keladiki, bunga ishonish qiyin.  

Demak, Angliyada YeChL yo‘llanmasi «Chelsi» – «Lester» o‘rtasidagi o‘yinda hal qilinadi. Bu o‘yin kelasi hafta, seshanba oqshomiga belgilangan. Dam olish kunlari esa «Liverpul»ning «Vest Bromvich» safariga e’tibor qaratib turamiz. Kim biladi, APLdan tushib ketgan bo‘lsa-da, mavsumda «Manchester Siti», «Chelsi», «Manchester Yunayted» va hatto «Enfild»da ham ochko olishga muvaffaq bo‘lgan «Vest Bromvich» Kloppga yetarli qarshilik ko‘rsatib, vaziyatni umuman boshqa tarafga burib yuborar? 

Darvoqe, «Chelsi» – «Lester» o‘yinining kelasi haftaga qoldirilishi sababi - «Chelsi» – «Lester» o‘yinidir. Aynan shu raqiblar bugun Angliya kubogi finalida maydonga tushadilar. «Chelsi» 9-bor bu sovrinni qo‘lga kiritib, bu borada toza uchinchi o‘ringa ko‘tarib olish imkoniyatiga ega bo‘lsa, «Lester» o‘z tarixida ilk bor Angliya kubogi egasiga aylanishi mumkin. Lesterliklar bungacha to‘rt bor finalda mag‘lubiyatga uchragandilar.  

Angliya kubogi. Final

15 may (shanba)

21:15. Chelsi – Lester  

APL. 36-tur. 16 may (yakshanba)

20:30. Vest Bromvich – Liverpul

APL. 37-tur. 18 may (seshanba)

00:15. Chelsi – Lester 

ISPANIYa: «Atletiko» yetti yil o‘tib, yana shohsupaga qaytadimi?

Ispaniyada kuchli to‘rtlik allaqachon shakllanib bo‘lgan, ammo chempionlik kurashi oxirgi daqiqalargacha davom etishi shubhasiz. 37-tur bo‘lgani uchun, Liga reglamentiga ko‘ra, barcha o‘yinlar bir vaqtda o‘tkaziladi.  

«Atletiko» hisobida 80 ochko mavjud va qolgan ikki o‘yindagi g‘alaba Simeone shogirdlarini mamlakat chempioniga aylantiradi. Eng yaqin ta’qibchi – 78 ochkoli «Real» Bilbaoga borib, g‘alaba qozonishi yetmagandek, «Atletiko»ning ochko yo‘qotishidan umid qilishi kerak. O‘zaro o‘yinlarda Zidan jamoasining ustunligi borligi uchun, «Atletiko» hatto bir o‘yinni durang qilib qo‘ysa ham, «Real»ni o‘tkazib yuboradi.  

«Levante» bilan durang «Barselona»ning imkoniyatlarini deyarli yo‘qqa chiqarib qo‘ydi. Endi kataloniyaliklar o‘z o‘yinlarini yutish bilan birgalikda, «Real» qolgan ikki o‘yinda kamida 3 ochko yo‘qotishi, «Atletiko» esa ikki o‘yindan atigi bir ochko olishi kerak bo‘ladi. Bunga albatta, ishonish qiyin. «Sevilya» (74 ochko) o‘zaro o‘yinda «Atletiko»dan ustun bo‘lmagani tufayli, chempionlik imkoniyatini rasman yo‘qotgan. 

Bundan tashqari, La Ligada qo‘yi jadvalda ham qizg‘in kurash ketmoqda. «Alaves» (35 ochko), «Xetafe» (34), «Ueska» (33), «Valyadolid» (31), «Elche» (30) va «Eybar» (30) kabi jamoalar turnir jadvalida oxirgi o‘rinlarni egallab turishibdi. Ushbu guruhdan uchtasi ligani tark etadi va har bir jamoada qutulib qolish imkoniyati saqlanib turibdi.  

Qizig‘i, so‘nggi turlarda bu jamoalar faqat sirtdan raqobat qiladilar, ya’ni birorta ham o‘zaro o‘yin yo‘q. Ammo «Valyadolid»ning 38-turdagi «Atletiko»ga qarshi o‘yini barchaning e’tiborida turishi aniq. Mezbonlar ligada qolish uchun ochko olishi kerak, «Atletiko» esa chempion bo‘lishi uchun g‘alaba qozonishi shart bo‘lgan holat yuzaga kelish ehtimoli yuqori.  

La Liga. 37-tur. 16 may (yakshanba)

21:30. Atletiko – Osasuna

21:30. Barselona – Selta

21:30. Atletik – Real Madrid. 

ITALIYa: Turin osmonida qora bulutlar

Italiyada Angliyaga o‘xshash holat, chempion nomi aniq, ammo qolgan to‘rt jamoa YeChL yo‘llanmasini beruvchi 3 o‘rin uchun qizg‘in kurash ostonasida turishibdi. «Atalanta» va «Milan»da 75 ochkodan to‘plab, go‘yo favoritdek turishibdi. «Napoli»da 73, «Yuventus»dan 72 ochko bor. Ammo so‘nggi turda «Atalanta» va «Milan»ning o‘zaro o‘yin kutib turganini ham inobatga olsak, kartalar yanayam chalkashib ketadi.  

To‘rtlikni ta’qib qilib kelayotgan «Yuventus»ning ahvoli ham misol uchun «Liverpul» kabi, o‘ziga bog‘liq emas. Birinchidan, yuqorida eslangan «Atalanta» – «Milan» o‘yinida ikkala jamoani ham qoniqtiradigan durang qayd etilishi mumkin. Yoki «Milan» yutadigan bo‘lsayam, «Atalanta»ning to‘plar nisbati ancha yaxshi. Ikkinchidan, 37-turda «Yuventus»ga «Inter»ning o‘zi qarshilik qiladi. Albatta, milanliklar allaqachon chempionlikni hal qilib, motivatsiyani yo‘qotgan bo‘lishlari mumkin, lekin aynan «Yuventus»ni YeChLdan mahrum qilib, «chempionlik tortini yasatishni» «Inter» istamaydi, deysizmi? Buning ustiga, bosimsiz jamoa yanada yaxshiroq o‘ynashi mumkin. 

Jadvalning qo‘yi qismida ham barchasi aniq emas. «Parma» va «Krotone» rasman ligani tark etishgan, lekin «Benevento»da qutilish uchun imkoniyat bor. Jamoa 31 ochkoga ega va 35 ochkoli «Torino» va «Spetsiya»ni ta’qib qilmoqda. «Benevento»ning ikki g‘alabasi va bu ikki jamoaning yetarli ochkolarni qo‘lga kirita olmasliklari vaziyatni o‘zgartirib yuborishi mumkin.

Go‘yoki, bu qiyin, ilojsizdek ko‘rinadi, to‘g‘rimi? Yo‘q. Gap shundaki,37-turda «Benevento» allaqachon ligani tark etgan «Krotone»ni qabul qiladi. «Spetsiya» va «Torino» esa o‘zaro o‘yinda maydonga tushadi. Demak, bu o‘yinda g‘alaba qozongan jamoa ochkolari sonini 38taga yetkazib, A Seriyada o‘rnini saqlab qolsa, mag‘lub «Benevento»ga «yem bo‘lishi» mumkin. Durang ham har ikki jamoani so‘nggi tur oldilan xavf ostida qoldiradi.  

Zero so‘nggi turda «Spetsiya» ancha kuchli «Roma»ga qarshi o‘ynasa, «Torino», diqqat qiling, aynan «Benevento»ni qabul qiladi. Demak, «Torino»ni so‘nggi ikki turda ikki final kutib turibdi va bu o‘yinlarda mag‘lub bo‘lsa, kelasi mavsumda Turin derbisini ko‘rmaymiz.  

A Seriya. 37-tur. 15 may (shanba)

18:00. Jenoa – Atalanta

21:00. Yuventus – Inter

23:45. Roma – Latsio

16 may (yakshanba)

15:30. Fiorentina – Napoli

23:45. Milan – Kalyari 

GERMANIYa: Dortmund qaytmoqda

«Ayntraxt»ning kutilmaganda, oxirgi 4 o‘yinda 2 mag‘lubiyat va bir durang qayd etishi go‘yo imkonsiz tuyulgan ehtimolni haqiqatga aylantirdi – endi «Dortmund» kuchli to‘rtlikda. «Borussiya»da 58, «Ayntraxt»da esa 57 ochko bor. So‘nggi ikki turda dortmundliklar g‘alaba qozonishsa, kamida 4-o‘rinda qoladilar. 

Bu turda Terzich shogirdlari aynan «Ayntraxt»ga pand bergan «Mayns» mehmoni bo‘ladilar. «Mayns»ning xavfliligi shundaki, jamoa 36 ochko bilan 12-o‘rinni egallab turgan bo‘lsa-da, o‘zini butunlay xavfsiz his qilgani yo‘q, zero 16-o‘rindagi jamoadan 5 ochko oldinda bormoqdalar. Bundan tashqari, «Mayns» mana shu pozitsiyaga kelish uchun deyarli qahramonlik ko‘rsatdi, qatorasiga 8 o‘yinda mag‘lubiyat nimaligini bilmadi. Bu seriya ichida «Bavariya» ustidan qozonilgan g‘alaba ham bor. Oxirgi tur esa «Borussiya» «Bayer» bilan o‘ynaydi.  

Frankfurtliklar o‘rtamiyona «Frayburg» va ligani allaqachon tark etgan «Shalke»ga qarshi maydonga tushadilar. Demak, to‘rtlik uchun kurash tugagani yo‘q va katta ehtimol bilan so‘nggi turda ham davom etadi.  

Bundesligada jon saqlash uchun raqobatda yuqorida tilgan olingan «Mayns»dan tashqari, «Herta»da 34, «Ausburg»da 33, «Verder»da 31, «Arminiya»da 31, «Kyoln»da 29 ochko bor. Bugun bo‘lib o‘tadigan «Herta» – «Kyoln» o‘yini alohida e’tiborga arziydi.

Bundesliga. 33-tur

15 may (shanba)

18:30. Shalke – Ayntraxt F

16 may (yakshanba)

21:00. Mayns – Borussiya D

23:30.Leypsig – Volfburg 

FRANSIYa: Pochettino yana chempion bo‘la olmaydimi?

Oxirgi sakkiz yilda ikkinchi marta «PSJ» chempionlikdan quruq qolishi mumkin. Roppa rosa o‘n yil oldin mamlakat chempioni bo‘lgan «Lill» o‘z tarixida to‘rtinchi marotaba ushbu sovringa juda yaqin turibdi. «Lill» 36 o‘yindan so‘ng, 79 ochko jamg‘argan va eng yaqin ta’qibchisi «PSJ»dan 3 ochko oldinda bormoqda. Demak, so‘nggi ikki turda 4 ochko «Lill»ni Fransiya chempioniga aylantiradi. Kristof Galte esa haqli ravishda Yevropaning eng yaxshi murabbiyi bo‘lishga asosiy da’vogar bo‘lishi shubhasiz. «Lill» nafaqat ochko to‘plashda barqarorlik namoyish etdi, balki o‘zaro o‘yinlarda ham Parijdan ustunlik qildi, bu ham alohida tahsinga sazovor. 

Galte shogirdlari bu turda «Sent Eten»ni qabul qilishsa, oxirgi o‘yinni «Anje» maydonida o‘tkazadilar. Qizig‘i, «Sent Eten» Fransiyada eng ko‘p chempion bo‘lgan klub sanaladi – 10 marta. «PSJ»da bunday sovrinlar soni to‘qqizta bo‘lib, ushbu mavsumda yetakchilarga yetib olish imkoniyatiga ega. Xo‘sh, «Sent Eten» yana bir yilga umumiy peshqadamlikni saqlab turgisi keladimi yoki sport prinsiplari ustun kelib, «Lill»ni to‘xtatib qolishga urinadimi, bu ham qiziq intriga. Fransiyada ochkolar teng bo‘lib qolganda, to‘plar nisbatiga qaralishini inobatga olsak, «Lill» mag‘lubiyatga uchrashga haqqi yo‘q. 

Fransiya chempionati. 37-tur

16 may (yakshanba)

23:59. PSJ – Reyms

23:59. Lill – Sent-Eten

23:59. Monako – Renn  

BONUS: Turkiya

Turkiya uchun bu yangilik emas, lekin bu safargi chempionlik poygasi yanayam o‘zgacha bo‘ldi va Ispaniyadan qolishmayapti. Turnir jadvalini yakka boshqarib kelgan «Beshiktosh» qatorasiga ikki o‘yini boy berdi va natijada «Galasatasaray» ochkolar bo‘yicha yetib oldi. «Fenerbaxche» esa o‘tgan turda mag‘lubiyatga uchrab, 1-o‘ringa chiqib olish imkoniyatini boy berib qo‘ydi. Eng oxirgi tur oldidan «Beshiktosh» va «Galatasaray»da 81tadan, «Fenerbaxche»da esa 79 ochko mavjud. «Beshiktosh» va «Galatasaray» o‘rtasida o‘zaro o‘yinlar teng (1:3, 2:0) bo‘lgani uchun, ikkinchi navbatda to‘plar nisbatiga qaraladi. Bu borada «Beshiktosh» +44, «Galatasaray»da esa +42. Demak, «Galatasaray» chempion bo‘lishi uchun «Beshiktosh»ga nisbatan 3 to‘p farqida g‘alaba qozonishi yoki «Beshiktosh»ning ochko yo‘qotishidan umid qilishi kerak bo‘ladi. «Beshiktosh» safarda «Gyoztepe»ga qarshi to‘p sursa, «Galatasaray» o‘z maydonida «Malatyaspor»ni qabul qiladi.  

«Fenerbaxche»da ham chempion bo‘lish uchun kichkina imkoniyat mavjud. Buning uchun «sariq-qoralar» g‘alaba qozonishlari va ham «Beshiktosh», ham «Galatasaray»ning mag‘lubiyatga uchrashidan umid qilishlariga to‘g‘ri keladi. Ulardan biri durang o‘ynasa ham, imkoniyat qolmaydi, chunki o‘zaro o‘yinlarda «Fenerbaxche» har ikki raqibiga ham mag‘lub bo‘lgan.

Turkiya chempionati. 42-tur

15 may (shanba)

22:30. Galatasaray – Yeni Maltyaspor

22:30. Gyoztepe – Beshiktosh

22:30. Kayserispor – Fenebaxeche.

Tavsiya etamiz






Tavsiya etamiz

Ҳар доим хабардор бўлинг!

carzone.uz мобил иловаларини кўчириб олинг ва барча янгиликлар сиз билан