Bir paytlar postkolonial va postimperial millatchiliklar haqida yozgandim.
“Lukoyl” voqeasi o‘zimizda, orqa hovlimizda bu ikki yangi millatchilikning to‘qnashuvi haqida misollar bilan fikr yuritishga imkon beradi. Maishiy kontekstdan chekinib, antropologik sathga ko‘chadigan bo‘lsak, Qudratxo‘jayev keysi – postkolonial millatchilik, Shilov keysi – postimperial millatchilik. “Bu shunchaki ishchi vaziyat” deyotganlar masalaning tarixiy kontekstini tushunmaydi.
Shilovning tilidan o‘n yillar davomida shakllangan ijtimoiy ko‘nikmalar gapiryapti: Markaziy Osiyo hukmronlari bo‘lgan ruslar yerli xalqlarga “qo‘y” sifatida qarashga o‘rganib qolgan va bu assotsiatsiya hali ham ong ostida tirik. Bir paytlar qora tanlilarni “nigger” deb qul qilgan oq tanlilar “nigger” so‘ziga irqchilik konnotatsiyalarini yuklaganidek, rus tilida ham “baran” degan haqorat shovinistik konnotatsiyaga ega. Bu – lingvistik antropologiyada yaxshi o‘rganilgan masala.
Postkolonial millatchilik himoyaviy taktika qo‘llaydi. Qudratxo‘jayev o‘zbekcha gapirishni talab qilganidan “meni ham hurmat qil axir, tilimni o‘rgan” degan mazmun kelib chiqadi. Bu – himoya taktikasi bo‘lib, sobiq koloniyalarda shakllanayotgan millatlarga xosdir. Asrlar davomida tili va madaniyati xo‘rlanib kelgan xalqlar imkoniyati tug‘ilganda revansh olish maqsadida o‘ziga nisbatan hurmat talab qila boshlaydi. Ya’ni ular o‘zlari bilmagan holda sobiq metropoliyaga yuqori baho berib, uning hurmatini ko‘rishni istaydi. Bu inson psixologiyasiga xos narsa: seni masxara qilib, yerga urib yuradigan odamga zo‘rligingni isbotlamoqchi bo‘lasan.
Postimperial millatchilik hujum taktikasini qo‘llaydi. U Yevropa imperiyalarida shakllangan millatchilik va imperializmning mantiqiy davomidir. Postkolonial millatchilar har qalay opponentiga odam sifatida qaraydi, lekin postimperial millatchilar uchun sobiq mustamlaka odamlari – odam emas, “qo‘y”, “eshak”, “qora tanli hayvon” va hokazo. Bu “qo‘y”lar imperiya tilini bilsa ham, ularga bo‘lgan munosabat o‘zgarmaydi. Ishonchim komilki, Shilovdan gap eshitgan ishchilar rus tilini oz-moz biladi, eng kamida tushunadi. Biror rus o‘zbek tilini shu darajada bilsa, o‘zbek millatchisi xursandligidan uni o‘pib tashlaydi. Lekin postimperial millatchilik opponent til bilishiga qarab unga bo‘lgan munosabatini o‘zgartirmaydi, negaki u opponentiga aqliy saviyasi past deb qaraydi, uning intellektual rivojini shubha ostiga oladi. Postkolonial millatchilik har qalay opponentini o‘zidan ko‘ra aqlsizroq, saviyasizroq deb hisoblamaydi.
Zamonaviy millatchilikning bu ikki ko‘rinishini farqlash muhim, negaki ularning ildizi boshqa-boshqa, mohiyati, prinsiplari ham bir-biridan farq qiladi, natijalari ham har xil bo‘ladi. Imperial millatchilikning eng mudhish ko‘rinishi Gitler natsizmi bo‘lgan.
Shilovni himoya qilayotganlar o‘zlari bilmagan holda g‘ayriinsoniy ideologiyani himoya qilayotganini tushunmayapti.
Eldar ASANOV
Jurnalist va filolog
Eslatma: Muallif fikri tahririyat nuqtai nazarini ifodalamasligi mumkin.