Soliqlarni to‘lashdan bo‘yin tovlash: qonunchilikka o‘zgartirish kiritiladi

Soliqlarni to‘lashdan bo‘yin tovlash: qonunchilikka o‘zgartirish kiritiladi

Davlat soliq qo‘mitasi tomonidan “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida” qonun loyihasini tayyorlab, umumiy muhokamaga qo‘yildi.

Loyihaga ko‘ra, soliqlarni to‘lashdan bo‘yin tovlash bo‘yicha jinoiy va ma’muriy javobgarlik qismiga o‘zgartirish kiritish nazarda tutilgan.

Xususan, O‘zbekiston Jinoyat kodeksi 184-moddasining beshinchi qismini quyidagi tahrirda bayon etish taklif etilgan:

“Birinchi marta jinoyat sodir etgan shaxs, agar u soliq tekshiruvi materiallarini ko‘rib chiqish natijalari bo‘yicha davlat soliq xizmati organining qarorini yoki O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining sodir etilgan jinoyat haqidagi xabarini olgan kundan e’tiboran o‘n kun ichida moliyaviy jarimani hamda o‘ttiz kun ichida soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlar, shu jumladan, penyalar tarzida davlatga yetkazilgan zararning o‘rnini to‘liq qoplasa, javobgarlikdan ozod qilinadi”.

Bundan tashqari, loyihada Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga quyidagi o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish bayon etilgan:

174-modda (soliqlar yoki boshqa majburiy to‘lovlarni to‘lashdan bo‘yin tovlash) to‘rtinchi qism bilan to‘ldirish: “huquqbuzarlik sodir etgan shaxs soliqqa oid huquqbuzarlikni tan olib, davlat soliq xizmati organlarining soliqqa oid huquqbuzarlik uchun javobgarlikka tortish to‘g‘risidagi qarorini olgan kundan e’tiboran o‘n kun muddat ichida moliyaviy jarimalarni ixtiyoriy ravishda to‘lasa javobgarlikdan ozod bo‘ladi".

Shuningdek, 164-modda (savdo yoki xizmat ko‘rsatish qoidalarini buzish) quyidagi mazmundagi sakkizinchi qism bilan to‘ldirish: “Ushbu moddaning birinchi, ikkinchi va uchinchi qismlarida nazarda tutilgan huquqbuzarlik sodir etgan shaxs soliqqa oid huquqbuzarlikni tan olib, davlat soliq xizmati organlarining soliqqa oid huquqbuzarlik uchun javobgarlikka tortish to‘g‘risidagi qarorini olgan kundan e’tiboran o‘n kun muddat ichida moliyaviy jarimalarni ixtiyoriy ravishda to‘lasa, javobgarlikdan ozod etiladi”.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Jinoyat kodeksiga asosan soliqlar yoki boshqa majburiy to‘lovlarni to‘lashdan bo‘yin tovlash eng kam oylik ish haqining bir yuz ellik baravarigacha miqdorda jarima yoki ikki yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanadi.

Takroran yoki ko‘p miqdorda sodir etilgan bo‘lsa, —  eng kam oylik ish haqining bir yuz ellik baravaridan uch yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki ikki yildan uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki bir yildan uch yilgacha ozodlikni cheklash yoxud uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.