«Spark» haydovchisi ikki nafar YPX xodimini urib ketdi

«Spark» haydovchisi ikki nafar YPX xodimini urib ketdi

Toshkent shahar Mirzo Ulug‘bek tumani Toshkent halqa aylanma yo‘li — Do‘rmon yo‘li ko‘chalari chorrahasida yo‘l-patrul xizmati inspektori “Spark” haydovchisiga to‘xtash ishorasini ko‘rsatgan. Haydovchi xodimning qonuniy talabiga bo‘ysunmay, uni urib yuborib, voqea joyidan ketib qolgan.

Shundan so‘ng, haydovchi Ziyolilar – Temir Malik ko‘chalari chorrahasida uni to‘xtatish maqsadida oldiga chiqqan yana bir inspektorning qonuniy talabiga bo‘ysunmay, avtomobilning o‘ng oldi tomoni bilan uni ham urib yuborgan. So‘ngra voqea joyidan yashiringan. Oqibatda inspektor olgan tan jarohati tufayli gospitalga yotqizilgan.

Ko‘rilgan tezkor choralar natijasida haydovchi D.Sh. ushlangan. Haydovchining hujjatlari tekshirilganda, unda transport vositasini qayd etish guvohnomasi (texpasport) bo‘lmagan. U 1993 yilda tug‘ilgan, Surxondaryo viloyati Termiz tumanida ro‘yxatda turuvchi shaxs bo‘lgan.

Ichki ishlar vazirligi axborot xizmatining xabariga ko‘ra, ushbu holatlar yuzasidan hozirda prokuratura idoralari tomonidan tergov oldi tekshiruv-surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.