Валюта курси: Ўз.Р.Марказий банки
USD
АҚШ доллари
EUR
Eвро
RUB
Россия рубли
Sayt test rejimida ishlayapti!!!

Сўнгги янгиликлар






Sukut saqlashga haqingiz bor yoxud miranda huquqlari O‘zbekiston qonunlarida qanday aks etgan?
8.10.2017 18:01,  
199

AQSh filmlarida politsiya kishini hibsga olishdan oldin unga asosiy huquqlarini sanab o‘tayotgani tasvirlangan sahnani ko‘p ko‘rgansiz. Jumladan, politsiya hibsga olingan shaxsning to‘rtta asosiy huquqini sanab o‘tadi: 1) sukut saqlash huquqi; 2) shaxs tomonidan aytgan har bir so‘z yoki xatti-harakat sudda unga qarshi ishlatilishi mumkinligi haqida ogohlantirilish huquqi; 3) advokatga murojaat qilish huquqi; va 4) agar advokat yollashga imkoniyat bo‘lmasa, kishiga davlat tomonidan advokat tayinlanishi huquqi. 

Yuqorida sanab o‘tilgan huquqlar AQShda “Miranda huquqlari” deb ataladi. Miranda huquqlari sanab o‘tilmasdan to‘plangan har qanday dalil nomabqul hisoblanadi. AQSh qonunchiligi so‘roq qilingan shaxsning ko‘rsatmalari sudda dalil sifatida qabul qilinishi uchun ikki shartga javob berishini talab etadi. Birinchisi, so‘roq qilingan shaxs uning asosiy huquqlari nimadan iborat ekanligini bilishi kerak. Ikkinchisi, politsiya bergan savollarga javoblar ixtiyoriy ravishda berilgan bo‘lishi kerak. 

Politsiya tomonidan hibsga olingan shaxs, ko‘pincha, o‘z huquqlaridan unumli foydalana olmaydi. U yo o‘z konstitutsiyaviy huquqlari doirasi va mazmunidan bexabar bo‘ladi, yoki xabardor bo‘lsa ham, hibsga olingandan keyin politsiya savollariga javob berish majburiy emasligini bilmaydi. Shu sababli, yuqorida tilga olingan ikki shartning amalga oshishini ta’minlash maqsadida AQSh qonunchiligi politsiyaga hibsga olingan shaxsga asosiy huquqlarini birma-bir sanab chiqish majburiyatini yuklaydi. Shu orqali hibsga olingan shaxs barcha asosiy huquqlaridan xabardor qilingan bo‘ladi va uning politsiya savollariga bergan javoblari o‘z erkin irodasiga ko‘ra qilingan hisoblanadi. 

Mazkur maqolada yuqorida tilga olingan to‘rt huquq O‘zbekiston qonunchiligida qanday aks etganligi haqida fikr yuritamiz. 

Amaldagi qonunchilik va Miranda huquqlari

1) Sukut saqlash huquqi

Sukut saqlash yoki hech qanday ko‘rsatma bermaslik huquqi aybsizlik prezumpsiyasi tamoyiliga asoslanadi. Jinoyat-protsessual Kodeksining 23-moddasida gumon qilinuvchi, ayblanuvchi yoki sudlanuvchi o‘zining aybsizligini isbotlab berishi shart emas, deb belgilangan. Sukut saqlash huquqi, yani o‘ziga nisbatan qo‘yilgan gumon xususida hamda ishning boshqa har qanday holatlari to‘g’risida ko‘rsatuvlar berishdan bosh tortish huquqining doirasi 48-modda oxirgi qismida to‘laroq ochib berilgan. Unda gumon qilinuvchi zimmasiga ko‘rsatuv berish, shuningdek, o‘zining jinoyatga aloqador emasligini yoki ishning boshqa biror holatlarini isbotlash majburiyati yuklanishi mumkin emas, deb belgilangan.

2) Shaxs tomonidan aytgan har bir so‘z yoki xatti-harakat sudda unga qarshi ishlatilishi mumkinligi haqida ogohlantirilish huquqi

Kodeksning 46 va 48-moddalariga ko‘ra, shaxs (ayblanuvchi yoki gumondor) o‘ziga qo‘yilgan ayblov yoki gumon xususida hamda ishning boshqa har qanday holatlari to‘g’risida ko‘rsatuvlar berish yoxud ko‘rsatuvlar berishdan bosh tortish va ko‘rsatuvlaridan jinoyat ishiga doir dalillar sifatida uning o‘ziga qarshi foydalanilishi mumkinligi haqida xabardor bo‘lish huquqiga ega.

3) Advokatga murojaat qilish huquqi

Kodeksining 46 va 48-moddalariga binoan, ayblanuvchi yoki gumon qilinuvchi qamoqqa olinganligi yoki ushlab turilganligi va turgan joyi haqida advokatga telefon orqali xabar berish huquqiga ega. Shaxs ushlangan vaqtdan yoki gumon qilinuvchi deb e’tirof etilganligi to‘g’risidagi qaror unga ma’lum qilingan paytdan boshlab advokatga ega bo‘lish huquqiga ega. 

4) Agar advokat yollashga imkoniyat bo‘lmasa, davlat tomonidan advokat tayinlanishi huquqi

Kodeksning 50-moddasiga binoan, ishni yuritayotgan surishtiruvchi, tergovchi, prokuror yoki sud gumon qilinuvchini, ayblanuvchini, sudlanuvchini yuridik yordam uchun to‘lovdan batamom yoki qisman ozod etishga haqlidir. Bunday hollarda advokat mehnatiga haq to‘lash xarajatlari Vazirlar Mahkamasi belgilaydigan tartibda davlat hisobidan to‘lanadi.

Demak, Miranda huquqlari amaldagi qonunchilikda to‘laligicha aks etgan. Unda asosiy farq nimada? Miranda huquqlari masalasida O‘zbekiston va AQSh qonunchiligi o‘rtasidagi farq ikki jihatda namoyon bo‘ladi. Birinchisi, Miranda huquqlari haqida ogohlantirish berilishi shart bo‘lgan vaqt. Ikkinchisi, Miranda huquqlari haqida ogohlantirish to‘la-to‘kis berilmaganda dalillar maqbulligiga ta’siri. 

Asosiy huquqlar haqida qachon ogohlantirish beriladi?

AQSh qonunchiligiga ko‘ra, shaxs harakati cheklanishi bilan Miranda huquqlari o‘qib eshittirilishi shart. Masalan, agar politsiya shaxsga sizni hibsga oldik deb e’lon qilishi bilanoq Miranda huquqlarini sanab o‘tishi kerak. O‘zbekiston qonunchiligida bunday majburiyat nazarda tutilmagan. Kodeksning 48-moddasiga binoan, gumon qilinuvchi ushlanganidan keyin yigirma to‘rt soatdan kechiktirmay o‘ziga nisbatan qo‘yilgan gumon xususida hamda ishning boshqa har qanday holatlari to‘g‘risida ko‘rsatuvlar berish yoxud ko‘rsatuvlar berishdan bosh tortish va ko‘rsatuvlaridan jinoyat ishiga doir dalillar sifatida uning o‘ziga qarshi foydalanilishi mumkinligi haqida xabardor qilinishi nazarda tutilgan. Yuqorida tilga olingani kabi, gumon qilinuvchi zimmasiga ko‘rsatuv berish, shuningdek, o‘zining jinoyatga aloqador emasligini yoki ishning boshqa biror holatlarini isbotlash majburiyati yuklanishi mumkin emasligi belgilangan (Kodeksning 48-moddasi), ammo ushbu huquqlar haqida gumon qilinuvchini bevosita ogohlantirilish majburiyati belgilanmagan. 

Gumon qilinuvchi va ayblanuvchi huquqlarini tushuntirish majburiyati Kodeksda so‘roq qilish tartibida tilga olinadi. Jumladan, Kodeksning 111-moddasiga ko‘ra, gumon qilinuvchini, shuningdek ayblanuvchini birinchi marta so‘roq qilishdan bevosita oldin surishtiruvchi, tergovchi gumon qilinuvchiga, ayblanuvchiga uning ushbu Kodeksning 46 va 48-moddalarida nazarda tutilgan protsessual huquqlari va majburiyatlarini tushuntirishi shart.

Demak, amaldagi qonunchilikda shaxs ushlangan paytdanoq unga asosiy huquqlarini sanab o‘tish majburiyati mavjud emas. 

Miranda huquqlarining dalillar maqbulligiga ta’siri

AQSh qonunchiligiga ko‘ra, Miranda huquqlari haqida ogohlantirish bermay olingan ko‘rsatuv va to‘plangan dalillar nomaqbul hisoblanadi. O‘zbekiston qonunchiligida bunday qoida mavjud emas. Kodeksning 95-moddasiga ko‘ra, dalillar belgilangan tartibda to‘plangan bo‘lsagina maqbul deb e’tirof etiladi. Dalil to‘plash tartibi esa Kodeksning 88, 90, 92, 93 va 94-moddalarida nazarda tutilgan shartlarni o‘z ichiga oladi. Mazkur moddalarning birontasi gumon qilinuvchiga huquqlari tushuntirilmaganligi dalillarni to‘plash qoidalarini buzadi, deb belgilanmangan.

Demak, umuman olganda AQSh qonunchiligida nazarda tutilgan Miranda huquqlari O‘zbekiston qonunchiligida to‘liq aks etgan. Asosiy farq mazkur huquqlar haqida ogohlantirish berish vaqti va dalillarning maqbulligiga ta’siri bilan bog’liq. AQShda Miranda huquqlari haqida kishi hibsga olinishi bilanoq politsiya tomonidan sanab o‘tilishi kerak. O‘zbekiston qonunchiligida bunday majburiyat nazarda tutilmagan. AQSh qonunchiligida Miranda huquqlari o‘qib eshittirilmasdan olingan har qanday ko‘rsatuv yoki to‘plangan dalillar nomaqbul hisoblanadi. O‘zbekiston qonunchiligida bunday qoida belgilanmagan, ya’ni gumon qilinuvchiga huquqlari tushuntirilmasdan to‘plangan dalillar avtomatik ravishda nomaqbul hisoblanmaydi. 

Tavsiya etamiz






Tavsiya etamiz

Ҳар доим хабардор бўлинг!

carzone.uz мобил иловаларини кўчириб олинг ва барча янгиликлар сиз билан