Валюта курси: Ўз.Р.Марказий банки
USD
АҚШ доллари
EUR
Eвро
RUB
Россия рубли
Sayt test rejimida ishlayapti!!!

Сўнгги янгиликлар






Suriya-Turkiya mojarosi: Bir o‘q bilan uchta quyon
16.10.2019 12:27,  
6038

9 oktyabr, chorshanba kuni "Tinchlik bulog‘i" operatsiyasi boshlanganidan beri, Turkiya armiyasi va uni qo‘llab-quvvatlayotgan arab qo‘shinlari Suriyaning Turkiya bilan butun chegarasi bo‘ylab taxminan 480 km yo‘lni bosib o‘tishdi. Janglar hozirgi paytda Tel-Abyad va Ras al-Ayn shaharlarida, barcha asosiy aholi punktlarini yerdan va havodan bombalash bilan bir qatorda, 100 mingga yaqin qochqinlarning janubga ko‘chirilishiga olib keldi.

Fleshbek

Suriyaning shimoliy qismida aholining muvozanatini tiklash bo‘yicha harakatlar uzoq tarixga ega. Suriya mustaqillikka erishgach, Damashqdagi arab millatchi hukumatlari Suriya shimolidagi kurdlar xarakatini pasaytirishga harakat qilishdi. 1962 yilda suriyalik kurd aholisining taxminan 20 foizi fuqaroligidan mahrum qilindi, bu ularga yer sotib olish yoki davlat sektorida ishlashga xalaqit berdi. 1970-yillarda “Baas” partiyasi rejimi hatto kurdlarni qo‘shni davlatlardagi kurd jamoalaridan ajratib qo‘yish uchun "arab kamarini" yaratishga harakat qildi.

Suriyaning shimolida, ko‘p sonli etnik va diniy ozchiliklarni tashkil etuvchi bu harakatlar g‘oyaviy urush bilan birga olib borildi. Joylarning nomlari arablashtirildi, kurd tili qatag‘on qilindi va kurdlarning madaniy namoyishlari taqiqlandi.

Umuman olganda, Suriya hukumati har doim Kurd jamoasini chet ellik bosqinchilar, asosan Turkiyadagi qatag‘ondan qochgan qochqinlar deb ta’riflagan. 1980-90-yillarda Asad rejimi tomonidan qo‘llab-quvvatlangan Kurdiston Ishchi Partiyasi (KIP) bu “afsona”ni qabul qilishga tayyor edi. Ammo Suriyadagi fuqarolar urushi boshlanganidan keyin Suriyaning shimolida kurdlar boshchiligidagi radikal ma’muriyatning paydo bo‘lishi Suriyaning arablashtirish kampaniyasining yolg‘onligi va zaifligini namoyish etdi.

Shunday qilib endi Erdog‘an Suriyaning ketma-ket hukumatlari muvaffaqiyatsizlikka uchragan ishlarga aralashishni rejalashtirmoqda va bu xujumning asosiy sabablaridan biri ham Suriya shimolidagi kurdlarni tizginini ushlab turishga qaratilgan.

Erdog‘an urush kart blanshini qanday oldi?

Prezident Tramp go‘yoki IShID mag‘lub qilinganidan so‘ng, AQSh maxsus qo‘shinlarini Suriyadan olib chiqib ketishini va 200 yildan ortiq davom etgan turk-kurd mojarosiga aralashmasligini e’lon qilgach, bu narsa turklarning Suriya hududida keng operatsiyalar boshlashiga turtki bo‘ldi.

Turkiyaning maqsadi ikki milliondan oshiq suriyalik arab qochqinlari joylashgan Turkiya-Suriya chegarasi bo‘ylab “tinchlik hududi”ni yaratish, Turkiyaning janubidagi KIP bazalari bilan muxtor anklavlar o‘rtasidagi aloqani uzish, Suriya mojarosining yakuniy muzokaralarida hal qiluvchi rolni qaytarib olish edi. Buning uchun Rossiya va Eronning roziligiga avval e’lon qilgan hududiy maqsadlardan og‘maslik va Assad rejimining xavfsizligiga tahdid solmaslik shartlari bilan ega bo‘ldi.

Yolg‘iz qolgan bo‘ri endi nima qiladi?

Suriyaning shimoli va sharqida IShIDga qarshi kurashning asosiy og‘irligini o‘ziga olgan kurdlar o‘zining ittifoqchisi bo‘lgan AQSh tomonidan tashlab qo‘yildi. Suriyadagi kurd muxtor anklavlari AQShning havo kuchlari va qurollari tufayli ushbu yerlarning hududiy bazasini kengaytirishga muvaffaq bo‘lgan edi. Suriyadagi fuqarolar urushi kuchlarining geosiyosiy muvozanati sharoitida, endi kurdlarning Assad rejimini himoya qilishdan boshqa chorasi yo‘q. Bu yerda ming yillar davomida geosiyosiy o‘yinlarning asosiy postulatlaridan biri bo‘lmish “Dushmanimning dushmani meni do‘stim” teoriyasi ishlay boshlaydi

Shunday qilib, biz allaqachon uzoq vaqtdan beri davom etayotgan Suriya urushining tashqi kuchlarning bevosita ishtirokidagi yangi bosqichidamiz. Kurdlarni yolg‘iz Turkiya changaliga topshirib ketish, hatto AQSh Respublikachilar partiyasida ham noroziliklarga sabab bo‘ldi, Norvegiya va Finlyandiya kabi davlatlar Turkiyaga qurol sotishni to‘xtatdi. O‘zining odatiy ikkiyuzlamachiligi bilan tanilgan Isroil bosh vaziri Netanyahu Erdog‘anni "etnik tozalashda" aybladi. Bu yerda uning gaplari texnik tomondan to‘g‘ri bo‘lsada, aslida yo‘lbars sherni qonxo‘rlikda ayblaganiday holat yuzaga kelmoqda.

Haqiqat shundaki, kutilganidek, kurdlar ushbu hal qiluvchi soatda yolg‘iz qoladilar va xalqaro so‘l kuchlarning va ayniqsa turklarning so‘l siyosatchilarining hamjihatligiga ishonishlari mumkin. Turkiyani Suriyaning shimoliga bostirib kirishi nafaqat Rojavadagi yetti yillik demokratiya eksperimentiga, balki kurdlarning o‘zini o‘zi boshqarishga intilishlariga abadiy barham berishga intilmoqda.

AQSh nega tashlab ketdi?

IShID paydo bo‘lishi va uning Suriya va Iroqdagi ulkan hududlarni keskin nazorat qilishidan so‘ng, Suriya kurdlari AQSh tomonidan IShIDga qarshi kurashish uchun tuzilgan asosiy koalitsiya guruhlaridan biri edi. Vashington nuqtai nazaridan muhimroq jihati shundaki, ushbu shartnoma AQShning ittifoqchisi bo‘lgan Turkiya bilan munosabatlarni izdan chiqaradi, chunki Erdog‘an Suriya kurdlariga nisbatan tobora adovat ko‘rsatmoqda. Xulosa qilib aytganda, AQShning Suriya kurdlari bilan ittifoqi Qo‘shma Shtatlarning tashqi siyosatida barqaror bo‘lmagan keskinlikni yaratdi.

Amerika Qo‘shma Shtatlari Anqara va Rojava (Suriyadagi g‘arbiy Kurdiston) orasidan birini tanlashi muqarrar edi. IShID bilan urush davom etgan paytlar, bu qarorni kechiktirish mumkin edi. Ammo IShIDning samarali mag‘lubiyati bilan Amerikaning Suriyadagi missiyasi yakunlandi. AQSh esa doimgiday foydalanib bo‘lingan predmetni tashlab yuborish prinsiplariga sodiq qolgan holda kurdlardan voz kechdi.

Tanqidlarga javoban esa Prezident Tramp: "Kurdlar bizga Ikkinchi jahon urushi, Koreya va Vetnam urushlarida yordam bermagan” deb butun dunyoni lol qoldiruvchi kulgili javob berdi. Trampning Anqarani tanlagani, Turkiyaning Rojavaga bostirib kirishi, aholini ko‘chirishi va Suriyaning shimoliy demografiyasini o‘zgartirishga yo‘l ochdi.

O‘z ittifoqchisiga xiyonat qilganlikdagi ayblovlar AQShning boshiga har tomondan yog‘dirilmoqda. Prezident Tramp tasodifan unga "meros bo‘lib" o‘tgan barcha eng munozarali va qiyin muammolarni tinch muzokaralar orqali hal qilishga urinmoqda. Shimoliy Koreya, Eron, Afg‘oniston va hatto Isroil va Falastin bo‘yicha ham.

Kurdlarga kelsak, AQSh har doim ularga nisbatan o‘ta beparvo munosabatda bo‘lgan. Bu demokratlarga ham, respublikachilarga ham tegishli. 70-yillarning o‘rtalarida Saddamga qarshi kurashda dastlab kurdlarni qo‘llab-quvvatlagan Prezident Jerald Ford keyinchalik ularni o‘z taqdiriga topshirdi. Keyin Katta Bush, ko‘rfaz urushidagi shialar va kurdlarning Saddamga qarshi urushini "o‘zlarining ichki ishi" deb atadi.

Tramp esa biznesmen sifatida hech qanday foyda keltirmaydigan xarajatlarni minimallashtirishga harakat qilmoqda. Qo‘shma Shtatlar Iroq va Afg‘onistondagi "Vetnam kompleksi"ni yengib o‘tishga harakat qildi, ammo Suriyaga tushishni istamadi. Vaqt ularning hisob-kitoblarining balki to‘g‘riligini ko‘rsatar.

Bir o‘q bilan uchta quyon

Sentyabr oyi oxirida Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdog‘an Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh assambleyasida: "Bizning maqsadimiz Suriyada 30 km kenglik va 480 km uzunlikdagi tinchlik yo‘lagini yaratishdir, bu yerda ikki million suriyalik istiqomat qilishi mumkin." deb nutq so‘zlagan edi. Qo‘shma Shtatlarning Suriyaning shimolidan qo‘shinlarini olib chiqishi haqidagi bayonotidan so‘ng, Erdog‘an taklif etgan "tinchlik yo‘lagi" aynan mana shu xujum oqibatida xaqiqatga aylanishi mumkin.

Turkiya uzoq vaqtdan beri Assad rejimining g‘alabasida ishtirok etgani uchun o‘z ulushini olishga harakat qilmoqda. Urushning boshida muxolifat tarafida bo‘lgan va millionlab suriyalik qochqinlarni qabul qilgan holda, Turkiya eng ko‘p zarar ko‘rgan tomonga aylandi. Vaqt o‘tishi bilan "g‘oliblar" tomoniga o‘tgan Turkiya, Assad rejimidan, Rossiya va Erondan farqli o‘laroq, ishtahasiga mos keladigan dividendlarni ololmadi. Bundan oldin Turkiya Suriyada ikkita harbiy operatsiya o‘tkazgan edi: “Frot qalqoni” (2016 yil avgust - 2017 yil mart) va “Zaytun novdasi” (2018 yil yanvar - mart). Amaliyotlar natijasida chegaradosh Aazaz va Gerablus shaharlari o‘rtasida "xavfsizlik zonasi" tashkil qilindi, Afrin shahri ham bosib olindi.

Ammo bu turklarning ishtahasini qoniqtirmadi.

Erdog‘anning “ezgu maqsadi”ga qaramay, Turkiyaning Suriya shimolini egallash maqsadi ham uning siyosiy rejalari bilan bog‘liq. "Tinchlik yo‘lagi" esa Turkiyada borgan sari hal qilib bo‘lmas siyosiy muammo sifatida ko‘rilayotgan, suriyalik qochqinlardan xalos bo‘lish uchun joy bo‘lishi rejalashtirilgan. Bu yo‘l bilan esa Erdogan bir o‘q bilan naqd uchta quyonni otib olishga harakat qilmoqda:

Birinchisi, qochqinlar masalasini hal etish bo‘yicha Yevropa Ittifoqidan olingan pullarni oqlash. Ikkinchisi, elektorat oldida turk jamiyatining asosiy muammosi bo‘lgan qochqinlarni Turkiyadan yo‘qotish va uchinchisi, bu albatta Anqara nafaqat Suriyaning shimolidagi kurdlar boshqaruvini tugatish, balki uning demokratik orzularini barbod qilish imkoniyatini qo‘lga kiritish deb hisoblayman.

Suriyadagi fuqarolar urushi boshlanganidan beri uch-to‘rt million suriyalik Turkiyadan boshpana so‘radi. 2016 yilda Erdog‘an Yevropa Ittifoqi bilan mamlakatda qochqinlarni joylashtirish bo‘yicha ko‘p millionlik shartnomani imzoladi. Janglardan qochayotgan odamlar oqimi davom etar ekan, Turkiyadagi qochqinlarga qarshi kayfiyat kuchaydi va turk rasmiylari hozirda suriyaliklarni mamlakatdan chiqarib yuborish yo‘llarini izlamoqda

Rossiya qayerda?

Paradoksal ravishda, Rossiya bu mojaroda yana eng katta yutuqni olgan o‘yinchi bo‘lishi mumkin. Rossiya ommaviy axborot vositalarining xabarlariga ko‘ra, kurdlar nizoni hal qilishda vositachilik qilish uchun Rossiyaga murojaat qilishgan.

Rossiyaning yetakchi siyosatshunoslaridan biri Fedor Lukyanov to‘g‘ridan-to‘g‘ri intervyusida shunday dedi: "Kurdlar ularning uzoq muddatli xavfsizligini ta’minlashning yagona yo‘li Suriya hukumati bilan kelishish ekanligini tushunishi kerak. Masalan, kurdlar Damashqning yurisdiksiyasini tan olishadi (Moskva esa Damashqning orqasida turibdi). "Damashq esa kurd mintaqalari xavfsizligini, birinchi navbatda turk istilosi tufayli ta’minlashga intiladi."

Suriya hukumatiga kelsak, uning imkoniyatlari juda cheklangan. Nazariy jihatdan, Assad, shubhasiz, yuzaga kelgan tartibsizlikda Suriyaning mavjud hududiy bo‘linishini qayta ko‘rib chiqishga urinishi mumkin, ammo bu faqat boshqa jabhaning ochilishini anglatadi.

Aslida, barcha asosiy o‘yinchilar o‘rtasida Turkiya operatsiyasi bo‘yicha muzokaralar bo‘lgan. Operatsiya arafasida Sergey Shoygu AQSh mudofaa vaziri Mark Esper bilan suhbatlashgani ham buni tasdiqlaydi.

Xulosa

Suriyaning shimoli-sharqida 2016 yildan beri amalda kurdlarni birlashtirgan shimoliy Suriyaning Demokratik Federatsiyasi mavjud. Bu hududda bir qator arab qabilalari ham yashaydi. Suriya Kurdistonining poytaxti - Al-Qamishli shahri. Jangovar tayyor qismlarning taxminiy soni 25 ming kurd jangchisi va 5 mingga yaqin arab jangarilari.

New York Times gazetasi xabariga ko‘ra, kurd qo‘mondoni Mazlum Kobani: "Biz yana jang qilamiz. Biz yetti yildan beri kurashib kelyapmiz va shu kabi kurashda davom etishga tayyormiz", deb aytgan. Ammo shuni ta’kidlash kerakki, ittifoqchilari bo‘lmagan suriyalik kurdlar , IShID bilan kurash davrida Iroqdagi o‘z qabiladoshlaridan yordam qabul qilishga tayyor emas edilar va ular hanuzgacha birlasha olmagandek tuyuladi. Bu, xususan, ularning ijtimoiy tuzilishidagi farqlar bilan bog‘liq. Suriya Kurdistonida, ijtimoiy tenglik, to‘g‘ridan-to‘g‘ri demokratiya va ayollar qadr-qimmatga ega bo‘lgan mintaqa bo‘lsa, Iroqdagi kurdlar patriarxal qabila tamoyiliga ko‘ra birlashgan.

Kurdlar - dunyodagi eng katta bo‘lingan xalqlardan biri, uning fojiasi hech bo‘lmaganda Falastin xalqinikidan kam emas aslida, ular geosiyosiy o‘yinlarning abadiy qurboni bo‘lib kelishmoqda.

Bu urush orqali turklar o‘ziga xos "Vetnam"ga ega bo‘lishlari mumkin, chunki kurdlar yillar davomida partizanlar urushida dunyodagi eng yaxshi mutaxassislardan biriga aylanib ulgurgan. Agar turklar bu mojaroda o‘z oldiga qo‘ygan masadga to‘liq erisha olsalar, bu Erdog‘anning Usmonli Imperiyasini tiklash borasidagi siyosati uchun haqiqiy muvaffaqiyat bo‘ladi.

Muallif fikri tahririyat nuqtai nazarini ifodalamasligi mumkin.

Tavsiya etamiz






Tavsiya etamiz

Ҳар доим хабардор бўлинг!

carzone.uz мобил иловаларини кўчириб олинг ва барча янгиликлар сиз билан