Валюта курси: Ўз.Р.Марказий банки
USD
АҚШ доллари
EUR
Eвро
RUB
Россия рубли
Sayt test rejimida ishlayapti!!!

Сўнгги янгиликлар






Samarkand Half Marathon: yutuqlar, kamchiliklar, dunyoqarash va mehmondo‘stlik haqida
8.11.2019 15:07,  
245

Yugurish eng oddiy va eng samarali jismoniy mashqdir, unda jins, insonning yosh cheklovi ham ko‘rsatilmaydi, qisqasi, barcha uchun oddiy, ammo sog‘liq uchun eng foydali sport turidan biri. Qolaversa, yugurishda turli xil nogironligi bor shaxslar ishtirok etishi mumkin, agar ularning ahvoli og‘ir bo‘lmasa, albatta.

Yugurishning inson tana a’zolarini chiniqishi uchun ko‘plab foydali taraflari bor. Misol uchun qon aylanishini oshiradi, barcha a’zolar va to‘qimalarni kislorod bilan to‘yintiradi. U qon tomir tizimini mashq qildiradi va ko‘plab yurak kasalliklarining oldini oladi.

O‘zbekistonning qadimiy shaharlaridan birida tashkil etilgan ilk Samarqand xalqaro yarim marafonida men ham jurnalist, ham marafon ishtirokchi sifatida qatnashdim.

Tadbir g‘oyasi

O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi huzuridagi Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi ajoyib g‘oya va tashabbus ishlab chiqqan desam mubolag‘a bo‘lmaydi. Qolaversa marafon «Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish» yili dasturiga juda mos tashkillashtirilgan.

Birinchidan: marafonni o‘tkazish uchun aynan qadimiy shaharlarimizdan biri tanlangan, unda ishtirok etishni xohlovchilar dunyoning turli burchaklaridan registratsiya qilib, marafonda ishtirok etishlari mumkin. Buning uchun maxsus saytga kirib, ro‘yxatdan o‘tish yo‘lga qo‘yildi. Sayt qulay, sodda va ajoyib dizayn asosida ishlab chiqilgan bo‘lib, unda o‘zbek, rus va ingliz tillarida to‘liq ma’lumot berilgan va dunyoning xohlagan burchagida turib, ro‘yxatdan o‘tish mumkin.

Bundan ko‘zlangan maqsad – madaniyat va san’at ob’yektlaridagi inklyuzivlik masalalariga jamoatchilik e’tiborini qaratish, shuningdek, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish va mamlakatda sport turizmini rivojlantirishdir. Bu esa turizmni rivojlantirishda, xorijlik sayyohlarni mamlakatimizga e’tiborni kuchaytirishda, investitsiyalarni jalb qilishda muhim rol o‘ynaydi.

Ikkinchidan: yarim marafon asosan inklyuzivlikka bag‘ishlangan bo‘lib, unda mamlakatimizdagi ko‘zi ojizlarga qulaylik yaratishga e’tibor qaratilgan. Marafondan tushgan mablag‘lar Toshkent shahridagi teatrlardan birida tiflosharhlar yordamida sahna asarlari namoyish etiladigan tajriba loyihasi amalga oshirilishiga yo‘naltiriladi. Bu zaif ko‘ruvchi va ko‘zi ojiz tomoshabinlarga sahna asari haqida to‘liq tasavvur hosil qilishga imkon beradi. Musobaqa esdalik medallariga Brayl yozuvidagi yozuvning kiritilishi ham ramziydir. Bu ijtimoiy rivojlanishga qaratilgan e’tiborning bir qismi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.

Tashkilotchilik ishlari

Samarqanddagi ilk xalqaro yarim marafondagi ba’zi kamchiliklarni inobatga olmasak, tashkilotchilik ishlari yaxshi yo‘lga qo‘yildi. Marafonga besh kun qolganda Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasidan taklif tushdi va men unda ishtirok etishimni bilib oldim. Vaqt qisqa bo‘lgani uchun uch kun yugurish mashg‘ulotlarida qatnashdim va jismoniy tayyorgarligimga qarab 2, 10, 21 kilometrli distansiyalardan 10 km.ni tanladim. 2 noyabr ertalab kelishilgan joyga, kelishilgan vaqtda Samarqandga turistik avtobusida tashkilotchilar kutib olishdi, taklif qilinganlardan jurnalistlar va marafonning asosiy yuzi bo‘lgan ko‘zi ojiz ishtirokchi San’atjon Normetov bor edi.

Besh soat deganda poytaxtdan Samarqandga yetib oldik va hamma kerakli mehmonxonaga joylashdi. Kechki payt Registon maydonida odam gavjum, ochiq osmon ostida marafonga bag‘ishlangan konsert tashkillashtirildi. Mehmonlarga osh tarqatildi. Marafon davomida ichki ishlar xodimlari xavfsizlikni yaxshi nazorat qilishdi, Milliy gvardiya askarlari yaxshi qo‘riqlashdi. Bundan tashqari, tashkilotchilar volonterlik ishlarini ham yaxshi yo‘lga qo‘yishdi. 1-2 noyabr kunlari soat 20:00 gacha ro‘yxatdan o‘tib, registratsiya qilingan har bir ishtirokchi o‘ziga tegishli o‘lchamdagi futbolka, raqami, finishga aniq vaqtda yetib keladigan maxsus chipli brasletni marafonning logotipi tushirilgan maxsus qora qopchali ryukzakda tarqatildi. Yugurish paytida kiyinish uchun ayollar va erkaklar palatkalari, kerakli buyumlarni qoldirish uchun maxsus garderoblar o‘rnatildi.

3 noyabr kuni ob-havo ham yugurish uchun ajoyib bo‘ldi. Uch kun mashg‘ulotda qatnashib, 10 km.ga yugurishga to‘liq tayyorlanmagan bo‘lsam ham, qadimiy shahar ko‘chalari, tarixiy obidalari ko‘nglimni ko‘tarib, charchoqlar unutildi va belgilangan vaqtdan oldin finishga yetib keldim.

Samarqand aholisining mehmondo‘stligi va dunyoqarashi

Kuzatishimcha, poytaxtimiz aholisi bilan Samarqandda yashovchi aholi orasida katta farq bordek, ya’ni samarqandliklarning dunyoqarashi boshqacha ko‘rindi men uchun. Samarqandliklar juda mehmondo‘st xalq desam, mubolag‘a bo‘lmaydi. Misol uchun menga yo‘l-yo‘riq ko‘rsatganlar poytaxtliklardan farq qildi. Poytaxtda qora tanli sayyohni ko‘rib qolishsa, oh-vuh, deydigan odamlarni tez-tez uchrataman. Samarqandliklar bunday odamlarga o‘rganib qolishgan, shekilli.

Marafonda 10 km masofani yugurib, chetdan, ya’ni odamlar tomosha qilayotgan joyga o‘tib 21 km.li masofaga kim birinchi bo‘lib yetib olishi bilan qiziqdim. Yonimda yoshi tahminan 70 atrofida bo‘lgan onaxon krosovkamni bexosdan bosib oldi va qo‘llarini yelkamga uzatib, mendan uzr so‘radi. Poytaxtda bunday insonlar kamdan-kam uchraydi. Shunda bilindiki, sayyohlarga boy shahar aholisining madaniyatiga, dunyoqarashiga va muomalasiga ijobiy ta’sir qilar ekan.

Kamchiliklar va takliflar

Toshkent-Samarqand yo‘li 300 kilometrni tashkil qiladi, yo‘lning ayrim uchastkalari ahvoli qoniqarsiz. Istardimki, nafaqat Samarqanga boradigan yo‘l, shu bilan birga Buxoro, Xiva, Qarshi, Termiz va Qoraqalpog‘iston Respublikasi kabi boriladigan trassalarni sifatli ta’mirlash ishlarini yo‘lga qo‘yish kerak. Chunki sayyohlar tez-tez qatnab turadigan ushbu shaharlarga olib boriladigan yo‘llar munosib ahvolda emas. O‘zbekistonda yo‘llarni sifatsiz ta’mirlanishi har 5 yilda qayta ta’mirlash uchun ortiqcha harajat qilinishidan ko‘ra 15 va undan ko‘proq yilga sifatli ta’mirlash maqsadga muvofiq.

Samarqanddagi tadbir asosan inklyuzivlik mavzusiga bag‘ishlangan. Inklyuziyaning ma’nosi turli xil nogironligi bo‘lgan shaxslarga qaratilgan, Registon maydonining ayrim joylarida nogironlar aravachasi uchun panduslar o‘rnatilgan, lekin ayrim joylarida noqulay. Shaharda ham nogironligi bor shaxslar uchun qulayliklar mavjud emas, qisqasi, aravachada yuradigan nogironlar bemalol mustaqil harakatlana olishmaydi, panduslar sanoqli joydagina mavjud. Vaholanki panduslar o‘rnatilishi uchun katta kuch va harajat talab etilmaydi. Ko‘zi ojizlar uchun tarixiy obidalarga kirishda brayl alifbosida yozuvlar yo‘lga qo‘yilmagan. Bundan tashqari, eshitishida nuqsoni bo‘lgan insonlar uchun tarixiy binolarda surdo tarjimonlari yordamida tarixni tarjima qilib yetkazadigan surdo tarjimonlar yo‘q. Yuqoridagi kamchiliklar ham bartaraf etilsa nur ustiga a’lo nur bo‘lar edi.

Tavsiya etamiz






Tavsiya etamiz

Ҳар доим хабардор бўлинг!

carzone.uz мобил иловаларини кўчириб олинг ва барча янгиликлар сиз билан