Валюта курси: Ўз.Р.Марказий банки
USD
АҚШ доллари
EUR
Eвро
RUB
Россия рубли
Sayt test rejimida ishlayapti!!!

Сўнгги янгиликлар






Shavkat Mirziyoyev yagona elektron raqamli imzo ishlab chiqishga topshiriq berdi
9.01.2020 18:17,  
281

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 9 yanvar kuni davlat xizmatlari ko‘rsatish samaradorligini oshirish masalalari bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar bermoqda.

2017 yil 12 dekabr kuni “Aholiga davlat xizmatlari ko‘rsatishning milliy tizimini tubdan isloh qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonga muvofiq, Adliya vazirligi huzurida Davlat xizmatlari agentligi tashkil etildi.

Hozirda mamlakatimiz bo‘ylab Agentlik tasarrufidagi Davlat xizmatlari markazlari 80 dan ortiq innovatsion binolar jismoniy va yuridik shaxslarga xizmat qilib kelayotgan bo‘lsa, yana 94 ta shunday inshootlarni qurish ishlari olib borilmoqda.

Bundan tashqari, olis joylarga chiqish orqali (“mobil davlat xizmatlari”) qulay va shaffof tarzda sayyor xizmatlar ham ko‘rsatilyapti.

Bugungi kunga kelib, Davlat xizmatlari markazlari orqali “yagona darcha” tamoyili asosida 130 turdan ziyod xizmatlar taqdim etilmoqda. 2017 yilda aholiga ko‘rsatilgan xizmatlar soni 12 mingtani tashkil etgan bo‘lsa, 2019 yilda bu ko‘rsatkich 13 milliontadan oshgan.

Eng ko‘p murojaat qilinadigan 36 turdagi xizmatlar bo‘yicha hujjatlar soni 112 tadan 52 taga kamaytirildi, xizmat ko‘rsatish muddati 280 kundan 126 kunga qisqartirildi.

O‘tgan yil 1 iyundan boshlab fuqarolarning yashash joyidan va tashkilotlarning manzilidan qat’i nazar, istalgan markaz orqali davlat xizmatlari ko‘rsatish yo‘lga qo‘yildi.

Hozirgi kunda davlat xizmati ko‘rsatuvchi 80 ta idoradan atigi 27 tasi Davlat xizmatlari agentligi bilan o‘zaro integratsiya qilingan. 53 idorada ma’lumotlar raqamlashtirilmagan. Misol uchun, sog‘liqni saqlash, ekologiya, qurilish, arxiv bilan bog‘liq davlat xizmatlari sohasida haligacha elektron ma’lumot bazasi shakllanmagan.

Shunday ma’lumot almashinuvi yo‘qligi sababli 2019 yilda qurilish, tabiiy gaz, issiq suv va ichimlik suvi ta’minoti borasida xizmat ko‘rsatish muddatlari buzilgan.

Shu bois yig‘ilishda Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi hamda Adliya vazirligiga barcha idoralarning davlat xizmatlari bilan bog‘liq axborot tizimlari va ma’lumotlar bazasini yaratish bo‘yicha manzilli dastur ishlab chiqish vazifasi topshirildi.

Elektron davlat xizmatlaridan foydalanuvchilar sonini yil yakunigacha kamida 5 baravarga oshirish, 2025 yilgacha to‘liq elektron xizmat ko‘rsatishga o‘tish maqsad qilib qo‘yildi.

Aholining 75 foizi internetga mobil qurilmalar orqali kirayotganini inobatga olib, Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalining mobil versiyasini ishga tushirish muhimligi qayd etildi. Uzoq hududlarda yashaydigan aholiga qulayliklar yaratish maqsadida davlat xizmatlari markazining 50 dan ortiq filialini tashkil etishni jadallashtirish zarurligi ta’kidlandi.

Xorijiy tajribani qo‘llagan holda, odamlarga bir murojaat asosida qo‘shimcha kompleks xizmatlar ko‘rsatish hamda fuqaroning murojaatisiz ham unga kerakli xizmat turlarini taklif qilish mumkinligi qayd etildi.

Misol uchun, farzand tug‘ilishi bilan unga tug‘ilganlikni qayd etish, nafaqa belgilash, yashash joyiga ro‘yxatga va tibbiyot muassasasiga hisobga qo‘yish, bolalar bog‘chasiga navbat kabi xizmatlar biryo‘la taqdim etilsa, ota-onalarga g‘oyat qulay bo‘ladi.

Yig‘ilishda ushbu tizimni eksperiment tariqasida Toshkent shahrida, keyinchalik boshqa hududlarda bosqichma-bosqich joriy etish yuzasidan topshiriq berildi.

Prezidentimiz ko‘plab xizmatlar uchun elektron raqamli imzo talab qilinishi odamlarga qiyinchilik tug‘dirayotgani, ayniqsa, bu tadbirkorlarning eng og‘riqli nuqtasi ekanini ta’kidladi.

Elektron raqamli imzodan kompyuter orqaligina foydalanish mumkin. Tadbirkor ro‘yxatdan o‘tish uchun soliq idorasi kaliti, bojxona hujjatlari uchun bojxona kaliti va hisob raqami bilan ishlash uchun bankning elektron raqamli imzosini olishi shart. Bu kalitlarni olish uchun har bir idoraga alohida-alohida borib, uni xarid qilishi, tag‘in muayyan muddatda yana mablag‘ sarflab yangilashi kerak.

Prezidentimiz tomonidan Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligiga mutasaddi tashkilotlar bilan birgalikda elektron raqamli imzo talab etiladigan xizmat turlari uchun shaxsni tasdiqlashning muqobil, xavfsiz va sodda usullarini joriy qilish vazifasi qo‘yildi. Shu yil 1 iyulgacha hamma xizmatlar uchun yagona bo‘lgan elektron raqamli imzo ishlab chiqish bo‘yicha topshiriq berildi.

Tavsiya etamiz






Tavsiya etamiz

Ҳар доим хабардор бўлинг!

carzone.uz мобил иловаларини кўчириб олинг ва барча янгиликлар сиз билан