Валюта курси: Ўз.Р.Марказий банки
USD
АҚШ доллари
EUR
Eвро
RUB
Россия рубли
Sayt test rejimida ishlayapti!!!

Сўнгги янгиликлар






Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston xalqini Qurbon hayiti bayrami bilan tabrikladi
30.07.2020 19:35,  
87

Qadrli vatandoshlar!

Butun islom olami qatorida dinu diyonatli, e’tiqodi mustahkam xalqimiz katta intiqlik bilan kutib olayotgan muborak Qurbon hayiti bilan siz azizlarni, yurtimizdagi barcha musulmon ummatini chin qalbimdan samimiy tabriklayman.

Ko‘hna tariximiz davomida yurtimizning ma’naviy hayotida beqiyos o‘rin egallab, jamiyatimizda o‘zaro hurmat, mehr-oqibat va bag‘rikenglik tamoyillarini har tomonlama barqaror etib kelayotgan bu qutlug‘ bayram barchamizga muborak bo‘lsin!

Ushbu muqaddas ayyomda sizlarga, butun el-yurtimizga sihat-salomatlik, tinchlik-xotirjamlik, baxtu saodat tilayman.

Dunyo davlatlari qatori mamlakatimizni ham chetlab o‘tmagan og‘ir sinov – koronavirus pandemiyasi sharoitida biz Qurbon hayitining jamiyatimiz hayotidagi beqiyos o‘rni va ulkan ahamiyatini yanada chuqur his etmoqdamiz.

Ayniqsa, bu qutlug‘ bayramning mohiyatida mujassam bo‘lgan ezgu va savob ishlar qilib yashash, o‘zaro yordam, mehr-saxovat, sabru qanoat, shukronalik, tinchlik va sog‘likni qadrlashdek ulug‘ fazilatlar bugun alohida ahamiyat kasb etmoqda.

Shu ma’noda, aynan mana shunday muqaddas qadriyatlarimiz bugungi murakkab vaziyatda el-yurtimizga qo‘shimcha kuch-g‘ayrat, chidam va bardosh ato etmoqda, desak, to‘g‘ri bo‘ladi.

Davlatimiz va jamiyatimiz tomonidan ko‘rilayotgan barcha chora-tadbirlarga qaramasdan, ming afsuski, yurtdoshlarimiz orasida ushbu kasallikdan vafot etganlar ham bo‘ldi. Ularning oila a’zolari va yaqinlariga chin qalbimdan hamdardlik bildirib, barchalariga sabr-bardosh tilayman, marhumlarning oxiratlari obod bo‘lishini Yaratgandan so‘rab qolaman.

Albatta, pandemiya tufayli ommaviy tadbirlarni, jumladan, Qurbon hayiti bilan bog‘liq marosimlarni jamoat bo‘lib ado etishda ayrim cheklovlar vujudga kelganini mavjud vaziyat taqozosi sifatida barchamiz yaxshi tushunamiz.

Muqaddas Qur’oni karimning bir necha o‘rinlarida xayr-ehson, ezgulikning mukofoti faqat yaxshilik ekani alohida ta’kidlangan. Bu kabi purma’no hikmatlar bugungi sinovli kunlarda jamiyatimizda mehr-oqibat, saxovat va muruvvat, o‘zaro totuvlik, ahillik va hamjihatlik muhitining tobora yuksalib borishida aks etmoqda. 

Darhaqiqat, ushbu og‘ir sinov damlarida Alloh taoloning o‘zi ezgu va savob amallar uchun yangi imkoniyat eshiklarini ochib bermoqda. Xususan, pandemiya tufayli ishidan, doimiy daromad manbaidan uzilib qolgan, yordamga muhtoj insonlarga ko‘mak berishni yurtdoshlarimiz o‘zlarining insoniy burchi, deb qabul qilayotgani tahsinga loyiqdir. Zero, muqaddas hadislarda keltirilganidek, haqiqiy musulmon o‘ziga ravo ko‘rganini birodariga ham ravo ko‘radi.

Ayniqsa, halol mehnati orqasidan jamg‘argan mablag‘ini qarindosh-urug‘lari, mahalladoshi yoki yurtdoshining og‘irini yengil qilish uchun xolis niyat bilan hadya etgan, mehr-oqibatli, insof-diyonatli va jonkuyar insonlarga Yaratganning o‘zi ajru mukofotini beradi, albatta.

Ana shunday olijanob yurtdoshlarimizning sa’y-harakatlari tufayli mamlakatimizda tashkil etilgan “Saxovat va ko‘mak” umumxalq harakati bugungi kunda tom ma’noda qudratli kuchga aylandi. 

O‘tgan qisqa vaqt davomida ushbu Harakat doirasida amalga oshirilgan ulkan hajmdagi xayriya tadbirlari va mehr-muruvvat amallari ham shundan yaqqol dalolat beradi.

Ana shu ezgu ishlarimizning mantiqiy davomi sifatida hamda pandemiya davrida doimiy daromad manbaiga ega bo‘lmagan, kam ta’minlangan, yordam va ko‘makka muhtoj aholi qatlamlarini va oilalarni hamda iqtisodiyotni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashni yanada kuchaytirish maqsadida avval ajratilgan
10 trillion so‘m mablag‘ga qo‘shimcha ravishda bugun men imzolagan Farmonga muvofiq, respublika byudjetidan yana qariyb 2,5 trillion so‘m mablag‘ yo‘naltirish belgilandi. 

Shu bilan birga, jamiyatimizda tinchlik, do‘stlik, mehr-oqibat va hamjihatlik g‘oyalarini keng targ‘ib etib kelayotgan diniy sohada xizmat qilayotgan vakillarni moddiy rag‘batlantirish hamda joylarda xayru saxovat, muruvvat borasida amalga oshirilayotgan ishlarni, jaholatga qarshi – ma’rifat ruhidagi keng qamrovli tadbirlarni yangi bosqichga ko‘tarish uchun O‘zbekiston musulmonlari idorasi huzuridagi “Vaqf” xayriya jamoat fondiga 150 milliard so‘m mablag‘ ajratildi. 

Aziz yurtdoshlar!

Biz orzu-niyatlari pok va ulug‘ xalqmiz. Buyuk shoir va mutafakkir Alisher Navoiy hazratlarining: “Murodi ko‘pning Haqqa itoati ham ko‘p bo‘ladi”, degan so‘zlarida teran ma’no mujassam. 

Yer yuziga Allohning rahmati yog‘ilib turgan ushbu saodatli ayyomda dunyoning olis-yaqin mamlakatlaridagi barcha mo‘min-musulmon birodarlarimizni, xorijiy do‘st va hamkorlarimizni ham Qurbon hayiti bilan qizg‘in tabriklab, ularga mustahkam tinchlik, bardavom taraqqiyot tilayman.

Siz, aziz va muhtaram vatandoshlarimizni Qurbon hayiti bilan yana bir bor chin qalbimdan muborakbod etaman. 

Barcha pok niyatlarimiz ijobat bo‘lishini, Yaratganning o‘zi yurtimizni turli balo-qazolardan asrashini, birdamlik, do‘stlik va ahillik tuyg‘ularimiz yanada ziyoda bo‘lishini so‘rab qolaman.

Jonajon Vatanimiz, xonadonlarimizdan tinchlik-osoyishtalik, fayzu baraka hech qachon arimasin!

Ezgu intilish va ishlarimizda Alloh taolo hamisha madadkor bo‘lsin!

Shavkat Mirziyoyev,

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti

Tavsiya etamiz






Tavsiya etamiz

Ҳар доим хабардор бўлинг!

carzone.uz мобил иловаларини кўчириб олинг ва барча янгиликлар сиз билан