Shavkat Mirziyoyev: "Buni Prezident sifatida o‘zimning ustuvor vazifam deb bilaman"

Shavkat Mirziyoyev:

Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev yaqinda bo‘lib o‘tgan Prezident saylovidan keyingi birinchi yig‘ilishini o‘tkazmoqda. Tadbir minnatdorchilik so‘zlaridan boshlandi:

"Xalqimiz saylovda uyushqoqlik bilan ishtirok etib, o‘zining siyosiy-huquqiy madaniyati tobora yuksalib borayotganini, tinch va farovon hayot barpo etishga bo‘lgan ezgu va olijanob intilishini yana bir bor yaqqol namoyon etdi.

Ushbu saylovda el-yurtimiz tomonidan bildirilgan yuksak ishonchni biz besh yil oldin boshlagan, huquqiy demokratik davlat va kuchli fuqarolik jamiyati barpo etishga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlarimizga berilgan eng oliy baho, deb bilaman.

Fursatdan foydalanib, mening O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti etib saylanishimga o‘z ishonchini bildirgan va samimiy qo‘llab-quvvatlagan aziz yurtdoshlarimga, ko‘pmillatli butun xalqimizga, xususan, alohida Qoraqalpog‘iston ahliga yana bir bor o‘zimning cheksiz minnatdorchiligimni bildiraman.

Mamlakatimizda yashayotgan 130 dan ortiq millat va elatlar o‘rtasidagi do‘stlik va totuvlik, o‘zaro hurmat va mehr-oqibat muhiti bizning eng katta boyligimizdir. Mana shunday bebaho boylikni ko‘z qorachig‘idek asrab-avaylashni men Prezident sifatida o‘zimning ustuvor vazifam, deb hisoblayman. O‘zbekiston Prezidenti etib saylanishim munosabati bilan o‘z tabrik va qutlovlarini yo‘llayotgan mamlakatimiz jamoatchiligiga, aziz vatandoshlarimga chuqur ehtiromimni bildiraman.

Ayni paytda, muqobillik asosida o‘tgan saylovda boshqa partiyalardan ko‘rsatilgan nomzodlarning kelgusi faoliyatlariga omad tilayman. Biz kuni kecha o‘zaro raqobat qilgan bo‘lsak, endi barcha orzu-intilish va harakatlarimizni birlashtirib, jonajon Vatanimiz ravnaqi yo‘lida faol hamkorlik qilamiz.

Xalqimizning ishonchini oqlash, fuqarolarimizning huquq va erkinliklarini, ularning xavfsizligi va farovonligi, qonuniy manfaatlarini ta’minlash, bir so‘z bilan aytganda, inson qadr-qimmatini ulug‘lash barcha bo‘g‘indagi rahbarlarning nafaqat vazifasi, balki muqaddas burchiga aylanishi zarur".