Shovqin iskanjasidagi xonadondan video. Bolani kasal qilgan generator

Shovqin iskanjasidagi xonadondan video. Bolani kasal qilgan generator

Ko‘pqavatli uydagi qo‘shningiz perforator ishlatganmi? Devorni emas, miyangizni parmalaydigan shovqindan oromingiz yo‘qolgan bo‘lsa, navbatdagi maqolamiz qahramonining dardini anglay olasiz. Faqat siz uzog‘i bir hafta perforator dirillashini tinglagan bo‘lsangiz, andijonlik Mirzohid Hakimovlar oilasi besh yildan beri generator shovqinida yashab kelmoqda.

Hakimovlar oilasi Andijon viloyati, Oltinko‘l tumani, Maslahat qishlog‘i Hasan-Husan mahallasi, Yuksalish ko‘chasi, 9-uyda tinch-omon yashab kelishayotgan edi. Nima bo‘ldiyu, 2014 yilda ularning hovlisi yonidagi antennaga kattakon elektr generatori o‘rnatildi. Generator katta bo‘lgach, shovqini ham shunga yarasha bo‘ladi. Qishloq joyda esa elektr bir soat yonsa, ikki soat o‘chishini yaxshi bilasiz. Shundan keyin Mirzohid akaning uyida tinchlik yo‘qoldi.

Generatorning shovqinidan tashqari vibratsiyasi ham bo‘ladi. Ikkisi bir bo‘lib Mirzohid akaning xonadoniga kechayu kunduz ta’sir qilishi oqibatida kichik bolakay kasallikka chalinib qo‘rqadigan bo‘lib qoldi. Otaning o‘zi sog‘lig‘idan ajraldi. Uyoqqa yozdi, buyoqqa yozdi – dardini tinglaydigan mard topilmadi.

Generator shovqini kamdek 2017 yilda bir tadbirkor uy yonboshiga mini-stadion qurdi. Stadion bo‘lgach, shovqini ham bo‘ladi. Baqir-chaqir bo‘ladi, ayniqsa biznikilar so‘kinmasdan to‘p tepsa tiliga chipqon chiqadi. Maydondagilarning o‘zaro shaloq gaplaridan Mirzohid aka qizlarining oldida qizarib-bo‘zarishdan bo‘shamay qoldi.

Oila boshlig‘i saytimizga yozgan xatida “arena bilan uyim orasidagi masofa ikki metr, generatordan uyimgacha esa besh metr” deydi. U mahalla raisi, profilaktika inspektori, deputat, virtual qabulxona, tuman Ichki ishlar bo‘limi, Ichki ishlar vazirligigacha arz qilgan. Vazirlik arena yopilishiga buyruq bergan, ish ma’muriy sudga oshirilgan, javobgarga eng kam oylik ish haqi miqdorida jarima solingan (mini stadion egasi besh soatda topadigan mablag‘) ammo muammo hal bo‘lmagan. “Aksincha, arizamni ko‘rganlar boshqa ariza yozsang yo‘qotib yuboramiz, deb tahdid qildi”, dedi Mirzohid Hakimov bizga yozgan xatida.

Hakimov prezident Shavkat Mirziyoyevga murojaat qilishga qat’iy qaror qilganini yozgan. “Ariza yozsam, hokimiyat, Ichki ishlar, prokuratura ko‘rmay huquqimni poymol qilyapti, siz chiqarayotgan qaror va qonunlarning ijrosini ta’minlaydigan odamning, tashkilotning o‘zi yo‘q”, deb yozgan u.

Mirzohid Hakimov va uning oilasi Shahzodaxon Hakimova o‘z ta’biri bilan aytganda “odamlarga o‘xshab tinchlikda bolalari dars qilishini, tinch yotib uxlashni” istaydi. Buning uchun stadion va generatorni yoki o‘zining xonadoni boshqa tinch yerga ko‘chirilishida amaliy yordam berilishini xohlaydi. Niyati qat’iyligiga azbaroyi ishontirish uchun pasporti nusxasini ham yuborgan.

Andijonlik mutasaddilar Mirzohid Hakimovni topib muammosini hal etishda qiynalmasliklari uchun telefon raqami: +99890 543 43 30