Валюта курси: Ўз.Р.Марказий банки
USD
АҚШ доллари
EUR
Eвро
RUB
Россия рубли
Sayt test rejimida ishlayapti!!!

Сўнгги янгиликлар






Sharh uchun sahifa (sayt) egasi javobgarligi masalasi. Yurist fikri
14.08.2019 21:38,  
178

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi (Agentlik) rahbari K.Allamjonovning 2019 yil 14 avgustdagi rasmiy bayonoti tarmoqda bahsli munosabatlarga sabab bo‘ldi.

Albatta, ijtimoyi tarmoq va internet sahifalarida yozma, audio yoki video shaklidagi ma’lumotlarda agar qonun bilan taqiqlangan (haqorat, tuhmat va hokazo) qilmish sodir etilgan taqdirda ularga javobgarlik muqarrarligi eslatilishi juda o‘rinlidir.

Biroq, bayonotning ushbu qismi tushunmovchilik keltirib chiqardi:

“Bir so‘z bilan aytganda, bundan buyon har bir OAV, blogerlar, ijtimoiy tarmoqlar va mobil messenjerlardagi guruhlar moderatorlari nafaqat o‘zlari yozgan ma’lumotlarda yuqoridagi talabga rioya qilishlari, balki belgilangan qonun asosida ular ostidagi fuqarolar, “feyk” akkauntlar yoki trollar tomonidan yozilayotgan davlat axborot xavfsizligiga tahdid soluvchi buzg‘unchi sharhlar, haqoratli so‘zlar, tahqirlashlar, yolg‘on izohlar uchun ham qonunda belgilangan tartib asosida javobgar bo‘lishlarini eslatib o‘tmoqchimiz”.

Ushbu fikrlar O‘zbekiston Respublikasining “Axborotlashtirish to‘g‘risida”gi Qonuni 12-1-moddasiga asoslanib aytilgan bo‘lsa kerak:

Veb-saytning va (yoki) veb-sayt sahifasining egasi, shu jumladan bloger hamma erkin foydalanishi mumkin bo‘lgan axborot joylashtiriladigan Internet jahon axborot tarmog‘idagi o‘z veb-saytidan va (yoki) veb-sayt sahifasidan:

O‘zbekiston Respublikasining mavjud konstitutsiyaviy tuzumini, hududiy yaxlitligini zo‘rlik bilan o‘zgartirishga da’vat etish;

urush, zo‘ravonlik va terrorizmni, shuningdek diniy ekstremizm, separatizm va fundamentalizm g‘oyalarini targ‘ib qilish;

davlat siri bo‘lgan ma’lumotlarni yoki qonun bilan qo‘riqlanadigan boshqa sirni oshkor etish;

milliy, irqiy, etnik yoki diniy adovat qo‘zg‘atuvchi, shuningdek fuqarolarning sha’ni va qadr-qimmatiga yoki ishchanlik obro‘siga putur yetkazuvchi, ularning shaxsiy hayotiga aralashishga yo‘l qo‘yuvchi axborotni tarqatish;

giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar va prekursorlarni targ‘ib qilish;

pornografiyani targ‘ib qilish;

qonunga muvofiq jinoiy va boshqa javobgarlikka sabab bo‘ladigan boshqa harakatlarni sodir etish maqsadlarida foydalanilishiga yo‘l qo‘ymasligi shart.

E’tibor berish kerak bo‘lgan jihat shuki, Agentlik nomani sharhlashda ba’zi holatlarni inobatga olmagan:

hamma erkin foydalanishi mumkin bo‘lgan axborot joylashtiriladigan Internet jahon axborot tarmog‘idagi o‘z veb-saytidan va (yoki) veb-sayt sahifasidan foydalanishda yuqoridagi noqonuniy harakatlarni sodir etish maqsadlarida foydalanish deganda bloger yoki OAVning o‘zi joylashtiradigan kontent nazarda tutilishi kerak;

OAV yoki bloger sahifasida sharh shaklidagi ma’lumotlar qoldirish, mazkur sahifadan foydalanish deb hisoblab bo‘lmaydi.

Zero mazkur moddaning ikkinchi qismida bu holat yanada aniqlashadi:

“... o‘z veb-saytiga va (yoki) veb-sayt sahifasiga hamma erkin foydalanishi mumkin bo‘lgan axborotni joylashtirishdan avval uning to‘g‘riligini tekshirishi, shuningdek joylashtirilgan axborotning noto‘g‘riligi aniqlangan taqdirda uni darhol o‘chirib tashlashi shart.”.  

Qonun normasi Veb-saytning va (yoki) veb-sayt sahifasining egasi, shu jumladan blogerning o‘zi tomonidan tarqatiladigan axborotni tekshirishi va noto‘g‘riligi aniqlanganda o‘chirilishini nazarda tutmoqda.

Demak, mazkur norma sahifa (sayt) egasi (OAV yoki bloger) tarqatadigan axborotga nisbatan javobgarligini nazarda tutadi va yuqorida keltirilgan kabi sahifadan noqonuniy maqsadlarda foydalanish sahifa egasi tomonidan joylashtiriladigan kontentga tatbiq etiladi.

Agar sahifa (sayt) egasi mazkur normani buzgan taqdirda veb-saytdan va (yoki) veb-sayt sahifasidan foydalanish O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi belgilagan tartibda maxsus vakolatli organ tomonidan cheklanishi mumkin. Bu holat ham o‘z-o‘zidan sahifa (sayt) egasi tomonidan joylashtiriladigan axborot haqida gap ketayotganligini anglatadi.

Shuningdek, yuqoridagi normani sahifa egasiga mas’uliyat yuklaydigan qilib sharhlangan taqdirda ham, undan faqatgina noqonuniy sharhlarni o‘chirishni talab qilishni tasavvur qilish mumkindir. Lekin shunda ham sharhni o‘chirish muddatlari va shartlari qonun bilan aniqlanishi kerak, hozircha bunday qoidalar o‘rnatilmagan. Shu bilan birga sahifa (sayt) egasi (bloger)ning sharhlarni tahrir qila olishi yoki sharhlarning to‘g‘ridan-to‘g‘ri chop etilishi kabi masalalarni e’tibordan chetda qoldirmaslik kerak. Zero sharhlarni doim ham nazorat qilish imkonsiz.

Biroq, sharh uchun bevosita javobgarlikni uni yozmagan shaxsga – sahifa (sayt) egasi (bloger)ga yuklash esa qonunchilikka ko‘ra imkonsizdir.

Chunki sharh uchun bevosita javobgarlik uni yozgan shaxsga yuklanadi.

Aytaylik, sahifadagi axborot (qonuniy) ostida boshqa foydalanuvchi haqorat mazmunidagi sharh qoldirdi. Bu holatda sahifa egasiga ushbu haqorat bo‘yicha javobgarlik yuklab bo‘lmaydi, zero huquqbuzarlik uchun javobgarlik uni bevosita sodir etgan shaxsga nisbatan vujudga keladi.

Qolaversa, bayonotda eslatilgan ma’muriy va jinoiy javobgarlik tegishlicha O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi hamda Jinoyat kodekslari bilan tartibga solinadi.

Masalan, MJtK 10-moddasiga ko‘ra ma’muriy huquqbuzarlik deganda qonun hujjatlariga binoan ma’muriy javobgarlikka tortish nazarda tutilgan, shaxsga, fuqarolarning huquqlari va erkinliklariga, mulkchilikka, davlat va jamoat tartibiga, tabiiy muhitga tajovuz qiluvchi g‘ayrihuquqiy, aybli (qasddan yoki ehtiyotsizlik orqasida) sodir etilgan harakat yoki harakatsizlik tushuniladi.

Sharhdagi haqorat qilmishida sahifa (sayt) egasi yoki blogerning aybi yo‘q va huquqbuzarlik tarkibi mavjud emas.

Jinoyat kodeksi bilan taqiqlangan, aybli ijtimoiy xavfli qilmish (harakat yoki harakatsizlik) jazo qo‘llash tahdidi bilan jinoyat deb topiladi.

Bunda ham haqoratli sharhda sahifa (sayt) egasining aybi yo‘q va jinoyat tarkibi mavjud emas.

Qolaversa, Jinoyat kodeksining ayb uchun javobgarlik prinsipiga muvofiq shaxs qonunda belgilangan tartibda aybi isbotlangan ijtimoiy xavfli qilmishlari uchungina javobgar bo‘lishi belgilangan

Demak:

Sharh uchun bevosita javobgarlik faqatgina uni yozgan shaxsgagina yuklanadi;

Sahifa (sayt) egasi (bloger) o‘zi joylashtirgan kontent doirasida javobgar bo‘ladi (joylashtirgan ma’lumotlarining Qonun 121-moddasiga muvofiqligi).

Agar, Agentlik fikricha, “Axborotlashtirish to‘g‘risida”gi Qonuni 121-moddasi birinchi qismidagi sahifa (sayt)dan foydalanish deganda, shu jumladan boshqa foydalanuvchilar tomonidan qoldirilgan sharhlarni ham nazarda tutilsa, bunga Konstitutsiyaviy sud sharh berishi lozim.

Shunday bo‘lgan taqdirda bunday javobgarlik kelib chiqish asoslari aniqlashtirilishi kerak. Har qanday holatda ham sharh uchun bevosita javobgar bo‘lmaydi, balki noqonuniy kontent uchun javobgar bo‘lib, o‘sha moddaning uchinchi qismida keltirilgan sahifadan foydalanishni cheklash tarzidagi chora qo‘llanishi mumkin. Lekin yuqorida keltirilgani kabi norma bunday javobgarlikni nazarda tutmaydi.

Muallif fikri tahririyat nuqtai nazarini ifodalamasligi mumkin

O‘tkirbek XOLMIRZAYeV,

TDYuU o‘qituvchisi, huquqshunos

Tavsiya etamiz






Tavsiya etamiz

Ҳар доим хабардор бўлинг!

carzone.uz мобил иловаларини кўчириб олинг ва барча янгиликлар сиз билан