Sardoba fojiasidan so‘ng toshqin hududida qizlarga Shukrona deb ism qo‘yish holatlari ko‘paydi

Sardoba fojiasidan so‘ng toshqin hududida qizlarga Shukrona deb ism qo‘yish holatlari ko‘paydi

Sirdaryo viloyatida 2020 yil 1 may kuni yuz bergan texnogen falokat va undan keyin kuzatilgan suv toshqinidan eng ko‘p jabr ko‘rgan Sardoba, Oqoltin va Mirzaobod tumanlarida yangi tug‘ilgan chaqaloqlarga ofatdan omon qolganlik, balodan qutulganlik ma’nosini bildiruvchi ismlarni qo‘yish holatlari ko‘paydi. Bu haqda Davlat xizmatlari agentligining Sirdaryo viloyati boshqarmasi Jamoatchilik va OAV bilan aloqalar sho‘’basi ma’lum qildi.

Ma’lum qilishlaricha, Sardoba suv toshqinidan oldingi bir yilda — 2019 yilning 1 mayidan 2020 yilning 1 mayigacha bo‘lgan davrda Oqoltin tumanida 14 nafar, Sardoba tumanida 12 nafar va Mirzaobod tumanida 8 nafar — jami 34 qizaloqqa Shukrona deb ism qo‘yilgan.

Toshqindan keyingi bir yil davomida — 2020 yil 1 maydan 2021 yil 1 maygacha bo‘lgan davrda esa Oqoltin tumanida 33 nafar, Sardoba tumanida 17 nafar va Mirzaobodda 15 nafar — jami 65 nafar qizga Shukrona ismi berilgan; Shukronalar bir yilda salkam ikki barobarga ko‘paygan.

«O‘g‘il bolalarga asosan Muhammadali, Muhammadziyo, Abdulloh ismlari qo‘yilgan, Shukrullo va Shukr ismlari uchramadi», — deyiladi DXA Sirdaryo viloyati boshqarmasi axborotida.