Валюта курси: Ўз.Р.Марказий банки
USD
АҚШ доллари
EUR
Eвро
RUB
Россия рубли
Sayt test rejimida ishlayapti!!!

Сўнгги янгиликлар






Sudya: «Bodi-kamera»dagi yozuvlar montaj qilingan, ortimdan IIB xodimi boshqaruvidagi shaxsiy avtomobil o‘tkazib yuborilgan
18.07.2020 12:36,  
1265

Joriy yilning 13 iyul kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Sirdaryo viloyati sudi sudyasi Alisher Ergashev hamda «Toshkent» karantin blok postida xizmat vazifasini o‘tayotgan Milliy gvardiya va ichki ishlar organlari xodimlari bilan sodir bo‘lgan voqea muhokama markazida bo‘lib turibdi.

Sirdaryoda ham sudya IIB va Milliy gvardiya xodimlarining zo‘ravonligiga uchradi

O‘zA muxbiri Guliston shahridagi Jinoyat ishlari bo‘yicha Sirdaryo viloyati sudida bo‘lib, voqea ishtirokchisi bo‘lgan sudya Alisher Ergashev bilan uchrashdi.

A.Ergashev suhbat avvalida bo‘lib o‘tgan voqealar yuzasidan Bosh prokuratura nazoratida mutasaddi idoralar tomonidan surishtiruv ishlari olib borilayotganini, jarayonga bosim yoki boshqacha tarzda ta’sir o‘tkazishni istamasligini aytdi.

O‘zA muxbiri: Joriy yilning 13 iyul kuni Siz bilan qanday holat yuz bergan edi? Voqeani batafsil so‘zlab bera olasizmi?

Sudya A.Ergashev: Avtomashinamdagi «video-registrator»dagi video yozuvlarni o‘z ixtiyorim bilan Sudyalar Oliy Kengashiga va prokuratura organlariga taqdim etganman. Surishtiruv va tekshiruv ishlari olib borilmoqda. Men Bosh prokuratura nazoratida surishtiruvni olib borayotgan tegishli huquq tartibot idoralarining ishni xolisona va adolatli hal qilishlariga ishonaman.

(Sudya A.Ergashev avtomashina «video-registrator»dan yozib olingan videoyozuvni namoyish qilib berdi. Ammo, bu tekshiruv jarayoniga bosim yoki boshqacha ta’sir ko‘rsatish sifatida qaralishi mumkin, deb videoyozuvni tahririyatga taqdim etishni xohlamadi).

O‘zA muxbiri: Siz bilan joriy yilning 13 iyul kuni sodir bo‘lgan o‘sha jarayon xususida saytimizda bir qancha maqolalar e’lon qilindi, ulardan xabardor bo‘lsangiz kerak?

Sudya A.Ergashev: Xabarim bor, tanishdim. Men bilan bog‘liq bo‘lgan o‘sha voqea haqida boshqa ijtimoiy tarmoqlarda ham juda ko‘p chiqishlar bo‘lyapti. Lekin bu chiqishlarning birortasiga rasmiy jihatdan o‘z munosabatimni bildirmayapman. Demoqchimanki, ularning chiqishlariga men umuman daxl qilayotganim yo‘q. Hammasini (chiqishlar va izohlarni) bosiqlik va vazminlik bilan qabul qilyapman. Shuningdek, boshqa ijtimoiy tarmoqlardagi chiqishlar va izohlarni nazarda tutgan holda aytamanki, ularning birortasiga men munosabat yoki fikr bildirmadim. Men o‘z munosabatimni, yuqorida aytganimdek, tekshiruv yakuniga yetib, yakuniy xulosa keltirilgandan so‘ng aytishim mumkin.

«Mustaqil fikri yo‘q, ishi buyruq bajarish bo‘lgan mutasaddilarning qonunsiz harakatlari islohotlarga soya solmoqda»

O‘zA muxbiri: Lekin «Gulistondagi holat bo‘yicha ichki ishlar boshqarmasi rasmiy munosabat bildirdi» sarlavhali chiqish bilan tanishgan, IIB YXHB xodimlarining «bodi-kamera»sidagi video yozuvlarni ko‘rgan kishida sizni aybsiz ekaningizga shubha paydo bo‘lib qoladi?

Sudya A.Ergashev: Siz aytayotgan munosabat bilan men ham tanishdim, «bodi-kamera»da va «videoregistrator» olingan videoyozuvlar qo‘shib ishlagan videolavhalarni ham ko‘rdim. Unga mutlaqo qo‘shilmayman. «Bodi-kamera»dagi yozuvlar montaj qilingan. Tekshiruv ishlarini olib borayotgan mutasaddilar o‘z kasblarining haqiqiy professionallari ekaniga, montaj va haqiqiy yozuvning farqiga borishlariga ishonaman. Xulosa adolatli va xolisona hal qilinadi, deb umid qilaman.

Jarqo‘rg‘onda sud xodimi kaltaklangani yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi

O‘zA muxbiri: Sizning mashinangizdagi «video-registrator»dagi yozuvlarni ham IIB xodimlarining «bodi-kamera»sidagi yozuvlarni ham ko‘rdik. Shu holatdan kelib chiqib siz o‘zingizni yoki o‘sha jarayonda ishtirok etgan ichki ishlar organlari va Milliy gvardiya xodimlarini qanchalik aybdor, deb bilasiz?

Sudya A.Ergashev: Men bu holatda qonun doirasidan chetga chiqqanim yo‘q. Mening «video-registrator»imdan nusxalangan yozuvni diqqat bilan tomosha qildingiz, eshitgan bo‘lsangiz, mening tovushimni, mashinamning o‘ng tarafidan kelgan IIB xodimiga guvohnomamni ko‘rsatib, «Sudyaman» deb guvohnomamni ko‘rsatgan joyi bor. Ammo, ularning hech biri quloq solmay avtomashinam yo‘lini sariq rangdagi panjara bilan to‘syapti. Vaholanki, video-kameradagi yozuvga e’tibor bergan bo‘lsangiz, mening mashinamni ortidan IIB xodimi boshqaruvida kelayotgan shaxsiy avtomobil o‘tkazib yuborilyapti. Na tez yordamning, na boshqa transport vositasining «sirena» signali eshitilmayapti. Bundan tashqari, ijtimoiy tarmoqlarda videolavhaning montaj qilingani haqida ko‘p blogerlar, internet foydalanuvchilari ham ko‘plab misollarni keltirib o‘tishgan, xulosa o‘zingizdan.

Qolaversa, Tez tibbiy yordam vakilidan olingan intervyuda u «Bizga 4-mavzedan chaqiruv bo‘lgandi, shunga borayotganimizda ko‘prik oldida bir mashina yo‘limizni to‘sdi, IIB xodimlari uni yo‘limizdan oldirdi» deyapti. Birinchidan, Tez tibbiy yordamning o‘zi 4-mavzeda joylashgan, o‘zlari joylashgan joyga ataylab shaharning temir yo‘ldan narigi tarafiga, shaharning mahalla qismiga o‘tishi, ya’ni taxminan 8 km. uzoqlika borib aylanib qaytib kelishi aqlga sig‘maydi. Ikkinchidan, IIBning munosabatida aytilganidek, «og‘ir kasal olib ketayotgandik», demayapti, «chaqiruv bo‘lgandi» deyapti. Qolaversa qaysi ko‘prikligi haqida ham, aynan qaysi mashina haqida ham aniq gapirmayapti. Buyog‘iga o‘zingiz xulosa chiqarib olavering...

O‘zA muxbiri: IIB xodimlaridan birining «Ol uni buyoqqa!» degan buyrug‘i eshitilgach, sizni «Voy qo‘lim!» degan ovozingiz eshitildi. Sizga o‘sha jarayonda tan jarohati yetkazilgani haqida tibbiy ekspertiza xulosasi bilan tanishdingizmi? Hozir holatingiz qanday?

Sudya A.Ergashev: Tibbiy ekspertiza xulosasi bilan tanishdim, u yerda hammasi to‘g‘ri yozilgan, uni Sudyalar Oliy Kengashiga ham taqdim etganman. Lekin to‘g‘risi, hozir oila a’zolarimda, o‘zimda ham ruhiy zo‘riqish, ruhiy bosim mavjudligi sababli qolgan holatlarga izoh bermayman.

O‘zA muxbiri: Sizga yoki oilangizga kimdir yoki kimlardir tomonidan tayziq o‘tkazilayaptimi?

Sudya A.Ergashev: Qo‘ni-qo‘shni, tanish-bilishlarning oilamga, farzandlarimga, qolaversa, o‘zimga qilayotgan telefonlari, uchrashganda so‘rashlari, bularning barchasi ruhiy ta’sir qilishi shubhasiz. To‘g‘risi, yaxshi bo‘lardi, men o‘z munosabatimni, tekshiruv jarayoni nihoyasiga yetgach, aytsam. Men, IIB xodimlarini ham tushunaman, ularning ham oilasi, bola-chaqasi bor, ularga ham ijtimoiy tarmoqlardagi holatlar og‘ir ta’sir qilayotganini tushunaman. Hozir birortasining ism-sharifini aytib, ularni aybdor deb yoki aybsizlarini ham aybdorlarga qo‘shib aybdor bo‘lib qolishini istamayman. Men tekshiruv ishlari yakunlanmasdan turib birorta shaxsni sha’ni, qadr-qimmatini kamsitishga harakat qilishdan yiroqman.

Men yana bir bor aytaman, joriy yilning 13 iyulida bo‘lgan holat yuzasidan qonun doirasida ish tutdim. O‘zimni aybdor deb hisoblamayman. Boshqa savollaringizga javob bera olmayman va o‘ylaymanki, siz ham meni to‘g‘ri tushunasiz.

Tavsiya etamiz






Tavsiya etamiz

Ҳар доим хабардор бўлинг!

carzone.uz мобил иловаларини кўчириб олинг ва барча янгиликлар сиз билан