Валюта курси: Ўз.Р.Марказий банки
USD
АҚШ доллари
EUR
Eвро
RUB
Россия рубли
Sayt test rejimida ishlayapti!!!

Сўнгги янгиликлар






“Sardoba”dan avvalgi qonli toshqin haqida...
4.05.2020 03:54,  
11515

“Sardoba toshqini xalqni birlashtirdi, qayerlik bo‘lishidan, kimligidan qat’i nazar millat bir-biriga yordamga shoshildi. Oldin hech bunday bo‘lmagan edi. Avvalgi prezident bo‘lganda halokat hududiga hatto borib o‘tirmasdi” degan izohlar o‘qib qolyapman.

Lekin unday emas. Avval ham shunga o‘xshash voqealar ko‘p bo‘lgan. O‘shanda ham xalqimiz musibat payti hech qachon bir-birini yolg‘iz tashlab qo‘ymasligini namoyish etgan. Bugun o‘sha voqealardan biri xayolimda xuddi kino tasmasidek o‘tdi.

1998 yil, 8 iyul. Farg‘ona vodiysining so‘lim dam olish maskani, O‘zbekistonning Qirg‘iziston Respublikasi hududidagi anklavi Shohimardon va Yordon qishlog‘ida kunning tezkor isishi natijasida tog‘dagi muzli to‘g‘onning yorilishi oqibatida sel-toshqin yuz berdi. Fojia oqibatida rasmiy ma’lumotga ko‘ra, 100 dan ortiq dam oluvchilar va mahalliy aholi vakili qurbon bo‘lgan, sel 100 dan ortiq turar-joylar yuvib ketgan.

Mening ona tarafdan bobom shohimardonlik. U yerda ko‘p qarindoshlarimiz bor. 8 iyul tongini yaxshi eslayman. Saxar so‘rida choy ichib o‘tirsak, tog‘am kirib keldilar. Yuzlari oqarib ketgan. Achchiqqina ko‘k choy berib, hol-ahvol so‘radik.

— Hozirgina Shohimardondagi qarindoshlar qo‘ng‘iroq qilishdi. Kechasi tog‘dan sel kelibdi. Pastdagilar uyini yuvib ketibdi. Ko‘p odam o‘libdi. Sel tingach, odamlar nima qilishni bilmasdan piyoda Farg‘ona tomon yo‘lga tushganmish. Joylarni tayyorlab qo‘yinglar. Qarindoshlarni kutib olamiz.

U paytlarda internet yo‘q, milliy telekanallarda ancha-muncha narsani ko‘rsatmasdi. Imkoni bor ayrim odamlar radio va xorijiy telekanallar orqali alternativ informatsiyani olardi.

Fojia haqida birinchi bo‘lib Rossiya ommaviy axborot vositalari ma’lum qilishdi. Ulardan yarim kun o‘tganidan keyin esa O‘zbekiston televideniyesi xabar berdi. Shuning uchun ham xalq orasida mish-mishlar va dezinformatsiya tarqadi. Hatto, ba’zi xorij ommaviy axborot vositalari qurbonlar soni 5000 ga yetgani haqida ham aytdi.

Hukumat tomonidan maxsus komissiya tuzilib, favqulodda holat hududi o‘rganilgandan, Prezident Islom Karimov vertolyotda Shohimardonga uchib kelib, vaziyat bilan tanishgandan keyingina mahalliy ommaviy axborot vositalarida tahliliy materiallar ko‘rina boshladi. Ungacha bo‘lgan axboriy bo‘shliq Rossiya, Qirg‘iziston va boshqa xorij ommaviy axborot vositalaridan olingan ma’lumotlar bilan to‘ldirildi.

O‘sha paytlar Shohimardon Farg‘ona viloyati aholisining, ayniqsa, marg‘ilonliklarning yozning issig‘idan “qochib”, dam oladigan joyi edi. Shu bois shaharda mish-mish va vahima kuchli bo‘ldi. Qurbonlar orasida ham marg‘ilonliklar ko‘p edi. O‘sha kuni shahardagi Xonaqoh masjidida bir xonadondan halok bo‘lgan 6 nafar oila a’zolarining janozasini o‘qidik. Keyingi kunlar ham janozalar ko‘p bo‘ldi.

Masjidda domlalar sarosimaga tushmaslikka, imkon bo‘lsa, Shohimardondan kelganlarga joy berib, ularga yordam berishga chaqirishdi. Vahimadan karaxt bo‘lgan xalq uyg‘onib, xayriya ishlariga kirishib ketdi. Qirg‘izlar ham qarab turishmadi. Katta yordam qilishdi.

Mahalliy aholining aytishicha, yuqoridan kelgan selning balandligi 10 metrga yetgan. Buning izlarini fojiadan so‘ng borganimizda ko‘rdik. U yo‘lidagi nimaiki bor — xammasini oqizib ketgan. Qiziq jihati esa, Shohimardon markazi — selning epitsentrida joylashgan masjidga kelganda oqim ikkiga bo‘linib, masjidni aylanib o‘tib ketgan. Yo‘ldagi 10 tonnalik xarsantoshlarni ham oqizib ketgan toshqindan masjidga zarar yetmagan.

Fojia qishloq aholisiga qimmatga tushdi. Bir necha dam olish maskanlari, pansionatlar, bolalar lagerlari va dala hovlilar barbod bo‘ldi. Buning ustiga hukumat fojianing takrorlanishidan cho‘chib, ancha paytgacha hududga kirishni taqiqlab qo‘ydi. 1999 yilda Botkendagi harbiy harakatlar tufayli vaziyat yana og‘irlashdi. 2007 yildan keyingina ikki davlat orasidagi vaziyat yumshab, begonalarning anklavga borishiga ruxsat berildi.

Bunday tabiiy ofatlarni boshdan kechirish oson emas. Shohimardon jabrdiydalarining hikoyalari tugamasdi... Ko‘pchilik hukumat bergan 100 dan oshiq qurbonlar soniga ishonmas, bedarak yo‘qolganlar, suvda shishib ketganidan kimligini aniqlashning imkoni bo‘lmagan marhumlar haqida bahs qilardi. Toshqinning texnik, tabiiy va ma’naviy sabablari ham odamlar tilida ancha payt muhokama bo‘ldi.

...Allohga shukrki, Sardobada qurbon berilmadi. Odamlar vaqtida evakuatsiya qilindi. Alloh xalqimizni balolardan asrasin!

PS. Suratni Yordon qishlog‘ida 2009 yili tushirgandim. Aytishlaricha, shu xarsangtoshlarni ham sel oqizib kelgan.

Tavsiya etamiz






Tavsiya etamiz

Ҳар доим хабардор бўлинг!

carzone.uz мобил иловаларини кўчириб олинг ва барча янгиликлар сиз билан