Shohi-Zindadan o‘g‘rilangan koshinlar Londondan qaytariladi

Shohi-Zindadan o‘g‘rilangan koshinlar Londondan qaytariladi

O‘g‘rilangan olti koshindan biri. Foto: Britaniya muzeyi

Britaniya muzeyi Londonga kontrabanda yo‘li bilan olib ketilgan XIII asrga oid koshinlarni O‘zbekistonga qaytarishga yordam beradi. Bu haqda The Guardain nashri xabar bermoqda.

Samarqandning chetida joylashgan o‘rta asrlarga oid memorial majmuadan oltita sirlangan koshin shu yilning yanvar oyida Londondagi Hitrou aeroportiga chamadonda olib kelingan. Ularni Dubaydan yashirincha olib chiqqan odam, plitkalarni artefaktlar – 1:1 ko‘chirilgan nusxalar ekanini da’vo qilmoqda. Buning isboti sifatida u koshinlarni taxminan 70 funt sterlingga Sharjada sotib olinganligi to‘g‘risida kvitansiyani ko‘rsatgan.

Buyuk Britaniya chegara xizmati xodimlari koshinlarning haqiqiyligi va qayerdan kelganini aniqlash uchun Britaniya muzeyi xizmatchilari bilan bog‘lanadi. Muzeyning Yaqin Sharq bo‘limining katta mutaxassisi Sent-Jon Simpsoning aytishicha, koshinlar haqiqiy va ular bir necha o‘ng minglab funt turadi. Mutaxassis Yaqin Sharq va Markaziy Osiyo hamda AQSh va Rossiyadan kelgan mutaxassislardan yordam so‘radi. Natijada, koshinlar XIII asr oxiri - XIV asrning o‘rtalariga to‘g‘ri kelishi aniqlandi.

O‘zbek mutaxassislari ushbu koshinlar Samarqanddagi Shohi-Zinda majmuasidan ko‘chirib olinganini tasdiqladi. Ularning so‘zlariga ko‘ra, 1996 yilda va 2000 yil boshlarida u yerda qazish ishlari va tiklash ishlari olib borilgan va o‘sha paytda topilgan bir qator sirlangan buyumlar hali hisobga olinmagan.

Samarqandning qadimiy artefaktlari O‘zbekistonga qaytarilishidan oldin 2-3 oy Britaniya muzeyida namoyish etilishi rejalashtirilgan.

“Noqonuniy ravishda sotilgan madaniy boyliklarni aniqlash muzey ishining juda muhim qismidir. So‘nggi o‘n yil ichida biz 2500 dan ziyod buyumlarni Iroq, Afg‘oniston, O‘zbekiston va boshqa mamlakatlarga qaytarishda yordam berdik”, - dedi Britaniya muzeyi direktori Hartvig Fisher.

O‘zbekistonning Buyuk Britaniyadagi elchisi Said Rustamov muzey va Buyuk Britaniyaning chegara xizmatchilariga minnatdorlik bildirib, O‘zbekiston Madaniyat vazirligi va boshqa davlat organlari Britaniya muzeyi va Buyuk Britaniyaning huquqni muhofaza qilish idoralari bilan antiqa buyumlarning noqonuniy savdosiga qarshi kurashda hamkorlikni yanada mustahkamlashini ta’kidladi.

Eslatib o‘tamiz, 2017 yilda Britaniya muzeyi Buxoro viloyatining Vobkent tumanida joylashgan o‘rta asrlar obidasi Chashmai-Ayub maqbarasi jabhasining o‘g‘irlangan qismini O‘zbekistonga qaytarishga yordam berdi.