Samarqandda ikki qishloq aholisi mushtlashdi. Jarohatlanganlar orasida ayollar ham bor

Samarqandda ikki qishloq aholisi mushtlashdi. Jarohatlanganlar orasida ayollar ham bor

Samarqand viloyati.  2021 yilning 25 aprel kuni soat 19:00 larda 51 yoshli M.Bahodir boshqaruvidagi “Lasetti” rusumli avtomashinasini Pastdarg‘om tumani “Rovot-Bog‘onali” qishlog‘i yo‘nalishi bo‘ylab boshqarib, “Rovot” qishlog‘ining ichki yo‘liga qayrilayotgan vaqtida, uning orqa tomonidan harakatlanib kelayotgan “Lasetti” rusumli avtomashina haydovchisi 22 yoshli A.Mirjalol va uning yo‘lovchilari 36 yoshli R.Ural, 24 yoshli A.Talat, 18 yoshli A.Firdavslar haydovchi M.Bahodirga avtomashinani noto‘g‘ri boshqarib, ularni avtomashinasini qisib yuborganligini aytib, haqorat qilganliklari oqibatida Rovot va Bog‘onali qishlog‘ida yashovchi jami 17 nafar fuqarolar o‘rtalarida janjal kelib chiqib, bir-birlarini urib do‘pposlaganlar.

Olib borilgan tergovga qadar tekshiruv harakatlari davomida, ushbu janjalda faol ishtirok etgan 17 nafar fuqarolardan 15 nafari turli ko‘rinishdagi tan jarohatlari olganliklari, ulardan 3 nafari ayol kishi ekanligi aniqlangan.

Mazkur holat yuzasidan Pastdarg‘om tumani IIB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 277-moddasi 3-qismi “g” bandi (bezorilik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Tergov harakatlari davomida ushbu janjalning kelib chiqish sabablari, ayblanuvchilar doirasi aniqlanib huquqiy baho berilishi ta’minlanadi.

Hozirda tergov davom etmoqda.