Валюта курси: Ўз.Р.Марказий банки
USD
АҚШ доллари
EUR
Eвро
RUB
Россия рубли
Sayt test rejimida ishlayapti!!!

Сўнгги янгиликлар






Suriya mojarosida turk-rus qarama-qarshiligi: olti soatlik suhbatdan keyin tuzilgan sulh nimani anglatadi?
7.03.2020 23:06,  
1842

Suriyaning Idlib viloyatida so‘nggi haftalarda yuz bergan keskin ziddiyatlardan so‘ng 2020 yil 5 mart kuni Moskvada Rossiya prezidenti Vladimir Putin va Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘on o‘rtasida uzoq davom etgan muzokaralardan so‘ng bir to‘xtamga kelindi: Idlibda 6 martga o‘tar kechasi 0:01 dan boshlab o‘t ochish to‘xtatildi. 

Ikki davlat rahbari o‘rtasidagi muzokara 5 soatu 40 daqiqaga cho‘zildi, undan 3 soati yopiq eshiklar ortida, yuzma-yuz suhbat shaklida o‘tdi

Oxiri natija e’lon qilindi: Idlib viloyatidan o‘tgan M4 strategik shossesidan 6 km shimol va janubga cho‘zilgan xavfsizlik yo‘lagi tashkil etiladi, bu yo‘lak chegaralarini Turkiya va Rossiya askarlari qo‘riqlaydi, Idlibda esa o‘t ochish to‘xtatiladi. 

So‘nggi ikki haftadagi janglar boshlanishidan oldingi Suriyadagi vaziyat

 

“Umid qilamanki, bu kelishuv Idlibdagi ziddiyatlardan xoli hududda jangovar harakatlarga chek qo‘yadi, tinch aholini bezovta qilish to‘xtaydi”, dedi Vladimir Putin jurnalistlarga.

Muzokaralar boshlanishida Putin ushbu yig‘ilishga Idlibdagi janglar asosiy sabab bo‘lganini aytdi: bu yerda bir tomondan Bashar Asadga sodiq Suriya hukumat kuchlari va unga qarshi isyonsilar urushyapti (Rossiya nazdida ularning barchasi terrorchi); ayni paytda, hududda Rossiya va Turkiya harbiylari ham bor va ular yuqoridagi ikki qarama-qarshi tarafni qo‘llab-quvvatlayapti.  

Mavzuga doir: Turkiya Idlibda kimni va nima uchun himoya qilyapti?

Kreml faol ravishda qo‘llab-quvvatlaydigan Bashar Asad armiyasi Idlibda minglab tinch fuqarolar o‘limida ayblanadi. 2019 yil 1 dekabrda bu viloyatni bombardimon qilish boshlanganidan buyon BMTning hisob-kitoblariga ko‘ra 950 000 yaqin suriyalik qochqin hududni tark etgan. 

Idlibdagi to‘qnashuvlar shaharlar aholisini qochqinga aylantirdi. /AFP

 

Orada bu viloyatda harbiy patrul sifatida joylashtirilgan turk harbiylari ham hujumga uchradi: Suriya hukumat kuchlarining havo va artilleriyadan bergan zarbalari oqibatidan oltmishga yaqin Turkiya harbiysi halok bo‘ldi. 

Yaqin Sharq bo‘yicha tahlilchilarning aytishicha, Idlibda sluhga erishish Erdo‘g‘onning maqsadi edi va u bunga erishdi. 

Olti soatga yaqin cho‘zilgan muzokaralar ketar ekan, o‘zaro kelishuvga erishilmasligi haqidagi xabarlar ham yangrab turdi: Turkiya va Rossiya prezidenti uchrashuvdan keyin matbuot anjumani o‘tkazmasligi haqida gaplar chiqdi. Ammo Erdo‘g‘on va Putin aniq to‘xtamga kela oldi va buni namoyish qilish uchun matbuot anjumani o‘tkazdi. 

Rajab Toyyib Erdo‘g‘on Putinni Anqaraga taklif qilganini aytib, Turkiya bundan oldin ham Rossiya bilan birgalikda Suriya bo‘yicha bir qator qarorlarni qabul qilgani, xususan, “mintaqa baraqarorligini saqlash uchun” qo‘shimcha kuchlar jo‘natilganini eslatib o‘tdi.       

Shu bilan birga ikki prezident ham matbuot anjumani oxirida o‘zlari uchun og‘riqli bo‘lgan mavzularda gapirishga majbur bo‘ldi. Masalan, Vladimir Putin Rossiyaning “Humaymim” harbiy bazasiga doimiy ravishda “radikallar” hujum qilishini aytdi, ammo “terrorchilar” degan so‘zni ishlatmadi. O‘z navbatida Rajab Toyyib Erdo‘g‘on ham turk harbiylari Suriya hukumat armiyasining zarbalariga javob berish huquqini saqlab qolishini bildirdi. 

Moskvada erishilgan sulhga binoan kuchlar nisbati shu tartibda joylashadi. Bunda qizil chiziq Latakiyani Halab bilan bog‘lovchi M4 strategik trassasi, ko‘k shtrix chiziq esa uning har ikki tomonida 6 km, jami 12 km kenglikda tashkil etiladigan "xavfsizlik yo‘lagi" sanaladi. Qizil rang bilan belgilangan hududlar Suriya hukumat kuchlari nazorati ostida bo‘lib, bu yerlarda qolib ketgan Turkiyaning 12 ta nazorat kuzatuv nuqtalari nima bo‘lishi yaqin bir hafta ichida hal etiladi

 

Matbuot anjumanida Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov va Turkiya Tashqi ishlar vaziri Mavlut Chovusho‘g‘li rus va turk tillarida harbiy harakatlar to‘xtalishi haqidagi kelishuv shartlarini o‘qib eshittirdi. 

Sulh shartlari nimalardan iborat?

1. 2020 yil 6 mart, juma kuniga o‘tar kechasi, mahalliy vaqt bilan 0:01 dan boshlab Idlibda o‘t ochish butunlay to‘xtatiladi.

2. Suriyaning eng yirik dengiz porti Latakiya (Laziqiya) va iqtisodiy poytaxti bo‘lgan Halabni bog‘laydigan M4 strategik yo‘lining shimol va janub tomonlariga qarab 6 kmdan, jami 12 km kenglikdagi xavfsizlik yo‘lagi tashkil etiladi.  

3. Ayni yo‘lak xavfsizligini Turkiya-Rossiya qo‘shma patruli birgalikda qo‘riqlaydi, bu qo‘riqlash 15 martdan boshlanadi.

Shartnomada suriyalik qochqinlarga xavfsiz hudud barpo etilishi haqida eslatilmagan. BMT hisob-kitoblariga ko‘ra ayni paytda bir millionga yaqin kishi butunlay boshpanasiz qolgan. Bu Suriyadagi so‘nggi to‘qqiz yillik ziddiyatlar asnosida birdaniga shuncha ko‘p inson qochqinga aylangan birinchi holatdir.

Shuningdek, Suriya hukumat kuchlari so‘nggi haftalarda egallagan hududlaridan chekinishi haqidagi Erdo‘g‘onning talabi ham sulh shartnomasiga kiritilmadi.

Turk nashrlari nima deydi?

6 mart kuni ertalab markaziy turk nashrlari ancha bosiq sarlavhalar bilan chiqdi

 

Yaqin Sharq masalalari bo‘yicha ba’zi kuzatuvchilar Erdo‘g‘on bu kelishuv ortidan muxolifatning katta bosimiga uchrashi haqida yozgan bir vaqtda Turkiyaning markaziy axborot nashrlari voqelikka ancha bosiq yondoshdi. 6 mart kuni ertalab turk gazetalarining bosh sahifalarida shunday sarlavhalarni ko‘rish mumkin edi:

Akşam: “Biz o‘t ochishni to‘xtatishga kelishdik / Moskvadagi tarixiy kelishuv / Erdo‘g‘on va Putin 6 soatlik uchrushuvdan keyin o‘t ochishni to‘xtatish va “xavfsizlik yo‘lagi”ni tashkil qilishga kelishib oldi”.

Akit: “Idlibda o‘t ochishni to‘xtatishga kelishildi / Turk harbiylari Idlibdan chiqib ketmaydi”.

Aydınlık: “AQShning Idlibdagi tuzog‘i ish bermadi”. 

BirGün: “Jang maydonida urush, Moskvada sammit / Moskvada uchrashuv o‘tayotgan vaqtda Suriyada yana bir turk harbiysi halok bo‘ldi”. 

Cumhuriyet: “Murakkab savdolashuv / Putin halok bo‘lgan askarlar uchun hamdardlik bildirdi, ikkala rahbar ham Suriyaning birligi saqlanib qolishini aytdi”.

Sarlavha ostida esa boshqacha ruhdagi matn bor: unda “Moskvada Erdo‘g‘on va Putin uchrashuv o‘tkazayotganida Istanbulda Idlib mavzusida konferensiya o‘tgani, AQSh Davlat kotibi Mayk Pompeo esa Vashingtondagi chiqishida Turkiya Suriya va Rossiyaga qarshi o‘z chegaralarini himoya qilishda to‘la huquqqa egaligi haqida bayonot bergani” aytilgan.

Evrensel: “Rossiya kelishuvi” / sarlavha ostida xalqaro munosabatlar kafedrasining uch professori bilan suhbat o‘tkazilgan, xulosa: “Erdo‘g‘on chekindi”.

Hurriyet: “Idlibda sulh / Suriya rejimini deb munosabatlarimiz qurbon qilinmadi”.

Karar: “Sammit o‘zaro kelishuv bilan yakunlandi / Putin halok bo‘lganlarga hamdardilk bildirdi va Asad rejimini himoya qildi”. 

MilliGazete: “Idlib masalasi Moskvada hal qilindi / Erdo‘g‘on: Idlibda yangi holat bo‘lishi muqarrar”.

Erdo‘g‘on-Putin uchrashuvi 6 soat davom etdi. /GETTY IMAGES

 

Sabah: “Murakkab sammit sulh bilan yakunlandi / Putin: har doim qiyin vaziyatlardan chiqishga muvaffaq bo‘lganmiz, bugun ham shunday bo‘ldi”.

Sözcü: “Idlib sammiti sulh bilan yakunlandi / Putin: “Ostona formati” bo‘yicha ishlashni davom ettiramiz. Erdo‘g‘on: agar rejim hujum qilsa, ularga zarba beramiz”.

Türkiye: “Erdo‘g‘on sulhga imzo chekdi, rejimni ogohlantirdi”.

YeniÇağ: “Moskvada sulhga kelishishdi / Putin hamdardlik bildirdi va turk harbiylari o‘rnashgan joyni hech kim bilmaganini aytdi”. 

YeniŞafak: “Barcha yo‘llar Moskvaga eltadi: eng murakkab Idlib sammiti”. 

Buyog‘iga nima bo‘ladi?

2018 yil sentyabr oyida Sochida imzolangan Turkiya-Eron-Rossiya sharnomasiga ko‘ra Suriyaning Idlib viloyati “ziddiyatlardan xoli hudud” bo‘lishi, mamlakatning boshqa mintaqalaridagi isyonchilar shu viloyatga ko‘chirilib, qurolsizlantirishi va Turkiya bu yerda nazorat-o‘tish punktlarini tashkil etib, qo‘riqchilikni tashkil etishi belgilangan edi. Shunga muvofiq Turkiya o‘z harbiylarini bu viloyatga joylashtirib, patrul postlarini o‘rnatdi. 

Biroq “Suriyaning birligini ta’minlash” uchun 2019 yil 1 dekabrdan hujum boshlagan Bashar Asad kuchlari nafaqat Idlibdagi isyonchilarga, balki turk harbiylariga ham zarba bera boshladi. Bu zarbalarning eng halokatlisi 2020 yil 27 fevral kuni kechqurun yuz berdi – Asad artilleriyasining zarbalaridan 36 turk askari halok bo‘ldi, yana 30 dan ortig‘i jarohatlandi.

Mavzuga doir: Putinning Suriyadagi jinoyatlariga qarshi Yevropa Turkiya bilan turishi lozim – Jorj Soros 

So‘nggi kunlardagi janglar tufayli Turkiyaning Idlib viloyati sharqidagi 12 ta nazorat-kuzatuv nuqtasi joylashgan hudud Suriya armiyasi qo‘l ostiga o‘tdi. Bu yerda Suriyaning janubidagi Dar’ani shimolidagi Halab bilan bog‘lovchi, Damashq, Hama va Hims shaharlaridan o‘tgan M5 strategik trassasi joylashgan. 

Ba’zi axborot manbalarining aytishicha, Rajab Toyyib Erdo‘g‘on o‘z samolyotida Moskvadan Anqaraga qaytar ekan, bortdagi jurnalistlar undan aynan shu 12 ta nazorat nuqtasining kelajagi haqida so‘raganida u “Turkiya uchun barcha kuzatuv nuqtalari muhim. Ularning holati hozirgacha qanday bo‘lsa, shunday saqlanib qoladi. Ayni paytda bu borada hech qanday o‘zgarish yo‘q”, deb javob bergan.

Bu sulh Erdo‘g‘onning yutug‘imi, mag‘lubiyatimi, vaqt ko‘rsatadi. /Mustafa Kamacı/AA

 

Ammo bu aniq javob emas. Moskvada e’lon qilingan sulh shartnomasiga ko‘ra M4 trassasining atrofida shimol va janubga qarab 6 kmlik “xavfsizlik yo‘lagi” tashkil etiladi. Idlib viloyatining xavfsizlik yo‘lagidan janubdagi, ayni paytda Suriya hukumat kuchlari egallab turgan qismi yana qaytadan Turkiya kuzatuviga berilishi esa bu shartnomaga kiritilmagan. Demak, ertami-kechmi Turkiya o‘zining nazorat nuqtalarini bu hududdan olib chiqib ketishga majbur bo‘lishi mumkin. 

Bu sulhdan kim yutdi? Turkiyami, Rossiyami, Bashar Asadmi? Idlibdagi qochqinlar taqdiri endi qanday kechadi? Buni endi sulhning amaliy natijalariga qarab xulosa qilishimiz mumkin bo‘ladi.  

Tavsiya etamiz






Tavsiya etamiz

Ҳар доим хабардор бўлинг!

carzone.uz мобил иловаларини кўчириб олинг ва барча янгиликлар сиз билан