Sherzod Shermatov AKT vaziri lavozimiga ma’qullandi

Sherzod Shermatov AKT vaziri lavozimiga ma’qullandi

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining 17 noyabrdagi yalpi yig‘ilishida Xalq ta’limi va Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirliklariga rahbar nomzodini ma’qullash masalasi ko‘rib chiqildi. Bu haqda deputat Doniyor G‘aniyev o‘zining Telegram’dagi kanali orqali xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri lavozimiga shu kunga qadar xalq ta’limi vaziri lavozimida ishlab kelayotgan Sherzod Shermatov nomzodi ma’qullangan. Eslatib o‘tamiz, 3 noyabr kuni ijtimoiy tarmoqlar bloklanishi ortidan prezident farmoni asosida Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Shuhrat Sodiqov lavozimidan ozod etilgandi.

Xalq ta’limi vaziri lavozimiga esa shu kungacha O‘zbekistonning 2017 yildan buyon Xitoydagi favqulodda va muxtor elchisi sifatida ishlab kelayotgan Baxtiyor Saidov nomzodi ma’qullangan.

Ma’lumot uchun, Sherzod Shermatov 2018 yilning iyunidan buyon xalq ta’limi vaziri lavozimida ishlab kelayotgandi. U 2014 yildan 2016 yilning noyabrigacha Toshkentdagi Inha universiteti rektori bo‘lgan, 2016 yil noyabridan 2017 yil fevraligacha esa axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirining birinchi o‘rinbosari sifatida ishlagan.