Валюта курси: Ўз.Р.Марказий банки
USD
АҚШ доллари
EUR
Eвро
RUB
Россия рубли
Sayt test rejimida ishlayapti!!!

Сўнгги янгиликлар






Saudiya Arabistoni Tvitter ijtimoiy tarmog‘ining josuslikda ayblanayotgan xodimlarini ishga yollagan
7.11.2019 18:19,  
189

Saudiyaning ikki va AQShning bir fuqarosi Tvitterdagi Saudiya hukumatiga muxolif profillarning haqiqiy egasini aniqlash uchun birgalikda ishlaganlikda ayblanyapti.

O‘ziga va yuritayotgan siyosatiga qarshi ijtimoiy tarmoqlarda to‘xtovsiz o‘sib borayotgan tanqidlardan norozi bo‘lgan Saudiya Arabistoni hukumati ehtimoliy muxoliflariga ham tegishli bo‘lgan ijtimoiy tarmoqdagi minglab profillarning maxfiy ma’lumotlarini to‘plash uchun Tvitterning ikki xodimini ishga yollagan, deyiladi chorshanba kuni prokurorlar bergan bayonotda.

San-Fransiskodagi AQSh okrug sudiga berilgan da’voda Saudiya hukumati rasmiylari ushbu yirik ijtimoiy tarmoq xodimlarini qay tariqa ishga yollagani, ularga Tvitterdagi profillarning maxfiy ma’lumotlari, profillarga biriktirilgan elektron pochta manzillari va joylashgani o‘rnini aniqlashga imkon beradigan Internet protokol (IP) manzilini bilish vazifasi qo‘yilgani haqida batafsil aytilgan.

Bu profillar omma orasida mashhur bo‘lib, hukumatni tanqid qilishi bilan tanilgan, bir milliondan ko‘proq obunachiga ega bo‘lgan. Ammo hozircha bu profillarning nomi oshkor etilmadi.

AQSh Adliya vazirligidan bildirishlaricha, ikki Saudiya va bir AQSh fuqarosi Tvitterda Ar-Riyoddagi hukumat va qirollik oilasini tanqid qiluvchi profillarning ortida kim turganligini aniqlash uchun birgalikda ish olib borgan.

Sudga berilgan arizaga ko‘ra ular ismi keltirilmayotgan Saudiya rasmiysi tomonidan boshqarib turilgan, prokurorlar uni “Qirollik oilasi a’zosi 1” deb nomlashgan; The Washington Post gazetasi Saudiya Arabistoni valiahd shahzodasi Muhammad bin Salmon shunday atalgan bo‘lishi mumkinligi haqida xabar qilgan.

Ayblanayotganlardan Ali Alzabarah va Ahmad Abu Ammo Tvitter xodimlari bo‘lib, Ahmad Al-Mutayriy marketing sohasida ishlaydi va qirollik oilasi bilan aloqalarga ega.

“Bugun ochilgan jinoiy ish da’vosida Saudiya agentlari mamlakat tanqidchilari va boshqa minglab profillarga tegishli shaxsiy ma’lumotlarni bilish uchun Tvitterning ichki tizimlariga kirganlikda ayblanyapti”, dedi AQShlik advokat Devid Anderson.

U o‘z bayonotida: “AQSh qonunlari AQSh kompaniyalarini bu kabi qonunga zid xorijiy aralashuvlardan himoya qiladi. Biz AQSh kompaniyalari yoki AQSh texnologiyalari uning qonunlariga zid keluvchi tashqi bosimning quroliga aylanishiga yo‘l qo‘ymaymiz”, dedi.

Ushbu sud da’vosi AQSh-Saudiya munosabatlari sovib borayotgan bir pallada yuzaga chiqdi. Bu sovuqlashish o‘tgan yili Ar-Riyod rasmiylari buyrug‘i bilan mudhish tarzda o‘ldirilgan jurnalist Jamol Qoshiqchi ishidan keyin boshlangan edi. Qoshiqchi AQShning The Washington Post gazetasiga ham maqola yozib turgan.

G‘arbda ismi qisqartirilib MBS deb ham yuritiladigan Muhammad bin Salmonning ashaddiy tanqidchisi bo‘lgan Jamol Qoshiqchi 2018 yil oktyabr oyi boshida Saudiya Arabistonining Istanbuldagi konsulligi ichida o‘ldirilgant va jasadi bo‘laklarga bo‘linib, tashqariga olib chiqib, noma’lum joyga ko‘mib yuborilgan.

The Washington Post’ga ko‘ra, AQSh maxsus xizmatlari ushbu qotillikka shahzodaning o‘zi bevosita aloqador, degan xulosaga kelgan.

“Ushbu jinoiy da’vo Saudiya hukumati Tvitterdagi ma’lumotlar oqimini nazorat qilish uchun qay darajada chuqur kirishganiga dalildir”, deydi Human Rights Watch’ning Yaqin Sharq bo‘yicha tadqiqotchisi Adam Kugl.

“Qora ro‘yxat”

Tvitter Saudiya fuqarolariga o‘z fikrlarini bildirish, noroziliklarini izhor qilish uchun asosiy minbardir. Mamlakatning 30 millionlik aholisining uchdan biri bu tarmoqda faol. “Ammo Tvitterning erkinlik siyosati avtoritar rejimlarni xavotirga soluvchi eng katta manbadir”, deydi Kugl.

Hukumat so‘z erkinligini nazoratda ushlash uchun turli xil usullarni qo‘llaydi, islohotchilar va boshqalarning uyushishiga to‘sqinlik qiladi, tarmoq foydalanuvchilarini chalg‘itish uchun trollar armiyasini ishga soladi. Bu choralar ba’zida Tvitter faollarini hibsga olish va qamashgacha ham yetib boradi.

Valiahdning sobiq katta maslahatchisi Saud Al-Qahtoniy bir vaqtning o‘zida kiberxavfsizlik federatsiyasi direktori ham bo‘lgan, hukumat tanqidchilarini nishonga olish uchun Tvitterda "Black List" heshtegini ishga solgan. U 2017 yili hukumat anonim Tvitter foydalanuvchilarini aniqlash uchun bir qator usullarga egaligini ochiq-oydin, tahdid bilan yozgan.

“Taxallus sizni #the_black_list’dan himoya qila oladimi? Yo‘q!” – degan Al-Qahtoniy shunday davom ettirgan – “1) Mamlakat bu taxalluslar ortida kim turganini aniqlash yo‘llarini biladi; 2) IP manzillarni bir necha xil usullar bilan topish mumkin; 3) bular qanday qilinishi sir, meni buni aytmayman”.

“Agar siz bu ikki shaxs haqida biz bilgan eng kam ma’lumot bilan 2014 va 2015 yillarda bo‘lgan voqealarni qo‘shsangiz, juda qo‘rqinchli manzara yuzaga chiqadi”, deydi Kugl.

Al-Qahtoniy Qoshiqchini o‘ldirish amaliyotiga boshchilik qilganlikda ayblangan. Uning Tvitter profili esa 2019 yil sentyabr oyida ijtimoiy tarmoq siyosatiga zid nashrlari uchun bloklab qo‘yildi.

Tvitter jinoiy tergov bilan hamkorlik qilayotganini e’tirof etib, “maxsus tayyorgarlikdan o‘tgan xodimlardan iborat cheklangan guruhga profillarning shaxsiy ma’lumotlariga kirishni taqiqlagani” haqida bayonot berdi.

“Biz Tvitterdan foydalanayotgan ko‘pchilik kishilar o‘zlarining nuqtai nazarlarini izhor qilish sababli aql-bovar qilmas xavf bilan yuzlanganini va hukumatning e’tiboriga tushganini tushunamiz. Bizda ularning xavfsizligi va ish faoliyatini himoya qiladigan dasturlar bor”, deyiladi bayonotda.

Ammo tanqidchilar Tvitter o‘zi qo‘ygan qoidalarga o‘zi amal qilmasligini, profillarning shaxsiy ma’lumotlariga kirish imkoniyatini kamsonli xodimlaridan boshqalar uchun yopib qo‘ymaganini aytadi.

“Agar Tvitter o‘z qoidalariga amal qilganida shaxsiy ma’lumotlardan bu tarzda noqonuniy foydalanish yuz bermagan bo‘lardi”, deydi Notr Dam Universiteti qoshidagi Mendoza Biznes Maktabidan kiberxavfsizlik bo‘yicha o‘qituvchi Mayk Chepl.

“Ijtimoiy media kompaniyalari bunday ma’lumotlarning naqadar muhimligini tushunishi va imkoni boricha juda kam xodimlarigagina bunga kirish imkonini berib, qolganlar uchun yo‘lni butunlay yopishi lozim. Aks holda, faqat ma’lumotlar xavfsizligi emas, ijtimoiy tarmoqlardan foydalanuvchilarning jismoniy xavfsizligi ham tahdid ostida qoladi”.

Tavsiya etamiz






Tavsiya etamiz

Ҳар доим хабардор бўлинг!

carzone.uz мобил иловаларини кўчириб олинг ва барча янгиликлар сиз билан