Валюта курси: Ўз.Р.Марказий банки
USD
АҚШ доллари
EUR
Eвро
RUB
Россия рубли
Sayt test rejimida ishlayapti!!!

Сўнгги янгиликлар






So‘z erkinligi, din va davlat, Azon.uz atrofidagi bahslar
20.02.2018 08:06,  
202

«Sevgi iztirobi» serialining efirdan olinishi, bu serial ustida ishlaganlarning «xoin»likda ayblanishi va bu so‘z erkinligi masalasida dindorlarning haddidan oshayotgani haqida ko‘p gap-so‘zlar bo‘lyapti. Odamlarning bu kabi mavzularni erkin muhokama qilayotgani, bir tomondan, quvonarli hodisa. Chunki mustaqil O‘zbekistonning oxirgi 20-25 yillik tarixida fikrlarni erkin ifoda qilish an’anasi mavjud emas edi. Bahs-munozaralar bo‘layotganining o‘zi katta gap.

Shu bilan birga, ayrimlar so‘z erkinligini suiiste’mol qilib haddidan oshyaptimi, ularni cheklash kerakmi, degan savollar o‘rtaga tashlandi.

So‘z erkinligining chegarasi bormi?

Erkin fuqarolik jamiyatida eng muhim huquqlardan biri bu so‘z va fikr erkinligidir. Istalgan shaxs yoki fuqaro o‘z fikrini erkin ifoda eta olish imkoniyatiga ega bo‘lishi kerak. Zo‘ravonlikka undash, ayirmachilik, diniy va irqiy kamsitish kabi qonun bilan taqiqlangan fikr va bayonotlar bundan mustasno.

Ziyovuddin Rahimning «Sevgi iztirobi» seriali namoyishiga qarshi yozgan maqolasi, bu serial ustida ishlaganlarni xoinga tenglashtirgani so‘z erkinligi tamoyili bilan himoya qilinadigan fikrmi yoki tuhmat va haqoratdan iborat, butun jamiyatga o‘z yashash tarzini majburan o‘tkazishga qaratilgan so‘z zo‘ravonligimi?

Men bu maqolani so‘z erkinligi huquqi asosida himoya qilinadigan fikr deb hisoblagan bo‘lardim (Eslatma: men muallif fikrini himoya qilmayapman). Nega? Chunki bu uning shaxsiy fikri. U biror rasmiy lavozimdagi odam emas va hukumat yoki kanal mutasaddilari uning bu aytgan gapini qabul qilish va amalga tatbiq etish majburiyatiga ham ega emas. Muallif serial ijodkorlariga, musulmon bo‘lsang, bunday ishlarni qilgani uyalmaysanmi, bu xalqqa xiyonat emasmi, mazmunida murojaat qilib, e’tirozini g‘azab va hissiyot bilan ifodalamoqda.

Dunyoning rivojlangan demokratik mamlakatlarida bunday bahsli chiqish va fikrlar ko‘p yangrashi oddiy holat hisoblanadi. Masalan, yaqinda AQSh Prezidenti Donald Tramp xalqqa murojaati paytida unga qarsak chalmagan demokratlarni xoinlarga tenglashtirdi. Yoki demokratlar va respublikachilar o‘rtasidagi azaliy kurash mavzularidan biri – abort masalasini olib ko‘ring. Respublikachilar abortga keskin qarshi va uni qotillikka tenglashtirib, bunday amaliyotni qonun bilan taqiqlash tarafdori. Demokratlar esa abort qilish-qilmaslik haqida qaror berish masalasini har bir ayolning uzviy huquqi deb biladi.

Agar jamiyatning biror qatlami yoki a’zosi Ziyovuddin Rahimning xoinlik haqidagi fikridan o‘zini haqoratlangan deb hisoblasa, marhamat, tuhmat yoki haqorat da’vosi bilan sudga murojaat qilsin. Uning og‘zini yopib, unga minbar bergan sayt yoki nashrni malomat qilib, jamiyatda endi uyg‘onayogan so‘z erkinligi muhitini hali tug‘ilib ulgurmasdan bo‘g‘ishga harakat qilmaylik.

Yuqorida aytganimdek, demokratik jamiyatlarda bundanda battar va qo‘rqinchli fikr va ayblovlar tez-tez yangrab turadi hamda jamoatchilik ularni oddiy holat sifatida qabul qilishga o‘rganib qolgan. Ya’ni, bunday farqli yoki keskin fikr jamiyatni o‘zgartirib yuborishi ehtimoli juda kam. Bizning jamiyat bunday amaliyotga o‘rganmagani bois, noana’anaviy yoki keskin fikrlar ijtimoiy tarmoqlarda tez alanga olib, bahslarga aylanib ketmoqda. Aslida bahs va munozaralar kuchli fuqarolik jamiyatida tabiiy hol va hatto bo‘lishi kerak bo‘lgan jarayon. Qonun bilan taqiqlangan holatlar, albatta, bundan mustasno.

Ammo shu o‘rinda aytgan bo‘lardimki, aniq shaxs nishonga olinmagan bunday mavhum fikr va bayonotlarga qarshi da’volarni ko‘rib chiqishda sudlar so‘z erkinligi fuqarolik jamiyati uchun muhim, degan tamoyil asosida ish ko‘rishi kerak. Ayniqsa, bu fikr ommaviy axborot vositalari tomondan tarqatilgan bo‘lsa.

Masalan, AQShda sudlar jurnalistlar yoki nashrlarga qarshi da’vo qilingan tuhmat va haqorat ishlarini ko‘rib chiqishda masalaga avtomatik ravishda jurnalist yoki OAVni himoya qilish mavqeidan kelib chiqib yondashadi. Jurnalist yoki nashr ma’lumotlarni qasddan, ataylab buzib ko‘rsatish niyati bilan yolg‘on axborot berishga uringani (reckless disregard for the truth) aniqlansagina, aybdor deb topiladi («New York Times Co. v. Sullivan» sud ishiga qarang).

Bu yerda faktlar haqida gap ketyapti; fikr deyarli hech qachon sudga tortilmaydi. Shunchaki, e’tiborsizlik bilan, texnik xato bilan yoki qasddan qilinmagan holatda yuz bergan xatoliklar uchum jurnalistlar, odatda, jazolanmaydi. Chunki so‘z erkinligi, jamoatchilikning ma’lumot olish huquqi bu huquqni cheklashga qaratilgan da’vodan muhimroq ko‘riladi.

Shuningdek, AQShda so‘z erkinligi va tuhmatga oid sud ishlarida «public figure» (jamoatchilik e’tiboridagi shaxs) degan tushuncha bor. Agar tuhmatga uchragan shaxs mashhur odam yoki biror lavozimdagi rasmiy bo‘lsa, bunday toifadagi shaxslar jurnalistlarga qarshi da’voda yutib chiqishi deyarli imkonsiz. Chunki u oddiy shaxs emas, balki jamoatchilik e’tiboridagi odam bo‘lgani bois, u haqda aholining ma’lumot olish huquqi o‘sha shaxsning o‘z sha’nini himoya qilish huquqidan afzalroq ko‘riladi. Shu bois AQSh kabi demokratik davlatlarda hukumat a’zolari, prezident va boshqa rasmiylarning tinimsiz matbuot hujumiga uchrashi odatiy holga aylangan. Xalq oldiga chiqqan, biror lavozimni egallagan yoki mashhurlikni da’vo qilgan har qanday odam shunday hujum va boshog‘riqlarga tayyor va rozi bo‘lgan holda maydonga chiqadi, ularning shaxsiy hayotlari (privacy) doirasi juda tor bo‘ladi.

Bizda ham shu an’ana sud-huquq amaliyotiga kirib borishi kerak. Ya’ni amaldorlar, rasmiylar o‘z sha’nini himoya qilib jurnalistlarni sudga bersa, sud aholining ma’lumot olish huquqi rasmiyning shaxsiy hayoti himoyasidan ko‘ra muhimroq, degan tamoyil asosida ishni ko‘rib chiqishi kerak.

So‘z erkinligi, din va davlat munosabatlari

O‘zbekiston dunyoviy-sekulyar davlat. Ya’ni, barcha din va e’tiqoddagi fuqarolarning huquqlari birdek himoya qilinadi. Har bir fuqaro xohlagan diniga e’tiqod qilish yoki qilmaslik huquqiga ega. Vijdon erkinligi to‘la himoya qilinadi (qilinishi kerak).

O‘zbekiston aholisining aksariyati musulmonlar. Shu nuqtai nazardan, ular o‘zlarining diniy talablarini olg‘a surishi, ibodat va yashash tarzlariga mos sharoitlar yaratilishini so‘rashi mumkin va bunga qonuniy haqlari bor. Ammo bu narsa ularga o‘z e’tiqodlari va yashash tarzlarini butun jamiyatga, barcha fuqarolarga majburan o‘tkazish huquqini bermaydi. O‘zbekistonda musulmonlar orasida ham diniy darajasi, e’tiqodi va yashash tarzi turlicha bo‘lganlar, bundan tashqari, boshqa dindagilar, dunyoviy va sekulyar qatlam va dahriylar (ateistlar) bor. O‘zbekiston hukumati bu toifalarning barchasini birdek himoya qilishi kerak. Barchasiga o‘z diniga e’tiqod qilish yoki hech qanday dinga e’tiqod qilmaslik huquqidan foydalanish imkoniyatini yaratib berishi kerak. Din, e’tiqod – bular shaxsiy hayotga oid uzviy huquqlar. Davlat, agar xavfsizlikka tahdid solmasa yoki boshqa fuqarolar huquqlariga daxl qilmasa, hech kimning shaxsiy hayotiga aralashishi mumkin emas.

Serial efirdan olindi, ammo…

Diniy nashrlar yoki dindorlar nimani talab qilish huquqiga ega va qaysi nuqtada bu huquq chegaralanishi kerak?

Ular, e’tiqodi talab qilgani bois, ayollar ro‘mol o‘rashi, erkaklar soqol qo‘yishi, ish paytlarida namozlarini o‘qib olishlari uchun tanaffus berilishi kabi sharoitlar yaratilishini talab qilish huquqiga ega hamda davlat, milliy va xalqaro qonun normalari asosida, bu huquqlarning ta’minlanishi va buzilmasligini kafolatlash majburiyatiga ega. Shuningdek, ular, xohlasa, o‘z ommaviy axborot vositalarini, tele va radiokanallarini, ibodatxonalarini ochish va qonun doirasida faoliyat yuritish huquqiga ega. Ammo ular barcha xususiy yoki davlat kanallaridan, boshqa OAVlardan yoki davlat idoralari hamda boshqa xususiy-jamoat muassasalaridan o‘z e’tiqodlari va yashash tarzlarini hisobga olgan holda faoliyat yuritishlarini talab qilishga haqli emas. Shu yerda ular haddilaridan oshgan bo‘ladi, boshqalar huquqiga daxl qilishga o‘tgan bo‘ladi. Demak, ularning huquqlari shu nuqtada chegaralanadi.

Musulmonlar telekanallardan e’tiqodlariga yoki yashash tarzlariga zid materiallarni efirga uzatmaslikni so‘rashi mumkin, ya’ni bunday materiallarni qoralab bayonot chiqarish huquqiga ega. Bu fikr erkinligi, lekin davlat yoki o‘sha kanal mutasaddilari ularning bu talabini bajarish majburiyatiga ega emas (diniy e’tiqodlari tahqirlanadigan materiallar bundan mustasno; ularni to‘xtatishni talab qilish mumkin).

Ular faqat jamoatchilik bosimi asosidagina telekanalni bahsli ko‘rsatuv yoki filmni efirdan olishga undashlari mumkin, lekin bu hukumat buyrug‘i yoki zo‘ravonlik tahdidiga asoslangan bosim orqali amalga oshirilmasligi kerak. O‘zbekiston aholisining aksariyati musulmon ekanini hisobga olsak, «Zo‘r TV» kanalidan «Sevgi iztirobi» serialining efirdan olinishini ana shu jamoatchilik bosimi natijasi deyishimiz mumkin. Lekin serial faqat bosh vazirga yoki ma’lum bir qatlamga yoqmagani uchungina buyruq bilan efirdan olinishi to‘g‘ri emas.

Qonun bo‘yicha, odatda, efirga ketadigan materiallar mazmuni auditoriya yoshi bo‘yicha tasniflanadi. 16+, 18+ kabi tasniflar shu asosda ishlab chiqilgan. Lekin tasniflash talablari universal emas. Masalan, AQSh yoki Yevropada 14+ deb topilgan film O‘zbekistonda faqat 18 yoshdan kattalar uchun mos deb topilishi mumkin. Jamiyatning o‘ziga xos axloqiy qadriyatlaridan kelib chiqib, davlat film va boshqa ko‘rsatuvlarni yosh bo‘yicha tasniflash tartibini ishlab chiqishi kerak.

Dindorlar mana shu tartib asosida filmlarga qarshi kurashishlari mumkin. Masalan, agar «Sevgi iztirobi» seriali 16+ sifatida tasniflangan bo‘lsa, uning efirdan olinishini istaganlar aslida uning 18 yoshdan kattalar uchun ekanini da’vo qilib, film qayta tasniflanishini va uning efir vaqti o‘zgartirilishini talab qilishlari mumkin.

Dindorlar uchun ideal jamiyat?

Musulmonlar uchun ideal jamiyat bu xalifalik yoki qonunlari shariatga asoslangan davlat bo‘lishi mumkin. Ammo real hayotga qaralsa, ular uchun hozir eng ideal jamiyat dunyoviy tuzum ekanini ko‘pchilik tushunmaydi.

Dindorlar nega davlatdan islom dini tamoyillarini himoya qilishni so‘rashi, hukumatga diskotekalarni yopish; telekanallarga nimani qo‘yish va nimani olib tashlash bo‘yicha zug‘um o‘tkazishi mumkin emas? Chunki bu talablari o‘zlariga foydadan ko‘ra ko‘proq ziyon keltiradi. Qanday qilib?

Agar dindorlar davlat rahbari yoki hukumat islomiy qadriyatlarni davlat siyosatiga olib chiqishi kerak, deb da’vo qilsa, ular diktatura yoki avtoritarizmni xohlayotgan bo‘ladi. Hukumat qaysi mazhabni, mazhab ichidagi qaysi yo‘nalishni, qaysi talqinni targ‘ib qilishi kerak?

Ehtimol, ziyoli, islomparvar odam davlat boshiga kelsa, diktatura ular xohlagan ideal jamiyatga boshlashi mumkin. Lekin ertaga undan keyin keladigan navbatdagi rahbar ana shunday odam bo‘lishiga kim kafolat bera oladi? U, aksincha, musulmonlarni yoki boshqa diniy guruhlarni tazyiqqa oladigan rejim o‘rnatishi mumkin-ku.

Shuning uchun, shaxslarga bog‘liq bo‘lmagan, davlat institutlari, qonunlar mustaqil va barcha uchun birdek ishlaydigan, barchaning huquqlarini birdek himoyalaydigan va ta’minlaydigan tuzum dindorlar uchun eng ideal jamiyatdir. Shunda musulmonlar ibodatini, xohlagan amalini qilib erkin yashaydi. Boshqa guruhlar ham qonun doirasida o‘z bilganicha hayot kechiradi.

Dinning biror talqini davlat siyosati darajasida targ‘ib qilinishi nima oqibatlarga olib kelishi mumkinligini allaqachon ko‘rdik. Soqol o‘stirish va ro‘mol o‘rashga qo‘yilgan taqiq; iymonning amalda emas, qalbda bo‘lishi muhim ekani haqidagi targ‘ib aslida islomga qarshi kurash emas, balki hukumatdagi ma’lum toifalar talqinidagi islomning musulmon jamiyatiga yoppasiga majburan o‘tkazilishidir. Shu paytgacha hukumat islomga, dinga qarshi kurashmadi; aksincha, o‘z talqinidagi dinni barchaga majburan o‘tkazishga urindi va buning oqibatida vijdon erkinligi huquqi buzildi.

Xulosa

90-yillar boshida diniy erkinlik huquqi amalda ta’minlanganda, diniy idora musulmonlarni boshqara olmay qolgani, masjidlar orasida, musulmonlar o‘rtasida bahs va tortishuvlar, hatto zo‘ravonlik holatlari yuz bergani ko‘pchilikning esida bo‘lsa kerak. O‘shanda hukumat aralashib, nazoratni to‘liq o‘z qo‘liga olgan edi. Hozir ham, agar musulmonlar erkinlikdan esi ketib, haddilaridan ortiqroq narsani talab qilishni boshlasa, tarix yana qaytariladi. Diniy faoliyat ustidan nazorat qayta kuchaytirilishi mumkin, huquqlar cheklanishi mumkin.

Xulosa qilib aytganda, Ziyovuddin Rahimning fikri xato bo‘lishi mumkin, lekin uni o‘z fikrini erkin aytish huquqidan mahrum qilmaylik. Uning fikriga qarshi fikr aytish, e’tirozimizni bildirish huquqi har doim bizda bor. Fikrga qarshi fikr bilan kurashish lozim.

Azon.uz kabi diniy nashrlar esa ma’lum bir guruhning hayot tarzi va e’tiqodini boshqalarga majburan o‘tkazishni emas, balki fuqarolar o‘z diniga erkin e’tiqod qila olishi uchun sharoit yaratilishini talab qilishi, bu yo‘ldagi to‘siqlarga qarshi kurashishi kerak.

Tavsiya etamiz






Tavsiya etamiz

Ҳар доим хабардор бўлинг!

carzone.uz мобил иловаларини кўчириб олинг ва барча янгиликлар сиз билан