Shavkat Mirziyoyev Jahongir Ortiqxo‘jayevni tanqid qildi (video)

Shavkat Mirziyoyev Jahongir Ortiqxo‘jayevni tanqid qildi (video)

Prezident matbuot xizmati Shavkat Mirziyoyevning o‘tgan haftadagi faoliyati haqida ma’lumot beruvchi «Maxsus rakurs» ko‘rsatuvining navbatdagi sonini e’lon qildi.

Dasturda 25 yanvar kuni bo‘lib o‘tgan sanoat va logistika sohasida umumiy qiymati 8,6 trillion so‘mga teng investitsion loyihalarning taqdimotiga oid tasvirlar namoyish etildi.

Taqdimotda davlat rahbari Toshkent hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayevga murojaat qilib, shahar ichidagi qurilish ishlarini tanqid qilgan.

«Men Toshkentda ishlaganman og‘ayni, 4—5 yil. Bu yerga 120 millimetrlik kichkinagina kanalizatsiya qo‘yganmiz. Sen esa u yerda 9 qavatli uy quribsan. Xudo xayringni bersin, chiqarish uchun nasos stansiyani qurishimiz kerakmi yoki yo‘qmi? Trubalarni kuchaytirishimiz kerakmi? Maktabchi? Bog‘chachi?», — deydi Shavkat Mirziyoyev.

Uchrashuv yakunlari bo‘yicha Prezidentning asosiy topshirig‘i — loyihalarni sifatli amalga oshirish uchun ularni ekspertizadan o‘tkazish, bu tizimni tarmoqlar va hududlar kesimida ham tatbiq etish, investitsiya loyihalarining tayyorlanishi va baholab borish, quyi bo‘g‘indagi mutaxassislarga ko‘maklashishdan iborat, deyiladi ko‘rsatuvda.