Валюта курси: Ўз.Р.Марказий банки
USD
АҚШ доллари
EUR
Eвро
RUB
Россия рубли
Sayt test rejimida ishlayapti!!!

Сўнгги янгиликлар






Samarqand viloyat sobiq DSB boshlig‘i qariyb 20 yildan so‘ng oqlandi
31.03.2021 08:48,  
2568

Bundan bir necha yil avval «Xalq so‘zi» gazetasida O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi matbuot markazining «Davlat soliq qo‘mitasining Samarqand viloyati boshqarmasmi boshlig‘i B.M.Ibragimov mansab vakolatini suiste’mol qilib, juda katta miqdorda pora olganlikda gumon qilinib, qamoqqa olindi», degan xabari bosilgan edi — deya xabar bermoqda ’Xalq so‘zi’.

Aniqrog‘i, 1997 – 2000 – yillarda Samarqand viloyati Davlat soliq boshqarmasi boshlig‘i lavozimida ishlagan Baxtiyor Ibragimov 2000 – yilning 25 – mart kuni Toshkent shahriga taklif qilinib, o‘sha yerda Respublika prokuraturasi xodimlari tomonidan qamoqqa olinadi. Sababi unga O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 210 – moddasi, 3 – qismi ya’ni, mansab vakolatini suiste’mol qilib, juda katta miqdorda pora olganlikda gumon qilinib, nohaq jinoyat ishi qo‘zg‘atiladi. B.Ibragimov tergov davrida ehtiyot chorasi sifatida qamoqda saqlanadi.

Gap shundaki, bu voqea «hatto simyog‘ochni qamatish mumkin bo‘lgan» davrlarda yuz bergan.

Mazkur jinoyat ishi yuzasidan B.Ibragimovga Jinoyat Kodeksining 210 – moddasi, 3 – qismi va boshqa bir qancha moddalar bilan ayb e’lon qilinib, Toshkent viloyat sudi tomonidan 13 yil qamoq jazosi belgilangan. Shu tariqa B.Ibragimov jazoni ozodlikdan mahrum qilingan holda qamoqda o‘tkazadi. Faqatgina 2004 – yil 3 – yanvar kuniga kelib, amnistiya aktiga asosan qamoqdan ozod qilinib, oilasi bag‘riga qaytdi. Ammo, oqlov bo‘yicha qilgan murojaatlari yillar davomida e’tiborsiz qolib kelaveradi.

Voqelik hamma vaqt ham bir xil bo‘lavermaydi. Zamonlar o‘zgaradi. Darhaqiqat, 2016 yil oxirida jamiyatimiz yangi davrga qadam qo‘ydi, barcha sohalar qatorida sud-huquq tizimini ham isloh qilishga kirishildi. Va, bu islohotlarning samarasi o‘laroq ilgari nohaq jinoiy javobgarlikka tortilganlarning ishlari qayta ko‘rilib, adolat qaror topa boshladi.

Bunday o‘zgarishlarni his qilgan Baxtiyor Ibragimov o‘z ishini nazorat tartibida ko‘rib chiqish, o‘sha tagi puch ayblovga tayangan sud hukmini bekor qildirish va haqiqatni yuzaga chiqarish uchun shikoyat arizasi bilan O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudiga murojaat qiladi. Shu asosda unga bo‘lgan jinoyat ishi O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi tomonidan ko‘rib chiqilib, 2019 – yilning 9 – avgust kuni O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Protsessual Kodeksining 83 – moddasi, 1 va 2 bandlariga asosan B.Ibragimovning qilmishida jinoiy hodisa yuz bermaganligi hamda jinoyat tarkibi bo‘lmaganligi sababli NOHAQ AYBLOV bekor qilinadi va jinoyat ishi tugatilib, u to‘liq oqlanadi.

Ha, Baxtiyor Ibragimov qamoqqa olinganidan so‘ng o‘z umrining 4 yilini temir panjara ortida o‘tkazgan bo‘lsada, haqiqiy adolat qariyb 20 yil o‘tgandan so‘ng tiklandi. Ya’ni, u to‘laligicha oqlandi. Ammo, bu orada u juda ko‘p huquqlaridan mahrum bo‘ldi, turmush o‘rtog‘i va 4 nafar farzandi boquvchisiz qolib, ma’nan va ruhan azob chekib keldi. Qolaversa uning ozodlikdan mahrum qilinib, 1355 kun davomida chekkan jismoniy va ruhiy azoblari o‘rnini nima bilan to‘ldirish mumkin?

Bularning o‘rnini qoplash maqsadida Fuqarolik ishlari bo‘yicha Jomboy tumanlararo sudining hal qiluv qarori bilan Baxtiyor Ibragimovning foydasiga 50 million so‘m miqdorida ma’naviy zarar hamda Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent viloyat sudi kassatsiya instansiyasining ajrimi bilan 170 million so‘mdan ziyod miqdorda kompensatsiya undirib berildi. Ammo, bu insonning to‘rt devor ichida, panjara ortida o‘tgan umri, nohaq chekkan azoblari, qadr – qimmatini shu bilan tiklab bo‘ladimi?

Yaxshiyamki zamon o‘zgarib, jamiyatda adolat qaror topdi. Sud-huquq tizimidagi bugungi islohotlar Baxtiyor Ibragimov singari nohaqlik, adolatsizlik qurboni bo‘lgan ko‘plab begunoh insonlarning bukilgan qaddini tiklab, qadr-qimmatini joyiga qo‘ydi.

Baxtiyor Ibragimov inson sha’ni – qadri hamma narsadan ustun qo‘yilgan mana shunday zamonda yashayotganligidan va jamiyatda adolatni ta’minlab berayotganligi uchun Prezidentimizdan minnatdor.

Qolaversa, Oliy sudning joylarda adolatni, haqiqatni qaror toptirish yo‘lidagi islohotlaridan ham mamnun.

Darvoqe, Baxtiyor Ibragimov oqlanganidan so‘ng o‘z sohasiga ishga tiklanish maqsadida Davlat soliq qo‘mitasiga murojaat qilgan edi. Uning ushbu murojaati ham shu kunlarda ijobiy hal qilinishi arafasida.

Demak, uning og‘ir, og‘riqli kunlari ortda qoldi. Hayot esa o‘z iziga tushmoqda. Endi uni oldinda yorug‘ kunlar kutmoqda.

Tavsiya etamiz






Tavsiya etamiz

Ҳар доим хабардор бўлинг!

carzone.uz мобил иловаларини кўчириб олинг ва барча янгиликлар сиз билан