Koreya texnogiganti Samsung korporatsiyasining 78 yoshli sobiq rahbari Li Gong Hi vafot etdi. Aynan u jahonda smartfonlar, televizorlar va xotira kartalari ishlab chiqaruvchi yetakchi koreys shirkatini barpo qilgan edi.
Li 1990 yillardan beri saratonga davolanadi, 2014 yil infarktni boshdan kechirgan va shundan keyin kompaniya boshqaruvidan ketgan edi. 20,1 milliard dollar egasi bo‘lgan janob Li Koreyaning eng boy odami edi. Imperiya vorisi uning yagona o‘g‘li va de-fakto korporatsiyani 2014 yildan beri boshqarayotgan Li Je Yon bo‘ladi.
Li Je Yon va uning qarindoshlari Koreya qonunchiligiga binoan 50% miqdorida meros solig‘ini – $10 mlrd. to‘lashi kerak, bu Li oilasining soliqni to‘lash uchun o‘z aktivlarining bir qismini sotishiga to‘g‘ri kelib, Samsung ustidan oila nazorati yo‘qotilishi bilan tahdid qilmoqda, deb yozadi Bloomberg. Li Samsung kompaniyalarining yirik aksiyalariga, shu jumladan Samsung Electronics kompaniyasining 4,2 foiziga egalik qilar edi, ammo Li Gong Hi vafotidan keyin yanada murakkablashishi mumkin bo‘lgan Samsung kompaniyalari direktorlari ustidan norasmiy nazorat tufayli oila bu kompaniyani boshqarib kelgan.
Li Gong Hi Samsung asoschisi Li Byon Cholning uchinchi o‘g‘li. U kompaniyada 1966 yildan beri ishlagan, 1987 yildan, otasining o‘limidan ikki haftadan keyin boshqaruvga o‘tadi. O‘sha paytga qadar Samsung juda past sifatli elektronikaning yirik mintaqaviy ishlab chiqaruvchisi edi. Lining o‘zi kompaniya "saratonning 2-bosqichi bilan kasal" ekanligini ta’kidladi, ammo baribir uni tuzatish mumkin edi.
1993 yilda ishbilarmon top-menejerlarni Germaniyada yig‘di va ularga Samsung’ni ikkinchi darajali televizor ishlab chiqaruvchisidan jahondagi elektronika bozori yetakchisiga aylantiradigan rejani taqdim etdi. Bu uchrashuvda u o‘zining mashhur iborasini aytdi: “Biz xotinlar va bolalardan boshqa hamma narsani o‘zgartirishimiz kerak”. Li kompaniya uchun yangi tamoyilni taklif qildi – imkon qadar sifatli mahsulot ishlab chiqarish, agar bu savdolarning pasayishiga olib kelsa ham. Biznesmen xodimlarni ertalab 7:00 ishga kelishga majbur qiladi (otasining davrida bu vaqt 8:30 edi) va jangovor ma’naviy ruhni ko‘tarish uchun ommaviy tadbirlarni uyushtiradi. Masalan, Samsung ikki ming xodimining ko‘z o‘ngida sifat talablariga javob bermagan 150 000 ta telefon, faks va televizorlarni yoqib yuboradi.
2006 yilga kelib Samsung suyuq kristal ekranli televizorlarni sotish bo‘yicha Yaponiyaning Sony shirkatini ortda qoldirib, jahon yetakchisiga aylanadi, kompaniyaning kapitalizatsiyasi $100 mlrdga yetadi. 2012 yilda Samsung uyali telefonlar sotish bo‘yicha global lider bo‘ladi va hozirgi kungacha shunday qolmoqda (kompaniya eng ko‘p qurilma sotgan). Lining eng katta muvaffaqiyatsizligi avtomobil bozoriga kirishga urinish edi – 1998 yilda Samsung Motors o‘zining birinchi avtomobil modellarini taqdim etdi, ammo ular kam sotildi va 2000 yilda bo‘linma Renault fransuz shirkatiga sotildi.
Koreys an’anasiga ko‘ra Li Gong Hining karerasi jinoiy korrupsiyadan xoli bo‘lmagan. 1996 yilda u mamlakatning sobiq prezidenti Ro De Vuga pora berganlikda aybdor deb topildi, ammo bir yil o‘tib Li avf etildi. 2009 yilda tadbirkor soliq to‘lashdan bo‘yin tovlaganligi uchun uch yillik shartli qamoq jazosini oldi, ammo yana avf etildi.