Валюта курси: Ўз.Р.Марказий банки
USD
АҚШ доллари
EUR
Eвро
RUB
Россия рубли
Sayt test rejimida ishlayapti!!!

Сўнгги янгиликлар






"Siz bilan biz “Naya Pakiston” va "Yangi O‘zbekiston"ni qurayapmiz". Shavkat Mirziyoyev Imron Xon bilan kengaytirilgan doirada muzokara o‘tkazdi
15.07.2021 21:24,  
64

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Pokiston bosh vaziri Imron Xon muzokaralarni ikki mamlakat rasmiy delegatsiyalari ishtirokida davom ettirdi. Unda siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, transport va tranzit sohalaridagi hamkorlikni rivojlantirish masalalari ko‘rib chiqildi.

Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston bilan Pokiston o‘rtasidagi an’anaviy do‘stlik va ko‘p qirrali amaliy hamkorlik mustahkamlanib borayotgani, har ikkala mamlakatning taraqqiyot erishish yo‘lidagi islohotlari ham bir-biriga hamohang va o‘xshash ekanini ta’kidladi.

«Dunyoda yuksak nufuzga ega Pokiston O‘zbekiston uchun salohiyatli va istiqbolli hamkordir. Siz bilan biz ‘Naya Pakistan’ va Yangi O‘zbekistonni quryapmiz. Ijtimoiy yo‘naltirilgan islohotlarimizning mazmuni va ruhi bir-biriga o‘xshash va uyg‘undir. Sizning ushbu tashrifingiz ko‘pqirrali munosabatlarimiz tarixida yangi davrni boshlab beradi», – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Tomonlar mamlakatlar o‘rtasidagi sheriklikni kengaytirish va rivojlantirishda intilishlari qat’iy ekani va bu borada aniq choralarni ko‘rishga tayyorligini qayd etdilar.

Keyingi davrda o‘tgan uchrashuvlar hamda onlayn-sammitdan so‘ng o‘zaro munosabatlarda katta siljishga erishildi. Ko‘p qirrali muloqotlar va madaniy almashinuvlar faollashdi.

Kecha Hukumatlararo qo‘shma komissiya yig‘ilishi o‘tkazildi. Bugun esa Toshkentda birinchi marta O‘zbekiston va Pokiston ishbilarmonlari biznes-forumi o‘tkazilyapti.

So‘nggi yillarda mamlakatlar o‘rtasida savdo hajmi to‘rt barobar o‘sdi, qo‘shma korxonalar soni deyarli yuzdan ortiqqa ko‘paydi. Bugungi kunda O‘zbekistonda pokistonlik investorlar tomonidan tashkil etilgan 163 ta korxona faoliyat ko‘rsatmoqda.

Pokiston Janubiy Osiyo va jahonning yirik bozorlariga chiqishda O‘zbekiston uchun muhim ko‘prik vazifasini o‘taydi. Termiz– Mozori Sharif–Kobul–Peshovar temir yo‘lining qurilishi nafaqat savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy hamkorlikni rivojlantirish, balki mintaqa davlatlari o‘rtasida o‘zaro hamjihatlikni kuchaytirishga xizmat qiladi.

2021 yil fevral oyida Toshkentda Afg‘oniston, Pokiston va O‘zbekiston delegatsiyalari xalqaro moliya institutlari vakillari ishtirokida ushbu ulkan loyihani amalga oshirish istiqbollarini muhokama etib, temir yo‘lni qurish bo‘yicha qo‘shma harakatlar rejasi – «yo‘l xaritasi»ni imzolagan edilar.

Prezident Shavkat Mirziyoyev mamlakatlar savdo-iqtisodiy sohada hali ishga solinmagan katta salohiyatga ega ekani, o‘zaro savdo hajmini 4-5 barobar ko‘paytirish uchun sharoit borligini ta’kidladi.

Qishloq xo‘jaligi, mashinasozlik va qurilish, farmatsevtika va kimyo, yengil sanoat va boshqa ustuvor sohalarda kooperatsiyalarni tashkil etish masalalariga e’tibor qaratildi. Ushbu sohalardagi loyihalar yaqin hamkorlikda amalga oshirilsa, O‘zbekiston va Pokiston iqtisodiyoti uchun yangi imkoniyatlar ochiladi.

Muzokarada bunday loyihalarni har tomonlama rag‘batlantirish va tez fursatlarda amalga oshirish uchun barcha zarur yordam va imtiyozlarni berishga kelishib olindi.

Hududlararo hamkorlik aloqalari kengayib borayotganini alohida qayd etish lozim. 2021 yil fevral oyida Panjob gubernatori yurtimizga tashrif bilan keldi. Namangan viloyati delegatsiyasi Panjob va Sind provinsiyalarida bo‘ldi.

Uchrashuvda ikki mamlakat boshqa viloyatlarini ham o‘zaro hamkorlik aloqalari bilan bog‘lash zarurligiga e’tibor qaratildi. 16 iyundan Toshkent va Lahor o‘rtasida aviaqatnov tiklandi. Yangi havo yo‘nalishlarini yo‘lga qo‘yish yuk tashishlarning kengayishi va o‘zaro turizmning rivojlanishiga ham xizmat qiladi.

O‘zbekiston va Pokiston Afg‘onistondagi salbiy vaziyatning avj olishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun birgalikdagi sa’y-harakatlarni ishga solishga, afg‘onlararo tinchlik muzokaralarini qayta tiklashda ko‘maklashishga tayyorligi qayd etildi.

Xavfsizlik sohasida qo‘shma guruh tuzish, uning ilk majlisini Toshkentda o‘tkazish taklifi bildirildi.

Uchrashuvda madaniy-gumanitar aloqalarni rivojlantirish, mushtarak ma’naviy merosimizni birgalikda o‘rganish, ilm-fan, ta’lim, madaniyat va sport sohalaridagi hamkorlikni kuchaytirish masalalariga ham to‘xtalib o‘tildi.

O‘zbekiston va Pokiston xalqlari o‘rtasidagi do‘stlik aloqalari uzoq o‘tmishga borib taqaladi. Bu rishtalar bugungi kunda tarixiy ildizlardan kuch olib, yanada rivojlanmoqda. Zahiriddin Muhammad Bobur va boburiylar, Muhammad Iqbol, Mirzo G‘olib singari ulug‘ mutafakkir va shoirlarning o‘lmas merosi, ma’rifiy qarashlari xalqlarimizni bog‘lab turadigan mustahkam ma’naviy ko‘prikdir.

Shu sababli O‘zbekistonda Pokiston tarixi, madaniyati va san’atiga, xususan, urdu tilini o‘rganishga qiziqish tobora ortib bormoqda. O‘z navbatida, Pokistonda ham o‘zbek tili va adabiyoti, mamlakat tarixini o‘rganish va tadqiq etishga qaratilgan loyihalarga katta e’tibor qaratilmoqda.

Jumladan, Panjob universiteti qoshida Bobur merosi markazi, Peshovar universitetida o‘zbek tili va madaniyatini o‘rganish bo‘yicha Alisher Navoiy markazi ochilgan.

O‘z navbatida, O‘zbekistonda ham Pokistonning boy tarixi va madaniyatiga qiziqish tobora o‘sib bormoqda. Jumladan, Sharqning buyuk shoiri, urdu adabiy tiliga asos solgan ulug‘ mutafakkir Mirzo G‘olibning hayoti va ijodi chuqur o‘rganilmoqda.

O‘zbekistonda Lahordagi betakror Shoh qal’a me’moriy majmuasini, go‘zal Shalimar bog‘larini ziyorat qilishni istaydigan odamlar ko‘plab topiladi.

Bugungi kunda Pokistonda 10 millionga yaqin naqshbandiya tariqati vakillari, shuningdek, Zahiriddin Muhammad Boburning ko‘plab muxlislari bor. Ularning Buxoroi sharif, Samarqand va Andijondagi tabarruk qadamjolarga ziyorat safarini amalga oshirishlari uchun barcha sharoitlarni yaratib berishga tayyorlik bildirildi.

Ikki mamlakat kinoijodkorlari hamkorligida Bobur haqida film suratga olishga kelishildi. So‘nggi uch yilda pokistonlik yoshlarning O‘zbekiston tibbiyot oliy o‘quv yurtlarida tahsil olishga bo‘lgan qiziqishi ham ortib bormoqda. Ayni paytda O‘zbekistonda 750 dan ortiq pokistonlik yoshlar mazkur yo‘nalishda ta’lim olmoqda.

Inson salomatligini asrash yo‘lida tibbiy ta’lim sohasida hamkorlikni kuchaytirish xalqlar manfaatlariga xizmat qilishi tabiiydir.

Tavsiya etamiz






Tavsiya etamiz

Ҳар доим хабардор бўлинг!

carzone.uz мобил иловаларини кўчириб олинг ва барча янгиликлар сиз билан