Валюта курси: Ўз.Р.Марказий банки
USD
АҚШ доллари
EUR
Eвро
RUB
Россия рубли
Sayt test rejimida ishlayapti!!!

Сўнгги янгиликлар






Mirziyoyev amaldorlarga xalq va OAV bilan muloqotda kibrga berilmaslikni uqtirdi
22.11.2019 23:32,  
799

Bugun, 22 noyabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida qishloqlar va shaharlarda aholini uy-joy bilan ta’minlashning yangi tizimini joriy etish bo‘yicha amalga oshiriladigan chora-tadbirlar muhokamasiga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Yig‘ilish davomida Prezident so‘nggi vaqtlarda kuzatilgan ayrim mutasaddilar va OAV o‘rtasidagi ziddiyatlarga e’tibor qaratib, rahbarlarni xalq va OAV bilan kibrga berilmasdan muloqotda bo‘lishga chaqirgan hamda amaldorlar mas’uliyatiga to‘xtalib o‘tgan:

“Barchangiz ko‘rib, bilib turibsiz — bugun jamiyat hayotining barcha jabhalarida ochiqlik va shaffoflik ta’minlanmoqda. Zamon tez rivojlanmoqda, xalqimizning dunyoqarashi o‘zgarmoqda. Bu borada, ayniqsa, ommaviy axborot vositalari katta rol o‘ynamoqda. Ular hayotiy muhim masalalarga e’tiborimizni qaratib, muammolarni hal etishda bizga ko‘maklashmoqdalar. Demokratik jamiyatning asosiy talablaridan biri ham shu.

Shuni esdan chiqarmaylik — matbuotni faoliyatimizni aks ettiruvchi ko‘zgu, deb bilishimiz kerak. Afsuski, ko‘p yillar davomida biz ana shu ko‘zguga qarashni o‘zimizga ep ko‘rmadik. Oqibatda haqiqiy qiyofamizni ko‘rolmay qoldik. Xalqimizga ochiq-oydin ma’lum bo‘lib turgan aybu nuqsonlarimizni tan olmasdan, «men hammadan zo‘rman», deb o‘zimizga bino qo‘yib, kekkayib yuraverdik. «Yuzing qiyshiq bo‘lsa, oynadan o‘pkalama», degan dono maqolni butkul unutib qo‘ydik.

Yillar davomida jamiyatimizda qanchadan-qancha illatlarning tomir otishi, muammolarning yig‘ilib qolishining asosiy sabablaridan biri ham shu bo‘lgani, ayni haqiqat. Men bu gaplarni nima uchun aytayotganimni hammangiz yaxshi tushunib turibsiz. Bugun barcha bo‘g‘indagi rahbarlarning jamoatchilik bilan, ayniqsa, ommaviy axborot vositalari bilan muomala madaniyati har qachongidan ham muhim masalaga aylandi.

Ayrim hollarda rahbarlar tomonidan tanqidni qabul qila bilmaslik, nima qilib bo‘lsa-da, uni tan olmaslikka bo‘layotgan urinishlarda ham ko‘zga tashlanmoqda. Afsuski, ba’zi rahbarlar xalq bilan, matbuotchilar bilan muloqotda oddiy muomala madaniyatini, ma’naviyatni unutib qo‘yishmoqda. Ular tomonidan qilingan murojaatlarga o‘z vaqtida, xolis javob berilmasligi ham haqli e’tirozlarga sabab bo‘layapti.

O‘zingiz guvoh bo‘lib turibsiz, deyarli har kuni ijtimoiy tarmoqlarda qaysidir rahbarning faoliyati bilan bog‘liq shov-shuvli xabar tarqalayapti. Ularda berilayotgan tanqidiy materiallarga o‘z vaqtida xolis, asosli munosabat bildirilmayotgani oqibatida odamlar orasida har xil fikrlar, bahs-munozaralar yuzaga kelmoqda. Eng achinarlisi, ba’zi rahbarlar jamoatchilik o‘rtasida turli ziddiyatlarga sabab bo‘lishi mumkin bo‘lgan bunday holatlarning oldini olish o‘rniga, kibru havoga berilish, o‘ziga bino qo‘yish bilan masalani yanada chigallashtirmoqda.

Tushunaman, har kimning o‘ziga yarasha g‘ururi, izzat-nafsi bor. Lekin rahbar shunisi bilan rahbarki, u nafaqat o‘zining sha’nini, balki davlat idorasining obro‘sini ham saqlashga mas’ul ekanini unutmasligi kerak. U har qanday to‘siq va qiyinchiliklarga, keskin va dolzarb muammolarga duch kelmasin, vaziyatdan og‘ir-bosiqlik va vazminlik bilan chiqib, faqat qonunga asoslangan to‘g‘ri qaror qabul qilishi shart.

Shu bilan birga, har qaysi rahbar o‘z mas’uliyati va javobgarligini, avvalo o‘z vijdoni oldida, unga ishonch bildirgan el yurt oldida chuqur anglasa, faoliyatida qat’iyatlik bilan vazminlik, talabchanlik bilan aql-zakovatni uyg‘unlashtira olsa, xalqning chinakam mehrini va ishonchini qozona oladi.

U xoh hukumat a’zosi bo‘ladimi, vazir bo‘ladimi, xoh hokim bo‘ladimi yoki prokurormi, ushbu talab – barchamizga, ommaviy axborot vositalari xodimlariga ham birdek tegishli.

Buni unutishga hech birimizning haqqimiz yo‘q».

Tavsiya etamiz






Tavsiya etamiz

Ҳар доим хабардор бўлинг!

carzone.uz мобил иловаларини кўчириб олинг ва барча янгиликлар сиз билан