Samarqandda 8 yildan buyon aliment to‘lamayotgan ota 15 sutkaga qamaldi

Samarqandda 8 yildan buyon aliment to‘lamayotgan ota 15 sutkaga qamaldi

Foto: “Daryo”

Samarqandlik fuqaro qariyb 93 million so‘m aliment pulini to‘lamagani uchun 15 sutkaga qamaldi. Bu haqda “Daryo”ga Samarqand shahar ma’muriy sudi raisi Orif Pardayev ma’lum qildi.

Fuqarolik ishlari bo‘yicha Samarqand shahar sudining 2012 yil 18 dekabrdagi hal qiluv qaroriga asosan, qarzdor H.A. voyaga yetmagan uch nafar farzandining moddiy ta’minoti uchun undiruvchi G.A.ga farzandlari voyaga yetgunga qadar har oydagi ish haqi va boshqa qo‘shimcha daromadlarining 1/2 qismi miqdorida moddiy ta’minot berishi belgilangan. Biroq qarzdor ota 2012 yil dekabr oyidan 2020 yil yanvar oyiga qadar, jami 92 million 961 ming 285 so‘m miqdoridagi pul mablag‘ini to‘lashdan bo‘yin tovlab kelgan.

Joriy yilning 17 fevral kuni bo‘lib o‘tgan sud qaroriga asosan, huquqbuzar H.A. O‘zbekiston Respublikasi MJtKning 474-moddasi 1-qismida nazarda tutilgan huquqbuzarlikni sodir qilganlikda aybli deb topilib, 15 sutkaga qamaldi.