Валюта курси: Ўз.Р.Марказий банки
USD
АҚШ доллари
EUR
Eвро
RUB
Россия рубли
Sayt test rejimida ishlayapti!!!

Сўнгги янгиликлар






Samarqandda Turkiya bosh konsulxonasi ochildi
7.03.2021 19:20,  
495

Bugun, 7 mart kuni Samarqandda Turkiya Respublikasining bosh konsulxonasi ochildi. Konsulxonaning ochilish marosimida ayni vaqtda O‘zbekistonga tashrifini amalga oshirayotgan Turkiya TIV rahbari Mavlud Chovusho‘g‘li, O‘zbekiston TIV rahbari Abdulaziz Komilov, O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosari Aziz Abduhakimov hamda Samarqand viloyati hokimi Erkinjon Turdimov ishtirok etdi.

O‘zbekiston TIV rahbari marosimda nutq so‘zlab, konsulxonaning ochilishining ikki davlat munosabatlaridagi muhim ahamiyati haqida gapirdi.

«Turkiya Samarqand shahrida o‘z Bosh konsulxonasini birinchilardan bo‘lib ochmoqda. Ushbu voqea bir necha nuqtayi nazardan muhim ahamiyat kasb etadi.

Birinchidan, Turkiyaning O‘zbekistonda ham elchixonasi, ham Bosh konsulxonasi mavjudligi ikki tomonlama munosabatlarimiz o‘ziga xos yuqori pog‘onaga chiqqanidan dalolat beradi.

Ushbu diplomatik vakolatxona aynan 2021 yilda ochilishida ham alohida ma’no bor - bu O‘zbekiston davlat mustaqilligining 30 yillik bayramiga o‘ziga xos ramziy tuhfa, deb o‘ylayman.

Ikkinchidan, Turkiyaning Samarqanddagi Bosh konsulxonasi madaniy-gumanitar, turizm sohalarida hamkorlik va hududlararo aloqalar rivojlanishiga ijobiy turtki beradi.

2018 yilda ikki tomonlama munosabatlarimiz tarixida ilk marta «Istanbul-Samarqand» yo‘nalishida aviaparvozlar joriy etilgan edi. Pandemiya sababli qo‘yilgan cheklovlar doirasida vaqtincha to‘xtatilgan bu qatnov yaqin muddatlarda qaytadan ochiladi.

Turkiyada buyuk ajdodlarimiz Imom Buxoriy, Imom Moturudiy, Amir Temur, Mirzo Ulug‘bek va boshqa ulamolarga bo‘lgan qiziqish katta, bu qardosh mamlakatdan Samarqandga ziyorat bilan keladigan sayyohlar oqimi ortib bormoqda.

Uchinchidan, Samarqandda Turkiya sarmoyasi ishtirokida ochilayotgan kompaniyalarning soni tobora oshib bormoqda. Misol uchun, birgina Samarqand viloyatining o‘zida hozirgi kunda 100dan ziyod qo‘shma korxonalar ro‘yxatdan o‘tgan.

Qo‘shni viloyatlar bilan hisoblaganda Turkiya kapitali ishtirokida tashkil etilgan shirkatlarning soni 300dan ko‘proq ko‘rsatkichni tashkil etmoqda. Shu tufayli tadbirkorlik sub’yektlarining faoliyatini rivojlantirish yo‘nalishida ham Bosh konsulxona muhim faoliyat ko‘rsatadi», degan vazir.

O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi munosabatlar ikki davlat rahbarlari boshchiligida so‘nggi 4 yilda misli ko‘rilmagan tarzda mustahkamlanib, sifat jihatidan mutlaqo yangi pog‘onaga - strategik sheriklik darajasiga ko‘tarilganini qayd etgan.

«Bugungi kunda siyosiy-diplomatik, parlamentlararo, xavfsizlik, harbiy va harbiy-texnikaviy, savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar va boshqa ustuvor sohalardagi ko‘p qirrali hamkorligimiz jadallik bilan taraqqiy etmoqda.

Ishonchimiz komilki, Turkiya Respublikasi Tashqi ishlar vaziri, aziz birodarim Mavlud Chovusho‘g‘li ishtirokida ochilgan go‘zal Samarqand shahridagi Bosh konsulxona bu jarayonni yanada rivojlantirishda o‘ziga xos hissa qo‘shadigan yangi institutlardan biriga aylanadi.

Shu munosabat bilan, O‘zbekiston rahbariyati va hukumati nomidan turkiyalik birodarlarimizni xorijdagi 250ta turk dipmissiyalari qatoridan Samarqanddagi Bosh konsulxona ham joy olgani bilan samimiy tabriklab, ularga yangi Bosh konsulxona faoliyatida ulkan muvaffaqiyatlar tilayman», degan u.

Tavsiya etamiz






Tavsiya etamiz

Ҳар доим хабардор бўлинг!

carzone.uz мобил иловаларини кўчириб олинг ва барча янгиликлар сиз билан