Sardobalik fermer suv oqizgan ikki qizaloqni qutqarib qoldi

Sardobalik fermer suv oqizgan ikki qizaloqni qutqarib qoldi

Foto: Sardoba suv omborining o‘pirilgan qismi

Sirdaryoda suv omborining o‘pirilishidan yuzaga kelgan toshqinda bir fermer suv oqizib borayotgan ikki qizaloqning hayotini saqlab qoldi. Bu haqda Sardoba tumanidagi Qo‘rg‘ontepa mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Shuhrat Jalilov “Xalq so‘zi” muxbiriga so‘zlab berdi:

— Toshqinning dastlabki zarbasi bizning mahallamizga urildi. Xabar kelgan zahoti, ya’ni tong g‘ira-shirasida ovoz kuchaytirgichlar orqali aholini tezlikda uylarini tark etishga chaqirdik. Va qisqa vaqtdayoq favqulodda vaziyatlar, hokimlik va turli tashkilotlar bilan birgalikda odamlarni turli transport vositalarida xavfsiz joylarga ko‘chirishga muvaffaq bo‘ldik.

Shu o‘rinda qishloqdoshimiz, fermer Abduhoshim Azimovning jasoratini aytib o‘tishim lozim deb hisoblayman. U hayotini qil ustiga qo‘yib bo‘lsa-da, suvda oqib borayotgan ikki nafar voyaga yetmagan qizimizni ofat changalidan qutqarib qoldi. Umuman, mahalladoshlarimizning bir-birini qo‘llab-quvvatlovi va albatta, qutqaruvchilarning tezkorliklari, mardona harakatlari tufayli, ofatning kelib chiqishi mumkin bo‘lgan mudhish oqibatlarning oldi olindi. Hozir mahallamiz ahli xavfsiz maskanga joylashtirilgan, deydi mahalla raisi.