Валюта курси: Ўз.Р.Марказий банки
USD
АҚШ доллари
EUR
Eвро
RUB
Россия рубли
Sayt test rejimida ishlayapti!!!

Сўнгги янгиликлар






O‘zbekistonning Buyuk Britaniyadagi sayyohlik elchisi: COVID-19 turizmga yetkazgan zararni qoplash uchun yillar kerak, ayrim kompaniyalar jarga quladi
31.03.2020 01:09,  
641

Sofi Ibotson, “O‘zbekiston” nomli asar muallifi va 2008 yildan buyon Markaziy Osiyo mamlakatlari sayyohlik salohiyati masalalarini o‘rganib kelayotgan mustaqil tadqiqotchi. Sofi Ibbotsonning Markaziy Osiyo bo‘yicha tayyorlagan maqolalari va ilmiy ishlari Buyuk Britaniya Qirollik Geografiya Jamiyati tomonidan e’lon qilingan. Sof.uz nashri O‘zbekistonning Buyuk Britaniyadagi sayyohlik elchisi Sofi Ibbotson bilan intervyusini diqqatingizga havola qiladi.

 O‘zbekistonning Buyuk Britaniyadagi sayyohlik elchisi sifatida qachondan buyon faoliyat yuritib kelmoqdasiz?

2019 yilning iyun oyida rasmiy ravishda O‘zbekistonning Buyuk Britaniyadagi sayyohlik elchisi sifatida tayinlandim.

O‘zbekistonning sayyohlik elchisi sifatida asosiy vazifalaringiz nimalardan iborat?

Asosiy vazifam O‘zbekistonning sayyohlik nuqtasi ekanligi borasida ommaviy axborot vositalari va britaniyalirlarga ma’lumot berish. Shuningdek, «O‘zbekturizm», mahalliy hokimiyatlar, turizm biznesida faoliyat yuritayotgan xususiy sektorga sayyohlikni rivojlantirish, O‘zbekistonning turizm imijini yoyish, mahalliy biznesga turizm sohasida xalqaro maydondagi sheriklar topishdan iborat.

O‘zbekistonga ilk marta tashrif buyurganingizda ko‘nglingizdan nimalar kechdi?

O‘zbekistonga ilk marta kelganimda juda to‘lqinlandim. Bungacha Qirg‘izistonda ikki yil mobaynida ishlab yurgandim. Orada Qozog‘istonga ham tashrif buyurdim. Ammo O‘zbekiston madaniyati bilan tanishish, O‘zbekistondagi go‘zal go‘shalarni o‘z ko‘zim bilan ko‘rish orzuim edi. O‘zbekistonga ilk marta 2010 yilda tashrif buyurdim. Shundan so‘ng yana bir necha marta safarlar qildim.

O‘zbekistondan olgan ilk kechinmalaringiz haqida ikki og‘iz gap…

O‘zbekistonga tashrif buyurganimda ikki narsa diqqatimni tortdi va hayron qoldirdi. Biri - Toshkent. Shaharning zamonaviyligi, ozodaligi va o‘ziga xos bo‘lgan arxitekturasi. Ikkinchisi - Samarqand. Samarqand ko‘plab tarixiy obidalarning mavjudligi, ularning har biri tashrif buyuruvchiga so‘zlab beradigan qadimiy tarixi.  Shundan so‘ng bu shahar haqida yana ko‘p narsa o‘rganish uchun bitta tashrifning kamlik qilishini tushundim.

Hukumatda O‘zbekistonda sayyohlik sohasini rivojlantirish uchun nimalarga e’tibor berishi kerak, nimalardan esa tiyilishi lozim?

Hukumat turizmni rivojlantirish uchun strategik rejaga ega bo‘lishi lozim va bu reja aholi hamda xususiy sektorda turizmda band bo‘lgan kompaniyalar bilan birgalikda amalga oshirilishi kerak.  Reja esa hayotga tadbiq etilishi oson bo‘lishi maqsadga muvofiq. Shuningdek, O‘zbekiston o‘zining sayyohlik salohiyatidan kelib chiqib o‘zining kuchli qirralarini ham namoyish eta olishi kerak: oziq-ovqatlarining xilma-xilligi, mehmondo‘stligi, ob-havosi, qulay geografik o‘rni va hokazolar. Nazarimda, hukumat ommaviy sayyohlikni ko‘zlamoqda. Ommaviy sayyohlik esa mamlakatga atrof-muhit borasida ziyon ham keltirishi mumkin. Shunday ekan, asosiy maqsad sayyohlik sohasining mamlakat iqtisodiyotiga qanchalik hissa qo‘shayotganligini e’tiborga olish bo‘lib, sayyohlar miqdorini oshirish bo‘lmasligi kerak.

Mamlakatda sayyohlikni rivojlantirishning muhim jihatlari nimalardan iborat?

  • Maqsadlarning aniq bo‘lishi;
  • Sayyohlik biznesidan mafaatdorlarning soxani rivojlantirishga jalb qilish;
  • Sayyohlik bozorini tadqiq qilish;
  • Ijtimoiy-siyosiy barqarorlik;

O‘zbekistonga safaringiz chog‘ida qanday taomlar sizga ko‘proq yoqdi?

O‘zbek oshxonasi o‘ziga xos. Ayniqsa mevalari mazali. Yil bo‘yi men qulupnay, o‘rik, qovun va giloslarni iste’mol qilaman. Shuningdek, yangi uzilgan qovoqli somsani ham suyib tanovul qildim.

O‘zbekiston hukumatining amaldagi islohotlari, ayniqsa, siyosat, iqtisodiyot va soliqchilik borasidagi islohotlar mamlakatdagi turizm sohasi kelajagiga qanday ta’sir qiladi?

Nazarimda, O‘zbekistonning siyosat va iqtisodiyot borasida amalga oshirayotgan islohotlari turizmni rivojlantirishga yo‘naltirilgan.  Viza siyosatini yengillashtirilishi ortidan O‘zbekistonga tashrif buyuruvchi sayyohlar oqimi ko‘paydi. Qolaversa, valyuta bozorining erkinlashtirilishi xorijlik sayyohlik operatorlariga pulni O‘zbekistonga o‘tkazishni osonlashtirdi va o‘z navbatida sayyohlar ham O‘zbekistonda o‘z valyutalarini ayirboshlashi yengillashdi.

Brexitdan so‘ng Buyuk Britaniya O‘zbekiston uchun viza siyosatini yumshatadimi?

Fikrimcha, Brexitdan so‘ng Buyuk Britaniya hukumati O‘zbekiston uchun viza yengilliklari berishi haqiqatdan uzoq. Buyuk Britaniya konservativ mamlakat va ayni paytdagi imigratsiya qonunchiligi eskirgan, talabga javob bermaydi, bu tizim isloh qilinishga muhtoj. Sayyohlik borasida, Buyuk Britaniya O‘zbekiston kabi yo‘l tutishi va viza siyosatini yengillatishi lozim.

Sayyohlik sohasini atrof-muhit masalalariga e’tibor bergan holda rivojlantirish mumkinmi? Qanday choralar ko‘rish lozim?

Sayyohlik biznesini rivojlantirishda atrof-muhit masalasi eng birinchi darajali maqsad bo‘lishi lozim. Ekologiyasi buzilgan mintaqaga kim ham sayohat qilish istagini bildirishi mumkin?! Sayyohlikni rivojlantirish rejasiga atrof-muhitni o‘rganuvchi, muhofaza qiluvchi me’yorlar ham kiritilishi lozim.

O‘zbekistonda ekoturizmning istiqbollarini qanday baholaysiz?

O‘zbekistonda ekoturizm istiqbollari juda yuqori. O‘zim Navoiy va Toshkent viloyatida bo‘lgan chog‘imda ekoturizm O‘zbekistonning eng asosiy sayyohlik mahsuloti bo‘lishi mumkinligi haqida xayolimdan o‘tkazgandim. Ekoturizmni rivojlantirish sayyohlarni gavjum shahar hayotidan tashqariga olib chiqadi va moliyaviy resurslarni chekka hududlarga yo‘naltirishga yordam beradi.

Hukumat mamlakatga sayyohlar oqimini ko‘paytrish uchun nimalarga e’tibor berish lozim?

Nazarimda bunday maqsad qo‘yish noto‘g‘ri. Moliyaviy, atrof–muhitni himoya qilish va madaniyat jihatidan, mamlakatga keluvchilarning miqdoriga emas, ularning mamlakatda ko‘proq qolishi, shu davr mobaynida mamlakat bilan yaqinda tanishish imkonini yaratish va sayyohlarning kunlik pul sarflanmalarini ko‘paytirishga e’tibor qaratish lozim. Ommaviy sayyohlik Nepalda bo‘lgani kabi mamlakatga kam pul bilan keluvchilar miqdorini ko‘paytiradi va natijada atrof-muhitga ko‘p zarar keltiradi. O‘zbekiston uchun Butandagi kabi sayyohlik siyosati yaxshi samara beradi. Butanda samarali va ayni paytda kam sonli sayyohlik amaliyoti yaxshi natija bermoqda.

Xavfsiz turizm iborasini qanday izohlaysiz va xavfsiz turizm Markaziy Osiyo mintaqasi mamlakatlariga qanday naf beradi?

Umuman olganda, Markaziy Osiyo sayyohlar uchun xavfsiz turizm makonidir, xususan, O‘zbekiston. Mintaqada jinoyatchilik va sayyohlarga nisbatan zo‘ravonlik deyarli kuzatilmaydi. Terrorizm xavfi ham deyarli yo‘q, hisobi. Men, ko‘pincha, O‘zbekistonni yolg‘iz sayohat qiluvchilarga va ayollarga xavfsiz sayyohlik manzili sifatida tavsiya qilaman, chunki ular jamoat transportida yurganlarida, safarga chiqqanlarida ko‘ngilsiz hodisalarga duch kelmaydilar. O‘zbekistonda allaqachon sayyohlik plosiyasi faoliyati yo‘lga qo‘yildi va bu sayyohlarning xavfsizligini ta’minlaydi. Qolaversa, mahalliy aholining ham bag‘ri kengligi sayyohlarda ishonch hissini hosil qiladi.

Bugungi davrda COVID-19 pandemiyasi butun dunyo diqqat markazida bo‘lib turibdi. Sayyohlik sohasi ham mazkur virusdan jabr ko‘rmoqda. O‘zbekiston va dunyo bu pandemiyadan qay darajada zarar ko‘radi? Zararning ko‘lami qanday bo‘ladi?

Virus allaqachon O‘zbekistondagi va dunyodagi sayyohlik sohasiga misli ko‘rilmagan darajada ziyon keltirib bo‘ldi. Zararning o‘rnini qoplash uchun yillar kerak bo‘ladi, ayrim sayyohlik kompaniyalari esa o‘zini tiklab ololmaydigan darajada jarga quladi.  Sayyohlik sohasida faoliyat yuritayotgan aviakompaniyalar, turoperatorlari va sayyohlarni sug‘urta qiluvchi kompaniyalar ish faoliyati o‘zgarishga uchramoqda. Hozircha, bu zararning ko‘lami qanday bo‘lishini hisob-kitob qilish juda mushkul, sababi pandemiya qancha vaqt davom etishi ham noma’lum.

O‘zbekistonda ziyorat turizmi kelajagi haqida nimalar deya olasiz?

Ziyorat turizmi O‘zbekiston uchun yangi bir soha. O‘zbekiston Islom madaniyati merosini qayta tiklashga harakat qilmoqda. Boshqa din vakillarining O‘zbekistonga ziyorat uchun kelish istiqbollari ham yuqori. Buxoroda yahudiy jamoasi tarixi ham qadimiy, Samarqanddagi Avliyo Doniyol qabri ham teng ravishda uch din e’tiqodidagilar uchun muhim. Bundan tashqari, O‘zbekistonda buddistlar va zardushtiylar tavof qilishi mumkin bo‘lgan tarixiy ziyoratgohlar mavjud.

O‘zbekistonda tibbiy turizmni rivojlantirish kelajagi qanday ?

O‘zbekistonda tibbiy turizmni rivojlantirish istiqbollari yuqori, agarda qo‘shni Afg‘oniston va Tojikistondagi sog‘liqni saqlash sohasi rivojlanmaganligini e’tiborga oladigan bo‘lsak. O‘zbekiston agarda Isroil va Turkiyadagi kabi tibbiy turizmni rivojlantirishni maqsad qilgan bo‘lsa, u holda tibbiyot sohasiga ko‘proq sarmoya kiritishi, tibbiyot turizmi qulayliklarini yaratishi, mamlakatning raqobat bozorida mustahkam o‘rin olishiga yordam beradi.

Bo‘lg‘usi sayyohlik elchilariga tavsiyalaringiz

Buyuk Ipak Yo‘li manzillarida joylashgan O‘zbekistonni yaxshiroq o‘rganish lozim. O‘zingiz ko‘rmagan va bilmagan mamlakatlarning sayyohlik elchisi bo‘lish nazarimda mushkul.

Suhbatni Jahongir Ergashev tashkil qildi

Tavsiya etamiz






Tavsiya etamiz

Ҳар доим хабардор бўлинг!

carzone.uz мобил иловаларини кўчириб олинг ва барча янгиликлар сиз билан