Валюта курси: Ўз.Р.Марказий банки
USD
АҚШ доллари
EUR
Eвро
RUB
Россия рубли
Sayt test rejimida ishlayapti!!!

Сўнгги янгиликлар






Shavkat Mirziyoyevning O‘zLiDeP VIII s’yezdidagi nutqi
21.10.2016 10:41,  
151

Avvalroq, Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasining VIII s’yezdi bo‘lib o‘tgani, unda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Shavkat Mirziyoyevning so‘zga chiqqani haqida xabar bergan edik. E’tiboringizga Shavkat Mirziyoyevning yig‘ilishda so‘zlagan nutqini havola etamiz. 

Hurmatli s’yezd qatnashchilari!

Sizlar bilan bugungi muhim siyosiy tadbirda ko‘rishib turganimizdan g‘oyat mamnunman.

Fursatdan foydalanib, menga yuksak ishonch bildirib, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti lavozimiga nomzod sifatida ko‘rsatganingiz uchun Siz, muhtaram partiyadoshlarimga, bu tashabbusni qo‘llab-quvvatlagan barcha yurtdoshlarimizga o‘zimning cheksiz hurmatimni va samimiy minnatdorligimni bildiraman.

Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi o‘zining oldiga qo‘ygan maqsad va dasturlari, tashabbus va amaliy harakatlari bilan doimo xalqimizning dardu tashvishlari va muammolarini yechishga, yurtimiz farovonligini yanada oshirishga munosib hissa qo‘shib, Vatanimizda kundan-kunga katta obro‘-e’tiborga erishib bormoqda.

Bugungi kunda o‘z saflarida 250 mingdan ziyod a’zoni birlashtirgan siyosiy partiyamiz mamlakatimizning qudrati va salohiyatini, yurtimiz tinchligi va osoyishtaligi, xalqimiz farovonligini ta’minlashda qudratli kuchga aylanmoqda.

Ishonamanki, kelajakda ham partiyamiz yurtimizning gullab-yashnashi uchun munosib hissa qo‘shadigan yetakchi siyosiy partiyalardan biri bo‘lib qoladi.
Qadrli yurtdoshlar!

Zamonamizning buyuk davlat arbobi, mamlakatimiz va xalqimizning taqdiri, baxtu saodati yo‘lida o‘z hayotini bag‘ishlagan ulug‘ Yo‘lboshchimiz, Islom Abdug‘aniyevich Karimovning vafoti barchamiz uchun o‘rnini to‘ldirib bo‘lmaydigan og‘ir judolik bo‘ldi.

Butun dunyoda tahlikali vaziyat, millatlararo to‘qnashuvlar, siyosiy va iqtisodiy inqirozlar hamda turli xavf-xatarlar avj olgan davrda Islom Karimovning mamlakatimizga rahbarlik qilganlari Yaratganning xalqimizga ko‘rsatgan bebaho marhamati bo‘ldi.

Muhtaram Yurtboshimizning bukilmas irodasi, fidoyiligi, mardligi va vatanparvarligi, uzoqni ko‘rish va strategik fikrlash qobiliyati vatandosh­larimizni yagona maqsad sari birlashtirdi.

Natijada mamlakatimiz mustaqil taraqqiyot yo‘lida ko‘plab qiyinchilik va sinovlardan o‘tib, tarixan qisqa davrda jahon hamjamiyatida o‘zining munosib o‘rnini egalladi.

Muhtaram Islom Abdug‘aniyevichning bosib o‘tgan umr yo‘llari, mustaqilligimizni himoya qilish va mustahkamlash borasidagi tarixiy xizmatlari barchamiz uchun, shu jumladan, men uchun ham eng yorqin ibrat namunasi va katta hayot maktabi bo‘lib qoladi.

Buyuk ustozimizning siyosiy merosi, u kishi belgilab bergan taraqqiyotimizning asosiy tamoyillari, ustuvor yo‘nalishlar, maqsad va vazifalarni so‘zsiz va to‘liq amalga oshirish – biz uchun ham qarz, ham farzdir.

Bu ulkan mas’uliyatni chuqur his etgan holda, aziz Yurtboshimiz Islom Abdug‘aniyevich Karimovning g‘oyalarini amalga oshirish, mamlakatimizda olib borilayotgan davlat siyosatini izchil davom ettirish, oldimizda turgan strategik vazifalarni og‘ishmay bajarishni xalqimiz oldidagi o‘zimning asosiy burchim deb bilaman.

Barchamizga ma’lumki, jahondagi erkin rivojlanayotgan, suveren, huquqiy demok­ratik davlatlar tomonidan e’tirof etilgan prinsiplar va xalqaro huquq normalariga amal qilish, shuningdek, xalqimizning milliy manfaatlari, mentaliteti va an’analarini hisobga olgan holda, O‘zbekistonda inson huquq  va erkinliklarini himoya etish bo‘yicha tizimli va izchil ishlar amalga oshirilmoqda.

Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov tomonidan ishlab chiqilgan Mamlakatimizda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasi ana shu ko‘p qirrali siyosatning poydevori bo‘lib xizmat qilmoqda.


Mamlakatimizda bu borada 70 dan ortiq xalqaro hujjat, jumladan, Birlashgan Millatlar Tashkilotining 10 ta asosiy hujjati ratifikatsiya qilinganini alohida ta’kidlash lozim.

Fuqarolik jamiyatini barpo etish, yurtdoshlarimizning erkinlik va tashabbuslarini, mamlakatimiz ijtimoiy hayotidagi ishtirokini kengaytirish kelgusida ham O‘zbekiston siyosiy tizimini rivojlantirishning muhim yo‘nalishi bo‘lib qoladi.

Davlat hokimiyati organlari tizimida Oliy Majlis palatalari rolini kuchaytirish, davlatning  ichki va tashqi siyosati bo‘yicha muhim vazifalarni hal etish, ijro hokimiyati organlari faoliyatini nazorat qilishda parlamentning huquq va vakolatlarini kengaytirishga alohida e’tibor qaratish zarur.
Biz yurtimizda ko‘ppartiyaviylik tizimini mustahkamlab, iqtisodiy va ijtimoiy jarayonlarda partiyalarning rolini oshirishga ko‘maklashamiz.

Qachonki, siyosiy partiyalarning faolligi oshib, parlament faoliyati doirasida ular o‘rtasida sog‘lom raqobat va bahs-munozara muhiti shakllansa, shundagina vakillik hokimiyati organlari ham samarali faoliyat ko‘rsatadi. 

Xalq deputatlari mahalliy kengashlarida partiya guruhlarining vakolati va rolini oshirish, ayniqsa, ijro hokimiyati organlari faoliyatini nazorat qilish borasidagi ta’sirini yanada kuchaytirish zarur, deb hisoblaymiz.

Hurmatli do‘stlar!

Biz boshimizdan kechirayotgan hozirgi globallashuv davri o‘ta shiddat bilan o‘zgarayotgani va turli tahdidlar ko‘pligi bilan oldimizga hal etishni kechiktirib bo‘lmaydigan g‘oyat murakkab vazifalarni qo‘ymoqda.

Shu sababli O‘zbekistonning barqaror rivojiga xavf tug‘dirishi mumkin bo‘lgan tahdidlar, o‘z yechimini kutayotgan eng muhim muammoli masalalarga e’tiboringizni qaratmoqchiman.

Birinchidan, geosiyosiy man­faatlar to‘qnashuvi xalqaro aloqalarda o‘zaro ishonch va hamkorlik munosabatlariga putur yetishiga, qarama-qarshilik va nosog‘lom raqobat kuchayishiga sabab bo‘lmoqda.

Ikkinchidan, jahon iqtisodiy inqirozi, dunyo bozorlaridagi beqarorlik, energiya resurslari narxlarining pasayishi deyarli barcha davlatlarning iqtisodiy rivojiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.

Tabiiy resurslar uchun kurash qator davlatlarda harbiy-siyosiy ahvolning keskinlashuviga olib kelmoqda. Ayrim mamlakatlarni xomashyo bazasi va sifatsiz mahsulotlar bozoriga aylantirishga intilayotgan kuchlar ham yo‘q emas.

Uchinchidan, jahon iqtisodiyotining globallashuvi va ba’zi mintaqalarda yuzaga kelgan notinch vaziyat aholi migratsiyasi kuchayishiga sabab bo‘lmoqda. Bu esa jinoyatchilik, odam savdosi, terrorchilik, ekstremizm, narkotrafik kabi illatlarning hamda o‘ta xavfli yuqumli kasalliklarning ko‘payishiga olib kelmoqda.

To‘rtinchidan, axborot-kommunikatsiya tizimlarining keng qo‘llanishi, davlat boshqaruvining elektron shaklda tashkil etilayotgani, o‘z navbatida, axborot xavfsizligini ta’minlash bilan bog‘liq qo‘shimcha chora-tadbirlar ko‘rishni taqozo etmoqda.

Beshinchidan, korrupsiya, mahalliychilik va urug‘-aymoqchilik kabi illatlar davlat hokimiyatini obro‘sizlantirib, iqtisodiyotning o‘sishi va tadbirkorlik rivojiga jiddiy to‘siq bo‘lmoqda.

Oltinchidan, “ommaviy madaniyat” balosi ko‘plab yoshlarni o‘z domiga tortib, millat va yurt uchun butunlay begona bo‘lgan salbiy ta’sirlar kirib kelishiga sabab bo‘lmoqda.

Hurmatli partiyadoshlar!

Davrimizning da’vati sifatida paydo bo‘lgan “O‘zbek xalqiga tinchlik va omonlik kerak” degan teran ma’noli so‘zlarni biz hamisha yodimizda saqlashimiz lozim.

Bizning eng asosiy yutug‘imiz – ko‘pmillatli xalqimizning vujudga kelayotgan qiyinchilik va sinovlarni yengishga qodirligi, ularning zamonaviy dunyoqarashi, siyosiy ongi va ijtimoiy faolligining yuksalib borayotgani, atrofimizdagi voqealarga beparvo bo‘lmasdan, aksincha, daxldorlik tuyg‘usi bilan yashayotganidir.

Markaziy Osiyo mintaqasida va butun dunyoda murakkab vaziyat yuzaga kelayotgan, terrorizm, ekstremizm va radikalizm xavfi tobora ortib borayotgan bugungi sharoitda doimo hushyor va ogoh bo‘lish, mamlakatimizning mudofaa qobiliyatini, Qurolli Kuchlarimizning salohiyatini har tomonlama mustahkamlash xavfsizlik va barqarorlikni, xalqimizning osoyishta hayotini ta’minlashning eng muhim sharti va kafolati ekanini barchamiz yaxshi anglaymiz.

Bugungi  kunda mamlakatimizda 130 dan ortiq millat va elat vakillarining tinch-totuv hayot kechirayotgani – istiqlol davrida erishgan eng muhim yutuqlarimizdan biridir, desam, o‘ylaymanki, barchangiz bu fikrga qo‘shilasiz. Millatlararo totuvlikni ta’minlashda mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan 137 ta milliy madaniy markazlarning o‘rni beqiyos.

Aynan shu nuqtai nazardan kelgusida ham millatlararo totuvlik va hamjihatlikni mustahkamlash O‘zbekistonda davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri bo‘lib qoladi.

Yurtimizda hukm surayotgan diniy bag‘rikenglik muhiti tufayli mamlakatimizda 2 ming 200 dan ortiq turli diniy tashkilotlar faoliyat yuritmoqda.
Turli din vakillari o‘rtasida o‘zaro hurmat va do‘stona munosabatlarni rivojlantirish, qaysi din va e’tiqodga mansubligidan qat’i nazar, barcha fuqarolarning teng huquqliligini ta’minlash bundan buyon ham eng muhim vazifalarimizdan biri bo‘lib qoladi.

Biz muqaddas dinimizni noto‘g‘ri talqin etayotgan va uni niqob qilib, bizni orqaga, o‘rta asrlar hayotiga qaytarishga urinayotgan buzg‘unchi kuchlarga qarshi keskin kurashib keldik va bundan keyin ham qat’iy kurash olib boramiz.

Xalqimizni ishontirib aytaman: mamlakatimiz suvereniteti va mustaqilligiga raxna solishga urinadigan ichki va tashqi kuchlarning har qanday harakatlariga qarshi biz keskin zarba berishga qodirmiz. Bunga hech kimda hech qanday shubha bo‘lmasligi kerak.

Qadrli anjuman ishtirokchilari!

Jamiyatda qonun ustuvorligini ta’minlash – amalga oshirilayotgan barcha islohotlar samaradorligiga erishish, aholi turmush darajasini oshirish, mamlakatda tinchlik, totuvlik va barqaror vaziyatni ta’minlashning asosiy kafolatidir.

Shu sababli sud-huquq tizimi faoliyati to‘g‘risida gapirar ekanmiz, amalga oshirilgan keng qamrovli ishlar bilan bir qatorda, sohada o‘z yechimini kutayotgan ko‘plab muammolar mavjudligini ham ta’kidlab o‘tish lozim, deb hisoblayman.

Odamlar bizdan nimani kutayapti? Eng avvalo, davlat idoralariga qilgan murojaatlari o‘z vaqtida, xolisona va qonuniy hal etilishini kutmoqda. Lekin, ayrim rahbarlarning aholi ariza va shikoyatlarini ko‘rib chiqishda sansolarlik, mas’uliyatsizlik, ortiqcha rasmiyatchilikka yo‘l qo‘yayotgani odamlarni bezdirmoqda.

Birgina joriy yilning 9 oyida Bosh prokuraturaga 137 ming, Oliy sudga 67 ming, Adliya vazirligiga 52 mingdan ziyod kelib tushgan murojaatlarning salkam 30 foizi bevosita tergov-sud faoliyati va sud qarorlari ijrosi sohasidagi masalalar bilan bog‘liq.

Eng achinarlisi shundaki, mansabdor shaxslarning harakatsizligi oqibatida takroriy murojaatlar soni ortib bormoqda.

Qani, aytingchi, bu ahvolda aholining umuman sud-huquq tizimiga ishonchi va uni mustahkamlash to‘g‘risida gapirish mumkinmi o‘zi?

O‘ylaymanki, barchangiz bu masalaning nechog‘lik muhim ekanini yaxshi tushunasiz. Xo‘sh, vaziyatni o‘nglash uchun nima qilish kerak?

Birinchi navbatda, barcha darajadagi rahbar va mas’ul xodimlarning og‘zaki va yozma murojaatlar bilan ishlashga bo‘lgan munosabatini tubdan o‘zgartirish kerak.

Odamlar bilan ularning tilida gaplashish, dardini eshitish va muammolarini hal qilishning samarali usullarini joriy etish ustida jiddiy bosh qotirishimiz zarur.

O‘ylaymanki, bu masalaning juda muhimligini inobatga olib, uni davlat siyosatining ustuvor vazifalari  darajasiga ko‘tarish payti keldi.

Muhtaram Birinchi Prezidentimiz Odamlar hamma narsaga chidashi mumkin, lekin adolatsizlikka chiday olmaydi”, deb takror va takror ta’kidlar edilar.

Ammo, bugungi kunda sudlarda ishlarni ko‘rib chiqishda yuz berayotgan ovoragarchilik joylarda fuqarolarning haqli noroziligiga sabab bo‘lmoqda.

Aynan shu nuqtai nazardan, qabul qilinayotgan har bir qarorning asosli, adolatli va qonuniy bo‘lishini ta’minlash muhim ahamiyat kasb etadi.

Bu borada sud hokimiyatining chinakam mustaqilligini hamda odil sudlov faoliyatiga aralashganlik uchun javobgarlik muqarrarligini ta’minlash asosiy masaladir.

Eng achinarlisi, keyingi  yillarda sudlar tomonidan birorta ham oqlov hukmi chiqarilmagan.

Bundan biz, barcha tergov organlari xatosiz va juda sifatli darajada ishlayapti, degan xulosaga kelishimiz mumkinmi? Yo‘q, albatta.

Bundan tashqari, odil sudlovning mazmun-mohiyatiga mutlaqo to‘g‘ri kelmaydigan sudlar tomonidan jinoyat ishlarini qo‘shimcha tergovga qaytarish amaliyotidan voz kechish vaqti keldi.

Sud yoki oqlov, yoki qoralov hukmini chiqarishi kerak.

Shuning uchun sudyalarning vakolat muddatlarini uzaytirish orqali sudlarning chinakam mustaqilligini ta’minlashhamda xalqimiz kutayotgan adolatli qarorlar qabul qilishga har tomonlama qodir, mustahkam irodali, yuksak ma’naviy va kasbiy fazilatlarga ega bo‘lgan sud xodimlari tarkibini shakllantirish dolzarb vazifalardan biri hisoblanadi.

Odil sudlovning muhim sharti bo‘lgan tomonlar tengligi prinsipini to‘liq ishlatish uchun advokatura sohasini ham isloh qilish alohida o‘rin tutadi.
Xalqaro tajribaga nazar tashlaydigan bo‘lsak, advokat eng nufuzli, obro‘li va ishonchli kasb egasi hisoblanadi. Milliy qonunchiligimizda ham advokatlarning samarali faoliyat yuritishi uchun barcha asoslar yaratilgan bo‘lsa-da, amaliyotda bu normalar mutlaqo ishlamayotganini afsus bilan qayd etishimiz lozim.

Shu bilan birga, sud-huquq sohasida advokaturaning o‘rni va rolini yanada oshirish, advokat vakolatlarini kengaytirish bo‘yicha bir qator qo‘shimcha va samarali chora-tadbirlarni amalga oshirishimiz zarur bo‘ladi.

Yuqorida qayd etilgan muammolarni hal etish maqsadida: birinchidan, sud-huquq tizimini yanada isloh qilish; ikkinchidan, fuqarolarning huquqlarini ishonchli himoya qilish; uchinchidan, odil sudlov kafolatlarini kuchaytirishga qaratilgan masalalar bo‘yicha farmon loyihasi tayyorlanmoqda.

Bugungi kundagi yana bir ustuvor vazifamiz – mamlakatimiz rivojiga to‘siq bo‘layotgan yovuz illat, ya’ni, korrupsiya va uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashish, huquq­buzarlikning oldini olish masalalarini samarali hal etishdan iborat.

E’tibor bering, birgina joriy yilning 9 oyida 61 mingdan ortiq jinoyat va 2,5 milliondan ortiq huquqbuzarliklar qayd etilgan.

Bu raqamlar jamiyat taqdiri uchun javobgarlikni his qilgan har bir insonni o‘ylantirmasdan qo‘ymaydi, albatta. Chunki, ular kimgadir farzand, ota-ona yoki qarindosh, qolaversa, shu yurtning fuqarolaridir.

Jinoyat uchun jazo muqarrar, albatta. Lekin, o‘zimizga bir savol beraylik – fuqarolarimiz jinoyat yo‘liga kirib qolmasligi uchun shaxsan har birimiz nima ish qilyapmiz?

Shu nuqtai nazardan, faoliyatimiz, birinchi navbatda, aybdor shaxsni javobgarlikka tortib, unga “sudlangan” degan tamg‘ani bosishga emas, aksincha, huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish va profilaktikasiga qaratilishi zarur.

Afsuski, joylarda bu masalada mahalla raisi, profilaktika inspektori va boshqa mutasaddilar o‘z mas’uliyatini mutlaqo his etmayapti, desak, to‘g‘ri bo‘ladi.

Shuning uchun jinoyatchilikning oldini olish va har qanday jinoyatga adolatli baho berishga qaratilgan ishlarimiz keskin kuchaytiriladi.

Har bir holat va vaziyat bo‘yicha hokim, ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i va prokurorning aholi vakillari oldida hisobot berishini ko‘zda tutadigan yangi tizim joriy etiladi.

Xalqning dardi va tashvishlarini pisand qilmaydigan, el-yurtimiz osoyishtaligi va jamoat tartibini saqlashga, adolat va qonun ustuvorligini ta’minlashga qurbi yetmaydigan har qanday darajadagi rahbarlarga nisbatan jiddiy choralar ko‘riladi. Lo‘nda qilib aytganda, bunday loqayd va befarq shaxslarga rahbarlik lavozimlarida mutlaqo o‘rin yo‘q.

Profilaktik tadbirlarni tashkil etishda mahalla imkoniyatlaridan samarali foydalanish, jamiyatda huquqiy madaniyatni yuksaltirish, fuqarolarda qonunga hurmat hissini kuchaytirish va huquqbuzarliklarga qarshi kurashishda faol qatnashayotgan insonlarni rag‘batlantirishga alohida e’tibor qaratilishi lozim.

Oldimizda turgan ulkan maqsad va vazifalarni to‘laqonli amalga oshirish uchun davlat boshqaruv tizimi va uning apparati samarali faoliyat yuritishi zarur, albatta.

Biroq, xolisona aytganda, bugun aksariyat davlat idoralarining ish uslubi davr talabiga to‘liq javob bermaydi. Ayrim vazirlik va idoralar aholi muammolarini hal etishda rasmiyatchilikka yo‘l qo‘ymoqda, ular ko‘pincha quruq raqam va ma’lumotlar to‘plash bilan ovora.

Vazirlik va idoralarda ular mas’ul bo‘lgan sohalardagi ahvolni chuqur tahlil qilib, kamchiliklarni tizimli ravishda aniqlash hamda bartaraf etishga qaratilgan faoliyat yetarli darajada yo‘lga qo‘yilmagan.

Shu bilan birga, hududlarni har tomonlama rivojlantirish, ijtimoiy-iqtisodiy dasturlarni amalga oshirish, qonunlar ijrosini ta’minlash, joylardagi davlat boshqaruvi organlari faoliyatini muvofiqlashtirish borasida mahalliy hokimliklarning vazifa va vakolatlarini ham takomillashtirishni davrning o‘zi taqozo etmoqda.

Shu o‘rinda hokimlik idoralarining moddiy-texnik bazasini tubdan mustahkamlash, ularning xodimlari mehnatiga haq to‘lash tizimini mutlaqo qayta ko‘rib chiqish zarurligini qayd etmoqchiman.

Ushbu kamchiliklarni bartaraf etish va butun boshqaruv tizimida aniq tartib va qat’iy intizomni ta’minlash maqsadida faqat joriy yilda Bosh vazirning 2 ta o‘rinbosari, 22 ta vazir va idoralar rahbarlari, Toshkent viloyati, Jizzax, Qarshi va Termiz shaharlari hamda 21 ta tuman hokimlari lavozimlaridan ozod etildi. Ishni jamoa bo‘lib bajarsak ham, uning natijasi uchun har birimiz shaxsan javob berishimiz shart.

Muammolarning asosiy sababi – kadrlarni tanlash, tarbiyalash va joy-joyiga qo‘yish jarayonlari bilan bevosita bog‘liq. Yangicha va mustaqil fikrlaydigan, mas’uliyatli, tashabbuskor, ilg‘or boshqaruv usullarini puxta o‘zlashtirgan, vatanparvar, halol kadrlarni tanlash va tayyorlash bo‘yicha samarali tizim yaratilmas ekan, davlat boshqaruvida sifat o‘zgarishi yuz bermaydi.

Davlat idoralari faoliyatini tashkil etishda barchamiz muhim bir haqiqatni chuqur anglab olishimizni istardim.

Sodda qilib aytganda, xalq davlat organlariga emas, balki davlat organlari xalqimizga xizmat qiladigan vaqt  keldi.

Afsuski, hayotda buning aksini ko‘rsatadigan ba’zi bir raqamlarga sizning e’tiboringizni qaratmoqchiman. Shu yilning o‘zida Vazirlar Mahkamasiga, vazirlik va idoralarga, barcha darajadagi hokimliklarga tushgan murojaatlarning umumiy soni 338 mingtani tashkil etdi. Ulardan 200 mingdan ortig‘i yoki 60 foizi tuman va shaharlar hissasiga to‘g‘ri kelmoqda. Bu  raqamlar joylarda odamlarning dardu tashvishlari bilan hech bir mutasaddi rahbar astoydil shug‘ullanmayotganini ko‘rsatadi.

Ishga joylashtirish, yer uchastkalari ajratish, ish haqi va pensiyalarni o‘z vaqtida to‘lash masalalari bo‘yicha murojaatlar soni ko‘paygan. Ayniqsa, sog‘liqni saqlash va ta’lim sohalariga doir murojaatlarning oshgani, ishimizdagi kamchiliklardan dalolat beradi. Shular qatorida aholining huquqni muhofaza qilish organlariga nisbatan bo‘lgan e’tirozlari ham talaygina.

Rahbarlarning mas’uliyatsizligi, ba’zan odamlarning ehtiyojlari va haqli talablariga befarqligi, ularning murojaatlariga panja orasidan qarashlari tufayli Qashqadaryo, Toshkent, Samarqand, Surxondaryo viloyatlari va Toshkent shahridan kelayotgan shikoyatlarning oqimi doimiy ravishda ortib bormoqda.

Bundan tashqari, Bosh vazirning yaqinda Internet tarmog‘ida tashkil etilgan virtual, ya’ni, elektron qabulxonasiga o‘tgan 3 hafta ichida 50 mingdan ortiq murojaat kelib tushdi.

Bunday mas’uliyatsiz va sovuqqon munosabatga qat’iyan chek qo‘yishimiz shart. Fuqarolarning har qanday muammolarini hal etish davlatning xalqqa nisbatan asosiy majburiyatlaridan biri ekanini unutishga hech kimning haqqi yo‘q.

Shuning uchun rahbarlar muntazam ravishda xalq orasida bo‘lib, shaxsiy qabullar tashkil etishlari, joylardagi muammolarni hal qilishlari zarur.

Bundan keyin joylardagi rahbarlar faoliyatiga birinchi navbatda ular bosh­qarayotgan hududdagi aholidan tushayotgan murojaatlar soni, ularning xalq ichida yurishi, mavjud muammolarning amaliy yechimiga qarab baho beriladi. Qisqa qilib aytganda, rahbarlarga xalqning o‘zi baho beradi.

Shu bilan birga, ko‘plab davlat xizmatchilarining zimmasiga katta mas’uliyat yuklanganiga qaramasdan, ularning ish kuni va ish haftasi aniq me’yorga solinmagani hech kimga sir emas.

Jahon tajribasi shuni ko‘rsatadiki, davlat xizmatchilariga yuksak talablar qo‘yishdan oldin ularning huquqlarini kafolatlash va himoya tizimi bilan mustahkamlash darkor.

Masalaning o‘ta dolzarbligini e’tiborga olib, davlat xizmati bo‘yicha qonun qabul qilish vaqti keldi, deb hisoblaymiz.

Mamlakatimizda demokratik islohotlarni izchil amalga oshirishda fuqarolik jamiyati institutlari, nodavlat notijorat tashkilotlari, ommaviy axborot vositalari alohida o‘rin egallaydi.

Shu bois jamoatchilik nazoratining ta’sirchan mexanizmlarini rivojlantirish maqsadida zarur choralarni ko‘rishimiz kerak. Bu borada “Kuchli davlatdan – kuchli fuqarolik jamiyati sari konsepsiyasini izchil davom ettirish eng ustuvor vazifalarimiz qatoriga kiradi.

Ma’lumki, dunyoda noyob, o‘xshashi yo‘q mahalla tizimi mustaqillik yillarida aholiga eng yaqin va xalqchil tuzilmaga aylandi.

Qaysi mahallada ish to‘g‘ri tashkil etilib, fuqarolar bilan yaqin hamkorlik o‘rnatilgan bo‘lsa, o‘sha yerda hamjihatlik, mehr-oqibat muhiti hukm surmoqda, noxush holatlarga yo‘l qo‘yilmayapti.

Shularning barchasini e’tiborga olib, biz bu tuzilmani yanada qo‘llab-quvvatlashimiz va har tomonlama rivojlantirishimiz zarur.

Birinchi navbatda, mahallaning jamiyatdagi o‘rni va rolini yanada kuchaytirish, huquq va vakolatlarini kengaytirish, moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, ushbu tizimda faoliyat ko‘rsatayotgan rahbar va xodimlarning malakasi va saviyasini muntazam oshirib borish lozim bo‘ladi.

Mahalla institutining joylarda xalqning maslakdoshi va ko‘makdoshiga, ta’bir joiz bo‘lsa, “adolat tarozisi”ga aylanishi, hech shubhasiz, odamlarning davlatga bo‘lgan ishonchini yanada mustahkamlaydi.

Yana bir muhim masala – islohotlar jarayonida ommaviy axborot vositalarining rolini kuchaytirish bilan bog‘liq. Axborot sohasini rivojlantirish borasida o‘tgan davrda katta ishlar qilindi. Kelgusida jurnalistlarning professional faoliyatini himoya qilish, ommaviy axborot vositalarining iqtisodiy asoslari va moddiy bazasini yanada mustahkamlashga qaratilgan ishlarimiz izchil davom ettiriladi.  

Aziz do‘stlar!

Davlatimiz rahbari “Iqtisodiy mustaqillikka erishmasdan turib, siyosiy mustaqillikni ta’minlab bo‘lmaydi”degan edilar. Mustaqillik yillarida iqtisodiyotimiz qariyb 6 barobarga o‘sdi.  Unda sanoatning ulushi 14 foizdan 34 foizga oshdi. Oxirgi 11 yil davomida yalpi ichki mahsulotning o‘rtacha yillik o‘sishi 8 foizdan kam bo‘lmagan darajada saqlanmoqda. Faol investitsiya siyosati amalga oshirilmoqda.

Lekin, hammamizga ayonki, o‘sish sur’atlari – bu shunchaki bir maqsad emas. Bunday o‘sish avvalo xalqimizga, har bir fuqaroga qanday naf yetkazishi, uning dasturxonida, kundalik hayotida aks etishi biz uchun muhim masaladir.

Ayni shu nuqtai nazardan, biz kelgusida mamlakatimizni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish borasida asosiy diqqat-e’tiborni quyidagi strategik yo‘nalishlarga qaratishni zarur, deb hisoblaymiz.

Birinchidan, makroiqtisodiy barqarorlikni yanada mustahkamlash va keyingi yillarda erishilgan iqtisodiy o‘sish sur’atlarini saqlab qolish. Shuningdek, milliy valyutamiz, ichki bozordagi narx-navo barqarorligini ta’minlash.

 Moliyaviy sohada esa – tarmoq va hududlarni mutanosib rivojlantirish hisobidan mahalliy byudjetning daromad bazasini kengaytirish lozim bo‘ladi.

Tuman va shaharlarda mahalliy byudjetlar imkoniyatlarining kengayishi – shu hududlarda yashaydigan aholining turmush darajasi va sharoitlari yaxshilanishiga, umuman barqarorlik va oso­yishtalikka xizmat qilishi lozim.

Agar biz shahar va tuman byudjetlarining daromadlar bazasini kengaytirmasak, hech qachon ushbu hududlarni jadal rivojlantirish mumkin emasligini yaxshi anglashimiz kerak.  

Ikkinchidan, iqtisodiyotimizning ja­hon bozoridagi raqobatdoshligini yanada oshirish, uning soha va tarmoqlarini modernizatsiya va faol diversifikatsiya qilishdir.

Bizning oldimizda 2030 yilga qadar yalpi ichki mahsulot hajmini ikki barobardan ziyod ko‘paytirish, iqtisodiyotimiz tarkibida sanoatning ulushini 40 foizga yetkazish bo‘yicha o‘ta muhim vazifalar turibdi.

Shu maqsadda yaqinda kimyo sanoatini, rangli va nodir metallar, uglevodorod xomashyosini qayta ishlash, to‘qimachilik, charm-poyabzal, farmatsevtika, meva-sabzavot mahsulotlari va qurilish materiallari sanoatini rivojlantirish bo‘yicha8 ta maxsus dastur qabul qilindi.

Ana shu dasturlar doirasida yaqin besh yil ichida umumiy qiymati qariyb 40 milliard dollar bo‘lgan 657 ta investitsiya loyihasini amalga oshirish ko‘zda tutilmoqda. Natijada sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi 1,5 barobar ortadi.

Hozirgi vaqtda mahalliy xomashyoni chuqur qayta ishlash imkoniyatiga ega bo‘lgan to‘qimachilik sanoatini yanada rivojlantirish bo‘yicha alohida dastur ishlab chiqildi. Mazkur dastur qiymati 2 milliard 300 million dollar bo‘lgan 140 ta investitsiya loyihasini amalga oshirishni nazarda tutadi. Tayyor to‘qimachilik mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi 3 barobar oshadi.

Yana bir muhim masala. Arzon va ishonchli dori-darmon bilan ta’minlash masalasida bugun biz aholimizdan qarzdormiz va o‘ylaymanki, bu qarzni uzish vaqti keldi.

Ayni paytda biz tibbiyot xodimlari tomonidan bemorlarga qimmat dorilarni asossiz ravishda tayinlashga, dorixona tarmoqlarida narx-navoning besabab oshib ketishiga yo‘l qo‘ymaydigan eng qat’iy choralarni ko‘ramiz. Davlat dorixona tarmoqlarida hayotiy muhim dori vositalarining aniq belgilangan narxlarda sotilishi ta’minlanadi.

Bu borada tasdiqlangan dasturdagi va hududiy 100 dan ortiq loyihalarning amalga oshirilishi 162 ta yangi, hozirgi vaqtda chetdan olib kelinayotgan dori vositalarini o‘zimizda ishlab chiqarish va ularning umumiy hajmini 2,5 barobar oshirish imkonini beradi.

Hammamizga ma’lumki, hozirgi vaqtda Navoiy, Jizzax va Angren hududlarida erkin industrial zonalar samarali faoliyat ko‘rsatmoqda. Berilgan imtiyozlar korxonalar tomonidan innovatsion loyihalarni muvaffaqiyatli amalga oshirishga imkon yaratmoqda.  

Bu ijobiy tajribani kengaytirish maqsadida Urgut tumanida ham erkin industrial-iqtisodiy zona tashkil etilmoqda. Yaqin kelgusida Qo‘qon shahri va G‘ijduvon tumanida ham ana shunday hududlar tashkil etish rejalashtirilmoqda.

Uchinchidan, aholimizning soni va yoshi tarkibini hisobga olib, aholi bandligi muammosiga doir tizimli ishlarni davom ettirishimiz zarur.

Yaqinda Hukumat majlisida deputat va senatorlar ishtirokida 2017 yilda yangi ish o‘rinlari tashkil etish dasturi loyihasi muhokama qilindi.

Dastur 390 ming kishini doimiy ish joyi bilan, 200 ming kishini – qishloq xo‘jaligi hamda qurilishda mavsumiy va vaqtinchalik ish bilan, 309 ming kishini – shaxsiy yordamchi va dehqon xo‘jaliklari, hunarmandchilik va oilaviy tadbirkorlik orqali ish bilan ta’minlashni nazarda tutadi.

Ushbu vazifalarni amalga oshirishda har doimgidek Liberal-demokratik partiya a’zolarining faol qo‘llab-quvvatlashi va yordamiga umid qilamiz.
To‘rtinchidan, qishloq xo‘jaligini yanada isloh qilish bo‘yicha ustuvor vazifa – avvalo yer va suv resurslaridan oqilona foydalanishdir.

Bu borada zamonaviy intensiv agrotexnologiyalarni keng joriy etish, mahsulotlarni saqlash infratuzilmasini takomillashtirish hamda chuqur qayta ishlashga alohida e’tibor qaratiladi.
Hosildorligi past yerlarda paxta ekishni qisqartirish sabzavot, dukkakli va ozuqabop ekin maydonlarini kengaytirish, ilg‘or xorijiy tajribalarni qo‘llagan holda, yuqori texnologiyaga asoslangan intensiv bog‘ va uzumzorlar barpo etish bilan birgalikda olib boriladi.

Masalan, keyingi yillarda Surxondaryo viloyatida paxta hosildorligi pastligicha qolmoqda. Fermer xo‘jaliklarining iqtisodiy ahvoli yildan-yilga yomonlashmoqda. Tomorqalardan foydalanish ham talab darajasida emas. Vaholanki, Surxondaryo viloyatining tuproq-iqlim sharoitida fevral oyidan boshlab bemalol 3 marta hosil olish imkoni bor.

Shuning uchun 2017 yilda tuproq unumdorligi past yerlar hisobidan ushbu hududning qariyb 18 ming gektar paxta va 1000 gektar g‘alla maydonlari qisqartiriladi. Ushbu maydonlarda sabzavot va meva yetishtiriladi, intensiv bog‘ va tokzorlar barpo etiladi, issiqxonalar tashkil qilinadi. Natijada mahsulotlarni chuqur qayta ishlash hajmi keskin ko‘payib, qo‘shimcha qiymatli eksportbop mahsulotlar tayyorlanadi. Bu aholining manfaatdorligi oshishi va daromadi yanada ko‘payishiga olib keladi.

Ana shu masala boshqa viloyatlarda ham bosqichma-bosqich qayta ko‘rib chiqiladi va bunday tadbirlar ularda ham davom ettiriladi.

Yaqin kunlarda 2017-2020 yillarga mo‘ljallangan ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaliklarini rivojlantirish dasturini ishlab chiqish yakuniga yetkaziladi.

Dasturga muvofiq, ekin maydonlarini optimallashtirish, paxta maydonlarini bosqichma-bosqich qisqartirish ta’minlanadi.

Asosiy e’tibor eksportga yo‘naltirilgan meva-sabzavot va oziq-ovqat hamda chorvachilik mahsulotlari yetishtirishni ko‘paytirishga, shuningdek, kichik ishlab chiqarish shoxobchalarini tashkil etish va servis xizmatlari ko‘rsatishga  qaratiladi.

Kelgusi 5 yilda biz meva-sabzavot mahsulotlarini qayta ishlash hajmini 1,8 barobar oshirib, bugungi 17 foizdan 30 foizga ko‘paytirishni vazifa qilib qo‘ymoqdamiz.

Qo‘shimcha tarzda 200 ming tonna mahsulot saqlash quvvatiga ega bo‘lgan sovutgichli omborxonalar quriladi. Bu o‘z navbatida yangi ish o‘rinlari ochish, aholi daromadini ko‘paytirish va mahalliy byudjetga qo‘shimcha mablag‘ tushirish imkonini beradi.

Asosiy vazifalarimizdan yana biri – qishloq xo‘jaligini moliyalashtirishning mavjud tizimini takomillashtirishdan iborat.

Bu ishlarni amalga oshirmasdan turib, biz kafolatlangan barqaror hosildorlikni, butun agrosanoat kompleksini rivojlantirishni va eng muhimi, fermerlarning moddiy manfaatdorligini oshirishni va qishloq joylarda turmush darajasini yaxshilashni ta’minlay olmaymiz. Bu tadbirlarning amalga oshirilishi ustuvor vazifalarimizdan biri bo‘lib qoladi.

Beshinchidan, oldimizda turgan yana bir vazifa – xususiy mulk va tadbirkorlikni rivojlantirishga xalaqit berayotgan barcha to‘siq va cheklovlarni bartaraf etishdan iborat.

Bu borada kichik biznes, xususiy tadbirkorlik sub’yektlari va fermer xo‘jaliklarining eksportdagi ishtirokini yanada rag‘batlantirish bo‘yicha qo‘shimcha kompleks chora-tadbirlar amalga oshiriladi.

Partiyamizning asosiy elektorati bo‘lgan tadbirkorlar faoliyatini jadal rivojlantirish jamiyatimiz taraqqiyoti va farovon hayotimizning mustahkam tayanchi, iqtisodiyotimiz barqaror o‘sishining eng muhim kafolatidir.

Ma’lumki, bugungi kunda tadbirkorlik sohasining yalpi ichki mahsulotdagi ulushi 56,5 foizga yetdi. Aholining 78 foizi aynan shu tarmoqda mehnat qilib, mamlakatimiz rivojiga munosib hissa qo‘shmoqda.

Biroq, tadbirkorlikni jadal rivojlantirishga qaratilgan qator choralar ko‘rilishiga qaramasdan, doimiy tekshirishlar, moliyaviy-xo‘jalik faoliyatiga noqonuniy aralashuvlar oqibatida tadbirkorlar o‘z ishini vaqtincha to‘xtatishga, ayrim hollarda esa umuman tugatishga majbur bo‘lmoqda.

Jinoyat ishlarini tergov qilish doirasida o‘tkazilayotgan tekshirishlarning uzoq muddat davom etishi tadbirkorlarning haqli noroziligiga sabab bo‘lmoqda.

Shuningdek, litsenziya va ruxsatnomalar berish jarayoni oylab cho‘zilishi tufayli fuqarolar tadbirkorlik bilan noqonuniy tarzda shug‘ullanishiga o‘zimiz zamin yaratmoqdamiz. Mansabdor shaxslarning ta’magirlik holatlariga to‘liq chek qo‘yilmagan.

Tekshiruv tartiblarini buzish holatlari asosan soliq, yong‘inga qarshi kurash, sanitariya nazorati, kadastr, tabiatni muhofaza qilish va boshqa nazorat qiluvchi organlar hissasiga to‘g‘ri kelmoqda.

Joriy yilning o‘tgan davrida xo‘jalik sudlarida xususiy tadbirkorlik, kichik biznes sub’yektlari va fermer xo‘jaliklarining huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilishga oid 23 mingta ish ko‘rilib, tadbirkorlar foydasiga 640 milliard so‘m undirish haqida qarorlar qabul qilingan, 133 nafar aybdor mansabdor shaxslarga nisbatan tegishli sud ta’sir choralari ko‘rilgan.

Rejadan tashqari va muqobil tekshirishlar nazorat organlariga tadbirkorlik sub’yektlarini istalgan vaqtda tekshirish imkonini beradi. Ular orasida eng keng tarqalgan qisqa muddatli tekshirishga esa tekshiruvchi idoraning o‘zi ruxsat bermoqda. Tekshirishlar tirnoq ostidan kir qidirish, kamchilik topishga yo‘naltirilgan bo‘lib, oxir-oqibatda tadbirkorlarni sindirmoqda.

Shu sababli tekshirish turlari, ularni o‘tkazish tartibi va asoslarini tanqidiy ko‘rib chiqish, nazorat organlarining vakolatlarini qat’iy cheklash, tadbirkorlar javobgarligini liberallashtirish bo‘yicha aniq choralar ko‘rish vaqti keldi, deb o‘ylayman.

Bu muammolarni e’tiborga olib, yaqinda qabul qilingan Farmonga muvofiq, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikka keng erkinlik berish, ular faoliyatiga noqonuniy aralashuvni tubdan qisqartirish, huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish va profilaktika samaradorligini  oshirish siyosatimizning ustuvor yo‘nalishi va davlat organlarining birinchi darajali vazifasi etib belgilandi.

Shuningdek, tadbirkorlik sub’yektlari faoliyatini rejadan tashqari va muqobil tekshirishlarning barcha turlari bekor qilindi.

Birinchi marta huquqbuzarlik sodir etib, yetkazilgan zararni qoplagan tadbirkorlar ma’muriy va jinoiy javobgarlikdan, jarimalar va moliyaviy sanksiyalardan ozod qilinadi.

Tadbirkorlik sub’yektlariga nisbatan tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish huquqidan mahrum qilish tarzidagi jinoiy jazoni qo‘llash bekor qilindi.

Xorijiy investitsiyalar ishtirokida yangidan tashkil etiladigan ishlab chiqarish korxonalariga davlat ro‘yxatidan o‘tgan vaqtida amalda bo‘lgan soliq va boshqa majburiy to‘lovlar stavkalarini besh yil mobaynida qo‘llash huquqi berildi.

Tadbirkorlik faoliyatiga aralashish, faoliyatni asossiz to‘xtatib qo‘yganlik uchun mansabdor shaxslarning javobgarligi, shuningdek, ularga yetkazilgan zararni bevosita aybdorlardan undirish tartibi belgilandi.

Mazkur Farmon bilan Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida, Ma’muriy tartib-taomillar to‘g‘risida, Davlat xaridlari to‘g‘risida va Davlat-xususiy sheriklik to‘g‘risidagi kabi muhim qonunlarni qabul qilish nazarda tutildi.

Oltinchidan, mamlakatimiz iqtisodiy qudratining o‘sishi, aholining turmush darajasi va sifatini oshirishga, ayniqsa, qishloq joylarda bunga erishish – avvalambor, mamlakatimiz hududlarining kompleks va izchil rivojlanishi bilan belgilanishini yaxshi tushunamiz. Bu bizning ham yaqin, ham uzoq muddatli istiqboldagi vazifamizdir.

Bugungi kunda 14 ta hududdan 5 tasi yoki ularning 36 foizi, ya’ni Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Jizzax, Namangan, Surxondaryo va Sirdaryo viloyatlari respublika byudjetidan subvensiya oluvchi hududlar qatoriga kiradi.

Bundan tashqari, Jizzax va Yangiyer shaharlari hamda 167 ta tumandan 121 tasida yoki 72 foizida mahalliy byudjet daromadlari subvensiya yordamida shakllantirilmoqda.

Tavsiya etamiz






Tavsiya etamiz

Ҳар доим хабардор бўлинг!

carzone.uz мобил иловаларини кўчириб олинг ва барча янгиликлар сиз билан