Валюта курси: Ўз.Р.Марказий банки
USD
АҚШ доллари
EUR
Eвро
RUB
Россия рубли
Sayt test rejimida ishlayapti!!!

Сўнгги янгиликлар






Siz maqtashdan charchamang, men — tanqiddan
1.10.2019 13:44,  
524

Rishtonga qaytdim... Snoslardan keyingi qurilishlar to‘xtagan Rishtonda hanuz aholining noroziliklari qarshisida, ojizligimni his qildim.

Ketishimdan oldin bu yerda hashar astoyidil edi. Hayriyat, xatosini tan olib aybini yuvayotgan ekan deb xursand bo‘lgandim. Rosti, safarga xursandchilik bilan ketgandim. Qaytganimda esa biron bir o‘zgarish yo‘q. Odamlardan ahvoling qalay deydigan odam yo‘q...

Hamma ishlar tugagan, eplab u yoq-bu yoqdan pul topganlar yangi uyini bitkazish bilan ovora. Eplolmaganlar hokimiyatga borishdan charchaganlaricha yo‘q. Chunki uyni tezroq bitkazish kerak. Va’da berilgan pullar esa yo‘q.

Bu safar uyini kirib ko‘rishga izn bergan hamyurtim Ubaydulloh aka.

— Kir, uka, ko‘r bu ahvolni, taxtadan bir iloj qilib uycha qurib 4 ta farzandim bilan kun kechiryapmiz. Kechagi yomg‘irda DSP dosh bermadi. Bolalarim sovuqdan yig‘lashmoqda. Berilgan pullarga uyni bo‘yini ko‘taroldim xolos. Hali buni tugatish kerak. Mol-qo‘ylarni sotdim. 10 mln bo‘ldi. Uniyam uyga sarfladim. Bu davlat deganing bizni o‘ylamas ekan-da. O‘lib ketsak ham birovning ishi yo‘q ekan. O‘zim shu ishlardan qand kasalini ortirib oldim. Davolanishga pul qani, avval, uy-joyni bir yoqli qilish kerak... Shu kichkinagina katalakdek taxta uyda 5 jon kunimizni ko‘rib turibmiz, — deydi Ubay aka.

— Hech qanday pul berilmadimi? — so‘rayman taajjublanib.

— Boshida ozroq pul berishdi. Keyinchalik yana beramiz deyishdi. Lekin keyinchalik degani qachon ekan bilmay turibman. Ustalarni ham o‘z pulimga yolladim. Bozorda ishlardim, bozorni ham ko‘rib turibsan. Qancha odamning qozoni qaynab turardi, hozir endi bozor ham yo‘q.

Avvalgi uyning rasmini ko‘rsatdi. "Peshana terimga shu uyni qurib oilam bilan ko‘chib chiqib 4-5 yildan beri tinchgina yashab kelayotgandim. Snos dediyu shuncha uyni rasvo qildi. Endi bu turishda ertaga nima bo‘ladi, Xudo biladi. Ishqilib covuq qishdan eson-omon o‘tvolayda. Gaz bo‘lmasa. Bu DSP-taxta uyda pechka ishlatish ham xavfli bo‘lsa. Xudodan so‘rab yuribman farzandlarimni panohida asrashini", deydi suhbatdoshim.

Mana o‘rtoqlar, taxtayu DSPlardan eplama qilib tong ottirayotgan bu oila bugungi kunda siz maqtayotgan, tinchligimizning va rivojlanishimizning garovi bo‘lgan rahbarlarimizning qaysi so‘zlariga ishonsinlar?

Qarsaklar chaldingiz, olqishladingiz, rahmatlar aytib minnatdor bo‘ldingiz. Oqibat sizni istagancha kuyga soldi. Ishonma, davlat odamiga va unga ishlaydiganlarga ishonma desam meni dushman bildingiz. Har bir xatosidan keyin uzr so‘rasa, kechirilovradigan qanaqa hokim ekan-a?

O‘zini blogger sanayotgan birodarim, siz bugun u rahbarlarni maqtashdan charchamang. Chunki ular biror kun sizga ham e’tibor berishlaridan umidvorsiz. Sizni davralarda maqtashiga kayf qilasiz. O‘zingizcha, katta odamlar qatorida yurishingiz sizning hayotdagi yutug‘ingiz. Men esa bunday yutuqlarga tupurib qo‘yibman. Ich-ichimdan qayt qivoraman bunaqangi yutuqlarga.

Lekin siz charchamang. Ko‘piklagan og‘zingiz bilan hokimlaru amaldorlarni maqtashdan charchamang. Zora, sizga ham talangan xalqning boyliklaridan bir nima tegsa. Zora siz ham bir nimalik bo‘lib qolsangiz. Zora sizga ham qandaydir amal tegsa. Charchamanglar.

Men ham charchamayman. Chunki bu xalq bir kun tobutimni ko‘tarishda charchamaydi.

Muallif fikri tahririyat nuqtai nazarini ifodalamasligi mumkin.

Tavsiya etamiz






Tavsiya etamiz

Ҳар доим хабардор бўлинг!

carzone.uz мобил иловаларини кўчириб олинг ва барча янгиликлар сиз билан