Валюта курси: Ўз.Р.Марказий банки
USD
АҚШ доллари
EUR
Eвро
RUB
Россия рубли
Sayt test rejimida ishlayapti!!!

Сўнгги янгиликлар






Sizda hozir kun bo‘yi uyda o‘tirib, millat qahramoni bo‘lish imkoniyati bor. Uyda qoling
25.03.2020 09:02,  
400

Men epidemiolog yoki shifokor emasman. Mutaxassisligim bo‘yicha matematikman, universitetning amaliy matematika fakultetini bitirganman, hozirda iqtisodiy tadqiqotlar bilan shug‘ullanaman. Shu bois, mutaxassisligimdan kelib chiqib aytmoqchimanki, matematikani tushunmaslik koronavirus xavfini to‘la anglab yetmaslikka, oqibatda katta ofatlarning yuzaga kelishiga sabab bo‘lmoqda.

Koronavirus infeksiyasining tarqalishi eksponensial o‘suvchi protsesslar qatoriga kirishi haqida ko‘plab dalillar ko‘rdim. Eksponensial o‘sish — bu juda shiddatli, inson aqli bovar qilmaydigan darajadagi tez o‘sish. Misol uchun, Italiyada koronavirus epidemiyasi boshlangan vaqtda kasallanganlar soni kuniga ikki barobarga ko‘paygan. Agar o‘sish sur’ati Italiyadagi epidemiya boshida kuzatilganidek kuniga ikki barobarni tashkil etsa, kasallik ikki kishidan 30 million aholiga yuqishi uchun atigi 25 kun — bir oydan ham kamroq vaqt yetarli bo‘ladi.

O‘zbekistonda hozirgacha 46 kishida koronavirus infeksiyasi aniqlandi. Agar infeksiyaning tarqalish sur’ati keskin pasaytirilmasa, butun mamlakat necha kun ichida bu kasallikka chalinishini hisoblab chiqish qiyin ish emas. Shuning uchun ham, koronavirus infeksiyasi tez tarqalayotgan bir vaqtda zaruratsiz uydan chiqish, odamlar to‘planadigan joylarga borish juda katta mas’uliyatsizlik va shafqatsiz harakat ekanligini alohida ta’kidlab o‘tmoqchiman.

Ayrimlar koronavirusni grippdek bir kasallik, uning bir turi-da, deb yengil qarayotgan bo‘lishi mumkin, ammo koronavirusning tarqalish sur’ati uning naqadar jiddiy muammo ekanini anglab olishga yordam beradi. Koronavirusning grippdan asosiy farqi — uning haddan tashqari yuqumli ekanligida. E’tibor qiling, oddiy grippning yuqumlilik darajasi — 1,3; bu — gripp bilan xastalangan bir bemor kasallikni o‘rta hisobda 1,3 kishiga yuqtiradi, degani. Yangi kasallangan kishi yana 1,3 odamni grippga yo‘liqtiradi va jarayon shu tariqa 10 marta takrorlansa, kasallik umumiy hisobda 14 kishiga yuqadi.

Koronavirusning yuqumlilik darajasi esa kamida 3 ga teng, ya’ni o‘rta hisobda bir bemor 3 kishiga kasallikni yuqtirishi mumkin (bu hali ancha xotirjam ko‘rsatkich, aslida esa bir bemor o‘rtacha 5—6 kishiga yuqtirishi mumkin, deyishmoqda). Bir qarashda 1,3 va 3 o‘rtasida katta farq yo‘qdek, biroq yuqtirish jarayoni mana shu «o‘rtacha 3» degan ko‘rsatkich bilan ham gripp epidemiyasidagi kabi 10 marta takrorlansa, yakunda 59 ming kishi kasallikka chalinadi. Agar yuqumlilik darajasi 5 ga teng bo‘lsa, u holda jarayon 10 marta takrorlangach, bemorlar soni 10 millionga yetadi.

Shunday ekan, hozirda hukumat tomonidan ko‘rilayotgan favqulodda choralarni juda jiddiy qabul qilishingizni so‘rab qolar edim.

Ikkinchi masala — koronavirusdan vafot etganlar foiz nisbati haqida. Ushbu kasallikdan o‘lim foizi past bo‘lsa-da, katta raqamga ko‘paytirilsa, qo‘rqinchli manzara hosil bo‘ladi. Birgina misol: AQShning eng katta va eng boy shtati hisoblangan, 40 million aholi yashaydigan Kaliforniya ham koronavirus sabab to‘liq yopildi. Shtat gubernatorining bayonotiga ko‘ra, hudud aholisining 56 foizi kasallikni yuqtirib olishi xavfi ostida. 40 millionning 56 foizi — 22,4 million kishi. Bu holatda o‘lim 1 foizga teng bo‘lsa ham, 0,1 foizga teng bo‘lsa ham, minglab odamlar vafot etadi, degani.

Uchinchi masala, O‘zbekistonda ham, boshqa mamlakatlarda ham virusni aniqlash oson kechmayapti, testlar yetishmayapti. O‘zbekistonda necha kishi kasallanganini bilsak ham, aslida qancha odam test qilingani noma’lum. Agar bir million kishi test qilinib, shunda 46 kishida koronavirus aniqlangan bo‘lsa, bu bir masala. Mabodo 100 kishi test qilingan bo‘lsa-yu, ularning 46 nafari kasalligi aniqlangan bo‘lsa... Ikkinchi misol haqiqatga yaqin bo‘lsa, u holda nihoyatda xatarli raqam paydo bo‘ladi. Rasmiylarimizdan o‘tkazilgan testlar miqdorini, jumladan, test topshirgan, biroq koronavirus aniqlanmagan odamlar sonini ham e’lon qilishni so‘rab qolardim. Mahrajni bilish nihoyatda zarur, bu boshqa qarorlarni qabul qilish uchun ham muhim.

To‘rtinchi masala tibbiy infratuzilma bilan bog‘liq. AQSh, Italiya, Fransiya kabi mamlakatlar sog‘liqni saqlash infratuzilmasi, tibbiy xizmatlari sifati bo‘yicha dunyoda eng ilg‘orlardan sanalardi. Biroq koronavirusga chalinganlar soni nihoyatda ko‘pligi tufayli hatto shu mamlakatlarda ham reanimatsiya o‘rinlari va o‘pkani sun’iy nafas oldirish apparatlari yetishmayapti. Shifokor va hamshiralar ishdan ketmay ishlashiga to‘g‘ri kelmoqda. AQShda shtat gubernatorlari federal hukumatdan harbiy shifoxonalar va kema gospitallarini taqdim etishni so‘rayapti. Fransiyada esa kuni kecha harbiylar dala gospitallarini — ya’ni jang maydoni uchun mo‘ljallangan kasalxonalarni shahar ichida o‘rnatishni boshladi.

Demoqchimanki, odamlar yoppasiga kasallikka chalinadigan bo‘lsa, eng boy va rivojlangan mamlakatlarning infratuzilmasi ham bu yuklamani ko‘tarolmay qolarkan. Birgina Italiyaning o‘zida 5 mingga yaqin tibbiyot xodimi koronavirus infeksiyasini yuqtirib olgani aytilmoqda. Biz Vatanimiz O‘zbekistonning moliyaviy imkoniyatlari va tibbiy mehnat resurslari ancha kam ekanligini hisobga olgan holda ish tutishimiz kerak — mabodo bizda ham kasallanganlar soni keskin oshsa, jiddiy qiynalib qolishimiz mumkin.

Beshinchi (juda jiddiy) masala — koronavirusning asimptomatik tarqalishi. Bu nima degani? Ba’zi odamlar allaqachon koronavirusni yuqtirib olgan, biroq ularda kasallik alomatlari yo kech namoyon bo‘ladi, yoki umuman sezilmaydi. Masalan, Xitoyda test orqali koronavirus aniqlangan odamlarning deyarli uchdan birida kasallik belgilari umuman bo‘lmagan. Ular — eng xavfli kasallik tashuvchilar, ta’rif joiz bo‘lsa, «ovozsiz qotillar»; ular, katta ehtimol bilan, kasallikni «oyoqda o‘tkazib» yuboradi. Shunday ekan, hozir biror kishi, ayniqsa, yoshlar o‘zini yaxshi his qilayotgan bo‘lsa, buni odamlar to‘planadigan joyga borish uchun sabab deb bilmasligi kerak. Chunki ular aslida xasta ekanliklarini sezmay, bilmay, kasallikni immuniteti kuchsiz yoki xavf guruhiga kiruvchi yoshi katta insonlarga — jamiyatdagi salomatligi eng zaif guruh vakillariga yuqtirishi mumkin.

Yuqorida keltirilgan raqam va faktlarni inobatga olib, sizdan uydan chiqmaslikni so‘ragan bo‘lardim. Hozir uydan hech qayerga chiqmasangiz, odamlar bilan ko‘rishmasangiz, yuzlab, ehtimol minglab hayotlarni saqlab qolishga hissangizni qo‘shishingiz mumkin. Sizda hozir kun bo‘yi uyda o‘tirib, millat qahramoni bo‘lish imkoniyati bor — bundan foydalanib qoling! Jamiyatdan uzoqlashish haqidagi da’vatlarni jiddiy qabul qilishingizni, atrofingizdagilarga ham buni uqtirishingizni so‘rardim. Koronavirus epidemiyasi qachon to‘xtashini hali hech kim aniq bilmaydi — havo isiganda kasallik chekinishi haqidagi ta’kidlar hali to‘la tasdiqlanmagan. Shuning uchun uyda o‘tiring.

Ayni vaqtda, jamiyatdagi eng zaif insonlarga yordam berishingizni ham iltimos qilib qolardim. Yon-atrofingizda yoshi ulug‘ insonlar yashasa, ularning tashqariga umuman chiqmasliklari uchun imkoniyat yaratib bering, masalan, bozorliklarini qilib bering. Epidemiya tufayli vaqtincha ishsiz qolganlarga imkon qadar moliyaviy yordam ko‘rsating. Siz rahbarlik qilayotgan korxona karantin sabab yopilgan bo‘lsa-da, xodimlarga iloji boricha maoshlarni to‘lab boring. Davlat ham epidemiya sabab qiyin ahvolga tushib qolgan vatandoshlarimizga pul bilan yordam bersa, iqtisodiy inqiroz oqibatlarini bartaraf etish uchun qiynalgan fuqarolarga pul tarqatsa, maqsadga muvofiq bo‘lardi.

Bugungidek hodisalar tarixda ham ko‘p emas. Bunday vaqtda biz birlashib, jamiyat sifatida bir-birimizni qo‘llab-quvvatlashimiz, ijtimoiy mas’uliyatli inson bo‘lib, kasallik tez kunlarda barham topishiga hissamizni qo‘shishimiz kerak. Quvonarlisi, hukumatimiz va shaxsan prezident Shavkat Mirziyoyev masala naqadar jiddiy ekanligini qayd etib, ko‘rilajak choralarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri e’lon qilib kelmoqda. Mamlakat rahbariyati ko‘rayotgan choralar to‘g‘ri ekanligini e’tirof etmoq zarur.

Xulosa o‘rnida bir niyatim bor. Koronavirus epidemiyasi ortda qolgach (o‘sha kunlar tezroq kelishidan umidvorman), «siyosatchilar, tahlilchilar juda oshirib yuboribdi, aslida bu unchalik katta xatar emas ekan», degan mazmunda ko‘plab maqola va kitoblar yozilishini, teleko‘rsatuv va filmlar suratga olinishini juda xohlardim. Do‘stlarim va yaqinlarim ham meni xatarning ko‘lamini oshirib yuborganlikda ayblashlarini istardim. Kelajakda shunday deyishsa, bu o‘z vaqtida to‘g‘ri choralar ko‘rganimiz dalili bo‘ladi. Mening niyatim shu.

"Iqtisodchi kundaligi"dan

"Daryo.uz"dan olindi.

Tavsiya etamiz






Tavsiya etamiz

Ҳар доим хабардор бўлинг!

carzone.uz мобил иловаларини кўчириб олинг ва барча янгиликлар сиз билан